Dovon davlati.

0
Dovon davlati.

Dovon davlati.

Dovon davlati.

Dovon davlati. O‘rta Osiyoning Sharqida, Sirdaryoning Yuqori havzasida joylashgan qadimgi Farg‘ona antik davr  o‘zbek davlatchiligi tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan edi. Farg‘ona haqida Yunon-rim mualliflari  ma’lumotlar bermaydilar. Bu davlat haqidagi Yozma ma’lumotlar asosan Xitoy manbalarida – CHjan  Syan ma’lumotlarida, Sima Syanning «Tarixiy xotiralar», Ban Gunning «Birinchi xan sulolasi tarixi»  asarlarida  beriladi.  Bu  manbalarda  ushbu  davlat  «Dayuan»  yoki  «Da-van»  nomi  ostida  eslatiladi.  Farg‘ona  so‘zi  Sug‘d  manbalarida  «Fragonik»  shaklida  yozilib  «tog‘lar  orasidagi  vodiy,  atrofi  berk  soylik» ma’nosini beradi. Xitoy manbalaridagi Dayyuan ham «tog‘lar orasidagi vodiy» ma’nosini beradi.

Davan davlati tarixi bo‘yicha uzoq yillardan buyon tadqiqot ishlari olib borilib, so‘nggi yillarda o‘zbek  olimlaridan    A.Asqarov,    A.Xo‘jaev,    B.Matboboev,    A.Anorboev,    S.Qudratov,    B.Abulg‘ozieva,  B.Abdullaev,  Abduholiq  Abdurasul  o‘g‘li  kabilar  arxeologik  ma’lumotlarni  Yozma  manbalar  bilan  qiyosiy o‘rganish asosida samarali ishlar olib borayotgan bo‘lishlariga qaramay, bu yo‘nalishda hali  ko‘pgina masalalar o‘z echimini topmagan. Davan davlati Shaharlarining aniq joylashuvi, davlat tizimi va  boshqaruvi, davlatning chegaralari, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar, mahalliy madaniyatning qo‘shni  madaniyatlar bilan munosabatlari masalalari shular jumlasidandir.

Qadimgi Farg‘ona aholisi bronza davridayoq buloq suvlari birlashuvidan paydo bo‘lgan Qoradaryo  tarmoqlari havzalarida o‘ziga xos sug‘orma dehqonchilik madaniyatini yaratadilar. Ilk temir va antik  davrga   kelib   Farg‘onada   mahalliy   madaniyatlar   an’analari   asosida   taraqqiy   etayotgan   qadimgi  dehqonchilik madaniyatlari butun vodiyni qamrab oladi va aholining o‘troq hayot tarzi jamiyat iqtisodiy  asosini tashkil etadi. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mil.avv. III asrdan boshlab butun Farg‘ona vodiysida  Shaharsozlik madaniyati keng yoyiladi. Aynan mana shu davrda Farg‘ona vodiysi orqali o‘tgan Buyuk  ipak yo‘li tarmoqlari bo‘ylab Axsikent, Marhamat, Kubo, Marg‘ilon, Bob (Pop) kabi ko‘hna Shaharlar  paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham mil.avv. II asrga oid Xitoy manbalari Farg‘onada 70 ta katta-kichik  Shaharlar borligi haqida ma’lumot beradi.

Sima Syanning «Tarixiy xotiralar» asarida Davanning ikkita poytaxti – Ershi va YUchen bo‘lganligi  haqida xabar beriladi. Bu Shaharlarning joylashuvi masalasida olimlar orasida yagona fikr yo‘q. Ular  O‘zgan, Mingtepa (Marhamat), Qo‘qon, Koson, Axsikent, O‘ratepa yoki Jizzax o‘rnida joylashtiriladi.

Eng qadimgi Yozma manbalar O‘rta Osiyodagi ayrim ilk davlat uyushmalari haqida ma’lumotlar  bersada, Farg‘ona haqida bunday ma’lumotlar uchramaydi. SHunga qaramasdan YU.A.Zadneprovskiy  Qadimgi Farg‘ona (Davan) podsholigining mavjud bo‘lganligini taxmin qiladi. A. Asqarovning fikricha,  mil.avv. I ming yillikning o‘rtalaridan oldingi davrdagi Farg‘ona haqida so‘z yuritilganda odatda faqat  «chifdom» (voha) shaklidagi qadimgi davlat asoslarining paydo bo‘lishi anglashiladi. Olimning fikricha,  mana shu holatni hisobga olib Farg‘onada davlatchilik, aftidan, mil. avv V-IV asrlarda paydo bo‘lgan  bo‘lishi mumkin.

