BADIIY MATNNING LEKSIK – SEMANTIK XUSUSIYATLARI.
Badiiy matnni lisoniy tahlil qilish jarayonida yozuvchining tildan foydalanish mahoratini namoyon etadigan, emotsional-ekspressiv ifoda semalari qabariq holda reallashgan lekslk birliklarni aniqlash va ular adibning badiiy-estetik maqsadiga qay darajada xizmat qilgani haqida mulohaza yuritish talab qilinadi. Buning uchun badiiy asar tilidagi ma’nodosh, shakldosh, zid ma’noli, ko’p ma’noli, tarixiy va arxaik so’zlar, yangi yasalmalar, shevaga oid so’zlar, chet va vulgar so’zlar ajratib olinadi va asarga nima maqsad bilan olib kirilganligi izohlanadi.
Ma’nodosh so’zlar
Ma’nodosh so’zlar tilning lug’aviy jihatdan boylik darajasini ko’rsatib beruvchi o’ziga xos vositadir. Tilda ma’nodosh so’zlarning ko’p bo’lishi tilning estetik vazifasini yana-da to’liq bajara olishini osonlashtiradi. Bu juda qadim zamonlardan beri anglangan, idrok etilgan va o’rganilgan hodisadir. O’zbek tili ma’nodosh so’zlarga juda boy. Yozuvchilar tilimizdagi ma’nodosh so’zlar ichidan tasvir maqsadiga eng munosibini topib ular orqali qahramonlar ruhiyati hamda tasvir obyektining eng kichik qirralarigacha ifodalashga harakat qiladilar. Badiiy matndagi ma’nodosh so’zlar tahlilida, asosan ikki jihatga e’tiborni qaratish zarur. Ulardan biri muallifning ikki yoki undan ortiq ma’nodosh so’zdan ifodalanayotgan mazmun uchun eng maqbul birini tanlashi bo’lsa, ikkinchisi ayni bir matn tarkibida ikki yoki undan ortiq ma’nodosh birliklarni badiiy tasvir maqsadiga uyg’un holda qo’llashi masalasidir.
Tilshunoslikda ma’nodoshlikning, asosan, uch turi farqlanadi, ya’ni: 1) leksik ma’nodoshlik; 2) frazeologik ma’nodoshlik; 3) leksik-frazeologik ma’nodoshlik. Leksik ma’nodoshlikdan bir necha maqsadlarda foydalaniladi. Til birliklarining takrori natijasida yuzaga keladigan ifoda kambag’alligi va rangsizligidan qochish uchun:
Ikkala o’rtoqning sharaq-sharaq gaplashgan, bir-birlariga sevinch bildirishgan quvnoq va baland ovozlari boshqa hamma unlarni bosib ketdi. (Cho’lpon) Tasvir obyektiga e’tiborni jalb qilish uchun: Xolbuki, musulmonlik kiyimda emas, qalbda, dilda. (Cho’lpon) Ijobiy belgining darajama-daraja ortib borishini aniq ifodalash uchun: Zebixon bilan kelgan boshqa qizlar ham bir-biridan yaxshi, bir-biridan soz, bir-biridan ochiq, bir-biridan quvnoq...(Cho’lpon) Salbiy belgining kuchayib borishini ifodalash uchun: Xo’sh, mingboshining o’zi odamlar aytganiday juda xunuk va badbashara odammi? (Cho’lpon)
Kontekstual ma’nodoshlik. Katta mahoratli yozuvchilarning badiiy til borasidagi ustunliklaridan biri shundaki, ular faqat tilda mavjud bo’lgan, tayyor ma’nodosh so’zlardangina foydalanib qolmasdan, badiiy tasvir ehtiyojiga ko’ra ma’nodosh bo’lmagan so’zlarni ham shunday qo’llaydilarki, bu so’zlar ham matnda xuddi ma’nodosh so’zlar kabi idrok etiladi. Masalan: Kechagina qarg’ab, so’kib, “o’ldirsam!” deb yurgan kundoshini o’pib, quchoqlab, silab-siypab bir nafasda ikkalasi “qalin do’st” bo’lgan emishlar. (Cho’lpon)
Frazeologik ma’nodoshlik. Voqelikni obrazli tasvirlashda, uni kitobxon ko’zi o’ngida aniq va to’la gavdalantirishda frazeologik iboralarning ma’nodoshligidan keng foydalaniladi. Toqati toq bo’lmoq– sabr kosasi to’lmoq, burni ko’tarilmoq – dimog’i shishmoq, yaxshi ko’rmoq –ko’ngil bermoq, ikki oyog’ini bir etikka tiqmoq – oyoq tirab olmoq, og’ziga tolqon solmoq – mum tishlamoq kabilar frazeologik ma’nodoshlikka misol bo’ladi. Jumla tarkibida kelgan ma’nodosh iboralar qahramon bilan aloqador biror bir sifatni, xususiyatni detallashtirib, ikir-chikirigacha ko’rsatib tasvirlashga xizmat qiladi. Masalan: U yenggan, yutgan, oshig’i olchi kelgan, deganini bo ‘ldirgan kundosh emasmi?
