«Avesto» kitobining o‘rganilishi va uning tariximizda tutgan o‘rni.
«Avesto» kitobining o‘rganilishi va uning tariximizda tutgan o‘rni. Zardushtiylik dunyodagi eng qadimgi dinlardan bir bo‘lib, insoniyat madaniyatiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Bu din juda ko‘p Sharq mamlakatlarida, xususan O‘rta Osiyoda ham uzoq vaqt asosiy dinlardan bo‘lib keldi. Zardushtiylik dining muqaddas kitobi “Avesto” bundan XXX asr muqaddam ikki daryo oralig‘ida istiqomad qilgan ajdodlarimizning biz avlodlariga qoldirgan ma’naviy, tarixiy merosidir. «Avesto» ayni zamonda bu qadim o‘lkada buyuk davlat, buyuk ma’naviyat, buyuk madaniyat bo‘lganidan guvohlik beruvchi tarixiy hujjatdir. Unda markaziy Osiyo xalqlari bundan 3 ming yil oldingi davrlarda yoritib berilgan.
Evropada Zardushtiylik ta’limoti antik davr – qadimgi zamonlardayoq katta qiziqish uyg‘otgan, Zardo‘sht va uning ta’limoti haqida ko‘pchilik yunon va rimlik yozuvchilar, faylasuflar va tarixchilar ilmiy asarlar yozishgan. Sosoniylar sulolasi davrida, III-VII asrlarda zardo‘shtiylikning muqaddas kitobi – «Avesto» matnlari o‘rta forsiy tilga ko‘chirila boshlagan vaqtlardayoq mazkur din tarixshunosligi tug‘ila boshlagan edi.
Miloddan avvalgi V asr oxiri tarixshunoslarining yozishicha, Gerodotning zamondoshi lidiyalik Ksanor Zardo‘sht nomini tilga olgan. Keyingi tarixshunoslarning yozishicha, Ktesiy o‘z asarida Zardo‘shtning ossuriyaliklardan engilgan Baqtriya podshosi sifatida tilga oladi. Shuni ta’kidlash lozimki, Ktesiy asari ancha ilgari qayta ishlangan bo‘lib, keyinroq o‘tgan qadimiy olimlari ana shu qayta ishlangan nusxadan foydalanganlar. Ammo Ksenofontning «Kiropediya» va «Anabasis» asarlarida Zardo‘sht haqida ma’lumot uchramaydi.
Holbuki, Ksenofont Ahomoniylar davlatining ahvoli, xalq urf-odatlari va marosimlari bilan yaxshi tanish edi. Gerodot, Ktesiy va Ksenofont asarlarida keltirilgan ma’lumotlarni umumlashtirib aytish mumkinki, Ahomoniylar davri (mil av VI-V asrlar)da hali Zardo‘shtni hukmron din asoschisi deb hisoblashmagan. Zardo‘shtiylik dini tadqiqotchilari E. Benvenist, A.K.Kristensen, X.Nyuberg, V.Struve va boshqalar ham shu fikrdalar. Zardo‘shtiylik dini tarixiga oid ko‘plab maqolalar va asarlar yaratilgan bo‘lsa-da, ammo mamlakatimiz xalqlari tarixida zardo‘shtiylikning o‘rni va ahamiyati haqida jiddiy, umumlashma asarlar yaratilmagan.
Ilk o‘rta asrlarda mazkur din o‘rnini asosan islom dini egallagan. Natijada bundan avvalgi davrlarda mavjud bo‘lgan zardushtiylik diniga oid adabiyotlarning juda ko‘p qismi, sosoniylar davrida amalda bo‘lgan «Avesto» to‘plamining taxminan to‘rtdan uch qismi yo‘qolib ketgan.
«Avesto» kitobining o‘rganilishi va uning tariximizda tutgan o‘rni. Tarixdan ma’lumki, Aleksandr Makedonskiy O‘rta Osiyoga yurish qilgan davrda bu erda yuksak sivilizatsiya mavjud edi. Haqiqatda esa, «Avesto»ga qarshi hujum Aleksandr Makedonskiy davridayoq boshlangan edi. Abu Rayhon Beruniy yozadi: «Podshoh Doro ibn Doro xazinasida Abisto(Avesto)ning o‘n ikki ming qoramol terisiga tillo bilan bitilgan bir nusxasi bor edi. Aleksandr otashxonalarni vayron qilib, ularda xizmat etuvchilarni o‘ldirgan vaqtda uni kuydirib yubordi.
