Arxeologiya fani vazifalari.
Arxeologiya fani vazifalari. Qadimiy yodgorliklar o‘zbek xalqi ma’naviyati, qadriyatlari tarixidan darak beruvchi ashyoviy dalillar hisoblanadi. Shu o‘rinda ajdodlarimizning tarixini arxeologik yodgorliklar misolida targ‘ib etish va uning tarbiyaviy ahamiyatini ko‘rsatish juda muhimdir. Shu bilan birga, mamlakatimiz xududida joylashgan arxeologik yodgorliklar va ulardagi topilmalar yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalashda, ularning qalbida ko‘hna tarix va madaniyatga hurmat–
ehtirom ruhini uyg‘otishda katta ahamiyatga egadir. Arxeologik yodgorliklar O‘zbekiston madaniy hayotini o‘zida aks ettiruvchi juda muxim omil hisoblanadi.
Bugungi kunda arxeologiya fani oldida turgan muhim vazifalardan biri ajdodlarimizning yo‘qolib borayotgan izlarini izlab topish, moddiy ashyolar va tarixiy yodgorliklar yoshini aniqlash, taxlil qilish va ilmiy sistemalashtirish asosida haqqoniy tariximizni tiklash, uning ochilmagan sahifalarini o‘rganib, tarixdagi oq dog‘larni yo‘qotishdir.
Sobiq sho‘rolar tuzumi davrida arxeologik yodgorliklarni o‘rganish ish keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsada, keyinchalik ularni saqlash va ta’mirlash ishlariga e’tibor kam bo‘lgan. O‘zFA Arxeologiya institutining ma’lumotlariga ko‘ra, respublikamiz hududida 1960 yilgacha 30 mingtaga yaqin arxeologik yodgorliklar bo‘lgan. Ularning buzilishi va emirilishi, ekin maydonlariga qo‘shilib ketishi oqibatida 80-yillarga kelib, ularning soni 9 mingtaga tushib qolgan va 90 – yillarning o‘rtalariga kelib, bu obidalarning soni bor-yo‘g‘i 5391 tani tashkil etgan.
Keyingi yillarda tarixiy va arxeologik yodgorliklarni saqlash va ta’mirlash bo‘yicha anchagina ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda albatta o‘zbek arxeologlarining chet ellik hamkasabalari bilan birgalikda olib boryotgan ishlari ahamiyatga molikdir.
Hozirgi bosqichda O‘zbekiston arxeologiyasi fani oldida turgan vazifalar va muammolar. O‘zbekistonda arxeologiyaning fan sifatida shakllanishi uzoq tarixiy jarayonni o‘zida qamraydi. O‘zbek millati qadimiy tarixga ega bo‘lsada, uning eng qadimgi davr tarixini o‘rganish XX asrning ikkinchi yarmidan boshlangan va bugungi kungacha bu sohada ilmiy izlanishlar davom qilib kelmoqda. O‘zbekistonning o‘rta asrlar tarixi esa, yozma manbalarda saqlanib qolgan bo‘lsada, uzoq davrlargacha mavjud qadimiy qal’alar tarixi faqat odamlar orasidagi rivoyatlarda saqlanib qolgan edi. Ularni saqlash va ilmiy jihatdan o‘rganish esa XIX asr oxirlarigacha odamlarning e’tiborida emas edi. Sovetlar humronligi davrida o‘tmish tarixiga e’tibor kuchayib, ularni ilmiy jihatdan o‘rganish boshlangan bo‘lsada, O‘zbekiston miqyosida tarixiy yodgorliklarning nihoyatda ko‘pligi olimlarga chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borishga imkon bermagan. Ular yodgorliklar to‘g‘risida deyarli umumiy bo‘lgan ma’mumotlarningina to‘plashgan. Misol tariqasida Selungir, Teshiktosh, Ko‘lbuloq makonlarida olib borilgan tadqiqotlarni keltirish mumkin. Shuningdek, yodgorlik o‘rganilgach, u qarovsiz qoldirilgan. Bu esa, ko‘pgina yodgorliklarning yo‘qolib ketishiga olib kelgan. O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgach, o‘tmish tarixiga yangicha nazar bilan qarala boshladi. Har bir yodgorlikni o‘rganishda chuqur ilmiy jihatdan yondoshilib, uning mahalliy xususiyatlarini e’tiborga olib, olamshumul yangiliklar ochildi va ochilmoqda.