Leksik-frazeologik ma’nodoshlik. “Lug’aviy birlik sifatida frazeologizmlar so’zlar bilan ham sinonimik munosabatda bo’la oladi”.36 Masalan: Xursand – og’zi qulog’ida, g’azablanmoq – jahli chiqmoq, beg’am – dunyoni suv bossa to’pig’iga chiqmaydi kabilar leksik-frazeologik ma’nodoshlik hisoblanadi. Badiiy matnda ma’nodoshlikning bunday turidan holatni bo’rttirib, atroflicha tasvirlashda foydalaniladi: Qurvon bibi so’zga qancha epchil bo’lsa, Razzoq so’fi shu qadar kamgap, indamas, damini ichiga solgan, ziqna odam edi.
Shakldosh so’zlar
Tilimizda tovush (yozuvda grafik) tomoni bir xil bo’lib, turlicha ma’nolarni ifodalovchi so’zlar mavjud. Bunday so’zlar omonimlar deb ataladi. Tilshunoslikda omonimiyaning uch ko’rinishi mavjudligi ta’kidlanadi: Omoleksema, omograf va omofonlar. «Omoleksemalarni belgilashda talaffuz jihatidan bo’ladigan bir xillik ham, harfiy (grafik) ifoda jihatidan bo’ladigan bir xillik ham hisobga olinadi»37. Masalan, qovoq-I (inson a’zosi) –qovoq-II (o’simlik nomi). Omograflar esa, harfiy jihatdan bir xil bo’lib talaffuzi har xil bo’ladi: tom-I (uyning tomi) – tom-II (jild), atlas-I (ipakdan tayyorlangan mato turi) – atlas-II (xarita).
Omofonlar deb talaffuz jihatidan teng kelish hodisasiga aytiladi: yot(<yod) – yot, sutxo’r(<sudxo’r) – sutxo’r kabi. Shakldoshlik iboralarda ham kuzatiladi: boshiga ko’tarmoq-I (e’zozlamoq) –boshiga ko’tarmoq-II (to’polon qilmoq), qo’l ko’tarmoq-I (ovoz bermoq, ma’qullamoq) – qo’l ko’tarmoq-II (urmoq). Shakldosh so’zlar asosida yuzaga keladigan ohangdoshlikdan asarda alohida uslubiy vosita sifatida foydalaniladi. Xalq og’zaki ijodida askiya va payrov orqali kulgi chiqarish maqsadida she’riyatda esa tuyuq yoki so’z o’yini hosil qilishda ishlatiladi. Masalan:
Qo’qonda Urfiy degan, Xo’jandda Kamol Xo’jandiy degan shoirlar bir-birlari bilan do’st ekan. Kamol Xo’jandiy Urfiyni mehmonga chaqiribdi. Supada suhbat qilib o’tirganlarida Kamol Xo’jandiyning kichkina kuchugi dasturxon yoniga kelib, hatto dasturxonga tegib ketsa ham, u indamas ekan. Urfiyning juda g’ashi kelib, achchig’I chiqipti va so’rapti:– Bu maxsumchaga nima nom qo’yganlar?
Kamol Xo’jandiy: Urfiy nomlardan birini qo’yganmiz-da. Urfiy: Kamoliga yetsin!
