Ahamoniylar imperiyasi, Yunon bosqini davri yodgorliklari.
Kushonlar davrining katta ahamiyatga ega bo’lgan yodgorliklaridan biri milodiy I asr boshlariga mansub bo’lgan «Xolchayon hokimining saroyi» dir. Xolchayon saroyining kutish zalini qadimgi haykallar kompazitsiyasi egallagan bo’lib, ularda turli etnoslarning qiyofalari o’z aksini topgan. Shuningdek, saroyda a’yonlar, kurash sahnasi, og’ir gulchambarlarni ko’tarib turgan bolalar haykallari, musiqa asboblari tutgan ayol haykallari topilgan.
Buddaviylik bilan bog’liq bo’lgan yodgorliklardan biri Ayritom bo’lib, u Termiz yaqinida Amudaryo bo’yida joylashgan. Bu yerdan topilgan me’moriy san’at asarlarida turli xil musiqa asbobi chalayotgan musiqachilar tasvirlangan.
Termiz yaqinida arxeologlar Qoratepa yodgorligini topib o’rganganlar. Qoratepa buddaviylik dinining ibodatxonasi bo’lgan. Qoratepa tabiiy tepalik bo’lib, uning atrofidan ko’plab haykallar topilgan. Fayoztepa esa Qoratepa yaqinida joylashgan yodgorlik bo’lib, u buddaviylarning ibodatxonasi va maktabi vazifasini o’tagan.
Kushonlar davriga oid yodgorliklarning yana biri Dalvarzintepa bo’lib, u Surxondaryo viloyatida joylashgan. 1972 yilda Dalvarzintepani qazish vaqtida 34 kg og’irlikda tilladan ishlangan 115 dona buyum topilgan. Ular bilaguzuklar, uzuk, to’g’nag’ichlar bo’lib, yuksak mahorat bilan yasalgan. Dalvarzintepani qazish vaqtida 60 ta turli xil metal buyumlar topilgan. Metall bilan bog’liq hunarmandchilikning rivoji haqida gap ketganda Dalvarzintepadan topilgan tosh qoliplarni ham ko’rsatish mumkin. bu qoliplarda oyna, o’roq, pichoq, bigiz va boshqa shunga o’xshash ho’jalik buyumlari quyilgan. Metall esa sopol idishlarda tigellarda eritilganligi olimlar tomonidan aniqlanib, o’rganilgan. Dalvarzintepani qazish vaqtida ot uzangilari va suvlig’i, oyna, bilaguzuk, halqa va qarmoqlar, ikki parrakli bronza paykonlari topildi.
Chust madaniyati yodgorliklarida toshdan mehnat qurollari yasash davom etadi. Masalan, birgina Dalvarzintepani qazish vaqtida 1500 ga yaqin tosh qurollar topilgan. Tosh qurollar orasida qum-toshdan yasalgan o’roqsimon pichoqlar yasash alohida diqqatga sazovordir. Bu yerdan 400 yaqin ana shunday tosh pichoqlar topilgan. Topilmalarga qaraganda o’sha davrda suyakdan qurol yasash ham keng yo’l qo’yilgan. Suyakdan yasalgan-taroq, moki, bigiz, urchuq va boshqa buyumlar ham Davlvarzintepada ko’plab uchraydi.
Antik davr yodgorliklari Xorazm hududlaridan ham topib o’rganilgan. Qadimgi Xorazm tarixi va madaniyati haqida ma’lumot beruvchi yodgorliklardan biri -Qo’yqirilganqal’adir.
Qo’yqirilganqal’ada 1951-57 yillarda arxeologik qazish va qidiruv ishlari olib borilgan. Bu yodgorlik qadimgi Xorazmning mil. avv. IV – milodning I asriga mansub bo’lgan shaharlaridan biri bo’lgan. Shahar doira shaklidagi qal’adan iborat bo’lib, u tashqi va ichki devorlar bilan o’rab olingan. Arxeologlar 3 qatordan iborat bo’lgan mudofaa devori bo’lganligini, tashqi devorning yuqori qismida kamonchilar uchun qilingan tuynuklar, aylana shaklida burjlar o’rnini aniqlaganlar. Qal’ada kulolchilik rivojlangan idishlar sirtiga afsonaviy qushlar rasmi chizilgan. Ko’plab idishlarda chopar ot ustidagi sipohiylar surati solingan. Tulpor ot tasviri esa ko’plab uchraydi. Urug’ totemlari bilan bog’liq xususiyatlarni aks ettiruvchi arslon, jayron, tuya singari hayvonlarning suratlari solingan buyumlar keng tarqalgan.
