Haydar Xorazmiyning «Gul va Navroʻz» dostoni haqida.
«Gul va Navroʻz» dostoni «Gul va Navroʻz» dostoni 1411 yilda yozilgan. Bu asarning muallifi masalasi adabiyotshunoslarimiz orasida koʻplab bahslarga sabab boʻlmoqda. Koʻplab olimlarimiz bu asarni Lutfiy qalamiga mansub deb kelgan edi. Va u keng kitobxonlarga Lutfiy asari sifatida tanildi. 1970 yillarda yuqoridagi qayd etilgan va koʻplab boshqa olimlarimiz «Gul va Navroʻz» muallifi xususida bahslar olib borishdi. Bu narsa ayniqsa 70- yillarda yana ham faollashdi. Keyingi yillarda chop etilgan oʻrta maktab darsliklarida esa «Gul va Navroʻz» muallifi noma’lum asarlar sifatida berildi.
Bir guruh olimlarimiz esa (jumladan, professor A.Hayitmetov 1998 yil 17 aprelda chop etilgan maqolasida ham) «Gul va Navroʻz»ning muallifi sifatida H.Xorazmiyni koʻrsatishadi. Ahmad Taroziyning «Fununul balogʻa», Boburning «Aruz risolasi»da «Gul va Navroʻz»ning muallifi Haydar Xorazmiy ekanligi xususida qaydlar berilgan. (Bu haqda qarang: Ahmad Xudoydod Taroziy. «Fununul balogʻa». «Oʻzbek tili va adabiyoti» jurnali, 2001, 1-6-son). «Gul va Navroʻz» dostoni Temurning nabiralaridan boʻlgan Iskandar Mirzo topshirigʻi bilan yozilgan. Dostonda u madh etiladi.
«Gul va Navroʻz» dostonining bosh mavzusi-ishq-muhabbatdir. Unda Gul va Navroʻzning samimiy sevgisi, ishqdagi sadoqati, ularning sarguzashtlari orqali yoritilib beriladi. Asardagi Navroʻz, gul, bulbul va boshqa obrazlar ma’lum bir ramzga ega. Bahor, Navroʻz, goʻzallik-sevimli bayram hisoblanadi. Navroʻz madhiyasi xalq ogʻzaki ijodi asarlarida, yozma adabiyotda ham bayon etilgan. Umar Xayyomning «Navroʻznoma», Hoju Kirmoniyning «Navroʻz va Gul» asarlari shular jumlasidandir. Turkiy adabiyotda Navroʻz mavzusida bitilgan ilk doston «Gul va Navroʻz»dir. Dostonda uning mavzusi, voqealar rivoji, obrazlarga xos sifatlar, xususiyatlar, badiiy tasvir vositalarini berishda xalq ogʻzaki ijodining katta ta’siri seziladi. Navshod elining shohi Farrux «cheriki benihoyat», «adlu dodi mashhur», ammo bir farzandga orzumand kishi:
Qamugʻ olamda adlu dodu mashhur,
Cheriki benihoyat mulki ma’mur…
Jahonda bir oʻgʻilga orzumand,
Mungi yoʻq hech nimadan gʻayri farzand.
Navroʻz yoshligidan har jihatdan mukammal boʻlib oʻsadi. Shoir ta’kidlaganidek: Kichik yoshdin qamugʻ fanlarni bildi,
Koʻpin oʻz aqli birla fahm qildi.
Navroʻz goʻzal yigit edi. Xalq ogʻzaki ijodida boʻlganidek, u ham koʻzguda oʻzini koʻrib oʻz-oʻziga oshiq boʻladi:
Tiladi koʻzguyu, koʻrdi yuzini,
Oʻzindin bordiyu, sevdi oʻzini.
Xalq ogʻzaki ijodida boʻlgani kabi «Gul va Navroʻz»da ham tush muhim oʻrin tutadi. Navroʻz gulni tushida koʻradi, gaplashadi. Uning Farxor mamalakatidan ekanligini biladi. Gulni sevib, hajrida «oʻzin erga urib koʻp yigʻlaydi»:
Oʻzin erga urib koʻp yigʻladi zor,
Yigʻidin oʻzga xud ne chorasi bor.
Dostondagi Gul obrazi ham koʻproq folklorda ishlangan ijobiy xotin-qizlar obraziga oʻxshaydi. Bu narsa, avvalo, uning aqlu-kamolotida va husnida koʻrinadi. Uning «Uzori aksidan oy xira boʻlgay».
Uzori aksidin oy xira boʻlgʻay,
Yuzi oʻtrusida kun tiyra boʻlgʻay.
Kamolidin rivoyat qilsa boʻlmas,
Jamolidin hikoyat qilsa boʻlmas.
Sharq xotin-qizlarida hayo, iffat nihoyatda e’zozli tuygʻu hisoblanadi. Koʻpincha nozik tuygʻular sir saqlanadi. Ayniqsa sevgisini ota-onasiga oshkora etish, ishq iztiroblarini boshqalarga sezdirish uyat sanaladi, hurmatsizlik sifatida talqin etiladi. «Gul va Navroʻz» sifatini eshitib oshiq boʻlib qoladi. Uning esidan ozganini koʻrib, Savsan malomat qiladi:
Gar andin fikr qilmassen sen oxir,
Otang birla onangdin iyman oxir.
Gul xalq ertaklaridagi qahramonlar singari shijoatliligi, botirligi, mardligi bilan ajralib turadi. Ular dengiz halokatiga yoʻliqadi, qiyinchiliklarni engishadi.
Gul Adan yoʻlidagi ikki xatar: arslonlar va ajdaholar makonidan oʻtishi kerak edi. Gul arslonlar makon tutgan yoʻlni tanlaydi, arslonlar bilan jang qiladi. Yaman bahodiri Bahrom bilan yakkama-yakka jangda uni engadi. Dengiz halokati tufayli Gul va Navroʻz boshqa-boshqa joyga borib qoladilar. Gul Adanga, Navroʻz Yamanga borib qoladilar. Yakkama-yakka olishuv jarayonida Gul va Navroʻz bir-birini tanib qolishadi. Gul va Navroʻz toʻyiga izn beriladi. 4 podshoh: Navshod, Farxor, Adan, Yaman shohlari podsholikni Navroʻzga topshirishadi, Navroʻz yurtni odillik bilan boshqaradi.
Dostonda Yaldoyi Zangi, Shayx Najdiy, odamxoʻr dev kabi salbiy obrazlar bor. Yaldo-yovuz, xunxor, ichib qon qonmagʻuchi, oʻzi yaldo tunidek qop-qora.
Mana uning portreti:
Oti Yaldo, oʻzi yaldo tunidek,
Koʻzi doʻzax, boʻyi mahshar kunidek.
U ma’nan sayoz, maqtanchoq bir kimsa. Oʻzini er yuzining podshohidek tutadi:
Tutub Yaldo oʻzin xoqoni Chindek,
Na xoqonkim, shahi roʻyi zamindek.
Asardagi Shayx Najdiy riyokor, aldamchi, xoin insonlar obrazi sifatida yaratilgan.