Paronim so’zlar
Paronimlar deb fonetik tarkibi boshqa-boshqa, talaffuzdagina o’xshash, yaqin bo’lib qoigan so’zlarga aytiladi. Abzal (asli afzor-asbob egar-jabduq) – afzal (fazl so’zining orttirma darajasi), xalos (ozod bo’lish) -xolos (faqat), xush (yaxshi, yoqimli)
- hush (insonning sezish, idrok etish qobiliyati). «Paronimlarga asoslangan uslubiy figura paronomaziya deb yuritiladi. Badiiy adabiyotda paronomaziyadan ifodalilik, ohangdoriikka erishish, komik effekt yaratish, so’z o’yini hosil qilish kabi maqsadlarda foydalaniladi». Badiiy adabiyotda o’xshash so’z (paronim)lar qahramonlar nutqini individuallashtirish, ularning ma’naviy hamda lisoniy saviyasini ko’rsatish uchun ham ishlatiladi. Quyidagi parchada paronimlardan komik effekt yaratish maqsadida foydalanilgan. Qahrmon kompot (mevalardan tayyorlanadigan sharbat) va kompost (chiqindilardan achitib tayyorlanadigan organik o’g’it) paronim so’zlarining ma’nosini bilmaganligi uchun kulgili vaziyatga tushadi: Aylanib yurib to’rtinchi brigada dalasida janjal ustidan chiqib qolibman. Bo’lim boshlig’i O’rmon aka bilan brigadir Rahimjon aka nima to’g’risidadir qo’llarini paxsa qilishib bahslashmoqda edi. Meni ko’rishi bilan bo’lim boshlig’i:
- O’rtoq agronom sizdan o’ir ittimosim bor,-deb qoldi.
Agar malol kelmasa, mana bu Rahimjonga, uning a’zolariga kompost tushunmas ekan.
– Marhamat, – dedim-da, u yoq – bu yoqqa qarab olgach, leksiya o’qishga tushib ketdim:
- O’rtoqlar, kompot juda foydali ichimlik, uni asosan mevadan tayyorlashadi. Mevaiarning xili qanchalik ko’p bo’lsa. u shuncha shirin bo’ladi. Bizning Farg’ona tomonlarda kompotni o’rik shaftoliqoqi va olchaning qurug’idan tayyorlashadi. Xulias, kompot ichmabsiz, dunyoga kelmabsiz… Gapimni tugatmasimdan odamlar sharaqlab kulib yuborishdi. (X.To’xtaboyev)
Said Ahmad o’zining «Sinovchi uchuvchi» deb nomlangan hajviyasida ham o’xshash talaffuzli so’zlar vositasida paronamaziyani yuzaga keltirgan: Har bir korxonaning mahsuloti sifatini aniqlaydigan o’z sinovchilari bo’ladi. Masalan: yangi samolyotni birinchi uchirib beradigan uchuvchini sinovchi uchuvchi deydilar… Mana, qarshimizda turgan barvasta qomati qarashi burgut nigohini eslatadigan. butun vujudidan kuch-g’ayrat sadoqat, vafo sezilib turgan kishi mana shu zavodning sinovchi- uchuvchisidir...
Birinchi parchadagi paronamaziyada ikkita o’xshash so’zninq qahramon tarafidan farqlanmasligi, ya’ni ikkita alohida sozi ma’nolarining qorishtirilishi natijasida kulgili holat yuzaga kelgan. Ikkinchi parchadagi paronamaziyada esa qahramon kulgili vaziyatni yuzaga keltirish uchun atayin o’xshash talaffuzli yangi konstruksiyani hosil qiladi.
