Aхloqiy-pedagogik asarlar.

Aхloqiy-pedagogik asarlar.
Abdurahmon Jomiy (1414-1492) “Haft avrang” (“Etti taxt”), ta’lim-tarbiyaga oid «Bahoriston» asar-lari bilan jahon madaniyati va pedagogik fikrlar taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan allomalardandir..
Abdurahmon Jomiy o‘zining mashhur «Silsilatus zahab» («Oltin tizmalar») dostonida esa «Sevimli, aziz farzandga nasihat» bobida, eng avvalo har bir yosh bilim olishi zarurligi, chunki inson umri juda qisqa bo‘lib, bu umrni behuda o‘tkazmasligi, ammo bilim olgandan so‘ng unga amal qilish lozimligini ta’kidlaydi va amaliyotsiz ilm ham behuda ekanligini alohida uqtirib o‘tadi:
Ilm yo‘liga qadam qo‘y, chunki shu yo‘l farovon, Ammo umringning yo‘li, g‘oyatda qisqa — bir on. Har bir kishiga bo‘lmas qayta yashash muyassar, Egalla sen bilimni, mangu turar muqarrar. Bilim egalladingmi, unga doim amal qil,
Ilming amalsiz bo‘lsa, sen oni bir zahar bil.
Faraz qildik bilarsan, ul ilmi kimyoni,
Zar qilmasang misingni, qolmas ishing nishoni.
Alloma ilmning ahamiyati haqida gapirar ekan, bu bilimni egallashda kitobning har bir yoshning bilim olishidagi o‘rniga, uning hislatlariga alohida to‘xtab o‘tadi:
Kitobga yuz o‘girgin, ey jigarim farzandim,
Kitobga ulfat bo‘lgin, quloqqa ol bu pandim, Tanholikda munising, bilsang agar kitobdir, Donolikning tongiga, shu’la sochar kitobdir. Bepul, beminnat senga, ustoz bo‘lib o‘qitar,
Bilim bag‘ishlab senga, chigallaringni echar,
Kitobdur yaxshi hamdam, teri yopingan olim,
Ish siridan goh so‘zlab, ammo goho turar jim.
Uning ichi g‘unchadek, varaqlardan liq to‘la,
Har varag‘i go‘yoki, durdonadir bir yo‘la, – deb, kitobni «teri yopingan olim»ga o‘xshatadi.
U bilimni yoshlikdan egallash lozimligini ta’kidlaydi va johillikni qattiq qoralab, dono bilan nodonni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yadi:
Hammadan avval farzand, bilimdan bahramand bo‘l,
Nodonlik yurtidan chiq, bilim tomon olgil yo‘l,
Har bir kishiga bu so‘z, oyna kabi ayondir,
Dono tirik hamisha, nodon o‘liksimondir.
Xullas, Abdurahmon Jomiyning etti dostondan iborat «Haft avrang» («Etti taxt»), «Tuhfat ul-ahror» («Erkinlar tuhfasi»), «Sabhat ul-abror» («YAxshilar tasbihi») kabi falsafiy-axloqiy asarlari; «Xiradnomai Iskandar» dostoni, «Silsilatus zahab» («Oltin tizmalar») asarlarida uning barkamol inson tarbiyasiga oid g‘oyalari o‘z ifodasini topgan.
Jaloliddin Davoniy (1427-1502) o‘z davrining ilm-fan va pedagogik fikrlar taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan qomusiy olim. Uning etuk olim bo‘lib etishishida Samarqand, Xirot ilmiy muhitining, shuningdek, Vizantiya, Ozarbayjon, Qirmon, Hurmuz, Tabaristan, Xuroson va Jurmon olimlari bilan uzviy aloqada bo‘lganining katta ta’siri bo‘lgan. Ayniqsa, Davoniyning madrasidagi uzoq vaqt mudarrislik faoliyati uning ta’lim-tarbiya to‘g‘risidagi qarashlarining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan.
