“Adabiyot tarixi” tushunchasi va uning xalqimiz tarixidagi oʻrni.
“Adabiyot tarixi” tushunchasi va uning xalqimiz tarixidagi oʻrni. Oʻzbek xalqi boy adabiy yodgorliklarga ega. Oʻtmishda yaratilgan moʻtabar ogʻzaki va yozma adabiyotimiz namunalarini chuqur oʻrganish va bilish har bir oʻquvchining, shu yurtda yashayotgan kishilarning ulugʻ burchidir. Bugungi kunda, yurtimiz ozodlikka, xalqimiz istiqlolga erishgandan soʻng, oʻtmish merosimizga e’tibor yanada kuchaydi.
Prezidentimiz I.A.Karimov oʻzlarining qator suhbatlari, nutq va kitoblarida buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni oʻrganishning ahamiyatini qayta-qayta ta’kidlamoqdalar. Zero, xalqimiz mustaqillikka erishgandan soʻnggina bizga noma’lum koʻpgina ulugʻ shoirlarimiz, olimlarimiz, muhaddislarimiz haqida ma’lumotga ega boʻldik. Asarlarini oʻrgana boshladik.
Oʻzbek adabiyoti qadimiy tarixga ega. Adabiyot – jamiyat hayotining oʻziga xos ifodasi. U jamiyat tarixidagi jiddiy oʻzgarishlarni xilma-xil obrazlar vositasida turli badiiy shakllarda aks ettiradi. Adabiyot, avvalo, soʻz va ruhiyat san’atidir. U inson ruhiyatidagi nihoyatda nozik tovlanish va ohanglarni ilgʻashga, ularni aks ettirishga intiladi. Dunyoda insonlar bir-birlariga oʻxshamaganlariday, ularning qalb kechinmalari ham takrorlanmasdir. Badiiy adabiyot bilan adabiyot tarixi shugʻullanadi.
Oʻzbek adabiyoti tarixi nozik ruhiy holatlarni mahorat bilan aks ettiradigan durdonalarga boydir. Ular hozirgi avlod ruhiyatida, qalbida ham hayajon uygʻota oladi, ularning ma’naviy boyishlariga tegishli hissa qoʻsha oladi. Ular ma’naviy kamolotga xizmat qiladi.
Adabiyot tarixi fani badiiy adabiyotning tarixiy taraqqiyot jarayonini oʻrganadi va oʻrgatadi. Har bir xalqning oʻz tarixi, madaniyati, san’ati va adabiyoti bor. Shunga koʻra, adabiyot tarixi ma’lum bir xalqning, shu adabiyotni yaratgan xalqning nomi bilan ataladi.
Oʻzbek xalqi ma’naviy madaniyatining katta va ajralmas bir qismi oʻzbek adabiyotidir.
Oʻzbek adabiyoti tarixi oʻzbek xalqining qadim zamonlaridan boshlab hozirgi kunga qadar yaratgan badiiy adabiyotini oʻz ichiga oladi. Adabiyotshunoslikda oʻzbek adabiyoti tarixi ikki nom asosida tilga olinadi:
- Oʻzbek mumtoz adabiyoti. Bunda eng qadimgi davrlardan boshlab, XX asr boshlarigacha boʻlgan davr nazarga olinadi.
- Hozirgi zamon oʻzbek adabiyoti yoki XX-XXI asrlar oʻzbek adabiyoti.
Oʻzbek adabiyoti tarixi xilma-xil tur va janrdagi badiiy asarlarni oʻz ichiga oladi. Lirika va epos oʻtmish oʻzbek adabiyotining asosiy turlaridir. Gʻazal, muxammas, musaddas, noma, ruboiy, doston, hikoyat va boshqalar keng tarqalgan adabiy janrlardir. Oʻzbek adabiyoti tarixi xilma-xil adabiy tur va janrlarning shakllanishi va rivojlanishi tarixi hamdir.
Oʻtmish oʻzbek adabiyoti bir qator memuar va tarixiy asarlarni ham oʻz ichiga oladi. «Boburnoma», «Shajarai turk», «Shajarai tarokima», «Firdavs ul-iqbol» va boshqalar shular jumlasidandir.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng, oʻtmish adabiyotimizga e’tibor kuchaygani bois Yassaviy, Sulaymon Boqirgʻoniy, Imom Fazzoliy, Bahouddin Naqshband, Soʻfi Olloyor, Haziniy, Husayniy, Amiriy, Feruz kabilarning nomlari xalqqa keng ma’lum qilindi. Asarlari chop etildi. Buyuk hurmat va ehtirom koʻrsatildi.











