Ertak istilohi.Ertaklarni ijro etish tartibi va janriy tabiati.
Ertak umumfolklor hodisasi sifatida eng qadimiy epik janrlardan bo`lib, M.Qoshg`ariy o`z «Devonu lug`otit turk» asarida turkiy xalqlarda uning «etuk» atamasi bilan yuritilganini qayd etadi. Unga ko`ra, etuk «biror voqeani og`zaki hikoya qilish»ni anglatadi. Biroq jonli so`zlashuvda O`zbekistonning turli joylarida, chunonchi, Namangan viloyatining Janubiy qismida «ertangi» deb yuritiladigan bu hodisa – ertangi bo`lib o`tgan, qadimgi zamonlardan qilinajak hikoya ma`nosini anglatsa, Samarqand, Farg`ona va Surxondaryoda bu hodisa – matal, Xorazmda –varsoqi, Buxoroda – ushuk, Toshkentda–cho`pchak, yana boshqa bir qator maskanlarda – hikoya, hikoyat, og`zaki hikoya, o`trik yoki o`tirik, afsona deb yuritilsa-da, folklorshunoslikda ertak ilmiy istilohi qabul qilingan va muhim muomalada bo`lib, ruslardagi «skazka» istilohiga teng ekvivalentga aylangan. Zero, «Alisher Navoiy asarlarining qadimgi lug`ati, sanaluvchi «Abushqa»da ham «ertak» istilohi uchraydi.
«Ertak» so`zi «er», aslida «ir» yo «yir, jir» hamda «tak» so`zlaridan tarkib topgan. «Ir» yo «yir» Alisher Navoiy zamonida og`zaki hikoya yo doston ma`nolarini anglatganki, bu xususda u shunday ma`lumotni yozib qoldirgan:
Ey yirov, sen ham ishingni ko`rguz,
Yotug`on birla ulug` irni tuz
Navoiy tilga olayotgan «ulug` ir» aslida doston bo`lib, uni yotug`on (hozir do`mbira) jo`rligida yirov ijro etgan. Yirov yoki jirov hozir ham xalq an`anaviy dostonlari ijrochisini anglatadi. Navoiy zamonasida «ir» dostonni anglatgani bois u ertak ma`nosida «cho`rchak» istilohini qo`llaydi va og`zaki eposga xos bu ikki hodisani birbiridan farqlaydi:
Habibim husni vasfin uyla muhlik anglakim, bo`lg`ay, Qoshingda qissai Yusuf bir uyqu keltirur cho`rchak.
Shuni ta`kidlash joizki, Navoiy qo`llagan «cho`rchak» istilohi hozir Toshkent muzofotida «cho`pchak» va uyg`urlarda «cho`chek» shakllarida fonetik o`zgarishga uchragan holda iste`moldadir. Ertak xalq og`zaki badiiy ijodining eng qadimiy, ommaviy, hajman yirik, kattayu kichiklar uchun baravar qiziqarli bo`lgan janridir. Ular juda uzoq o`tmishda ibtidoiy ajdodlarimizning mifologik dunyoqarashi, qadimiy urf-odatlari, marosimlari asosida paydo bo`lgan. Ertaklarda, odatda, xalqning maishiy turmushi va eng olijanob insoniy fazilatlari haqidagi orzu-o`ylari xayoliy va hayotiy uydirmalar vositasida bayon etiladi.
Ertaklar janr sifatida uzoq muddatli shakllanish jarayonini kechgan. Ular ibtidoiy
odamlarning turmushdagi biror voqeani oddiygina hikoya qilishlari asosida yuzaga kelgan. Davrlar o`tishi bilan hikoya qilish ham takomillashib borgan, so`zga sig`inish, ilohiy kuchlarga sig`inish, animistik, totemistik, fetishistik e`tiqodlar, gallyutsinatsiya va tush ta`sirida fantastik (taxayyuliy) vositalarga to`lisha borsa, hayvonlarni ovlash, xonikalashtirish, ular inonchlariga ishonish, hayvon mahsulotlaridangina emas, balki kuchidan ham foydalanish jarayonlarida hayvonlar haqidagi ertaklar paydo bo`la boshladi, Asta-sekin shu xildagi ertaklarda turmush tajribasini omuxtalashtira borish u yoxud bu xildagi qusur va kamchiliklardan kulish ertakdagi obrazlarga majoziylik (allegorik) xususiyatni baxsh etdi. Natijada hayvonlarga oid ertaklar tarkibida majoziy namunalar yuzaga kela boshladi.
Feodal munosabatlar tarkib topib, unda ijtimoiy jarayon takomillasha borgach, ertaklarda ham shu ijtimoiy munosabatlarni ifodalash tamoyili chuqurlasha bordi, natijada hayotiy uydirmalar asosidagi maishiy ertaklar paydo bo`la boshladi. Shu zaylda ertaklar ijtimoiy – estetik hodisa sifatida xalq epik ijodiyotida mustahkam qaror topdi.