Taniqli faylasuf olim H. Aliqulovning tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, Davoniydan quyidagi ilmiy meros qolgan: «Risolai isboti zojib» (“Zaruriyatning isboti haqida risola”), «Risolat ul-mufradot» (“Moddalar haqida risola”), «Risolat ul-huruf» (“Harflar haqida risola”), «Risolati fi tavjix ul-tashbix» (“Majoz talqini haqida risola”), «Risola dar elm un-nafs» (“Ruhshunoslik to‘g‘risida risola”), «Tariqati tarbiyat ul-avlod» (“Bolalarni tarbiyalash usuli”), «Arznoma» (“Armiyani boshqarish qoidalari”) kabilar shular jumlasidandir.
Ayniqsa, Davoniyning axloqiy tarbiyaga bag‘ishlangan “Axloqi Jaloliy” asari dunyoning ko‘p tillariga tarjima qilingan va shuhrat qozongan. CHunki bu asar Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Nasriddin Tusiy va boshqalarning asarlari qatorida turadigan barkamol inson kamoloti uchun eng zarur va axloqiy fazilatlar bayon etilgan.
«Axloqi Jaloliy» uch qismdan iborat. Birinchi qism – axloq faniga, ikkinchi qism – «Odamning ichki holati» oilaviy hayotiga, uchinchi qism – «SHahar (davlat)ni boshqarish va podshohlar siyosati», deb atalib unda muhim ijtimoiysiyosiy masalalar ko‘tariladi. CHunonchi, jamiyatning paydo bo‘lishi, davlat va uni boshqarish masalalari, xalqning farovon hayot kechirishida podsholarning o‘rni, ilm-fan taraqqiyotining jamiyatda tutgan o‘rni bayon etiladi.
Davoniy insonning kamolga erishishi uning boshqalar bilan munosabatiga ham bog‘liq ekanligini ta’kidlaydi, jamiyatda, ma’lum ijtimoiy muhitda, boshqalar bilan aloqada shakllanib tarbiya topgan inson o‘zi yashagan jamiyatda adolat hukmron bo‘lsa, unda baxt-saodatga erishishi mumkin, deydi. SHuning uchun u «Axloqi Jaloliy» asarida jamiyatni adolatli — fozil shaharga va johil shaharlarga bo‘ladi.
Davoniy insoniy fazilatlardan donolikni tahlil etar ekan, inson o‘zining aqliy qobiliyatini, iste’dodini tarbiyalash uchun quyidagilarga amal qilishi:
- birinchisi, zukkolik — zehn o‘tkirligi. Bu kishining har xir masalani tezda hal qila olish, unda o‘zi istagan natijani ola bilishida deb ko‘rsatadi. Bu malakani hosil qilish uchun kishida tajriba va harakatchanlik bo‘lishi talab etiladi;
- ikkinchisi — faxmlilik. Bunda kishining keraksiz va inkinchi darajali masalalarga ortiqcha to‘xtalmasdan, butun diqqatni muhim va zarur masalalarga tez qarata bilishi qobiliyati, ya’ni murakkab va chigal masalalar ichidan eng muhimini tanlay bilish malakasini hosil qilish talab qilinadi;
- uchinchisi — zehn ravshanligi deb ko‘rsatiladi. Bu biror masalani hech qanday qiyinchiliksiz, oson yo‘l bilan hal qilish iste’dod;
- to‘rtinchisi – bilimni tez egallash qobiliyati. Kishi ma’lum masalaga butun diqqat e’tiborini qarata olishi va uning hech qanday qarma-qarshiliksiz o‘zlashtira olishi;
- beshinchisi – qo‘yilgan muammoni tezda anglashi;
- oltinchisi – yodlash qobiliyati. Insonning ilgari his etgani va tasavvur qilganlarini esda saqlash qobiliyati
- ettinchisi – xotira. YOd olingan, his qilingan narsalarni kerak bo‘lganda eslash qobiliyati tezda ishga solishi lozim, deb, ko‘rsatadi.
