Fe’lning vazifadosh shakllari haqida ma’lumotlar.

0
Fe’lning vazifadosh shakllari haqida ma'lumotlar.

Fe’lning vazifadosh shakllari haqida ma'lumotlar.

Fe’lning vazifadosh shakllari haqida ma’lumotlar.

Fe’lning biror gap bo‘lagi vazifasini bajarishga xoslangan shakl-lari vazifadosh shakllar deyiladi. Fe’lning vazifadosh shakllari to‘rt xil bo‘lib, ular quyidagilardan iborat: 1) harakat nomi, 2) sifatdosh, 3) ravishdosh.

 7-§. Harakat nomi.Harakat nomi  ish – harakatning  atamasi bo‘lib, gapda otga xos vazifalar bajarishga xoslangan fe’l shaklidir. Harakat nomi -(i)sh, -(u)v, -moq. affikslari yordamida yasaladi: kechmoq, kechish, kechuv. Harakat nomi fe’lga xos tuslanish, zamon, mayl kabi ma’nolarni bildirmaydi, balki harakat-holatning atamasi bo‘ladi. Shu sababli otlarga xos kelishik, egalik kabi grammatik shakllarni qabul qila oladi va gapda otlarga xos vazifalarni bajaradi.

Ma’no jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lgan uch xil harakat nomi qo‘shimchalaridan –moq bilan yasalgan shakl fe’lga –sh (-ish) bilan yasalgan shakl esa otga yaqin turadi. Shuning uchun -moq orqali fe’lning noaniq (infinitiv) shakli hosil qilinadi. Harakat nomi shakllarining har biri o‘ziga xos xususiyatlari bilan bir-biridan farqlanadi.

-(i)sh affiksi bilan yasaluvchi  harakat  nomi quyidagi xususiyatlarga ega: 1) harakatning  nomini   bildiradi,  uning  atamasi   hisoblanadi: yurish; yozish, o‘ylash; 2) (i)sh affiksi bilan yasaluvchi harakat nomi shakli ko‘plik, egalik va Kelishik affikslari bilan qo‘llanganda, bu affikslarning ma’nosida deyarli o‘zgarish bo‘lmaydi. Biroq, o‘rinpayt kelishigi shaklida qo‘llanganda, hozirgi zamon sifatdoshining o‘rin-payt kelishigidagi shakli bilan ma’nodoshlikka ega bo‘lishi mumkin: tuzishda-tuzayotgandatuzayotgan vaqtda; 3) harakat nomining -(i)sh affiksli shakli ko‘makchilar bilan ham qo‘llanib maqsad, vaqt, birgalik kabi ma’nolarni ifodalaydi: o‘qish uchun, o‘qishdan avval, o‘qish bilan.

-(u)v affiksi bilan yasaluvchi harakat nomidagi fe’l undosh bilan tugaganda, u unlisi orttiriladi: bor-boruv. So‘z oxiri i bilan tugagan bo‘lsa, i tovushi u tovushiga, a bilan tugagan bulsa, a tovushi o tovushiga o‘tadi: o‘qi-o‘quv, ishla-ishlov.

-(u)v affiksi bilan yasaluvchi shakl ko‘proq ot ma’nosida qo‘llanadi.  Shu bois, (u)v affiksi yordamida yasalgan harakat nomining ayrimlari butunlay otga ko‘chgan bo‘ladi: saylov, chanqov, qistov, o‘quv kabi.

-moqaffiksi bilan yasaluvchi harakat nomi -(u)v affiksi yordamida yasaluvchi shaklga nisbatan ham kam qo‘llanadi. Harakat nomi shakllari har doim ham biri o‘rnida ikkinchisini qo‘llab bo‘lmaydi. Masalan,Talabalarning bilim olishini yaxshi tashkillashtirish uchun mustaqil talimga alohida e’tibor berish zarur, gapida qo‘llangan – ish qo‘shimchasi bilan shakllangan barcha harakat nomini –moq yoki –v/uv  qo‘shimchali shakl bilan almashtirib bo‘lmaydi.

Harakat nomining yuqoridagi uchala shakli ham bo‘lishsizlik ko‘rsatkichi -ma affiksini qabul qilmaydi. Ularning bo‘lishsiz shakli -maslik affiksi yordamida yasaladi: ketmaslik, aytmaslik kabi. –maslik asosida hosil bo‘lgan bo‘lishsizlik harakat nomining boshqa shakllariga nisbatan –sh (-ish) affiksiga mazmunan yaqinligi mavjud: o‘qish-o‘qimaslik. borish-bormaslik.

8-§. Sifatdosh sifat kabi narsaning belgisini bildirib, gapda aniqlovchi vazifasiga xoslangan fe’l shaklidir: kelgan odam, ishlayotgan yigit kabi.

