Bo`g`inning turlari. Bo`g`in ahamiyati haqida.
Bo`g`inning turlari. Bo`g`in ahamiyati haqida.Bo`g`in bir havo zarbi bilan aytiladigan tovush yoki tovushlar birikmasidir. Masalan:
ona(o-na), ota(o-ta), bola(bo-la) kabi. Bo`g`in nutq oqimining tovushdan katta, so`zdan kichik (ba’zan bir so`zga teng) segment birligidir. Fonologik nuqtai nazardan bo`g`in sillabema deyiladi, uni o`rganadigan soha esa sillabika deb nomlanadi.
Bo`g`in unlisiz tuzilmaydi, shuning uchun unli tovush bo`g`inning markazi hisoblanadi- u undoshlarni o`ziga tortib, bir havo zarbi bilan aytiladigan fonetik bo`lakni (bo`g`inni) hosil qiladi. Undoshlar o`zicha bo`g`in yasamaydi (sonorlar bundan mustasno). Ular unlidan oldin kelganda kuchsiz boshlanib, kuchli tugaydi; kitob so`zidagi «ki-» bo`g`ini boshida kelgan «k» undoshi shunday. Undosh tovush unlidan keyin kelganda, kuchli boshlanadi, so`ng kuchsizlanib tugaydi: kitob so`zidagi «-tob» bo`g`ini oxirida kelgan «b» undoshi shunday. Ba’zan ikki bo`g`in orasida ikkita bir xil undosh yonma-yon kelib qoladi: muddat (mud-dat) kabi. Bu hodisa geminatsiya sanaladi.
Bunda ikkala «dd» bir tovushdek talaffuz etiladi, binobarin, kuchli boshlanib, kuchli tugaydi, oralig`ida esa bir oz pasayish kuzatiladi. Bular ikki balandlikka ega undoshlar sanaladi. Demak, bo`g`in tuzilishida undoshlar kuchsiz boshlanuvchi, kuchli tugovchi va ikki balandlikka ega xarakterida bo`ladi. (16, 36-bet). Shunga ko`ra bo`g`in uch qismga bo`linadi; a) bo`g`in boshi- bo`g`in yasovchi tovushning (unlining) balandligigacha bo`lgan qism; b) bo`g`in markazi (bo`g`in balandligi); c) bo`g`in markazidan keyingi qism (bo`g`in balandligidan so`nggi qism).
Bo`g`in tiplari:
1)berkitilgan bo`g`in. U undosh bilan boshlanadi: olti so`zining ikkinchi bo`g`ini (-
ti);
2)berkitilmagan bo`g`in. U unli tovush bilan boshlanadi: olti so`zining birinchi bo`g`ini (ol-);
3)yopiq bo`g`in. U undosh bilan tugaydi: olti so`zining birinchi bo`g`ini (ol-); 4)ochiq bo`g`in. U unli bilan tugaydi: olti so`zining oxirgi bo`g`ini (-ti).
Tasnifning bu turida o-ta, o-na so`zlaridagi bir unlidan iborat bo`g`in, shuningdek tartib, maktab so`zlaridagi «un-dosh+unli+undosh» (CVC) tipidagi bo`g`inlar nazardan chetda qolgan. Shuning uchun mavjud adabiyotlarda bo`g`in tiplari tasnifining boshqa ko`rinishlari ham uchraydi. Masalan, M.M. Mirtojiyev bo`g`in tiplarini shunday tasnif qiladi:
1)ochiq boshlanuvchi ochiq bo`g`in: a+na,o+la,i+liq kabi so`zlarning birinchi bo`g`ini;
2)ochiq boshlanuvchi yopiq bo`g`in: ol+tin, il+gaq as+liy, ars+lon kabi so`zlarning birinchi bo`g`ini;
3)yopiq boshlanuvchi yopiq bo`gin:bor+moq, qiy+shiq, non+voy, ras+som kabi so`zlarning barcha bo`g`inlari;
4)yopiq boshlanuvchi ochiq bo`g`in: da+la, qo+ra, sa+ra kabi so`zlarning barcha bo`g`inlari.
M.M.Mirtojiyev unli va undoshlardagi ovoz va shovqin miqdori har xil bo`lishini nazarda tutib, bo`g`inning akustik tasnifini ham beradi. U shunday deydi: «Unli va undosh tovushlar tarkibida, bizga ma’lumki, un va shovqin miqdori turlichadir. Agar ularni ball tizimiga asoslangan shkala bo`yicha hisoblasak unlilar 4 ball, sonorlar 3 ball, jaranglilar 2 ball, jarangsizlar esa 1 ball deb qaralishi mumkin. Shunga ko`ra bo`g`in tovushlarini tavsiflasak bo`g`inlar har xil turlarga bo`linadi. Albatta, bunda bo`g`inning boshi va oxiri nazarda tutiladi:
1)silliq (bo`g`in boshi va oxiri yo`q, kesilgan holatda). Masalan, a+e+ro+plan so`zining birinchi va ikkinchi bo`g`ini shunday;
2)kuchayuvchi (yopiq boshlanuvchi ochiq bo`g`in tiplari e’tiborda tutiladi). Masalan, ma, de, shu, bu so`zlarini tarkib toptirgan bo`g`in shunday;
3)pasayuvchi (ochiq boshlanuvchi yopiq bo`g`in tiplari e’tiborda tutiladi). Masalan, ot, ol, it, et kabi;
4)kuchayuvchi-pasayuvchi (to`la, ya’ni yopiq boshlanuvchi yopiq bo`g`in tiplari e’tiborda tutiladi). Masalan, ko`z,non, bir, tur kabi.