Zid ma’noli so’zlar Tilda zid ma’noli so’zlarning mavjudligi badiiy nutqning ifodaliligi, ekspressivligi, ta’sirchanligini ta’minlashda qulay vositalardan biridir. Sharq adabiyotida juda qadim zamonlardan buyon tildagi bu ifoda imkoniyatidan keng foydalanib kelingan. «Shoir uchun juda zaiur bo’lgan san’atlardan biri tazoddir. Bu san’at yana mutobaqa, tiboq, tatbiq, muttazod, ittizod va takofu deb ham ataladi. Bu san’atda, badi’shunoslarning aytishicha, zid ma’noli so’zlardan foydalaniladi». Abu Abdulloh al-Xorazmiy o’zining badiiyat ilmi istilohlari tadqiqiga bag’ishlangan «Mafotih al-ulum» asarida mutobaqa atamasiga shunday izoh beradi: mutobaqa so’zi tobaqa fe’lidan olingan bo’lib, u muannas «tuya orqa oyog’ini o’zining oldingi oyog’ining iziga qo’yib yurdi» ma’nosini beradi. Yevropa filologik an’anasida bu san’at «antiteza» deb yuritiladi. Badiiy asar tiliga bag’ishlangan ishlarda zjdlantirish, qarshilantirish atamalaridan foydalaniladi. Zid ma’noli so’zlarni yonma-yon qo’llash orqali tushunchalar belgilar, holatlar, obrazlar zidlantihladi. Odatda, lisoniy va kontekstual yoki nutqiy zid ma’noli so’zlar farqlanadi. Masalan: Eski qishloqda yangi odat (maqol) Hali ancha balandda bo’lsa ham uning kamolidan zavoli yaqinroq ekani ko’rinib turardi. Shuncha yer qo’ldan chiqqan bo’lsa, uning baravariga qancha davlat qo’lga kirgandir, muni xudo biladi-yu xudoning sevimli bandasi qorako’z Miryoqub biladi!..(Cho’lpon) Ba’zan mahoratli yozuvchilar qahramonlar ruhiyatidagi kontrastlikni bo’rttirib tasvirlash maqsadida muayyan bir kontekstual sinonimik qatordagi bir necha so’zni boshqa bir kontekstual sinonimik qatordagi bir necha so’zga birdaniga zidlantiradilar. Masalan: U vaqtda o’zi – kuldi, ochildi, quvondi, gerdayib, osmondan qarab qadam bosdi… Xadichaxon esa ezildi, kuydi, o’rtandi, xo’rlanib-xo’rlanib, achchiq – achchiq yigladi. (Cho’lpon)
Kontekstual antonimlardan badiiy asarda tasvirning ta’sirchanligini oshirish maqsadida ishlatiladi. Masalan: «Zelixon Elchindan qasos haqidagi gaplarni birinchi marta eshitganda sergaklandi. U mushtdek yurakni qoyadek dard bosib turibdi, deb yursa, bu vujudda vulqon kuch to’playotgan ekan…» (T.Malik)
Bu nutqiy parchada mushtdek va qoyadek so’zlari «kichik» va «katta» ma’nolari bilan antonimik munosabatga kirishgan. Zid ma’nolilikni barqaror birikmalarda ham
ko’plab kuzatishimiz mumkin. Iboralarda: ko’kka ko’tarmoq-yerga urmoq, yuzi yorug’ -yuzi shuvut, ko’ngli oq – ichi qora, ko’ziga issiq ko’rinmoq – ko’ziga sovuq o’rinmoq kabi. Yoki so’z va ibora o’rtasidagi– leksik-frazeologok zid ma’nolilik: xasis – qo’li ochiq, xafa – og’zi qulog’ida kabi. Maqol va matallarda: kattaga hurmatda bo’l, kichikka izzatda. Yaxshidan ot qoladi yomondan dod. Osmon yiroq – yer qattiq. Hikmatli so’zlarda: Bilmaganni so’rab o’rgangan– olim, orlanib so’ramagan– o’ziga zolim. (Navoiy)