Demak, Davoniy kishi yoshlikdan o‘z qobiliyatini o‘stirishi, rivojlantirishi lozimligi, agar u haqiqiy baxt-saodatga erishmoqchi bo‘lsa, yuqoridagi aqliy qobiliyatni rivojlantirishga yordam beruvchi fazilatlarni egallashga harakat qilmog‘i lozim, deydi.
Davoniy shu bois insonning aqliy sifatlari rivojlanishiga katta ahamiyat beradi.
Husayn Voiz Koshifiy (1440-1505) u axloq, nujum, mantiq, adabiyotshunoslik, riyoziyot, hisob, islom tarixi, ilohiyot, tarix, musiqashunoslik, tasviriy san’at, tabobat ilmiga oid 200 dan ortiq asar qoldirib, SHarq ma’naviy – ma’rifiy va pedagogik fikrlar taraqqiyotiga hissa qo‘shgan qomusiy olimlardan biridir.
Husayn Voiz Koshifiy Husayn Bayqaroning voizi (notiqi), ta’birchisi, maslahatchisi sifatida shuhrat qozonadi. CHunki Koshifiy Xuroson shaharlarida va’z aytib, xulq-odob qoidalari, Qur’on va Hadis masalalarini sharhlab xalq orasida hurmat-e’tibor qozongan.
Husayn Voiz Koshifiyning «Axloqi Muhsiniy», «Axloqn Karim», «Anvari Suxayliy», «Javohirnoma», «Risola dar ilmi e’dod» («Sonlar haqida risola»), «Ravzat ush shuhado» («SHohidlik bog‘i»), «Oynayi Iskandariy» («Iskandar oynasi»), «Tafsiri Husayniy», «Risolati Xogamia» yoki «Kitobi Hotamnoma» («Hotamtoy haqida risola»), «Sahifai shohi», «Badoe al-afkor fi sanoe-al ash’or» kabi asarlari etib kelgan.
Husayn Voiz Koshifiyning axloqiy g‘oyalariga insonni kamolga etkazish maqsadida unda tarkib toptirish uchun zarur bo‘lgan xislatlarni o‘nga bo‘lib turkumlashtiradi:
- Komil inson (etuk axloqli inson) haqidagi fikrlarini an’anaga ko‘ra buyuk donishmandlar — hakimlar, sarkardalar, shohlar tilidan bayon etadi va ularni adolatli, dono, oqil va kamtar inson sifatida ta’riflab, o‘zining komil inson haqidagi konsepsiyasini ilgari suradi.
- U faqat podsholarnigina emas, har bir oddiy insonda ham eng olijanob xislatlar tarkib topishini istaydi.
- U o‘zining ijtimoiy-axloqiy idealini yuzaga chiqarishda asosiy vosita deb ilm-ma’rifat va axloqiy tarbiyani tushunadi.
- U odobli insonni axloqli deb tushunadi. Inson faqat odobli, saxovatli, to‘g‘ri, halol, pok bo‘lgandagina haqiqiy inson bo‘lishi mumkin, deydi.
- U insonparvarlik va halollikni eng yuksak insoniy fazilatlardan deb bildi.
- U insonning eng yuksak xulq-atvor egasi bo‘lishi uchun o‘n qoidaga amal qilishi zarurligini ilgari surdi:
- elga teskari ish qilmaslik;
- o‘z nafsiga insof tilash;
- v) kishi aybini ochmaslik;
- g) kishilarda uchraydigan yomon xulq-odatni yaxshilikka tomon burish;
- o‘z aybiga iqror bo‘lib, uzr so‘ragan kishining uzrini qabul qilish;
- och-yupunlarning xojatini chiqarish; yo) inson uchun mashaqqat tortish; j) o‘z nafsini tiyish;
- z) xalqqa toza yuz bilan ko‘rinish;
- i) kishilarga yaxshi so‘z aytish.
- Kishilarni inoqlikka, tinch-totuv yashashga chaqiradi.
- Xalqlar o‘rtasida do‘stlikni targ‘ib etadi.
- Kasb-hunar, ilm-ma’rifatni egallashga chaqiradi.