Shuni ham aytib o`tish kerakki, bri+ga+dir so`zining birinchi bo`g`ini ham kuchayuvchi bo`g`in deb qaraladi. Ammo uning bo`g`in boshi ikki undoshdan iborat.
Shunga qaramay ular ball shkalasiga ko`ra har xil, ya’ni 2-3-4 deb olinadi. Unda tovushlar kuchayib borganligi kuzatiladi…»(16,43-44).
Ilmiy adabiyotlarda bo`g`in tiplari tasnifining yana boshqa turlari ham bor. Xususan, taniqli fonetist A. Mahmudov bo`g`inlarni quyidagicha tasnif qiladi:
1)to`la ochiq bo`g`in. U faqat unlidan iborat bo`ladi: a+na, a+ka, o+pa so`zlarining birinchi bo`g`ini;
2)to`la yopiq bo`g`in. Bunday bo`g`in undosh bilan boshlanib, undosh bilan tugaydi: tar-tib, tar-vuz so`zlaridangi barcha bo`g`inlar;
3)boshi yopiq bo`g`in. Bunday bo`g`in undosh bilan boshlanib, unli bilan tugaydi: bo+la, ta+na so`zlaridagi barcha bo`g`inlar;
4)oxiri yopiq bo`g`in. Bunday bo`g`in unli bilan boshlanib, undosh bilan tugaydi:
or+tiq, o`r+ta so`zlarining birinchi bo`g`inlari.
Muallif to`la yopiq bo`g`in strukturasi 7 xil bo`lishini ta’kidlaydi:
1)CVC -bet,kuch; 2)CCVC-Qrim,plan; 3)CVCC- qirq, hind; 4)CCVCC – Dnepr,sport; 5)CVCCS–tekst,punkt; 6)CCCVC– shtraf,skver; 7)CCVCCC–Dnestr,Bratsk.
Boshi yopiq bo`g`in uchga bo`linadi: 1)CV–bu; 2) CCV–drama,smena so`zlarining birinchi bo`g`ini; 3) CCCV–Brno kabi.
Oxiri yopiq bo`g`inning to`rt xil bo`lishi aniqlanadi: 1)VC-o`q, el,uy; 2)VCC- ayt,ilm,arq 3)VCCC- Omsq 4)VCCCC- Ernst.
Shunday qilib, muallif o`zbek tilidagi bo`g`inlar o`n besh strukturada ifodalanayotganligini ko`rsatadi. Bunda o`zbek tilining o`z va o`zlashgan qatlam so`zlari birga qaralgan.
Bo`g`inning turlari. Bo`g`in ahamiyati haqida. Bo`g`inning til va nutqdagi ahamiyati quyidagilardan iborat:
- So`zning, xususan, fonetik so`zning shakllanishida «qurilish materiali» va qoliplovchi vazifalarni bajaradi. Ayrim tillarda bo`g`inning distinktiv (tafovutlash, farqlash) funksiyasi ham bor. Masalan, koreys, vetnam, xitoy tillarida bo`g`in ohang turiga qarab so`z ma’nosini farqlaydi, ayni shu xususiyati bo`lgan tillarda u sillabema O`zbek tilida bo`g`inning bu funksiyasi nihoyatda kuchsizdir.
- Bo`g`inning pedagogik-metodik ahamiyati ham bor: birinchi sinf o`quvchilarini to`g`ri o`qish va to`g`ri yozishga o`rgatishda, ularda to`g`ri talaffuz va imlo ko`nikmalarini shakllantirishda bo`g`inlab o`qitish va bo`g`inlab yozdirish yaxshi natija beradi.
3.Orfografiya qoidalarining bir qismi bo`g`in ko`chirilishiga asoslanadi.
4.Bo`g`inning she’riyatdagi turoqlarni, ohangdoshlik va musiqiylikni ta’minlovchi vosita sifatidagi roli ham katta. U she’riy misralardagi ritmni yuzaga keltiruvchi asosiy unsurlardan biri, ayni paytda vazn o`lchovi bo`lib xizmat qiladi.
Quyidagi she’riy parchalarni qiyoslab ko`raylik:
- Kuy avjida uzilmasin tor, She’r yarmida sinmasin qalam. Yashab bo`lmay umrini zinhor, Bu dunyodan ketmasin odam.
(E.Vohidov. «Kuy avjida uzilmasin tor»).
- She’rlarim- chechagim, hayotim,
She’rlarim boylikdir, bisotim,
Yomg`irdan namlanmas qanot Oshaman bulutlar tog`idan!
(A. Umariy. «Yomg`irda»).
Keltirilgan bu ikki she’riy parchani bir-biriga ohang jihatdan solishtirsak ularning to`qqizlik turkumiga mansubligi ma’lum bo`ladi, shunga qaramay bu ikki she’rning ritmik xususiyatlari bir xil emas. Buning sababi shuki, ularning har birida bo`g`inlar turlicha guruhlanib kelmoqda. Qiyos qiling:
- Kuy avjida4 / uzilmasin tor5=9 She’r yarmida4 /sinmasin qalam5=9
Yashab bo`lmay4/umrini zinhor5=9
Bu dunyodan4/ketmasin odam5=9
- She’rlarim3 /chechagim3,/ hayotim3=9 She’rlarim3 / boylikdir3,/bisotim3=9
Yomg`irdan3 / namlanmas3 / qanotim3=9
Oshaman3/ bulutlar3 / tog`idan3=9
Bo`g`inning turlari. Bo`g`in ahamiyati haqida.











