Alifbe manzumalar (abidsedariy) ta’lim-tarbiya asosi.

0
Alifbe manzumalar (abidsedariy) ta’lim-tarbiya asosi.

Alifbe manzumalar (abidsedariy) ta’lim-tarbiya asosi.

Alifbe manzumalar (abidsedariy) ta’lim-tarbiya asosi.

Alifbe manzumalar (abidsedariy) ta’lim-tarbiya asosi. O‘tmishda eski maktablarda o‘qish va yozishni o‘rgatish bir necha bosqichli jarayonni tashkil etgan. Maktablar bo‘lganki, faqat o‘qishni o‘rgatgan, maktablar bo‘lganki, faqat yozishni o‘rgatishga ixtisoslashgan.

Eski maktablarda yozuvni o‘rganishda “hijo” yoki “tahajji” usulidagi uch bosqichga amal qilingan: Birinchi bosqichda arab alifbosidagi har bir harfni alohida-alohida yozish mashq qilingan. Bu bosqich MUFRADOTdavri deyilgan. Aytaylik, arab alifbosida mavjud 28 harfning har biri alohida holda, so‘z boshida, so‘z o‘rtasida va nihoyat so‘z oxirida to‘rt shaklga ega; bu 112 harfiy belgi degani. Agar bularni arab yozuvining “xatti ma’qoliy” va “xatti ko‘fiy” turlari asosida yuzaga kelgan muhaqqaq, suls, nasx, tavqi’, rayhoniy, riqo, ta’liq, nasta’liq singari yuzdan ziyod ko‘rinishlari hisobga olinsa, arab harflarini ifodalovchi belgilar miqdori qanchaga yetishini tassavur qilish qiyin, albatta. Shu vajdan mufradot davri birmuncha cho‘zilgan. Bunda harflarni ifodalovchi har bir belgini chiroyli va yorqin qilib, qiyomiga yetkazib yozishga, demakki, husnixat (kalligrafiya)ga alohida e’tibor qilingan.

Ikkinchi bosqich–MURAKKABOT deyilgan. Bunda harfni harfga old tomondan qo‘shib yozish mashq qilingan. Harfni harfga murakkab qilish–qo‘shib yozishda qo‘shilayotgan harflarni ifodalovchi belgilarning aniq va tiniq yozilishiga, ostki va ustki belgilarning to‘g‘ri ifodalanishiga alohida e’tibor qilingan. Shu zaylda harfni harfga qo‘shganda hosil bo‘luvchi hijolarni idrok qilish mashqi qiyomiga yetkazilgan.

Uchinchi bosqichda so‘zni yozishga o‘tilgan, bu MUQATTAOT davri deyilgan. Bu bosqichda o‘quvchilar ikkiliklar, ruboiylar, qit’alar, tuyuqlar va g‘azallarni ko‘chirib yozishni mashq qilganlar.

Eski maktablarda uzoq asrlar davomida yozuv ana shu taxlitda o‘rgatib kelindi. Bu esa, o‘z navbatida, yozishning nazariy va amaliy asoslarini ishlab chiqish va takomillashtirishni kun tartibiga qo‘ydi, natijada shu yo‘nalishdagi tajribalarni umumlashtiruvchi alifbo manzumalar yuzaga kela boshladiki, bular hozirgi adabiyotshunosligimizda abitsedariy she’rlar deb yuritiladi.

