Eng qadimgi adabiy yodgorliklar haqida.
Biz oʻzbek mumtoz adabiyotini davrlar asosida oʻrganilishini ta’kidlab, uning davrlarini koʻrsatgan edik. Shu asosda birinchi bosqich «Eng qadimgi adabiy yodgorliklar» deb nomlangan edi.
Oʻzbek xalqi boy adabiy merosga ega. Bu madaniy yodgorliklarni yaratgan ota-bobolarimiz, ularning yashagan joylari, urf-odatlari, tili va boshqalar har birimizni qiziqtiradi. Qadimgi madaniyat rang-barang shaklda bizgacha yetib kelgan. Ogʻzaki va yozma adabiyot, tasviriy san’at, me’morchilik, ilm-fan va boshqalarda namoyon boʻladi bu yodgorliklar. Qadimgi Turonning tarixi va madaniyati haqida grek, xitoy, hind, arman va boshqa tarixchilarning kitoblarida Avesto, Bexustun, Bundaxishn, Oʻrxun-Enasoy yodgorliklari kabi turli manbalarda, Beruniy, Narshaxiy va boshqa olimlar hamda tarixchilarning asarlarida ma’lumotlar saqlanib qolgan.
Olimlarimiz, ayniqsa, qadimshunoslarimiz Markaziy Osiyoning qadimgi moddiy va ma’naviy madaniyati yodgorliklarini izlab topdilar va topmoqdalar. S.Tolstov rahbarligidagi Xorazm, Ya.Fulomov va V.Shishkin rahbarligidagi Varaxsha, M.Masson rahbarligidagi Termiz va Janubiy Turkmaniston va boshqa ekspeditsiyalar bu jihatdan katta ahamiyat kasb etadi.
Markaziy Osiyo kishilik madaniyati tarixining eng qadimgi beshiklaridan biridir. Eramizdan avvalgi birinchi ming yillik oʻrtalaridagi Markaziy Osiyoning hududi Baqtriya, Xorazm, Soʻgʻdiyona, Margʻiyona, Parfiya, Amudaryoning quyi oqimi, Zarafshon vohalari, Fargʻona va boshqa joylarni oʻz ichiga olgan. Bu joylarda massagetlar, Xorazmiylar, soʻgʻdlar, Parfiyanlar va boshqalar yashar edilar. Mana shu qabilalar hozirgi Markaziy Osiyo xalqlarining ota-bobolaridir.
Qadimgi Markaziy Osiyoda turli kult va dinlar mavjud edi. Tabiat hodisalariga nisbatan dualistik qarash, ularni yaxshi va yomon, doʻst va dushman kuchlariga ajratish zaminida Mitra quyosh xudosi, Anaxita yer-suv ma’budasi va boshqa kultlar paydo boʻldi. Bu kultlar eramizdan avvalgi birinchi ming yillikda vujudga kelgan zardushtiylik diniga qoʻshilib ketadi. Qadimgi Markaziy Osiyoda qisman boʻlsa-da, Ellin Xudolari – Zevs, Afina, Poseydon, Apollon va boshqalar kulti, budda dini, moniy dini, yahudiy dini, nasroniylik va boshqalar tarqalgan edi. Arab xalifalari istilosidan keyin islom dini asosiy din boʻlib qoldi.
Eramizdan avvalgi birinchi ming yillikda Markaziy Osiyo aholisining koʻpchiligi Eron tillari guruhiga kiruvchi shevalarda gaplashgan. Keyinroq turkiy tillar guruhi ham kengroq tarqala boshlaydi. Markaziy Osiyo xalqlari yozuvining tarixi qadim zamonlardan boshlanadi. Eramizdan oldingi birinchi ming yillik oʻrtalarida Eron, Markaziy Osiyo va boshqa oʻlkalarda oromiy yozuvi keng tarqala boshlaydi. Aleksandr Makedonskiy istilosidan keyin esa Markaziy Osiyoga grek yozuvi kirib keladi.
Oromiy yozuvi negizida Avesto, Xorazm, soʻgʻd, kushan, run Urxun-Enasoy, uygʻur va boshqa yozuvlar vujudga kela boshlaydi. Asosan xorazm va soʻgʻd yozuvlari qoʻllanilgan. Urxun-Enasoy yoki «Turkiy run» deb nomlangan yozuv eramizning birinchi asrlarida vujudga keldi. U bilan oldinma-keyin uygʻur yozuvi ham paydo boʻldi.