Shuning uchun o‘sha vaqtdan beri Abistonning beshdan uchi yo‘qolib ketdi. Abisto o‘ttiz «nask» edi, majusiylar qo‘lida o‘n ikki nask chamasi qoldi. Biz Qur’oni Karim bo‘laklarini xaftiyak deganimizdek, nask Abisto bo‘laklaridan har bitta bo‘lakning nomidir».
Eramizning VII-VIII asrlarida ro‘y bergan arablar bosqini O‘rta Osiyo xalqlari boshiga misli ko‘rilmagan talofatlar olib kelgani ham ma’lum. Abu Rayhon Beruniy yozadi: «Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o‘rgangan va bilimini boshqalarga o‘rgatadigan kishilarni halok etib, butkul yo‘q qilib yuborgan edi. Shuning uchun u (xabar va rivoyatlar ) islom davridan keyin, haqiqatni bilib bo‘lmaydigan darajada yashirin qoldi. Keyin
Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy xorazmliklarning kitoblarini halok etib, bilimdonlarini o‘ldirib, kitob va daftarlarini kuydirgani sababli ular savodsiz qolib, o‘z ehtiyojlarida yodlash quvvatiga suyanadigan bo‘ldilar. Uzoq zamon shunday bo‘lgach, ular ixtilofli narsalarini unutib kelishib qolganlarini yodda saqlab qoldilar».
Qadimgi Xorazm tarixining chuqur bilimdoni S.P.Tolstovning arxeologik dalillar asosida isbot etishicha, islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyaning nodir yodgorliklari, tarixiy adabiyot, ma’naviyat durdonalari yonib kulga aylantirilgan. Binobarin zardushtiylik ta’limoti va uning muqaddas «Avesto» kitobi ham yondirilib, yo‘q qilib yuborilgan. Uzoq tariximiz va ma’naviy merosimizning bu noyob yodgorligi keyingi asrlardagi pahlaviy, fors tillaridagi talqini asosidagina bizgacha etib kelgan. Mana shu hol zardushtiylik ta’limoti tarixi va tarixshunosligini o‘rganish uchun katta qiyinchiliklar tug‘diradi.
Eron, Afg‘oniston va O‘rta Osiyo xalqlari tarixini o‘rganishda «Avesto» muhim manbadir. Chunki «Avesto» faqat zardushtiylik dinining urf-odatlari, e’tiqodi jamlangan muqaddas kitob bo‘libgina qolmay, unda O‘rta Osiyo va Eronning qadimgi tarixi, madaniyati va siyosiy tuzumi ham aks ettirilgan.
Er yuzidagi eng qadimgi dinlar, jumladan, zardushtiylik haqida ilmiy-tadqiqotlar vujudga kelgan. Amerikalik olim R.Fray, fransuz olimi E.Benvenist, belgiyalik olim J.Dyushen – Gyuyimen, shved olimlari X.Yu.Nyuberg, G.Videngran, daniyalik K.Barr, nemis olimi B.Xins boshqalarning asarlarini ko‘rsatish mumkin.
Zardushtiylik tarixini o‘rganish bir qator muammolarni o‘z ichiga oladi.
Zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”ni o‘rganish muammolari quyidagilar:
- Zardo‘shtning vatani qaer ekanligi.
- Avestoning o‘rganish masalalari.
- Zardushtiylik dinining tarqalish bosqichlarini o‘rganish.
«Avesto»ni tadqiq qilish va uni o‘rganishni o‘rta asrlarda yashab, ijod qilgan alloma Abu Rayhon Beruniy boshlab bergan bo‘lsa (alloma o‘zining «Osor ulboqiya» («Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar») asarida zardushtiylik dini haqida ancha mufassal fikr yuritgan), Evropada 1723 yil Jorj Bouje va ayniqsa fransuz olimi Anketil Dyuperronning xizmati katta bo‘ldi.
«Avesto» kitobining o‘rganilishi va uning tariximizda tutgan o‘rni. London universiteti professori Meri Boys Eron tarixi va madaniyatiga oid asarlar bilan zardushtiylikning o‘rta asrlardagi va yangi zamonlardagi tarixini o‘rganishga katta hissa qo‘shdi. Meri Boys 1963-1964 yillarda Yazd vodiysi shimolidagi olib borgan dala-qazilma ishlari vaqtida zardushtiylarning e’tiqodlari va rasmrusumlarini o‘rgandi. Yuqoridagi ishlari natijasida Meri Boys 4 jilddan iborat «Zardushtiylik tarixi» nomli yirik ilmiy asarini tayyorladi va qisman nashr etdi. Shuningdek, Meri Boys zardushtiylikning qachon vujudga kelganligi haqida fikrlari munozaralidir.