- Ilmli kishilarning jamiyatda tutgan o‘rnini ta’kidlab, olimlarni, ilm ahlini e’zozlash kerak, deydi.
Haydar Xorazmiy XIV asrning oxiri – XV asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan taraqqiyparvar murabbiy va iste’dodli shoir bo‘lib, qardosh ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning “Mahzan ul-asror” (“Sirlar xazinasi”) asaridan ilhomlanib va ma’lum darajada istifoda qilib shu nomda o‘zining “Mahzan ul-asror” dostonini yaratib, muqaddimada shunday deydi: Menki pishurdum bu laziz oshni,
SHayx Nizomiydan olib choshni,
SHayx Nizomiyda jon topib,
Ma’nisidan yorlig‘u burhon topib. Ko‘ptim esa o‘pti elimni bilik, Ganjfishonlik bila ochdim ilik.
Haydar Xorazmiy “Mahzan ul-asror” dostonida o‘zining falsafiy-didaktik va ma’rifiy-pedagogik qarashlarini hikmatli so‘zlar darajasiga ko‘tarilgan misralarda mohirlik bilan ifoda etadi. O‘z davri falsafiy-axloqiy va ma’rifiy-tarbiyaviy qarashlariga ma’lum darajada hissa qo‘shgan Haydar Xorazmiy so‘zga kishi tafakkurini, uning fazilati yoki nuqsonini ifodalovchi bir tarbiyaviy vosita deb qaraydi, so‘zning ma’nosi bilan shaklini uzviy birlikda oladi, hamda mazmundor va zavq-shavq bag‘ishlovchi so‘zni ulug‘laydi, uning qudratini ta’riflab shunday deydi:
…Ulki bilur so‘z guhari qiymatin,
So‘zda topar so‘zlaguchining otin, Ahli nazar shevasini so‘z bilur, Nuri basar mevasini ko‘z bilur…
Umr garoimoya chu bo‘lg‘ay talaf, So‘zda kerak ma’niyu ma’nida zavq, So‘z duru, so‘z dunyoda qolg‘ay xalaf…
So‘zlaguchida so‘zi uchun dardu shavq.
Haydar Xorazmiy yaxshi xulq-odob, mehnatsevarlik, sahiylik, rostgo‘ylik fazilatlarini ulug‘laydi. U kishilarni yaxshi hulq-odobga ega bo‘lishga, jamiyatga foyda keltirish, saxovatli, muruvvatli va himmatli bo‘lishga chaqiradi: YOrim ayoq oshki toparsen nasib, YArmini berki esun bir g‘arib. Me’da mamug‘ikim erur dushmaning, To‘ymag‘usidur agar ichsa qoning. Odam atong‘onga muruvvat kerak, Orifu omiyga futuvvat kerak.
YOki:
Sarvdek ozoda bo‘lu rostkor, YO o‘riku olma bikin mevador.
Naf’ tekur barchaga yomg‘ir bikin, YO tengsiz o‘rtasida jo‘mdur bikin. Bo‘lma xaridor bila saxtro‘y, Qilma zabunlarga qattiq guftgo‘y.
Mavlono Hofiz Xorazmiy (XIV asr oxiri XV asr boshlarida yashab ijod etgan) ilmiy jamoatchilikka buyuk o‘zbek olimi Hamid Sulaymon sa’y-harakati sharofati bilan yirik ma’rifatparvar, xushta’b shoir sifatida ma’lum bo‘ldi. SHoirning tug‘ilgan va vafot etgan yili, qaerda va qanday ta’lim olgani, ijodi qachon boshlanganligi haqida to‘liq ma’lumotga ega emasmiz.
Ma’lumki, o‘sha davr ijodkorlari ko‘pincha fors tilida ijod qilganlar, Hofiz Xorazmiy esa turkiy tilda ijod etgan:
Aytqaylar ushbu tavr ichra kamoli bor teb,
Turk Hofiz so‘zlarini ko‘rsalar ahl-i kamol. Ayo Hofiz, bu Turkiston bisotinda chu xok o‘lgil,
Tilasang turkiylarni aylasa shaxmot so‘zlaring.