Ertaklarning paydo bo`lishi. Ertak xalq og`zaki badiiy ijodining eng qadimiy, ommaviy, hajman yirik, kattayu kichiklar uchun baravar qiziqarli bo`lgan janridir. Ular juda uzoq o`tmishda ibtidoiy ajdodlarimizning mifologik dunyoqarashi, qadimiy urfodatlari, marosimlari asosida paydo bo`lgan. Ertaklarda, odatda, xalqning maishiy turmushi va eng olijanob insoniy fazilatlari haqidagi orzu-o`ylari xayoliy va hayotiy uydirmalar vositasida bayon etiladi.
Ertaklarni ijro etish tartibi. Ertaklar professional ijrochilikka asoslangan. O`tmishda ertaklar yilning ma`lum davrida belgilangan paytda ijrochilik salohiyatiga ega bo`lgan yoshi ulug`, dono, hurmatli va e`tiborli kishilar tomonidan aytilgan. Odatda bunday professional ijrochilar ertakchi deb yuritiladi.
Ertaklar ijrosi uch xil usulda tashkil etilishi mumkin:
- teatrlashtirilgan shaklda;
- deklamatsion shaklda;
- v) ohangga solingan shaklda.
O`zbek ertaklarining uch ichki turini farqlab o`rganmoq ma`qul.
- Sehrli -fantastik ertaklar
- Hayvonlar haqidagi ertaklar.
- Maishiy-hayotiy ertaklar.
Ertaklarning janriy tabiati. Ertaklar xalq og`zaki badiiy ijodiyotining epik turiga mansub bo`lib, o`ziga xos g`oyaviy – mavzuviy yo`nalishga, axloqiy – ta`limiy va ijtimoiy – estetik vazifalarga ega. Ertaklar ham og`zaki tarzda jamoa ijodi mahsuli sifatida anonim ko`rinishda yaratiladi. Garchi uning to`qilish ibtidosi individual ijodkorga borib taqalsa-da, og`izdan – og`izga, urug`dan-urug`ga, avloddan-avlodga o`tish jarayonida dastlabki ijrochisiga xos belgilarini, obrazlarini, motivlari va badiiy vositalarini deyarli saqlab qoladi. Shu bilan birga versiya va variantlilik hosil qilishi mumkin.
Ertaklar, asosan, professional ijrochilikka asoslanadi, Kishilarda cheksiz badiiy zavq uyg`ota olish imkoniyatiga egaligi boisidan ko`p hollarda ta’limiy-tarbiyaviy maqsadlarda aytiladi.
Ularning syujeti qiziqarliligi, uydirmalarga boyligi, sarguzashtga to`laligi bilan diqqatni tez jalb qiladi. Va albatta, o`z nihoyasida ezgulikning yovuzlik, oydinlikning qorong`ulik, haqiqatning nohaqlik, hayotning o`lim, aqllilikning nodonlik, adolatning jaholat va to`g`rilikning egrilik ustidan g`alaba qozonishini tarannum etadi.
Ertaklar o`z janriy tabiatiga xos badiiy- kompozitsion qurilishga ega. Ular bir xil badiiy shakliy qoliplar doirasida yaratiladi va ijro etiladi. Kirish, boshlama, tugun, epik sarguzasht va tugallama ertak kompozitsion qurilmasining asosini tashkil etadi.
Ertaklarning an`anaviy kirish bilan boshlanishi jahondagi barcha xalqlar ertakchiligi uchun mushtarak xususiyat hisoblanadi. Goho shunchaki kirish, goho an`anaviy zachin deb yuritiluvchi bu hodisani rus folklorshunosi V.Dal «dokuchno`e skazki» istilohi bilan atab, bolalar folklorining mustaqil janri tarzida tavsiflaydi. Chindan ham so`zma-so`z tarjimada «ezma ertak» tarzida ifodalash mumkin bo`lgan bu hodisa o`zbek bolalar folklorida ham ermaklar silsilasini tashkil etadi. Qolaversa, ular qat`iy bir ertak bilan uzviy mantiqiy bog`liq holda yashamaydi, balki istalgan ertakni boshlashdan avval aytilishiga ko`ra nisbatan mustaqil bo`lib, sayyor holda ijro etilaveriladi. Ularga xos bu xususiyatni o`zbek ertakshunosi K.Imomov ham «kirish qismi ba`zan sodda, primitiv syujet shaklini oladi»,- deya qisman tan olsa-da, har qalay uni ertak kompozitsiyasining ajralmas tarkibiy qismi sifatida qarashni afzal biladi.











