Bolalar folklori o`zbek bolalar adabiyotining sarchashmasi.
Bolalar folklori – kichkintoylar olami bilan kattalar dunyosining o`zaro uyg`unlashuvi oqibatida yuzaga kelgan o`yinlar, qo`shiqlar va musiqiy poetik janrlarning yaxlit bir tizimiga aylangan xalq og`zaki ijodiyotining o`ziga xos tarmog`idir.
Shunga qaramay, o`zbek bolalar folklori namunalarini to`plash, nashr etish va ilmiy-estetik qimmatini o`rganishga uzoq zamonlar e`tibor berilmay kelindi. XX asrning dastlabki choragi oxirlarida bu ishga kirishilgan esa-da, u uzluksiz jarayonga aylanmadi. Elbek to`plab, tartib berib 1937-yilda chop ettirgan «Bolalar qo`shig`i» to`plamidan O. Safarov tartib bergan «O`zbek xalq ijodi» seriyasida 1984-yilda bosilib chiqqan «Boychechak» to`plamigacha kechgan salkam yarim asrlik uzilish ana shu fikr dalili bo`la oladi. O`zbek bolalar folklorini o`rganish 60yillardan e`tiboran izchillasha bordi.
Z.Husainovaning «O`zbek topishmoqlari» (1966), G`.Jahongirovning «O`zbek bolalar folklori» (1975), shuningdek, O.Safarovning «Bolalarni erkalovchi o`zbek xalq qo`shiqlari» (1983), «O`zbek bolalar poetik folklori» (1985), «Alla-yo alla» (1999), «Chittigul» (2004), Sh.Galievning «O`zbek bolalar o`yin folklori» (1998) singari tadqiqotlar tufayli bu izlanishlarning samaralari ko`zga tashlanadigan bo`ldi. Shuni ham aytish kerakki, folklorshunoslar orasida mavsum va marosim qo`shiqlariga munosabatda ularning ijodkori har qachon kattalar bo`lganini e`tirof etish bilan bolalarning bu sohadagi qo`shiqchiligini yo cheklash, yo tamoman inkor etish hollari ham mavjud. To`g`ri, marosimlarni kattalar uyushtirganlar. Ularning o`tkazilish tartiblarini ham, rasm-rusumlari va qo`shiqlarini ham kattalar ijod etganlari rost.
Lekin unutmaslik lozimki, shu marosimlarning birortasi ham bolalar ishtirokisiz o`tmagan; hech bo`lmaganda, bolalar tomoshabin sifatida unga qatnashganlar va kattalar bajargan ishlarni ko`rgach, o`sha marosimni keyinroq o`yinda muqallid qilib o`zlari bajarganlar, shu muqallidlariga yarasha qo`shiqlarni to`qiganlari ham ayni haqiqat. Binobarin, bolalarning ham o`z marosim va mavsum qo`shiqlari yuzaga kela boshlagan.
Bu jarayon davr o`tishi, turmush sharoitining o`zgarishi, yangicha ijtimoiy munosabatlarning tug`ila borishi tufayli u yoki bu marosimning tamoman yo`qolishi, yo shunchaki kattalar o`rtasida nufuzini yo`qotishi natijasida o`sha marosim bolalar o`yini yoki ijrochiligida yashash shakliga o`tishi bilan yanada chuqurlasha borgan. Bunday holatni «Boychechak», «Chittigul», «Binafsha», «Oppoqijon» kabi mavsum qo`shiqlari misolida yaqqolroq ko`rish mumkin. O`zbek bolalar folklori namunalari tabiatidan kelib chiqib, genetik asoslariga ko`ra uni uch qismdan tarkib topgan hodisa sifatida kuzatish mumkin:
- Kattalar hamisha o`z farzandlarini o`ylab yashaganlar – mehnat va ijod bilan shug`ullangan. Bu jarayon ularda bola va uning taqdiri to`g`risida qayg`urish majburiyatining tobora chuqurlashuvi tarzida kechib, talay qo`shiqlarning to`qilishiga sabab bo`lgan. Ayniqsa, chaqaloqni parvarish etish mas`uliyati behad katta bo`lgan.
Onalar ana shu murakkab mas`uliyatni zimmalariga olganlar: o`tkir zakovat, tadbirkorlik, beqiyos insoniy mehribonlik evaziga o`zlari goho tushunib, goho tushunmay, «bolalarni tarbiyalab o`stirish bilan mamlakatning kelajak tarixini, demakki, dunyo tarixini ham tarbiyalab etishtirganlar. Bu yo`lda qo`shiq ularga madadkor bo`lgan: bolalarini qo`shiq bilan uxlatganlar, yig`lasa-kuylab ovutganlar, erkalatganlar, hatto qo`shiq bilan chaqaloqqa daxldor marosim rasm-rusumlarni bajarganlar. Shu zaylda allalar, aytim-olqishlar, ovutmachoqlar, erkalamalar, qiziqmachoqlar va qaytarmachoqlar yuzaga kelgan. Ularda erkalash leytmotiv bo`lgan. Shu sababli xalq og`zaki poeziyasining ana shu namunalarini erkalash poeziyasi tarzida umumlashtirish va xarakterlash asoslidir.