Devorning muhim madaniy yodgorliklaridan biri Tuproqqal’adir. Tuproqqal’a Xorazmshohlar podsholarining markaziy shahri bo’lgan. Yodgorlikda keng ko’lamdagi ishlar 1945 yildan S.P.Tolstov tomonidan olib borilgan. Tuproqqal’aning maydoni 17,5 ga bo’lib, u III-IV asrlarga mansub noyob yodgorlik. Yodgorlik markazida 80×80 m hududni podsho saroyi egallagan. Saroyning devorlari haykallar bilan bezatilgan. Saroy xonalari esa har xil maqsadlar uchun mo’ljallangan. Arxeologlar ularni «podsho zali», «raqqoslar zali» degan shartli nomlar bilan atashgan.
Podsho zalida ko’plab haykallar bo’lib, ularning barchasi loydan ishlangan. Ular qimmatbaho va turli rangdagi liboslarda tasvirlangan. (yaxtak, sholvor kiygan erkaklar, burmalangan ko’lakdagi ayollarning haykallari). «Qizil tanli harbiylar zali«da podsho haykali qo’yilgan, uning ikki tomonida o’ziga xos bosh kiyimdagi qurolli harbiylar haykali o’rnatilgan. Podshoh saroyining yana bir zalida mayho’rlik bazmi ko’rsatilgan. Tuproqqal’a yodgorligidan podsho arxivi topilgan, u 100 ga yaqin hujjat bo’lib, shundan 18 tasi yog’ochga, ko’pchiligi teriga yozilgan, hozirgi kungacha ularning 8 tasi yaxshi saqlangan. 100 ga yaqin hujjatdan 26 tasi o’qishga yaroqli. Tuproqqal’a Xorazm davlatining III-IVasrlarda poytaxti bilan bu shahar antik davr shahar madaniyatining yorqin timsolidir.
Toshkent viloyatida, Sirdaryo va Janubiy Qozog’iston yerlarida mil. avv. III asrda yarim o’troq Qang’ davlati tashkil topgan. Qang’ davlatining hayoti, turmush tarzi va madaniyati haqida Xitoy manbalarida ma’lumotlar uchraydi. Qang’da yashagan qang’uylarning madaniyati va ho’jaligi haqida Qovunchi yodgorligi ma’lumot beradi, Qang’ davlatining poytaxti qang’diz-qanqa (hozirgi Oqqo’rg’on markazida) shahar xarobasi hisoblanadi. Uning umumiy maydoni 150 ga bo’lib, atrofi qalin mudofaa devorlari bilan o’rab olingan. Shahar xarobasidan arki a’lo, (o’rda), ibodatxona, savdo va hunarmandchilik mavzelari, shahar yo’llari, maydonlar, hovuzlarning o’rni topib o’rganilgan.
Ma’lumki, O’rta Osiyoda mil. avv. III-II asrlarda Farg’ona davlati-Davan shakllangan davlat sifatida mavjud edi. U qadimda Parkana, Xitoy manbalarida esa Davan deb atalgan.
Xitoy manbalarida mil.avv. I asrda Davan ko’p aholisi bor, dehqonchilik va
hunarmandchilik ho’jaliklari yuksak rivojlangan, shaharlar
Davanda 70 ga yaqin obod shahar bo’lgan. Bu hududda bog’dorchilik, ziroatchilik, to’qimachilik rivojlangan. Farg’onaning samoviy duldurlari-afsonaviy otlari mashhur bo’lgan; Ershi, Axsi, Quva singari shaharlar taraqqiy etgan.
Xulosa qilib shuni qayd etish kerakki, O’rta Osiyo antik davrda shahar madaniyatining uzluksiz rivojlanishi jarayoniga tortilgan bo’lib, bu yerda Qadimgi Sharq sivilizatsiyasiga xos mahalliy shahar qurilishi an’analari shakllanadi. Me’morchiligida mudofaa inshootlari, diniy va dunyoviy monumental inshootlarning paydo bo’lishi shahar madaniyati taraqqiyotini belgilab beradi. Moddiy madaniyatning barcha jabhalarida originallik, amaliy va tasviriy asarlarida yuksak did va mahorat ruhi antik madaniyatni mazmun va mohiyatini belgilab beradi.






