Avestoning tarixiy-ma’rifiy ahamiyati haqida.
«Avesto» qadimgi Oʻrta Osiyo, Eron va Ozarbayjonning tarixi, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, goegrafiyasi va tabiati, ilm-fani, etnografiyasi va hokazolar bilan tanishtiruvchi manba sifatida ham juda qimmatlidir.
«Avesto»da tasvirlangan jamiyat chorvachilar va dehqonlarning qadimgi jamiyatidir. Unda oʻz davrida emirila borgan ibtidoiy jamoa tuzumi ham, quldorlik va tugʻilib kelayotgan feodal munosabatlari ham qisman bayon etiladi. Kishilar xudolarga murojaat qilib, ulardan koʻp chorva, katta yaylovlar va sugʻoriladigan keng ekin maydonlarini tilaganlar. «Avesto» chorvasi, yaylovi va ekin maydoni koʻp boʻlgan kishilar ham, tobe boʻlgan yoʻqsillarni ham koʻz oʻngimizda gavdalantiradi. Zodagonlar mol- mulklarini koʻpaytirish uchun qoʻl ostilaridagi dehqonlarni va chorvadorlarni eksplutasiya qilish bilan qanoatlanmay, bosqinchilik urushlari olib borib, chorva mollarini, yangi yaylovlarni va qullarni qoʻlga kiritadilar. Zardushtiylikning sinfiy mohiyati Axura Mazdaning soʻzlarida ham ravshan ifodalanadi, u xudo qiyofasidan chiqib, tobora shoh qiyofasiga yaqinlashib boradi.
«Avesto» madaniy hayotning turli sohalariga doir, chunonchi , qadimgi medisina, astronomiya, kosmogoniya va falsafaga doir material va ma’lumotlar ham beradi.
«Avesto» ma’lum darajada adabiy yodgorlik hamdir. Unda badiiy til vositasi, obrazli soʻzlar xiyla ishlatilgan boʻlishidan tashqari ogʻzaki adabiyot yodgorliklarining toʻplagan bir manba hamdir. Unda Kayumars, Yima, Gershasp,
Arjasp va boshqa mif hamda afsonalar hikoya qilinadi. Uning ancha qismi (asosan
«Gotlar» va «Yashi» ) she’r bilan bitilgan. She’riy misralar hijolarning miqdori prinsipi asosida tuzilgan. Yasht koʻpincha 8 (ba’zan 10-12) hijoli misralardan tarkib topgan.
«Avesto» kitobi mukammal suratda nashr etildi. Ellik bosma taboqdan iborat bu tarixiy-adabiy obida bugungi kungacha er yuzida saqlanib qolgan «Avesto» matnlarini tugal oʻz ichiga oladi.
Kitob soʻzboshi, soʻnggi soʻz, olti daftar, avestoyi tushunchalar va islohotlar mukammal sharhlangan izohlardan iborat. Nufuzli tahrir hay’ati nazorati ostida chop etilgan kitob shoir Asqar Mahkamning oʻn yillik mashaqqatli va samarali mehnati tufayli tilimizga oʻgirildi.
Qoʻlimizdagi «Avesto» kitobi Zardushtning «Gohlar»i bilan boshlanadi. Gohlar bu ulugʻ obidaning eng qadimiy boʻlimlaridan, yoxud Zardushtning beklik qoʻshiqlaridan tashkil topgan. Aslida avestoyi «Goso» boʻlgan bu istiloh keyincha tilimizda «goh» shaklida oʻzlashdi, chunonchi, «Dugoh», «Segoh», «Chorgoh» va hokazo.
Birinchi daftar olam va odamning yaralishi, hayot va yashashning mazmuni, ezgulik va yovuzlikning paydo boʻlishi ularning oʻzaro kurashi xususida hikoya qiladi. «Ahunavad goh», «Ushtavad goh», «Spiantmada goh», «Vahuvxshtar goh», «Vahiyshtvaysht goh»dan iborat. Mazkur boʻlimda oliy iloh Axuramazda dunyo, borliq, inson, ruh, koinot va zamin xususidagi oʻz aqidalarini Zardushtga bayon qiladi. Zardusht bu ta’limotni qabul qilib, bashar farzandlariga etkazishiga soʻz beradi.