Buyuk shoir Hofiz Xorazmiyning asarlarida odob-axloq masalalariga alohida o‘rin berilgan. U yosh avlodni har tomonlama barkamol etuk inson bo‘lishga chaqiradi, hatto bu fikrni shahzodalar, zamon hukmdorlariga ham dadillik bilan uqtiradi:
Ahli ma’ni xazratinda shoh ermas ul kishi, Kim, erur bandi talluq birla doim mubtalo.
Orzu bandida bo‘lg‘an bandaedur nomurod, Har kim ozoda yurur olamda, uldur podsho.
Hofiz Xorazmiy yoshlarni barkamollikka, to‘g‘rilikka, halollikka va rostgo‘ylikka undar ekan, hayotda va o‘zaro munosabatda doimo to‘g‘ri, rostgo‘y va kamtarin bo‘lishni, hecham egri kishiga ergashmaslikni maslahat beradi: Rost tutub e’tiqod, pesha tavozuni qil, CHunki eronlar qilur saydni o‘q yo bilan.
U to‘g‘riso‘z va rostgo‘y odamni ipakka, egri va tovlamachini esa ipak chiqindisi — losga o‘xshatadi, tovlamachi va egri qo‘lli odamlar jamiyatning komil insonlari bo‘lolmasligini alohida ta’kidlaydi: Rost bila egri qachon teng bo‘lur, Bo‘lmadi tang hech yipak birla los.
SHuning uchun u odamlarni har qanday sharoitda ham rostgo‘y va haqiqatgo‘y bo‘lishga chaqiradi:
Tilar bo‘lsang, haqiqat mulki sardor bo‘lmaqlik, Alif yanglig‘ bo‘la ko‘rgil muhabbat lavhida yakto.
Insonning eng olijanob fazilatlaridan biri sahiylikdir, o‘zining sahiyligi bilan mashhur bo‘lgan afsonaviy Hotam Toy hikoyatiga ishora qilar ekan, u odamlarni baxil bo‘lmaslikka chaqiradi. Aksincha, juvonmard (sahiy) bo‘lishni ma’qullaydi.
Sahiy bo‘lganligi uchun Hotam Toy ismi tirik – zindadur, deydi: Baxil bo‘lmayu olamda, bas juvonmard o‘l, Kim o‘ldiyu taqi zindadur ismi Hotami-i Toy.
XVII asrda feodal tarqoqlik va bosh-boshdoqlik avj olgan davrda Xiva xonligini markazlashgan davlatga aylantirish, o‘zaro urushlarga barham berish, el-yurtga osoyishtalik baxsh etish uchun Binni Oqatoyxon binni Arabmuhammad Abulg‘oziy Bahodirxon (1603-1664) ham qurol, ham qalam bilan kurash olib borgan adolatli hukmdor, ma’rifatparvar davlat arbobi, iste’dodli adib va tarixnavis olim hamdir. U o‘zbek xonlari ichida Zahiriddin Muhammad Boburdan keyingi o‘zbek xalqining madaniyat, ijtimoiy-siyosiy va huquqiy fikrlar tarixida sezilarli iz qoldirgan buyuk mutafakkirdir.
Abulg‘oziy Bahodirxon barcha SHarq hukmdorlari kabi o‘z saltanatini mustahkamlash, Xorazmda ilm-fan va madaniyatni rivojlantirish maqsadida o‘z saroyiga ilg‘or fikrli olimu fuzalolar, shoiru bastakorlar, me’moru naqqoshlar, tabiblar, tarixnavislar, adiblar, xattotlar va boshqa kasb egalarini to‘plab, samarali ijod qilishi uchun shart-sharoitlar yaratib berish bilan birga, ijodkor sifatida o‘zi ham «SHajarai turk», «SHajarai tarokima» va «Manofe’ul-inson» («Kishilarning sihat salomatliklari yo‘lida») kabi siyosiy-huquqiy va tarixiy-badiiy va tibbiyotga oid asarlarni yozdi. Bu asarlar Abulg‘oziy Bahodirxonning tarixiy, siyosiy va huquqiy qarashlarini o‘rganishda asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Muhammadniyoz Nishotiy XVIII asrning birinchi yarmida Xorazmda tug‘ilib voyaga etgan iste’dodli ma’rifatparvar shoirdir. U Xorazmning go‘zal tabiati, yoqimli ob-havosi, xushmanzara joylari haqida mehr to‘la so‘z yuritib “jannat-misol” diyorning olimlar va shoirlar maskani ekanidan faxrlanadi:
Bor edi Xorazm diyori—erim, Ondin edi yaxshi-yomon guharim.