Sifatdosh, barcha fe’llar kabi o‘timli va o‘timsizlik, nisbat, bo‘lishli-bo‘lishsizlik hamda zamon kategoriyalariga xos ma’nolarda kela oladi. Ular zamon ma’nosiga ko‘ra uch guruhga bo‘linadi: 1) o‘tgan zamon sifatdoshi, 2) hozirgi zamon sifatdoshi, 3) kelasi zamon sifatdoshi.

O‘tgan zamon sifatdoshi–gan (k, g undoshlaridan so‘ng –kan) affiksi  bilan yasaladi: o‘qigan (kitob), yozgan (insho), tikkan(ko‘ylak).  Eski o‘zbek tilida –mish, -dik shaklida ham qo‘llangan: E yorim, sevdigim obod ro‘zg‘orim. (E.J) Sifatdoshning bu shakli 1) fe’lning o‘tgan zamon ma’nosini bildiruvchi formasini yasaydi: borganman, borgan edim; 2) yot, tur, yur, o‘tir kabi holat fe’llarigaqo‘shilganda, hozirgi zamon ma’nosi hamifodalanadi: Faxriddin osilib turgan qalin pastki labini bir-ikki qimirlatib javob berdi. (A.Q.); 3) ot oldidan kelib, narsaning doimiy belgisini bildiradi va sfatlovchi-aniqlovchi vazifasini bajaradi. Bunda harakatning o‘tgan  zamonga  oidligi  ifodalanmaydi,  balki  narsaning hozirgi holatdagi belgisi asosiy o‘rinda bo‘ladi: xonaning ko‘chaga qaragan oynasi, hovuz boshiga to‘plangan odamlar. 4)-gan  affiksli sifatdosh shaxs-son qo‘shimchalarini olib, kesim vazifasida qo‘llanadi. Bunda u xabar maylining o‘tgan zamon shakli hisoblanadi, -gan affiksi esa zamon (3-shaxda esa  zamon va shaxs) ko‘rsatkichi sifatida qaraladi:  kelganman, kelgansan,  kelgan; kelganmiz, kelgansiz, kelgan; 5) egalik, ko‘plik va kelishik qo‘shimchalarini olib otlashadi: Yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra.

Hozirgi zamon sifatdoshi fe’lga –yotgan, -vchi(-uvchi) affikslarini qo‘shish orqali yasaladi va quyidagi ma’no, vazifalarga ega bo‘ladi:

  1. –yotgan affiksigrammatikalizatsiyalashgan yot fe’li va o‘tgan zamon sifatdoshi hosil qiluvchi –gan affiksiniing birikishi  orqali yasaladi. Hozirgi zamon sifatdoshining bu shakli, asosan, ot oldidan kelib aniqlovchi vazifada qo‘llanadi: ishlayotgan odam, esayotgan shamol Bu shaklni shaxs-son affikslari bilan tuslash orqali hozirgi zamon fe’lini hosil qilib bo‘lmaydi. Faqat quyidagi hollardagina mazkur sifatdosh hozirgi zamon fe’lining yasalishi uchun xizmat qilishi mumkin: a) yo‘q so‘zi bilan hozirgi zamon fe’lining inkor shaklini yasaydi: ishlayotgani yo‘q, kelayotgani yo‘q; b) emish tuliqsiz fe’li bilan birga qullanganda hozirgi zamon fe’lining eshitilganlik shakli yuzaga keladi: ishlayotgan emish, kelayotgan emish; d) horzirgi zamon gumon ma’nosini ifodalashda -dir affiksi bilan qo‘llanadi: ishlayotgandir, kelayotgandir. 
  2. Hozirgi zamon sifatdoshining -vchi(-uvchi) affikslari bilan yasalgan shakli oxiri a tovushi bilan bitgan so‘zlarga qo‘shilganda, a tovushi o tovushiga aylanadi, i unli tovushi bilan bitgan fe’llarda esa i tovushi u tovushiga aylanadi. Undosh bilan bitgan fe’llarga qo‘shilganda, u  orttiriladi:  ishla – ishlovchi,  o‘qi – uquvchi,  bor- boruvchi

Hozirgi zamon sifatdoshi quyidagicha ma’no va vazifalarga ega bo‘ladi: a) –yotgan sifatdoshidan farqli ravishda shaxs-son affikslari bilan tuslanadi va gapda kesim vazifasida qo‘llanadi: ishlovchiman, ishlovchisan, ishlovchi; b) otga bog‘lanib, sifatlovchi aniqlovchi vazifasini bajaradi: ishlovchi kishi, o‘quvchi qiz kabi; d) bu shaklda otlashishga moyillik kuchliroq bo‘ladi: o‘quvchi, yozuvchi, to‘quvchi kabi.  

