Fonetika turlari haqida ma’lumotlar.

0
Fonetika turlari haqida ma'lumotlar.

Fonetika turlari haqida ma'lumotlar.

Fonetika turlari haqida ma’lumotlar.

Fonetika turlari haqida ma’lumotlar. Fonetika fani tilning tovush tomonini turli usulda va turli maqsadlarda o`rganadi, shunga ko`ra uning quyidagi turlari o`zaro farqlanadi:

  1. Umumiy fonetika. Fonetikaning bu turi barcha tillarning tovush tomoni uchun umumiy bo`lgan qonuniyatlar va hodisalar bilan tanishtiradi. Masalan, barcha tillarda fonetik birliklarning fizik-akustik tabiati, anatomik-fiziologik (biologik) asosi va lingvistikfunksional jihatlari bor; barcha tillarda nutq tovushlari fonema tiplariga birlashadi, barcha tillarda fonemalar fonologik oppozitsiyalar (ziddiyatlar) va korrelyatsiyalarni yuzaga keltiradi, shular orqali fonologik sistemalar shakllanadi. Tilning strukturaviy va sistemaviy xususiyatiga xos bo`lgan bunday nazariy masalalarni ko`rish umumiy fonetika predmeti sanaladi.
  2. Xususiy fonetika. Fonetikaning bu turi konkret bir tilning fonetik tizimi haqida ma’lumot beradi: o`zbek tili fonetikasi, rus tili fonetikasi, ingliz tili fonetikasi kabi.

Xususiy fonetika ayrim olingan bir tilning fonetik tizimini o`rganishda umumiy fonetika xulosalariga, shuningdek, fonetikaning boshqa turlarida to`plangan tajribalarga tayanadi.

Uning quyidagi ikki turi bor:

  1. tavsifiy fonetika. Bunda ayrim olingan bir tilning fonetik tizimi, undagi fonetik hodisalar va faktlar statik holatda (shu tilning oldingi tarixiy taraqqiyoti bilan bog`lanmay) o`rganiladi. Xususan, «Hozirgi o`zbek adabiy tili fonetikasi» ham aslida tavsifiy fonetikadir, chunki unda o`zbek tilining fonetik tizimi, bu tizimda mavjud bo`lgan fonetik faktlar (unli va undosh tovushlarning miqdor va sifat belgilari, tasnifi, urg`u, bo`g`in va hokazolar) hozirgi o`zbek tilida qanday bo`lsa, shundayligicha (tarixiy jarayon va faktlarga bog`lanmay) o`rganiladi.

Hozirgi o`zbek adabiy tilining tavsifiy fonetikasi «Hozirgi o`zbek adabiy tili» kursi bo`yicha nashr etilgan ko`pchilik darsliklarda, shuningdek, «Узбекский язык» (Решетов В.В., 1959 г.), «Основыфонетикииграмматикиузбекскогоязыка » (Решетов

В.В., 1965 г.), «Общая характеристика особенностей узбекского вокализма» (Решетов В.В., 1949 г.), «Фонетическая система узбекского литературного языка» АДД (Махмудов A., 1980 г.), «Hozirgi o`zbek adabiy tili» dan metodik ko`rsatmalar va konspektiv kurs: fonetika, orfoepiya, grafika va orfografiya (Tursunova T., Jamolxonov H., 1981y.), «O`zbek tili fonetikasi» (Mirtojiyev M.M., 1991y., 1-nashri; 1998y., 2-nashri), «Hozirgi o`zbek adabiy tili». Ma’ruzalar matni (Jamolxonov H.,2000 y.) kabi ishlarda hamda «Сочетание гласных и согласных в современном узбекском литературном языке» (И. Ишаев, 1985 г.), «Редукция гласных в узбекском языке: тип, функция, программирование» (С. Атамирзаева, Х. Йулдашева, Д. Маматов, 1985 г.) kabi maqolalarda bayon etilgan;

  1. tarixiy fonetika. Bunda ayrim olingan bir tilning fonetik tizimi, undagi fonetik hodisalar va faktlar shu tilning uzoq tarixiy taraqqiyoti bilan bog`lab o`rganiladi, shu asosda muayyan tilning fonetik- fonologik tizimida yuz bergan tarixiy o`zgarishlar (divergensiya, konvergensiya faktlari, fonologik tizimdagi eskirish va yangilanish jarayonlari) aniqlanadi. Shunga ko`ra u diaxron fonetika deb ham yuritiladi.
  2. Qiyosiy fonetika. Fonetikaning bu turi qardosh tillarning (masalan, o`zbek, qozoq, qirg`iz, turkman va boshqa turkiy tillarning) fonetik tizimidagi umumiy va xususiy jihatlarni aniqlash imkonini beradi.

O`zbek va rus tillari fonetikasini qiyosan o`rganish rus maktablarida o`zbek tilini, o`zbek maktablarida esa rus tilini o`qitish uslubiyatini takomillashtirish nuqtai nazaridan, shuningdek, o`zbek-rus bilingvizmi (ikki tilliligi) masalalarini, bunday bilingvizmning har ikkala til strukturasi va sistemasiga ta’sirini aniqlash pozitsiyasidan foydalidir.

  1. Eksperimental (instrumental) fonetika. Fonetikaning bu turida nutq tovushlarining fizik-akustik va artikulyatsion jihatlari maxsus asboblar (pnevmograf, ossilograf, fonograf, spektrograf va boshqalar) yordamida tadqiq qilinadi, shu asosda tovushlarning sifat va miqdor belgilari (balandligi, kuchi, tembri, spektri, cho`ziqlik darajasi), ularning artikulyatsiyasi (hosil bo`lish o`rni, usuli) aniqlanadi. Bunday tadqiqot natijalaridan fonetik birliklarning fonologik jihatlarini tavsiflashda foydalaniladi.

Mavzular.

manba