Ko’p ma’noli so’zlar
Yozuvchining tildan foydalanish mahoratini belgilashda badiiy nutq ifodaliligini qay darajada ta’minlay olganligiga e’tibor qaratiladi. Buni ko’p ma’noli so’zlarni o’z o’rnida, muayyan estetik maqsad bilan qo’llay olishidan ham aniqlasa bo’ladi. Ko’p ma’noli so’zlar nutqning ifoda imkoniyatlarini kengaytirishga ko’maklashuvchi lisoniy vosita hisoblanadi. Masalan: yuk so’zi o’zbek tilida ko’p ma’noli so’z hisoblanadi. O’zbek tilining izohli lug’atida mazkur so’zning quyidagi ma’nolari qayd qilingan: 1)
“Bir yerdan ikkinchi yerga ko’tarib, tashib borilishi lozim bo’lgan og’irlik»; 2) «Kishini urintirib qo’yadigan, tashvishga soladigan ortiqcha narsa, tashvish, dahmaza»; 3) «Qorindagi bola, homila”; 4) «Diniy e’tiqodga ko’ra aziz-avliyolarni ranjitish tufayli yuz beradigan kasallik». Ardoqli adibimiz Cho’lpon o’zining «Kecha va kunduz» deb nomlangan romanida qahramonlar nutqida ana shu so’zning 2- va 4ma’nolarini qorishtirish asosida ham qahramoniar ichki dunyosini yorqinroq ochishga, ham chiroyli kulgi chiqarishga muvaffaq bo’lgan: – Yelkamda o’n putdan o’ttiz put yukim bor... – dedi mingboshi. Bu ham baqirishga yaqin bir ovoz bilan aytilgan edi. Uchala xotin ham bu yukning nimaligini anglab yetolmadilar. Xadichaxonning fikricha, mingboshiga «irim» qilgan edilar. Endi uni «qaytartirmoq»dan o’zga iioj yo’q edi. Bu fikr boshqa kundoshlarning miyalaridan ham o’tmadi emas… Faqal Xadichaxonning bu fikri qat’iy bo’lsa kerakkim, yashirishga lozim ko’rmadi:
– G’animlar qasd qilganga o’xshaydi. Qaytarma qildirib bersammi? – dedi.
-Ayollaming bilgani irim, bilgani qaytarma, bilgani azayimxon… – dedi mingboshi… Shu ochilishdan dadillanib bo’lsa kerak Xadichaxon yana e’tiroz qildi: -O’zingiz o’z og’zingiz bilan «yuk bosd” demadingizmi? Mingboshi kulib yubordi:
-“Yuk bosdi” degan bo’lsam -qanday yuk?” deb so’ragin-da, bachchag’ar! dedi u.
Bu vaqtda uydagiiar ham asta-sekin tashqariga chiqib yaqin o’rtaga kelgan edilar. Mingboshi davom qildi:
-Uchalang yukmisan menga?
-Nima og’irimiz tushdi sizga? -dedi Xadichaxon. (Cho’lpon)
Ko’p ma’noli yuk so’zi mingboshi nutqida «ortiqcha tashvish” ma’nosida, ya’ni «uchta xotini o’n puddan o’ttiz pud» dahmaza ma’nosida qo’llangan, xotinlar esa bu so’zning qayd etilgan 4-ma’nosida tushunganlar, shu tarzda kulgili holat yuzaga kelgan. Iboralarda ham ko’p ma’nolilikni kuzatishimiz mumkin. Masalan: yuragi qinidan chiqmoq iborasi sevinchni va qattiq qo’rquvni ifodalashga xizmat qiladi. Qizning paranjisini ko’rishi bilanoq yigitning yuragi qinidan chiqayozdi (Oybek). Qo’rqmayman deb bo’lmayd, o’g’lim. Shunaqa vaqtda odamning yuragi qinidan chiqib ketadi. (A.Qahhor) Bosh suqmoq – qisqa fursatga kirmoq, xabar olmoq; aralashmoq odamlarga qo’shilmoq. Tomdan tarasha tushganday – kutilmaganda, qo’qqisdan; qo’pol tarzda.