Alifbo manzumalari faqat xattotlik asrori bayonidan iborat va faqat xattotlik san’atini o‘rganuvchilarga mo‘ljallangan tadrisiy maqomdagi asarlargina emas, ular hammabopligi, umuman, yozuvni o‘rganishni niyat qilgan katta-yu kichikka mo‘ljallanganligi bilan o‘tmishdagi bolalar kitobxonligida ayricha o‘rin tutadi. Aytaylik, ularda qog‘ozning “abreshimiy”, “nimkatoniy”, “abri bahor”, “haftrang” turlari va ularda yozish xususiyatlari, yozuv vositalari–siyoh, qora qamish, qalam, pargor (tsirkul), mistar (transparant), qalamtarosh, qalamqat, xato ko‘chirishganda uni yuvuvchi abr(shtrix) kabilarni qanday asrash va ishlatish, nihoyat, arab yozuvidagi har bir harfni qanday esda tutish, buning uchun o‘sha belgi tabiatda nimaga o‘xshashligini eslash hamda o‘sha harfiy belgi hajmi qanday bo‘lishiga oid ma’lumotlar berilgan. Ammo turkiyzabon xalqlar bolalarining yozuvni o‘rganishi uchun o`z tillarida yaratilgan metodik qo`llanmalar mavjud emas edi. Shermuhammad Munisning “Savodi ta’lim” alifbo-manzumasi ana shu ehtiyojni qondirish yo‘lida yaratilgan asar bo‘ldi.

Bu asar o‘zbek tilida bitilgan ilk alifbo-manzuma sifatida alohida e’tiborga loyiq. U bolalar va yoshlarning xat-savod chiqarishlarini, ilm o‘rganishlarini yengillashtirish maqsadida yozilgan. Munis an’anaga sodiq qolib, dastlab o‘ziga yozuv qoidalarini o‘rgatgan ustozi Ibn Hojibga minnatdorchilik bildiradi-da, so‘ngra,  asar yozishdan ko‘zlangan maqsadini bayon qiladi:

Ko‘p muddat erdi guruhi mushtoq, Ta’lim sumanbarig‘a ushshoq. Mashq, etmak ishida xat bitarga, Ta’lim vuqufig‘a yetarga.

Aylar edi xizmatim aro po‘y, Dilresh o‘lib o‘ylakim qalam mo‘y…

Munis “ko‘p muddat”dirki o‘zbek maktablari uchun savod chiqarishga qulay tadrisiy qo‘llanmalar yo‘qligidan “xat bitish ta’limini vuqufiga yetkazish” qiyinligini, binobarin, shu holga xotima berish maqsadida bel bog‘laganini shunday uqtiradi: Bilgancha surib qalamni har yon, Ta’lim ishin aylar erdim oson.

Shundan so‘ng shoir qalam va xat vasfiga o‘tadi. Uningcha, qalam o‘quv quroligina emas, balki yozuv vositasi bo‘lganligi uchun ahamiyatli. Shu boisdan: Zebo qamishini nayshakar bil, No‘gida aning shakar samar bil. Harfidan oqib sharobi ma’ni, El andin erur xarobi ma’ni.

Qalam ilm ahli nasibasini butun qiladi, saltanatlar yumushini raqam qiladi. Xullas: Olam ishi intizomi andin, Olam elining nizomi andin.

Ul bo‘lmasa- bo‘lmagay kitobat,

Bul bo‘lmasa-qolmagay hikoyat…

Xat esa, aslida qalam “no‘gidan” oquvchi “sharobi ma’ni”. Xat vositasidagina kishilik jamiyati yaratgan ilmu hikmat avloddan avlodga meros bo‘lib, yetib keladi: Xatdur asbobi taroshi xoma, Ziynat baxshi uzori noma. So‘z maxzanining nishonasi ham, Ma’no durining xazonasi ham. Har so‘zki, ko‘nguldan o‘ldi mavjud Xat bo‘lmasa-bo‘lgay erdi nobud…

Munis o‘quvchilarni chiroyli yozishni o‘rganishga da’vat etar ekan, buning uchun, avvalo, xat yozish vositalari-qalamu qalamtarosh, qalamdonu qalamqat singari yozuv qurollarini ozoda, “taxt va shaxt” tutish zarurligini uqdiradi. Shundagina “xatti xub”- husni xatga erishish mumkin, deb hisoblaydi muallif:

Ey kim xati xub erur taloshing,

Bo‘lsin bu sifat qalamtaroshing.

Kim asru itik nechukki poku.

Nayni qalam etsun o‘ylakim mo‘…

Vagar yaxshi yo‘nilmasa qalamlar,

Shak yo‘qki, yomon tushar raqamlar.

