Adabiyot(bolalar adabiyoti) fanining maqsad va vazifalari.
Adabiyot(bolalar adabiyoti) fanining maqsad va vazifalari. Bolalar adabiyoti istilohi haqida. XX asrning arafasi va boshlarida o`zbek bolalari uiuchun ixtisoslashgan maxsus badiiy adabiyot yaratish harakati yuzaga kelib, izchil tusga kira boshlagan esa-da, mazkur hodisani bolalar adabiyoti atamasi bilan ifodalash, asosan, 20-yillarning boshlarida sodir bo`ldi. O`zbek matbuotida bu istiloh ilk bor Sirojiyning 1921yili «Maorif va o`qitg`uvchi» jurnalining 3-sonida bosilgan «Bolalar adabiyoti to`g`risida bir fikr» (30-31-b).
«Zarafshon» gazetasining 1924-yil 21-iyundagi 157-sonida bosilgan «Qizil o`zbek matbuotida bolalar adabiyoti», Bashirning «Turkiston» gazetasining 1923-yil 27aprelidagi sonida bosilgan «Bolalar adabiyoti kerak», G`ozi Olim Yunusovning 1925-yil «Maorif va o`qitg`uvchi» jurnalining 3-sonidagi «Bolalar adabiyoti haqida» va Shokir Sulaymonning 1926 yili «Qizil O`zbekiston» gazetasining 30 -sentabrdagi 224-sonida bosilgan «Bolalar adabiyoti nashr qilish kerak» maqolasida uchraydi va qaror topa bordi. Shuni ta`kidlash joizki, bu istiloh ruscha «detskaya literatura» iborasining aynan tarjimasi tarzida emas, balki o`zi voqelikka aylangan o`zbek bolalariga mo`ljallanib yaratila boshlangan ixtisoslangan adabiy hodisani ifodalagan holda dunyoga keldi.
Asrimiz boshlarida jadid ma`rifatparvarligi bag`rida navqiron avlodda rus mustamlakachiligiga qarshi fikr uyg`otish va uni o`zligini anglash, o`z erki, Vatan ozodligi yo`lida istiqol jangchisi sifatida shakllanishi uchun ma`rifat asoslarini egallashga chorlovchi yangi adabiy hodisa tarzida paydo bo`lgan o`zbek bolalar adabiyoti endilikda o`zbek xalqining o`ziga xos milliy boyligiga aylandi.
Garchi uning g`oyaviy-badiiy saviyasiga hamon ahyon-ahyonda shubha bilan qarovchilar topilsa-da, u allaqachon umumjahon bolalar adabiyoti o`zanidan munosib joy egallay oldi. Talay namunalari mamlakatimiz sarhadlaridan tashqarida sevilib o`qilayotir. Bir asrdirki, o`zbek bolalar adabiyoti yosh naslning ma`naviy sog`lom o`sishida muhim omillardan biriga aylanib xizmat qilayotir.
O`zbek bolalar adabiyoti haqidagi fan XX asr boshlarida ilg`or marifatparvarlar pedagoglar, adabiyotshunoslar yozgan maqolalardan yuzaga kela boshlagan esa-da, XX asrning o`rtalariga kelib dastlabki xrestomatiyalar va o`quv qo`llamalarni tuzish harakati tufayli shakllanish jarayoniga kira bordi. Pedagogika bilim yurtlari talabalariga mo`ljallanib 1953-yilda I.Ahmedov A.Suyumovlar tomonidan ilk bor tartib berilib, 1967-1978-yillarda qayta takomillashtirib nashr ettirilgan «Bolalar adabiyoti» xrestomatiyasi va 1957-yilda elon qilingan «Bolalar adabiyoti» o`quv materiallari qo`llanmasi shu harakatning dastlabki natijalar edi.
Keyinchalik A.Suyumov tomonidan maxsus o`rta o`quv yurtlari uchun yozilib, 1973-yilda chop etilgan «Bolalar adabiyoti» qo`llanmasi o`zbek bolalar adabiyoti tarixini yaratish yo`lidagi dastlabki qadam bo`ldi. Bu qo`llanma M.Jumaboev bilan hamkorlikda qayta ishlanib, 1995-yilda yana nashr etildi.
Bu oraliqda pedagogika oliy o`quv yurtlari talabalariga mo`ljallanib P.Shermuhamedov, J.Tursunov, O.Safarov va X.Egamovlar yaratgan «O`zbek bolalar adabiyoti» darslik-xrestomatiyasi (1976) yuzaga keldi. Unda bolalar adabiyotining nazariy asoslari, taraqqiyot bosqichlari, xususiyatlari va navqiron avlod adabiyoti namoyondalari ijodiy biografiyalariga oid materiallar bilan birga eng sara asarlaridan namunalar berilgan edi.
Shu xususiyatga ko`ra o`zbek bolalar adabiyoti tarixini yaratishga ta`sir ko`rsatdi. Nihoyat O`zR FAsi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti huzuridagi «Bolalar adabiyoti» bo`limi (1969-1989-yil) xodimlari joylardagi bolalar adabiyoti tadqiqotchilari bilan hamkorlikda «O`zbek sovet bolalar adabiyoti tarixi ocherki» (1973), «Bolalar adabiyoti va zamonaviylik» (1981), «O`zbek bolalar adabiyoti va adabiy jarayon» (1989) singari uch manografiyani yaratib, o`zbek bolalar adabiyotining ilmiy tarixini bunyod etish yo`lida dastlabki qadam qo`yildi.