Kelasi zamon sifatdoshi fe’lga –r(-ar), -digan affikslarini qo‘shish bilan yasaladi va qo‘yidagicha ma’nolarni ifodalaydi:

  1. Sifatdosh yasovchi -(a)r (bo‘lishsizi –mas) affiksi hozirgi o‘zbek adabiy tilida juda kam uchraydi. Bu affiks bilan qo‘llanuvchi ayrim so‘zlar fe’ldan ko‘ra sifatlarga yaqin turadi: oqar suv, so‘nmas hayot kabi. Shuningdek, -(a)r affiksi yordamida yasaluvchi shakl tuslanganda kelasi zamon gumon fe’lini hosil qiladi: yozarman, yozarsan, yozar kabi.

2.Sifatdoshning –digan affiksi bilan yasaluvchi shakli ravishdoshning –a (-y) affiksi bilan yasalgan shaklidan so‘ng qo‘shiladi va quyidagicha ma’nolarga ega bo‘ladi: a) fe’lining atributiv shaklini hosil qilishda faol ishlatiladi: o‘qiydigan kitob, bajaradigan yumush kabi; b) shaxs-son qo‘shimchalari bilan tuslanib, kelasi zamon maqsad ma’nosini ifodalashga xizmat qiladi: o‘qiydiganman, o‘qiydigansan, o‘qiydigan kabi.

Bundan tashqari, kelasi zamon sifatdoshining –jak, -gusi, -asi singari qadimiy shakllari ham mavjud bo‘lib, ular hozirgi tilimizda kelajak, kelgusi, kelasi singari so‘zlar doirasidagina uchraydi.

Sifatdoshlarning asosiy sintaktik vazifasi aniqlovchi bo‘lib kelishdir. Ular otlashganda otlarga xos sintaktik vazifalarni bajaradi: Aytilgan so‘z-otilgan o‘q.

Shaxs-son affikslari bilan tuslanib, mayl, zamon ma’nolarini ifodalaganda esa kesim vazifasida keladi: Men bu kitobni o‘qiganman. Sen ertaga borarsan. 9-§. Ravishdosh. Ravishdosh harakatning belgisini bildiradigan, uni biror tomondan xarakterlaydigan fe’l shaklidir. Hozirgi o‘zbek tilida ravishdoshlar quyidagi xususiyatlariga ko‘ra o‘zaro farqlanadi:

  1. Ma’nosiga ko‘ra: a) holat ravishdoshlari -b(-ib), -a (-y) -gudek affislari vositasida hosil bo‘ladi; b) payt ravishdoshlari -gach (-kach, -qach), -guncha (-kuncha, -quncha) vositasida hosil bo‘ladi; d) maqsad ravishdoshi -gani (-kani, -qani) affiksi vositasida hosil bo‘ladi.
  2. Tuslanish-tuslanmasligiga ko‘ra: a) tuslanadigan ravishdoshlar: a) -b(-ib), -a (-y) affikslari bilan yasalagan ravishdoshlar; b) -gach (-kach, -qach), -guncha (-kuncha, quncha) -gani (-kani, -qani) affikslari bilan yasalagan ravishdoshlar kiradi.
  3. Zamon ma’nosiga ko‘ra: a) o‘tgan zamon ravishdoshi: a) -b(-ib), -gach (-kach, -qach) affikslari bilan yasalagan ravishdosh; b) hozirgi zamon ravishdoshlari: -a (-y) affiksi bilan yasalagan ravishdosh; d) kelasi zamon ravishdoshlari: guncha (-kuncha, -quncha) -gani (-kani, -qani), -gudek affikslari bilan yasaladigan ravishdoshlardan tashkil topadi.

Ravishdosh yasovchi affikslar quyidagi ma’no va grammatik vazifalarga egaligi bilan xarakterlanadi:

-(i)b affiksi: so‘rab, eslab, quvonib. Bu shakl bajaradigan vazifasining xilma-xilligi bilan boshqa ravishdosh shakllaridan alohida ajralib turadi. Uning asosiy vazifalari quyidagilar: 1) yetakchi fe’l bilan ko‘makchi fe’lni bog‘lashga xizmat qiladi: so‘rab ko‘r, tashlab yubor, ishlab tur kabi; 2) harakat belgisini   bildirib,   hol   vazifasida   keladi:Shu payt chorbog‘dan echki yetaklab Dildor kirib keldi. (S.Ahm.)    Harakat belgisini   bildirgan ravishdosh, xuddi ravish kabi, -roq, -gina affikslari bilan ham qo‘llanadi: Qudrat tortinibgina so‘radi.      3) ravishdoshning bu turi  shaxs-son  affiksi bilan tuslanib, o‘tgan zamon hikoya  fe’lini   hosil   qiladi:   kelibman,   kelibsan kabi.