352 satr (176 bayt)dan iborat manzumaning birinchi qismida ana shu masalalar xususida bahs yuritilgan. Masnaviy shaklida bitilgan asarning ikkinchi qismi arab yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosidagi 28 harfning shakli, nimalarga o‘xshashligi va imlo xususiyatlarini birma-bir ta’riflaydi. Bunda u harflar hajmini nuqtalar bilan belgilash an’anasidan voz kechmaydi; “Nuqta bilan o‘lchamak shior et”,-deydi shoir va “Ul qavmki xatga erdi voqe’. Bu nuqta alardan o‘ldi voqe’”, deya alohida ta’kidlaydi. Uningcha, bunday qilish harflar hajmi va shaklini qat’iylashtiradi, demakki, belgining har xilligiga chek qo‘yadi. So‘ngra, “alif”dan to‘shin”gacha arabcha har bir harfni poetik ta’riflashga o‘tadi: “alif”ning hajman uch nuqtaga; “Tuli alif uch nuqtadir, ammo”, “ro”-ikki nuqtaga, “zo” esa uch nuqtaga tengligini ta’kidlaydi:

“Ro” qomati ikki nuqta, ammo.

Boshi biyik ermas, o‘ylakim “zo”

“Zo” uch nuqtau lek sarkash,

Qilsa bo‘lur oni qushga o‘xshash.

Shoir har bir harfni o‘quvchilarga shu xilda tanishtirar ekan, savod o‘rgatishda badiiytasviriy vositalardan, suvrat solish vositalaridan foydalanishni uqdirishni ham unutmaydi.

Chunonchi, yuqoridagi misolda “z” (zo)harfi shaklan qushgao‘xshashligi bilan o‘quvchi zehnida tez o‘zlashuvini ta’minlagan.“Nun” esa bamisoli “umqi binosi”-chuqurcha: “Nun” olti nuqtadur, ey qarindosh, Ikki oyoq, ikki tan, ikki bosh. Uch nuqtadur ikki lab arosi, Ul nav’ki umqining binosi.

Buning ustiga “nun” shunaqa bir harfiy belgiki, boshqa bir qator harflarning shakliy ifodasida ishtirok etadi:

“Qof” avvali “fo” boshiga monand, “Nun” halkasig‘a va lek payvand.

Yoki:

Gar “lom”ni istasang murattab,

“Nun” birla alifni qil murakkab.

Shoir barcha harflarni ta’riflab bo‘lgach, ko‘nglidagi ulug‘ niyati amalgaoshganidan tasalli topib, asariningnomi va yozilish tarixini shunday izohlaydi: Bu nomaki bo‘yla topti tanzim, Yozildi oti “Savodi ta’lim”.

Ta’rixi aning bu nav’ adodur, Hijrat chog‘idinki, g‘am fizodur. Ming ikki yuz o‘n to‘qqiz edi yil, Dog‘i ramazon uchinchisi, bil. Go‘yoki chahorshanba erdi, Itmomi qalamga dast berdi.

Hijriy 1219-yil ramazon oyi uchinchi chorshanbasi melodiy hisobga aylantirilsa, 1804yilning 4-dekabri kelib chiqadiki, bu asarning yozib tugallanganligi sanasidir. Asarda bolalarni qiziqtiruvchi nuqtalar anchagina. Eng muhimi, Shermuhammad Munis shu asari orqali imlo masalalariga daxl qilib, harfiy belgining shakli, hajmi, yozilish tartibini qoidalashtirdi va o‘quvchilarda yozish malakalarini shakllantirishga, shu yo‘l bilan bu sohadagi har xillikka barham berishga urindi.

Maktab ta’limi jarayonida abjad hisobini o‘rgatish birmuncha qiyinchiliklar tug‘dirgan, binobarin, shu qiyinchiliklarni yengish yo‘lida abjad hisobida yechiladigan chistonlar yozish an’anaga aylana boshlagan. Bu sohada, ayniqsa, XVIII asrning oxiri va XIX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan zabardast shoira va novator muallima Jahon otin Uvaysiy alohida namuna ko‘rsatgan.

Mavzular.

manba