B.Matboboevning fikricha, A. Asqarovning bu xulosasi ikkita tarixiy dalilga asoslangan. Birinchisi,  aynan   mana   shu   davrga   oid   arxeologik   topilmalar   (SHo‘rabashot   madaniyati)   ishlab   chiqarish  kuchlarining rivojlanganligi (mahsulot ishlab chiqarish va savdo sotiqning o‘sishi) haqidagi taxminlarni  ilgari surish imkonini beradi. Ikkinchisi, mil.avv. II asrdayoq Farg‘onada ko‘p sonli Shaharlar mavjudligi  haqida ma’lumotlar bor.

Mil. avv II asrdan boshlab Qashg‘ardan Davanga Shimoliy yo‘ldan karvon yo‘li harakati boshlanadi.  Bu yo‘ldan ipak va boshqa mahsulotlarning xalqaro tranzit savdosi amalga osha boshlaydi. Bu paytga  kelib Davan aholisi ko‘paya boshlaydi va ko‘plab mustahkamlangan aholi manzilgohlari paydo bo‘ladi.  Savdo  yo‘lida  Davan  muhim  ahamiyatga  ega  bo‘lib  boradi.  Tadqiqotchilarning  fikricha,  YAssa  va  Qoradaryo vohalarida ko‘pgina qal’alar savdo yo‘lini qo‘riqlash maqsadida barpo etiladi.

Davan davlati ma’lum bir siyosiy uyushmani tashkil etgan bo‘lib, davlatni boshqaruvchi hukmdor  manbalarda  «Van»  (podsho)  unvoni  bilan  ish  yuritgani  eslatiladi.  Manbalarda  «Van»  unvoniga  ega  bo‘lgan Motsay, CHan Fin, Mug‘ua, YAn’lyu kabi hukmdorlarning nomlari saqlanib qolgan. YAgona  hukmdor bo‘lgan podsho, Ya’ni, «Van» davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan ishlarni oqsoqollar kengashiga  suyangan holda olib borgan.

Manbalarning ma’lumot berishicha, podshoga Yaqin kishilar (odatda uning  qarindoshlari) orasidan yordamchilar – bita katta yordamchi (Fu van) va bitta kichik yordamchi (Fu-go- van),  tayinlangan.  Davlat  hukmdori  yoki  podsho  mamlakatning  siyosiy  va  diniy  hayotida  katta  ahamiyatga  ega  bo‘lgan.  Bu  jarayonda  oqsoqollar  kengashining  ham  ahamiyati  kam  bo‘lmagan.  Oqsoqollar urush va sulh tuzish masalalarini hal etishda ishtirok etganlar, ba’zan ular hukmdorningtaqdirini   ham   hal   qilganlar.   Misol   uchun,  manbalarda   qayd   etilishicha,   urushda   mag‘lubiyatga  uchraganligi uchun hukmdor Van Motsay oqsoqollar kengashidagi umumiy ovoz berishda aybdor deb  topilgan va qatl qilingan.

Tadqiqotchilarning fikricha, Davan davlati mil.avv. III – milodiy III asrlarda mavjud bo‘lgan bo‘lib,  boshqaruv tizimiga ko‘ra podsholik hisoblangan. Aholining ko‘pchiligi Shaharlarda istiqomat qilgan.  Buyuk Ipak yo‘lining paydo bo‘lishi ham ushbu davlatning gullab-yashnagan davriga to‘g‘ri keladi.  Xitoydan  O‘rta  er  dengizigacha  cho‘zilgan  bu  yo‘ldagi  qit’alararo  savdoda  Sharqiy  Sug‘diyona  chegaralaridan to Tan davridagi Xitoy imperiyasigacha bo‘lgan yo‘lning xavsizligini ta’minlashda, oziq- ovqat, yo‘l ko‘rsatuvchilar va tarjimonlar etkazib berishda Davan davlati asosiy rol o‘ynagan.

Demak, podsholik boshqaruv tizimi va oqsoqollar kengashiga asoslangan Davan davlati – o‘z davrida  qadimgi o‘zbek xalqi davlatchiligi taraqqiyoti an’analarini davom ettirgan davlat bo‘lib, davlatchiligimiz  tarixida alohida ahamiyat kasb etadi. Keyingi olib borilajak tadqiqotlar Davan davlati tarixi muammolari  bilan bog‘liq ko‘pgina masalalarga aniqlik kiritishi shubhasizdir.  Dovon davlati.

Muallif:   U.S. To`pchiyev, B.N. Mirzayev.

Mavzular.

manba