HAYDAR XORAZMIY IJODIY MEROSI HAQIDA.
Haydar Xorazmiy XIV asr oxiri-XV asr boshlarida yashab ijod etgan shoirdir. U haqida ma’lumotlar ayrim tazkiralarda, adabiyotshunoslikka oid asarlarda uchraydi.
Jumladan, D.Samarqandiyning «Tazkiratush-shuaro», Alisher Navoiyning «Majolisun-nafois» va «Muhokamatul lugʻatayn» asarlarini koʻrsatish mumkin. D.Samarqandiy shunday yozadi: «Sulton Iskandar hukmronligida fozil kishilardan Mavlono Natanziy va Mavlono Haydarlar bor ekan. Mavlono Haydarning turkiy va forsiy tillarda bitgan yaxshi she’rlari bor va u Nizomiyning «Maxzan-ulasror»iga oʻzbek tiliga javob yozib shahzoda Iskandar otiga bagʻishladi».
Ma’lumotlardan koʻrinadiki, H.Xorazmiy ikki tilda she’rlar yozgan. Ammo ular bizgacha noma’lum qolmoqda. Navoiyning «Majolis un-nafois» asarining 7- majlisida «Mavlono Haydar turkigoʻy» deb ta’kidlanadi va misol tariqasida uning quyidagi bayti keltiriladi:
Himmat elidur yadi bayzo degan,
Er nafasidur dami Iso degan…
Navoiy «Muhokamatul-lugʻatayn» asarida ham mavlono Haydar haqida quyidagilarni yozadi: «Shohruh Sulton zamonining oxirigacha turk tili bilan shuaro paydo boʻldilar va ul hazratning avlod va ahfodidin ham xushtab salotine zuhurga keldi. Shuaro Sakkokiy va H.Xorazmiy va Atoiy va Muqimiy va Yaqiniy va Amiriy va Gadoyideklar». Demak, H.Xorazmiy temuriylardan Umarshayxning oʻgʻli Iskandar Mirzo hukmronligi davrida yashab ijod etadi. «Maxzan-ul-asror»ning
«Musannifning vasfi holi» bobida shoirning ahvoli bayon qilinadi;
Bir kecha gʻam birla edim hamnafas,
Munisu damsozim ul erdi-yu bas.
Koʻz yoshidin boda, bagʻirdin kabob,
Dardu dilim nuqlu figʻonim rubob.
Charxi falak tashna boʻlib qonima,
Dunyayi dun qasd qilib jonima.
Sabr binosini bakulliy buzub,
Hosili yoʻq umrdin umid uzub.
H.Xorazmiy Ozarbayjon shoiri N.Ganjaviyning «Maxzan-ul-asror» asarini oʻzbek tiliga erkin tarjima qildi. Shoir Nizomiyni bir necha bor hurmat bilan tilga oladi, uning asariga yuqori baho beradi. Oʻzini Nizomiyning shogirdi deb biladi.
Ushbu doston axloqiy-falsafiy asardir. Ma’lumki, Nizomiyning ushbu asari 1170 yilda yozilgan boʻlib, shoirning ijtimoiy, axloqiy, falsafiy qarashlarini ifodalaydi. H.Xorazmiy Nizomiy asarining umumiy ruhini saqlab qoldi. Ayni paytda unga oʻzgartirishlar ham kiritdi. H.Xorazmiyning asari-«kirish», «kitob yozilish sababi», «musannifning vasful holi» kabi qismlardan boshlanadi. Nizomiyda voqealar ancha keng tasvirlansa, hajm kattaroq, maqolatlar soni 20 ta, paygʻambarlar ta’rifi kengroq berilib, oldin 20 ta maqolat va undan keyin hikoyatlar keltiriladi. H.Xorazmiyda esa biroz boshqacharoq. Asar hajmi Nizomiynikidan kichikroq boʻlib, 639 bayt atrofida. Oldin hikoyatlar keltirilib, keyin ularni xulosalovchi misralar beriladi.
H.Xorazmiy oʻz asarida soʻz haqida, soʻzning oʻrni, ahamiyati, qalloblik, ularning oqibatlari va boshqalar xususida mulohazalar yuritiladi. Shoir kichik hikoyatlar orqali odob-axloq, olijanoblikni, mehnat ahlini ulugʻlaydi. Shoir tugʻilish va oʻlish, eskirmoq va yangilanish haqida oʻz qarashlarini bayon etadi. Asarda «Sulaymon shoh haqidagi hikoyat» «Pulini yoʻqotgan kishi» hikoyati, «Savdogar va boʻz toʻquvchi kampir» hikoyati gʻoyatda ibratlidur. Oqil agar soʻz bila soʻzni yopar, Orif oʻshul soʻzda oʻzini topar.
Ulki bilur soʻz guhari qiymatin,
Soʻzda topar soʻzlaguvchining otin.
Ahli nazar shevasini soʻz bilur,
Nuri basar mevasini koʻz bilur.
Zohiru botin xabari soʻzdadur,
Oʻzgada yoʻq har neki bor oʻzdadur.
Ul kishikim, topmadi soʻz ganjini,
Qildi habovu hadar oʻz ranjini.
Kimki nazar manzaridin yumdi koʻz,
Qoʻymadi meros oʻzidin gʻayri soʻz.
H.Xorazmiyning «Savdogar va boʻz toʻquvchi kampir» hikoyati 43 baytdan
iborat. U tuzilishi, obrazi, syujeti bilan mustaqil badiiy asar sanaladi. Hikoya asosida oʻsha davrdagi hayotiy voqea yotadi. Bir beva kampir ochlikdan zor qaqshagan bolalariga non topish uchun ikki hafta tinimsiz mehnat qilib, boʻz toʻqiydi-da, savdogarga olib keladi. Savdogarga arzi hol qilib, tegishli pul toʻlab, sotib olishini soʻraydi. Savdogar kampir boʻzini «dagʻal, qoʻpol, kiyimga yaroqsiz» deb erga urib sotib oladi. Bir xaridor esa katta haq toʻlab savdogardan boʻzni sotib oladi. Buni kuzatgan donishmand haqparast chol savdogarni xijolat qilishi bilan hikoya tugaydi.
Savdogar-firibgar, insofsiz kishilar timsolidir. Kampir asarda nihoyatda nochor, ayanchli, kishini rahmini keltiradigan holda tasvirlanadi:
Boʻyi ikki qat boʻlib, arqosi koʻz,
Boʻyyu boshi ra’sha bilan beqaror.
Dam urishi, yoʻl yurishi murdavor.
Ne koʻzida nuru, ne ogʻzida soʻz,
Dunyosidan qoʻynida bir vusla boʻz…