Nishotiy ana shu diyorda bolalik va yoshlik chog‘larini o‘tkazadi, maktab va madrasada ta’lim oladi. Bu davrdagi Xiva va Buxoro xonliklari o‘rtasidagi o‘zaro feodal urushlar butun o‘lkani va xalqni notinch qilib, obod joylarni vayronaga aylantirganidek Nishotiyning ahvolini ham qiyinlashtiradi. SHundan so‘ng u Buxoroga keladi va tinch ijod bilan shug‘ullana boshlaydi.
Nishotiyning tug‘ilgan va vafot etgan sanasi hozircha noma’lum. Nishotiyning hayoti va ijodini o‘rganishda akademik V.Abdullaev, X.Rasulov, M.Qosimov, H.G.Kor-ogli va boshqalarning xizmatlari katta bo‘lib, shoir merosi ilmiy muomalaga kiritildi.
Nishotiyning professor A.Hayitmetov tomonidan topilib nashr etilgan va ilmiy muomalaga kiritilgan kichik hajmdagi “Qushlar munozarasi” va katta hajmdagi “Husn va Dil” falsafiy-didaktik dostonlari diqqatga molikdir.
Nishotiy “Husn va Dil” dostonining bosh qahramoni Fuod timsoli orqali o‘zining o‘sha zamonga munosabatini va axloqiy-ma’rifiy fikrlarini ilgari surgan. SHoir dostonda Fuodning insoniy olijanob xislatlarini — yoshligidan bilim olish, hunar o‘rganishga intilganini, keng tafakkurini, aqliy va jismoniy kuch —husn ekanligini mamnuniyat bilan qayd etadi. Natijada etti yasharligida o‘qituvchilarini hayratda qoldirib, ilm o‘rganishga berilib, u falsafa, tarix, adabiyot, riyoziyot va boshqa ilmlarning sirlarini o‘rganib oladi. Uning uchun ilmlarning qiyin masalasi yo‘q edi, hammasini osongina o‘zlashtirar edi (mushkuli ilm olishda oson oning). Uning bir necha donishmand, suhbatdoshlari bor ediki, tarix, she’r, adabiyotdan bahs etardilar.
Nishotiy Fuod ta’lim-tarbiyasi haqida bunday deydi:
Ayladilar neki edi tarbiyat,
Ul dog‘i yuz ancha topib, taqviyat,
Gulshani ma’ni aro ul sarvinoz,
Bo‘ldi chu tavobiy sarfaroz,
Mushkuli ilm oldida oson oning,
Ta’bi bo‘lub sham’i shabiston oning, Gohi tavorih o‘qimoq peshasi, Erdi gohi she’r aro andishasi.
Fuod faqat bilim olish, muntazam kitob mutolaasi bilan chegaralanmay, davlatni boshqarish ishlari bilan ham jiddiy shug‘ullanadi. Mamlakatda adolat o‘rnatish va mamlakat farovonligi yo‘lida jon kuydiradi, ilm-ma’rifat taraqqiyotiga kengroq yo‘l ochish uchun bir qancha tadbirlar ko‘radi. U bu ishlarida o‘z atrofidagi dono va uzoqni ko‘radigan aqlli kishilarga suyanadi.