Ikkinchi daftar «Yasna» deb nomlanadi. «Toat va salobatga munosib» ma’nosini anglatuvchi Yasnalar bugungi «Avesto»ning muhim juz’i boʻlib, 72 qismdan iborat Yasna «Ibtido» deb nomlanguvchi alohida alohida duolar, madhiyalar, munojotlardan tuzilgan. Zardushtiylarning kundalik turmushiga singdirilgan bu alqov va duolarda butun borliqqa yogʻilgan avestoyi ilohlar nombanom ulugʻlanadi, ularga nazr-niyoz keltirish tartib-qoidalari zikr etiladi. Yasnalarda Axura Mazda yovuz kuchlarga qarata shunday xitob qiladi «Ey, devlar! Sizlarning barchangiz qabih niyatga qarindoshsiz. Sizlarni azaldan qoʻllab-quvvatlab, asrabavaylab, kelayotgan kuch kazzoblik va xudbinlikdan boshqa hech narsa emas. Bu yolgʻon va munofiqona amallaringiz bilan etti iqlimga nom taratdingiz va oxir-oqibat sharmanda boʻldingiz ..»
«Avesto»ning nisbatan salmoqli tarkibi Uchinchi daftar -«Vandidod»dir. Ba’zi avestoshunoslarning fikriga koʻra, «Vandidod» yaxlit asar. U qadimiy mugʻlarning odat va rasm-rusumlarini oʻz ichiga olib, «Devlarni uzoqlashtiruvchi nizom» yoxud «Devlarga qarshi nizom» ma’nosini anglatadi. «Vandidot» avestoyi «Vaydaivadota» istilohining ixchamlashgan shakli. Fargard – boʻlimlardan iborat «Vandidod» boshdan-oyoq Zardushtning savollariga Ahura Mazdaning javoblaridan iborat. Zardusht oʻz panohi boʻlmish Ahuradan mazdaparstlikning mohiyati, uning borliqolam, inson va uning ruhiyati, ong-tafakkuri, kundalik hayoti xususida yuzlab savollar bilan murojaat qiladi. Ahura esa bu savollarga atroflicha javob beradi:
«- Ey, olamni yaratgan Zot! Ey, Haqiqat! Zamini hammadan koʻra baxtliroq boʻlgan dunyodagi birinchi joy qaer? – deydi Zardusht.
Ahura Mazda javob beradi: – Bunday joy, qoʻlda pokiza oʻtin, barsam, havona, yangi sogʻilgan sut tutugan, oʻz amal-e’tiqodiga dilda ishonchi sobit, oʻktam ovoz, keng yaylovlar ishqi bilan masrur va bu yaylovlarni qoʻshiqqa solgan bir ashavan oyoq bosgan zamindir.
Toʻrtinchi daftar she’riy va mansur yashatlar (qasidalar)dan jamlangan boʻlib, unda zardushtiylikning Ahura Mazda, Ardvisura Anahita, Quyosh, Mitra. Vartragna, Asha, Huvarna kabi iloh va ma’budlari sharaflanadi.
Kitobning beshinchi daftari – «Vispirad». «Vispirad» – jamiyki radlar (hakam madhi ma’nosini anglatib, 24 boʻlimdan iborat. Zardushtiylar ta’limotiga koʻra, butun borliq aslida jonli maxluqlar yashovchi bir fano manzili. Unda har bir unsur oʻz qonunlari asosida, muayyan kuchlarning homiyligi ostida yashaydi. Chunonchi, «rad» istilohi «Avesto»da hakam ma’nosidan tashqari manzil makon kabi tushunchalarni ham ifoda etadi.
Nihoyat, Oltinchi daftar – «Kichik Avesto» yoxud «Xurda Avesto»dir. «Kichik Avesto», asosan, zardushtiylarning kunduzgi toat-ibodatlari, duo va olqishlaridan tashkil topgan. Jumladan, «Surush boj» deb nomlanguvchi duo har kuni uyqudan soʻng oʻqiladigan mazdaparstlarning mashhur duolaridan biri Uni «Qoʻl yuvish duosi» ham deydilar. «Surush boj» tun qorongʻuligi chekinib, tong yorisha boshlagach, butun kecha jahonni qoʻriqlab turgan iloh Surush sha’niga bagʻishlangan. Zardushtiylarning barcha marosimlari, xususan, marhumlarni xotirlash marosimi
«surush boj» duosi bilan boshlanadi: «Rad avashan», olamlarga kenglik
bagʻishlaguvchi baxtiyor, cheksiz qudrat sohibi, porsa Surushni olqishlaymiz!»