Shunga qaramay, o`zbek bolalar adabiyoti nazariy asoslari, taraqqiyot tamoyillari va bolalar kutobxonligining ijtimoiy mohiyatini o`zaro uyg`unlikda ifodalagan va estetik tahlil etgan ilmiy tarix hanuzgacha yaratilgani yo`q. Hukmingizga havola qilingan ushbu qo`llanma shu vazifani qisman ado etishga mo`ljallangan. Bolalar adabiyotining umumadabiyotga aloqadorligi. Bolalar adabiyoti umumbadiiy adabiyotning ajralmas tarkibiy qismi sifatida o`zaro qator mushtarakliklarga va farqli xususiyatlarga ega. Ular o`rtasidagi mushtarak xususiyatlar tubandagilardan iborat:
- Bolalar adabiyoti ham, umuman badiiy adabiyot singari so`z san`ati So`z uning uchun ham asosiy material bo`lib, voqelikni obrazli ifodalash vositasidir. Binobarin, bolalar uchun g`oyaviy-badiiy barkamol asarlar yozadigan ijodkorlar ham so`z san`atkori sanaladilar. Ular ham umumadabiyotni yaratuvchi yozuvchilar bilan teng nufuzga egadirlar. Qolaversa, bolalar adabiyoti bilan kattalar adabiyoti o`zaro taqdirdosh ham.
- Bolalar adabiyoti ham umumbadiiy adabiyot ish ko`radigan xalqchilik haqqoniylik va yuksak badiiylik umda (prinsip)lariga tayanadi.
Bolalar adabiyotining xalqchilligi shundaki, u avvalo, xalqning asrlar davomida yaratgan eng ilg`or qarashlari va hayotiy tajribalari ruhida farzandlarini tarbiyalashni ko`zlaydi. Xalq hamma zamonlarda mehnatkashlikni, halollikni, rostgo`ylikni, to`g`rilikni, Vatanni sevishni, kattani hurmat qilib kichikka shafqatli bo`lishni sharaflab kelgan, ishyoqmaslik, tekinxo`rlik, subutsizlik, yolg`onchilik, o`g`rilik, shafqatsizlik, toshbag`irlik, xoinlik, g`iybatkashlik kabi insoniylikni tahqirlovchi xislatlarni qoralagan. Bolalar adabiyoti xalqni o`z kelajagi bo`lgan yosh avlodga ana shu sohadagi dono aqidalar va ijodiy an`analarini singdirishda xizmat qilmog`i darkor.
Bu-olijanob maqsad. Uni amalga oshirish yuksak burch va mas`uliyatni talab qiladi. Binobarin, bolalar uchun yoziladigan asarlar ham yuksak badiyatga ega bo`lmog`i shart. Ularda hayot haqqoniyko`rsatilmog`i, insoniylikni, mehnatni sharaflovchi, bolalarda kelajakda kim bo`lmoqlarini belgilab olishlarida ko`maklashuvchi g`oyaviy-badiiy barkamollik ufurib turmog`i zarur. Xom-xatala, hayotni bo`yab-bezab bayramdagiday tantanavor qilib ko`rsatuvchi bitiklar bolalar ma`naviy olamiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.
Realizm–bolalar adabiyotining ham asosiy ijodiy metodi sanaladi. Biroq bolalar uchun yoziladigan asarlarda voqelikning haqqoniy va aniq ifodasi goho romantika, goho fantastik bo`yoqqa sug`orilgan holda aks etishi mumki.Bu asarning qiziqarliligini, emocionaligini kuchaytiradi va o`qimishligini ta`minlaydi. Umuman, bolalar adabiyoti realizmida umuminsoniylikni qadrlash, ijtimoiy adolatni, ezgulikni sharaflash ruhi ustivor bo`ladi.
- Bolalar adabiyoti ham umumbadiiy adabiyotda mavjud barcha turlar(proza, poeziya va dramaturgiya ) va janrlarda ish ko`radi. Shuni ta`kidlash joizki,badiiy adabiyot janrlarga qanchalik boy bo`lmasin, bolalar adabiyotida ularning bolalar dunyoqarashi va estetik idealiga muvofiq keladiganlaridangina foydalaniladi. Bolalar nasrida roman, qissa, hikoya; poeziyasida she`r, masal, doston; dramaturgiyasida esa drama va komediya janrlari faol bo`lsa-da, mumtoz sheriyatdagi muxammasot namunalari, ruboiy, fard, qit`a, shuningdek, dramaturgiyadagi tragediya janrlariga murojaat qilinmaganini qayd qilishga to`g`ri keladi.
Buning sababini bu janrlarda ifodalanadigan voqelik kattalar turmushi va dunyoqarashiga xos murakkabliklarga daxldorligi bilan izohlanadi.Aksincha xalq nasrining shakli bo`lgan ertak janri bolalar adabiyotiga ayricha qimmat kasb etgan. U bolalar nasrida adabiy ertaknovella,ertak-qissa, ertak-roman; poeziyasida she`riy adabiy ertak, naql-ertak, topishmoqertak va nihoyat dramaturgiyasida ertak-drama, ertak-kamediya, ertak-opera va ertak-film singari talay xilma-xil oraliq janrlarning yuzaga kelishi va qaror topishiga ta`sir ko`rsatgan.
Bu hol bolalar adabiyoti genetik asoslarini belgilashda, folklor nechog`li rol o`ynaganini yaqqol ko`rsatib turibdi. Ammo bolalar adabiyotining umumbadiiy adabiyotdan ayri xususiyatlari ham borki, bular uning mustaqil hodisa-alohida adabiy saltanat sifatidagi mohiyatini belgilaydi.
Adabiyot(bolalar adabiyoti) fanining maqsad va vazifalari.