Nishotiy Husnni vafodor, sadoqatli, idrokli, pok vijdonli, dono, or-nomusli qiz sifatida tasvirlaydi. Mana shunday ajoyib fazilatlarga ega bo‘lgan ma’shuqa Husn yomonlik va dushmanlikka yuz burgan har bir kimsa ahvolini tang qilishga qurbi etadigan zo‘r tadbir sohibi ham edi
Dostondagi Nazar esa aqlli, dono, zukko odam, jangda jasur, hushyor va tadbirkor, zoti qorovuldan chiqqan, nihoyat shahzoda Fuodning vaziri darajasiga ko‘tarilgan ilmli va adolatli kishidir. SHoir Nazarning Fuodga g‘oyat sodiqligi, yaqin do‘st ekanligi va yuksak insoniy fazilatlari haqida bunday deydi:
Nuri dili ahli bashorat edi, Har fan aro ancha mahorat edi. Ahli fasohat aro sohib husun, Olami dahr ichra edi zufunun.
Roqim (1742—1814) o‘z davrining ma’rifatparvar shoiri bo‘lib, o‘ziga zamondosh Andalib, Ravnaq, Ziyrak, Nishotiy, Munis kabi zabardast shoirlar qatorida turib, adolat va haqiqat tantanasi uchun kurashdi. U buyuk Alisher Navoiy va Fuzuliylarning insonparvarlik, ma’rifatparvarlik, falsafiy-didaktik qarashlarini rivojlantirdi.
Roqimning yozgan she’rlaridan ma’lum bo‘lishicha, u maktabda muallimlik qilib talabalarga dars ham bergan. SHoir maktabning ilmu ma’rifat tarqatishdagi ahamiyatini ta’kidlab, bu yo‘lda ustoz o‘z shogirdlarining baxtli kelajagini o‘ylashi kerakligini va ularga ilmni egallashda mehr-muhabbatli bo‘lishini uqtiradi:
Qarilig‘ birla bor edi menda, SHug‘li maktab mounati sahro.
Borib maktabg‘a kasb aylab kamolat, CHiqorib har biri xatu savodin.
Bo‘lub manzil alarga ma’dani ilm, Qilib daryo ibtidosin azkiyodin.
Murabbiy shoir ustoz va shogirdlarning o‘zaro munosabatiga to‘xtalarkan, kimki ustoziga ixlos qo‘yib, uni hurmat-izzat qilsa, albatta u o‘z maqsadiga erishadi, agar ustozini tahqir etsa, u xoru zor bo‘ladi, degan xulosaga keladi:
Kimki ustodig‘a ixlos ila izzat qilsa,
Haq aning manzilini jannati rizvon aylar. Jahldin ilm ila ustodini tahqir etkan,
Do‘zax o‘tida tanu jonini biryon aylar.
Murabbiy shoir ustozning qadr-qimmatini yuksak baholarkan, yoshlarni o‘z ustozlaridan ilm-madad olishga undaydi:
Pok etib qalblarini beribon,
Homiyi hollarin Ahmadi muxtor ayla.
Qal’ai ilmni fath etmak uchun zihinlarin, Zulfqori dudami haydari qarror ayla.
Har zamon etkurubon fayzi futuhi olamidin, Ilm oshkolidin onlarni xabardor ayla. Ilmi mantiqdan alar ko‘nglin etib molo mol, Bodai fikh oila zarafini sarshor ayla. SHafqatu marhamatu lutfin etib arzona, Donishu fahmu farosatga sazovor ayla.
Roqim yoshlarni har bir mushkul ishni hal eta oladigan qobiliyatga ega bo‘lish uchun ilm-hikmat yo‘lidan borishga va ustozu donishmandlar suhbatidan bahramand bo‘lishga da’vat etadi:
Ato qilsa sizlarga ilmu amal,
Ko‘tarmang o‘qimoqdin albatta bosh,
Qilib g‘ayratu mangu nomusu or,
Eting ilm tahsilini ixtiyor…
Qilib sayr, kezmak havas aylamang, Zamoni o‘qumoqni bas aylamang, O‘zingizga rohatni aylab xarom, Bo‘lunglar riyozat bila subhu shom.