Eskirgan so’zlar
Jamiyat o’sib-o’zgarib borar ekan, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy hayotdagi ba’zi tushunchaiar tamomila eskirib, amaliyotdan chiqib ketadi. Badiiy asarda muayyan davr voqealari tasvirlanar ekan, ana shu davrga oid bo’lgan eski tushunchalarga murojaat qilmaslikning aslo iloji yo’q. Tilshunoslikda bunday tushunchalarni ifodalaydigan so’zlar «arxaizmlan” va «istorizmlar» degan nomlar ostida umumlashtiriladi. Tilning hozirgi davri uchun eskilik bo’yog’iga ega bo’lgan til birligi arxaizm deb yuritiladi. «Arxaizm o’zi nomlayotgan voqelikni anglatuvchi leksik birlik bilan yonma-yon yashaydi». Arxaizmlar badiiy matnda tasvirlanayotgan davr voqeligini real tasvirlash, asarning tarixiylik ruhini ta’minlash maqsadida qo’llaniladi. o’rdu-qo’shin, handasa-geometriya, tilmoch-tarjimon, mirza-kotib, sadrrais, lak-yuz ming kabi so’zlar ishlatilganda davr ruhi ta’kidlangan bo’ladi. Ayrim arxaik so’zlar zamonaviy ma’nodoshiga qaraganda ma’noni kuchliroq ifodalash xususiyatiga ega bo’ladi. Masalan, yo’qsil – kambag’al arxaik so’zlariga e’tibor beradigan bo’lsak, «hech narsaga ega emaslik» ma’nosi yo’qsil leksemasida kambag’al leksemasiga qaraganda ancha ortiq, chunki mazkur so’zlar tarkibi tarixiyetimologik tahlil etilganda anglanadigan yo’q–kam so’zlari qiyoslansa, birinchisida muayyan ayni belgining “nol” darajada ekanligi seziladi. Arxaik so’zlar nutqiy xarakteristkasini berishda ham uslubiy vosita sifatida ishlatiladi. She’riyatda nutqqa ko’tarinki ruh bag’ishlash maqsadida ishlatiladi: Siz ko’kning qopqasin qoqqan soatda
Quyosh ko’z uqalab uyg’onar edi.(G’.G’ulom)
Ulug1 shaharlarning bo’ysirasida
Abadiy o’rinni topa olgan Shosh. (A.Oripov)
Ne-ne zilziladan chiqolgan omon
Manglayi yarqiroq makonsan buyuk. (A.Oripov)
Hozirgi kunda uchramaydigan, faqat tarixiy narsa yoki voqea-hodisalarning nomini bildiruvchi so’zlar istorizm (tarixiy so’zlar) deyiladi. Istorizmning arxaizmdan farqi shundaki, bugungi kunda o’sha tarixiy voqelikning o’zi ham uni anglatuvchi boshqa leksik birlik ham bo’lmaydi, demak istorizm o’zi ifodalayotgan hodisaning yagona nomidir. Masalan; amin, pristav, mingboshi, noyib, ellikboshi, ponsad kabilar badiiy matnda ishlatilganda kitobxon ijtimoiy boshqaruv tizimi bilan bog’1iq tarixiy voqelikni ko’z oldiga keltiradi. Tarixiy so’zlar ham badiiy matnda o’tmish voqeligini real tasvirlash maqsadida ishlatiladi.
Badiiy asar tilidagi eskirgan so’zlarni tahlil qilishda asar yozilgan davrni e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Chunki, «so’zlar yozuvchi yashagan, ijod etgan davrdayoq eskirgan bo’lishi mumkin bo’lganidek, asar yozilgan davrda faol iste’molda bo’lib, keyinchalik iste’moldan tushgan»44 bo’lishi mumkin.
Yangi so’zlar
Yangilik bo’yog’iga ega bo’lgan, yangi narsa-hodisa va tushunchalarni ifodalash uchun hosil qilingan leksemar neologizm yoki yangi so’zlar deyiladi. «Neologizm tilga umuman mansub bo’lishi yoki yakka shaxs nutqiga xos bo’lishi mumkm. Birinchisi umumtil neologizmi deb, ikkinchisi individual nutq neologizmi deb yuritiladi»45. Badiiy asarda asosan individual nutq neologizmlari badiiy-estetik qimmat kasb etadi. Mahoratli yozuvchilar voqelikni o’ziga xos, betakror va yangicha ifodalashga harakat qiladilar. Shuning uchun hali ko’nikilmagan yoki umuman qo’llanilmagan, yangi, ohorli so’zlardan foydalanadilar. Buni quyidagi misollarda ham ko’rish mumkin: 1.Shu ikki kechaning ixtiyori menda! Men -jinlanganman, men o’tman, olovman. 2.Miryoqub Akbarali mingboshini haqir ko’radi, xo’rlaydi,uning itlanishidan kuladi. 3.Bahorlashib bir borib kelaman,deb yurib edim- (Cho’lpon) 4.Bajarajak yumushlarimni bot-bot bayonlaydi. 5. Ta’tillanib podayotoqqa bordim. (T. Murod). Direktorimiz kabinadan tashqarilaydi .(T.Murod)
Sheva so’zlari
Yozuvchilar o’z qahramonlarini o’zlari yashaydigan hudud va muhitdan ayirmagan holda, hayotdagidek ishonarli va jonli, tasvirlar ehtiyojidan kelib chiqib shevaga xos so’zlarni ishlatadilar. Sheva so’zlari mahalliy kolorit, hududiy mansublikni o’zida aniq aks ettirish bilan birga “badiiy nutqda muayyan estetik funksiyani bajaradi. Biroq dialektizmlarning estetik qimmat kasb etishi ularning badiiy nutqdagi me’yori, qanday ishlatilishi va ayni paytda qanday dialektizmlarning qo’llanishi bilan bog’liqdir”. Tilshunoslikka oid adabiyotlarda shevaga xos birliklarning fonetik, leksik va grammatik dialektizmlar sifatida tasnif qilinganligini kuzatish mumkin.