Erkalash poeziyasi namunalari ijro maqsadi, o`rni va bola yoshiga munosabatiga ko`ra
ikki guruhga ajraladi. Birinchi guruhga mansub qo`shiqlar bolaning beshikdaligi davri bilan chambarchas bog`liq, shu vajdan ularni beshik qo`shiqlari deyishadi. Allalar va etnografik mazmundagi aytim-olqishlar ana shunday xarakterga ega.
Beshik qo`shiqlari chaqaloq uch yoshni to`ldirgunigacha aytilsa, ikkinchi guruhga mansub qo`shiqlar bola tug`ilganidan to 6-7 yoshga to`lgunigacha ijro etilsa-da, aslida ular beshik bilan bog`lanmagan onalik mehri tarovatidan bitilgan badihalardir. Bular suyish qo`shiqlari bo`lib, erkalamalar, ovutmachoqlar, qiziqmachoqlar va qaytarmachoqlardan tarkib topgan.
II.Kattalar bolalarning tabiatga munosabatini shakllantirishda ham faol ishtirok
etadilar. Buning natijasida bolalar taqvimi va uni ifoda etuvchi marosim qo`shiqlari yuzaga kelgan. Bahor, yoz, kuz, qish mavsumlari bilan bog`liq bunday qo`shiqlarning bir qismi ijtimoiysiyosiy taraqqiyot taqozosiga ko`ra kattalar repertuaridagi mavqeini yo`qota borib, yo tamoman so`nib ketgan, yo transformaciyaga uchrab bolalar repertuariga ko`chib o`tib saqlanib qolgan. «Boychechak», «Chittigul», yo ramazonlar va hayitliklar shular jumlasidan hisoblanadi. Qolaversa, ibtidoiy ajdodlarimizning animistik va totemistik e`tiqodlari asosida shakllanib, endilikda o`sha mohiyatini yo`qotgan yalinchoq va hukmlagichjanrlari bolalar repertuarida hamon faol yashamoqda.
III.Bolalarning o`z ijodkorligi va ijrochiligi hosilalari bo`lgan qo`shiqlar va
o`yinlar – o`zbek bolalar folklorining asosini tashkil etadi. So`z va harakatning nisbatiga ko`ra bularni ikki katta guruhga bo`lish mumkin:
- Bolalarning maishiy qo`shiqlari.
- Bolalarning o`yin folklori
ALLALAR. «Alla» istilohining kelib chiqishi haqida turlicha fikrlar mavjud. Kimdir uni arabcha «olloh» so`zining fonetik o`zgarishga uchragan shakli desa, kimdir o`zbekcha «aldamoq» so`zidan kelib chiqqan, shunga ko`ra u bolani aldab-avrab uxlatish ma`nosiga ega deya izohlashga urinadi. Bu izohlarning soxtaligi va haqiqatni aks ettirmasligi o`z-o`zidan ayonlashib turibdi. L.Z.Budagov chig`atoychada «allala» boshning orqasi, ya`ni «ensa»ni anglatishini qayd etgan.
Chindan ham chalqanchasiga yotganda boshning orqasi yostiqda bosilib, shu holda uxlanadi. Chaqaloq beshikka, belanchakka faqat bosh orqasi–allalasi bilan chalqanchasiga cho`zilib uxlaydi. Bolaga uyqu chaqirishda qo`llanishi shu vazifasidan kelib chiqqan. Bunda «allala» shakli «alla, alla-yo, alla-yo alla» tarzidagi ko`rinishlar bilan to`lishib, uyquga chorlovchilik mohiyatini kasb etgan.
Chaqaloq yoshini to`ldira borishi jarayonida bu so`zdagi tovushlarni idrok etishi tufayli uyqusi kelganda o`zining ham «alla» so`zi lug`aviy jihatdan «bosh orqasi» va «uxlamoq» ma`nolarini anglatsa, istilohiy ma`nosiga ko`ra uyqu chaqirmoq, uxlatmoq asosiy vazifasiga aylangan silsilaviy qo`shiq turini anglatadi. Abu Ali ibn Sino allaning shu xususiyatini ming yil ilgariyoq payqab, shunday e`tirof etgan: «… bolaning mijozini kuchaytirmoq uchun unga ikki narsani qo`llamoq kerak: Biri, bolani sekin-asta tebratish, ikkinchisi, uni uxlatish uchun aytish odat bo`lib qolgan muzika va allalashdir.