Bu ravishdoshning bo‘lishsiz shakli –ma (o‘qimabman), -may, -masdan (o‘qimay, o‘qimasdan) shaklida, She’riyatda  –mayin (tinmayin) shaklida qo‘llanishi ham uchraydi.

a (-y) affiksi undosh bilan tugagan fe’llarga -a, unli bilan bitgan fe’llarga -y affiksining qo‘shilnshidan hosil bo‘ladi. Bu turdagi ravishdosh quyidagi ma’no va vazifalarda qo‘llanadi: 1) harakatning belgisini bildiradi, bu vazifada u yakka so‘z holida (kula, ushlay kabi) kam qo‘llanadi. Yakka so‘z tarkibida qo‘llanganda, harakatni tezlik bilan bajarganligini ifodalaydi: Jo‘xori tuyayotgan xotin kelisopni kelining ustiga qo‘ya chopdi. (A.Q.)  2) ravishdoshning -a, -y affiksi bilan yasaluvchi turi harakatning belgisini bildirish vazifasida, asosan, takror yoki juft so‘z holida qo‘llanadi. Bu shaklda qo‘llangan -a, -y affiksi yordamida yasaluvchi ravishdosh gapda vaziyat holi vazifasida keladi: Muyassar shosha-pisha unga kechagi o‘ylarini gapira boshlagan edi. (O. Yo.) 3) yetakchi fe’l bilan ko‘makchi fe’lni bog‘lash uchun xizmat qiladi: yoza olmoq, o‘qiy boshlamoq; 4) shaxs-son  bilan  tuslanib,  hozirgi-kelasi  zamon  fe’li yasash uchun xizmat qiladi. Uning bo‘lishsiz shakli –ma affiksi orqali yasaladi: kelaman, kelmayman, kelasan, kelmaysan, keladi; ishlayman, ishlaysan, ishlaydi kabi.

-gach (-kach, -qach) affiksi: Kelgach, ekkach, chiqqach. Ravishdoshning bu turi qo‘yidagi vazifalarda qo‘llanadi: 1) payt ma’nosini bildiradi va payt ergash gapning kesimi vazifasida kelib, bosh gapdagi harakatning o‘zi bildirgan harakatdan keyin bajarilishini ifodalaydi: U yechinib ko‘rpaga kirgach, Ikromjonga nimadir demoqchi bo‘lib boshini ko‘tardi. (S.Ahm.) 2) sabab ma’nosini bildiradi va sabab ergash gapning kesimi vazifasida keladi: Ko‘ksimda o‘ynadi  bir onda sevinch, mahallam oldiga kelgach tramvay.(O.) 3) gach affiksi yordamida yasalgan ravishdoshning bo‘lishsiz shakli –ma orqali yasalib, asosan, sabab ma’nosini ifodalashda qo‘llanadi: Hadeganda eshik ochilavermagach, xavotir oldik. Ushbu ma’no chiqish kelishigidagi sifatdoshning keyin so‘zi bilan birikuvi vositasida ham ifodalanadi: kelgach -kelgandan keyin, aytavermagach -aytavermagandan keyin.

-guncha (-kuncha, -quncha) affiksi: kelguncha, chekkuncha, chiqquncha. Bu affiks yordamida yasaluvchi ravishdosh ham hozirgi o‘zbek tilida juda keng qo‘llanadi va quyidagi ma’nolarni bildiradi: 1) o‘zi bog‘lanib kelgan fe’l bildirgan   harakatning    bajarilish vaqtini aniqlaydi. Bunda: a) biror harakatning -guncha  affiksli  fe’l bildirgan harakatga qadar bajarilib bo‘lishi ifodalanadi: Yuringlar, mashina kampirni tashlab kelguncha, qirga chiqib tushamiz. (I. R.) b) biror harakatning -guncha affiksli fe’l bildirgan harakat sodir bo‘lguncha davom etishi ifodalanadi: Hoy qizlar, shartim shuki, ketguncha ashula qilib ketasanlar. (S.3.) 2) qo‘shma gaplarda ergash gapning kesimi vazifasida kelib, chog‘ishtirish ma’nosini bildiradi: Muncha hayqir-guncha, telba to‘lqinlar, Simlarga quvvat ber shalolalardan. (Mirtemir.)

gani (-kani, -qani) affiksi: olgani, ekkani, yiqqani. Bu affiks yordamida maqsad ma’nosini bildiruvchi ravishdosh yasaladi: Yig‘im-terimga qarashgani yoshu qari, erkakayol – butun shahar hasharga chiqdi. Bundayma’no ifodalashda uchun ko‘makchisi ham keng qo‘llanadi: Yig‘im-terimga qarashish uchun yoshu qari, erkak-ayol- butun shahar hasharga chiqdi. 

Bu turdagi ravishdoshning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri, uning bo‘lishsiz shakliga ega emasligidir.

Mavzular.

manba