Fonetik dialektizmlar asosan, tovushlarni o’zgartirib qo’llash, tovush orttirilishi, tovush tushishi va tovushlami qavatlab qo’llash ko’rinishlarida namoyon bo’ladi. Masalan: 1. Zebining qish ichi siqilib, zanglab chiqqan ko’ngli bahorning iliq hovuri bilan ochila tushgan; endi, ustiga poxol to ‘shalgan aravada bo’lsa ham, allaqaylarga tala-qirlarga chiqib yayrashni tusay boshlagan edi.(Cho’lpon) 2.Enaxonlarning butun oilasi yoyilgan qopning tegrasida jugari uqalab o’tirardilar.(Cho’lpon) 3. Toshkanniyam olibdimi-a? 4. Televizorning ichidada, ulim. 5. Obro’y bor-da, obro’y!
Leksik dialektizmlar ham o’z «navbatida ichki guruhlarga bo’lib o’rganiladi: sof leksik dialektizmlar, etnografik dialektizmlar va semantik semantic dialektizmlar. Masalan: 1. Kampir shotining yon yog ‘ochini silab o’ynar, Enaxon og’zidan olgan saqichini ezib “soqqa” yasar… (Cho’lpon) 2. Jiyaningiz qishloqdan zig’ir moy olib keldi. Shuni chuchityapman.(T.Murod) 3. U yozlik kiyimini kiyib, to’ppa-to’g’ri birinchi klass nomerga bordi va o’zi uchun ajratilgan kichkinagina chigiling (bejirim) vas oz o’yiga o’rnashdi.(Cho’lpon) 4. Tok osti so’ri olachalpoq ko’laga bo’ldi. (T.Murod) Muayyan sheva tarqalgan hududda yashovchi kishilarning o’zlariga xos bo’lgan urf-odatlarning nomlari etnografik dialektizmlar deb yuritiladi. Bunday so’zlar tasvirning realligini ta’minlaydi: U eshikdan kirar – kirmas to’y to’qqizini xotiniga uzatib:-Qizing qani? – deya so’radi.(Cho’lpon) Biror so’z adabiy tilda ham shevada ham mavjud bo’lib, shevada adabiy tilda bo’lmagan ma’nosi bilan qo’llana oladigan so’zlar semantik dialektizmlar deb yuritiladi.
Masalan: Men buvimdan (onamdan -M. Y.) beruxsat mehmon chaqirmayman.(Cho’lpon) Grammatik dialektizmlarning ham morfologik va sintaktik deb ataluvchi ichki guruhlari mavjudligini qayd etish mumkin. Masalan: Qurvonbibi bu haqiqatni o’zi-o’z ko’nglida necha marta takrorlagan bo’lsaykin. Bilamiz, taqsir, yangi uylangan odamdi gapga tutib bo’lmaydi. Shevaga xoslik iboralarda ham mavjud bo’iib badiiy matn qahramonlarining ma’lum bir hududga mansubligini va voqea-hodisalar bo’lib o’tayotgan o’rinni ta’kidlashga xizmat qiladi Masalan, Tog’ay Murod asarlarida Surxondaryo shevasiga xos frazeologizmlar ko’p qo’llanilgan: Xolilatib-xolilatib oyoq ildi. Men ovoz qo’yib chiriq berdim. Seni yo’qlab chiriq berdim.