Shu ikkisini qabul qilish miqdoriga qarab bolaning tanasi bilan badantarbiyaga va ruhi bilan muzikaga bo`lgan iste`dodi hosil qilinadi». Bu mulohazadan to`rt narsa ayonlashadi: birinchisi, allaning bundan ming yil ilgari – ibn Sino zamonida ham mavjudligi bo`lib, janrning genetik asosiga nazar solish imkonini beradi. Ikkinchisi, allaning ijrosi – sekin-asta tebratishga omuxta holda kechishi, uchinchisi esa, bolani uxlatishgagina xizmat qilishi va nihoyat to`rtinchisi, bolaning ham jismoniy, ham ma`naviy chiniqishida muhim ahamiyat kasb etishi to`g`ri ilg`angan.
Allalar, odatda, bolalarning emizikli davrida – ular to 3 yoshini to`ldirgunlarigacha
aytiladi. Ularning bolalarning shu yoshi bilan bog`lanishi qat`iy bo`lib, beshik qo`shig`i sifatida tavsiflanishiga yo`l ochgan. Allalarni ona suti bilan bog`lab «sutda qorilgan va mehrga yo`g`rilgan qo`shiq» tarzida muqaddaslashtirilishi sababi shunda
Allalar faqat kuylanadi. Ularni shunchaki aytish yo deklomatsiya qilish mumkin emas. Monoton ohang o`zbek allalari uchun mushtarak xususiyatdir.Odatda, allalar kuyi bilangina bolaga orom bag`ishlaydi, uni elitadi. Bola uchun uning so`zi emas, balki kuyi muhim. Chunki u hali so`zni anglamaydi. Alladagi so`zlar ona uchun muhim: ular ona qalbining nidolari.
Allalarning bir maromdagi tebranishga mos mayin ohangi bola ma`naviy ehtiyojining dastlabki qondirgichi sifatida xizmat eta boshlaydi. Zero, tadqiqot va kuzatishlarning tasdiqlashicha, chaqaloq tug`ilgach, uchinchi kundan e`tiboran kuy va ovozni idrok eta boshlaydi. Birinchi oydaligidayoq musiqiy idrokini – ritm va ohangni idrok eta olishini namoyon eta boradi, lekin unga u qadar murakkab bo`lmagan tovushlarning o`zaro almashishi ohangi va ritmikasigina o`ngg`ay hisoblanadi.
Binobarin, so`z ohang va harakat birligi, aniqrog`i, shu uzvlarning o`zaro mantiqiy
aloqadorligi tufayli allalarning kompozicion butunligi yuzaga keladi.
Allalarda to`rtlik band tuzilishi yetakchi bo`lsa-da, uchlik, beshlik, oltilik, ettilik
va sakkizlik tarzida bir butun tugallangan allalar ham, shuningdek, shu xildagi band asosida to`qilgan namunalar ham ancha.Jumladan, Qashqadaryo, Surxondaryo vohalaridagi allalarning aksariyati, asosan, to`rtliklar, beshliklar va sakkizliklar shaklida bo`lsa, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent va Farg`ona vodiysida hajman bir necha to`rtlik yo beshlikdan iborat voqeaband yo lirik allalar salmog`i baland. Bunday strofik xilma-xillik onalarning alla kuylayotgan vaziyatdagi kayfiyatining natijasi bo`lib, allada kuylanishi kutilgan g`oyaviy niyatning salmog`iga, ko`tarinkiligiga, yo`nalishiga bog`liq. O`zbek allalarida shunday bir ichki mantiq borki, u qaysidir bir ishorada harakat, ohang va mazmun birligini ta`minlab turadi.
Onalar o`zlari xush yoki noxushliklaridan qat`iy nazar farzandlariga hamisha mehribonlik bilan kuylaydilar: farzandlarini erkalata turib uyqu chaqirganlarida eng nafis ranglarni tanlashga, shu ranglarni g`oyat nazokat bilan ishlatishga e`tibor beradilar. Bolalari tabiatini toblantirishda doimo tiniqlik va quvnoqlikka aloqador tuyg`ularni teran ifodalashga xizmat qiluvchi poetik obrazlarga, sifatlash va o`xshatishlarga murojaat qiladilar, shu maqsadda qo`zichoq, qo`chqor, olqor, toychoq, saman, toyloq, bo`taloq, kiyik(ohu), quralay, serka, bulbul, to`ti, lochin, tog`, shahm, chirog`, qizil gulobrazlarida farzandlari qiyofasi va taqdiriga xos fazilatlarni umumlashtirib e`zozlaydilar:
Bulbul qushning bolasi, Alla, qo`zim-o, alla. Daraxtda bo`lar uyasi, Alla, bolam-o, alla. Daraxt boshini sel olsa, Alla, qo`zim-o, alla. Shaydolar bo`lar onasi, Alla, bolam-o, alla.