O‘zbekistonda arxeologiyaning o‘rganilish bosqichlari M.Jo‘raqulovning “Ibtidoyi arxeologiya” kitobida to‘liq ochib berilgan. Arxeolog O‘zbekistonning arxeologik jixatdan o‘rganilishini 3 davrga bo‘ladi: 1.Rossiya mustamlakasi davri. 2.Sovetlar xukmronligi davri. 3. O‘zbekiston mustaqilligi davri va har bir davrga to‘liq ta’rif berib o‘tadi.
Mustaqillikning dastlabki davrlarida arxeologik tadqiqot ishlari birmuncha to‘xtaganday bo‘ldi. Lekin Vazirlar Mahkamasining 1998 yilda Tarix instituti faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan ishlari natijasida va Buyuk ipak yo‘li tarixining keng tadqiq qilinishi yuzasidan olib borilgan ishlar natijasida yana arxeologik tadqiqot ishlari jonlanib ketdi. Ayniqsa xorijiy davlatlar bilan olib borilayotgan hamkorlik yanada samarali bo‘lmoqda. Ular arxeologik ekspeditsiyalarni nafaqat moddiy, balki texnikaning keyingi davr yutuqlari bilan ham qurollantirib, mashaqqatli arxeologik tadqiqot ishlarini engillashtirib, qadimiy moddiy buyumlarning analiz jarayonlariga ham yanada aniqliq kiritishiga ko‘p imkoniyatlar yaratishda yaqindan yordam ko‘rsatib kelishmoqda. Jumladan, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Avstraliya, Rossiyadan kelgan olimlarning xizmatlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Sopollitepa va Jarqo‘ton yodgorligida keyingi davrlarda O‘zbek–Olmon Baqtriya ekspeditsiyasi tadqiqot ishlarini olib bordi. Ular Jarqo‘ton yodgorligining yoshini aniqlashda 23 radiokarbon analizi o‘tkazdilar. Radiokarbon analizlar Germaniya arxeologiya instituti Evroosiyo bo‘limi qoshidagi laboratoriyada amalga oshirildi. Mazkur otryad a’zolaridan Mayk Toyfer va Kay Kanyutlar Sopollitepa madaniyatining yoshini kadimiylashtirish bo‘yicha yangi fikrlarni bildirganlar.
Hozirda O‘zbekiston arxeologiyasini o‘rganish ancha yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu ish bilan maxsus institutlar, universitetlar, pedagogika institutlari va turli bo‘limlar shug‘ullanmoqdalar. Ular qoshida ko‘plab arxeologik ekspeditsiyalar tashkil etilgan.
So‘nggi o‘n yillikda madaniyat va tarixiy yodgorliklarni qayta ro‘yxatga kiritish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa yodgorliklarni muhofaza qilish ishlariga ancha samarali ta’sir qo‘rsatmoqda. XX asrning 90- yillarining oxirlarida yodgorliklarning 7216 tasi hisobga olingan bo‘lsa, shulardan 1595 tasi me’moriy yodgorliklar, 3106 tasi mahobatli san’at asarlari, 2115 tasini arxeologik yodgorliklar tashkil etdi. Ulardan 1831 tasi respublika miqyosidagi davlat muhofazasiga olingan bo‘lib, 513 tasi me’moriy obidalar, 98 tasi mahobatli san’at asarlari, 1213 tasi arxeologik va 27 tasi tarixiy yodgorliklardir. Bunday yodgorliklar ayniqsa, Samarqand ( 997), Buxoro (804) , Qashqadaryo (592), Toshkent (562), Farg‘ona (512) viloyatlarida ko‘p.
Bu mamlakatimiz butun hududi qadimiy madaniyat va sivilizatsiya o‘chog‘i bo‘lganligidan dalolat beradi.