Zardushtiylik dini paydo bo‘lgan zamin haqidagi bahs uzoq asrlardan buyon davom etib kelmoqda. G‘arb olimlaridan A.Meye va P.Tedeskolar zardushtiylikning vatani Parfiya (hozirgi Turkmaniston) degan farazni bildiradilar; Daristetir, Jeksonlar zardushtiylik Antropatenda, Xarsfel’d esa Midiyada paydo bo‘lgan deydilar; I.Markvart, B.A.To‘raev, X.Nyuberg, E.Benvenist, E.E. Bertels, Gayger, Bartol’d, Shpigellar fikriga qaraganda, zardushtiylik Baqtriyada paydo bo‘lgan; E. Gersvel’d o‘zining dastlabki arxeologik qazilmalariga binoan hamda
V.V.Struve, K.V.Trever, Yu.A.Rapoport, S.F.Oldenburg, V.M.Lukonin, B.I.Avdiev singari olimlarning fikricha, zardushtiylik Turonzamin (Xorazm, Baqtriya, So‘g‘d, Farg‘ona)da paydo bo‘lib, so‘ngra Eron va boshqa mamlakatlarga tarqalgan.
Zardushtiylik dini haqida fundamental tadqiqotlar muallifi Meri Boys uning bundan uch ming besh yuz yillar ilgari paydo bo‘lgani va boshqa dinlarning shaklllanishi va rivojlanishiga ko‘rsatgan ta’siridan tashqari, oliyjanob din ekanligini, asrlar mobaynida quvg‘inlikka uchrasa-da, unga e’tiqod qo‘yganlar sa’y-harakati tufayli bizgacha etib kelganligini ta’kidlaydi. Meri Boys ham otashparaslar dinining muqaddas kitobi «Avesto» qadimgi Xorazm vohasida paydo bo‘lganini qayd etadi.
Zardushtiylik ta’limoti va «Avesto» ning Xorazmda paydo bo‘lganligi haqidagi faraz B. G‘ofurov, N.Mallaev, X.Homidov, A.Qayumov, Y.Jumaboev, M.Ishoqov, M.Rahmonov, F.Sulaymonova, I.Jabborov, G.Dresvyanskaya, Y.Xo‘jamurodov, A.Irisov, M.Qodirov, S.Hasanovlarning maqola va tadqiqotlarida ham o‘z aksini topgan.
Zardo‘shtiylik dinining nainki qaerda paydo bo‘lganligi, balki qachon paydo bo‘lganligi xususida ham arxeologik qazishmalar davomida ajoyib natijalarga erishgan S. P. Tolstovning fikriga qaraganda, bu dalillar zardushtiylik dini va uning payg‘ambari Zaratushturaning Xorazmda tug‘ilganligini isbot qiladi. Avesto ham boshqa ko‘plab muqaddas kitoblar singari murakkab va ko‘p qatlamlidir – deb yozadi S. P. Tolstov, – biroq unda, shubhasiz,
O‘rta Osiyo tarixining arxaik davriga borib taqaluvchi ma’lumotlar ustunlik qiladi, hozir bizning qo‘limizda bor materiallarga asoslanib, bu davrni yangi eradan avvalgi 1 ming yillikning birinchi yarmiga mansub deb hisoblash mumkin.
Zardushtiylik bilan bog‘liq etnografik va lingivistik tadqiqotlar ham juda ko‘p narsalarni oydinlashtirishi mumkin. Masalan B. I. Avdievning zardushtiylikning Xorazm bilan bog‘liqligini quyidagicha izohlaydi: zardushtiylikning birinchi muqaddas olovi Xorazmda yoqilgan. «Avesto»da tasvirlangan «Aryonam Vayjo» degan mamlakat Xorazm bo‘lishi extimol. «Avesto»ning hozirgi bizga ma’lum bo‘lgan eng qadimgi 1324 yili ko‘chirilgan nusxasi Kopengagen shahrida saqlanadi. 1771 yilda «Avesto»ni tarjima qilgan A.Dyupperon 1288 yilda ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxasidan foydalangan. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, sosoniylar davridan «Avesto»ning 21 kitobi (nask) saqlanib qolgan.
«Avesto» kitobining o‘rganilishi va uning tariximizda tutgan o‘rni.












