Bosh sahifa mavzular IOGANN GERBART

IOGANN GERBART

0
IOGANN GERBART

IOGANN GERBART

IOGANN GERBART

IOGANN GERBART (1776-1841) o‘zining «Tarbiya maqsadlaridan kelib chikqan umumiy pedagogika» (1806), «Psixologiya darsligi» (1816), «Psixologiyani pedagogikaga tatbiq qilish to‘g‘risidagi xatlar» (1831), «Pedagogikaga doir leksiyalar ocherki» (1835) kabi kitoblarida psdagogikaga doir g‘oyalarini keng bayon qilib berdi.

Gerbart o‘z asarlarida tarbiyaning maqsadi yaxshi fazilatli kishini tarkib toptirishdan nborat, deb hisoblaydi. Gerbart shu maqsadni abadiy va o‘zgarmas deb hisoblab, odamlarni mavjud munosabatlarga moslasha oladigan, o‘rnatilgan huquq va tartibotini hurmatlaydigan, unga itoat qiladigan kishilar qilib tarbiyalashni ko‘zda tutdi.

Pedagog o‘zi tarbiyalayotgan shaxsning oldiga shunday maqsad qo‘yishi lozimki, u ham o‘sib katta bo‘lganidan keyin o‘z oldiga shunday maqsadlarni qo‘ya bilsin. Mana shu bo‘lajak maqsadlar: 1) ro‘yobga chiqishi mumkin bo‘lgan maqsadlar va 2) zarur maqsadlar deb ikkiga bo‘linishi mumkin.

Har bir shaxs vaqti kelib muayyan ixtisos sohasida o‘z oldiga qo‘yishi mumkin bo‘lgan maqsadlar ro‘yobga chiqishi mumkin bo‘lgan maqsadlardir.

Zarur maqsadlar deb shunday maqsadlarga aytiladiki, bu maqsadlar odamga o‘z faoliyatining har qanday sohasida kerak bo‘ladi.

Tarbiya ro‘yobga chiqishi mumkin bo‘lgan maqsadlarni o‘zi oldiga qo‘ygach, u shaxsda xilma-xil, har tomonlama idrok qilish qobiliyatini o‘stirishi, qiziqish doirasini kengaytirishi va to‘laroq qilishi lozim, mana shuning o‘zi ichki erkinlik g‘oyasiga, takomillik g‘oyasiga muvofiq bo‘lib tushadi. Zarur maqsadlarga kelganda tarbiya bo‘lajak arbobning axloqini xayrixohlik g‘oyasi, huquq va adolat g‘oyasi asosida tarkib toptirishga yoki Gerbartning so‘zi bilan aytganda, bu arbobda barqaror axloqiy xarakter vujudga keltirishga majburdir. Gerbart tarbiyaning mohiyati shaxsning ko‘nglini tasavvurlar bilan boyitishdan iborat deb hisoblab, shaxsga fazilatli xulq g‘oyalarini va sabablarini singdirishni va shu asosda unda axloqiy xarakter vujudga keltirishni istaydi.

Gerbart tarbiya jarayonini boshqarish, o‘qitish va axloqiy tarbiya berish, deb uch bo‘lakka bo‘ladi. Boshqarish o‘z oldiga shaxsning kelajagini emas, balki hozirgi vaqtning o‘zida, ya’ni tarbiya jarayonining o‘zida tartib saqlab turishni vazifa qilib qo‘yadi. Gerbart «yovvoyi sho‘xlik» yoshlarga xos bir narsa deb hisoblab, boshqarish ana shu «yovvoyi sho‘xlik»ni yo‘qotishni lozim deydi. Boshqarish tashqi tarbiyani saqlab turishi bilan tarbiyalanish uchun shart-sharoit vujudga keltiradi. Lekin boshqarishning o‘zi tarbiyalamaydi, balki tarbiyalashning mutlaqo zarur shartidir, xolos, deydi.

Gerbart tarbiya ishida aqliy ta’limga katta ahamiyat berdi. U ta’limni tarbiyaning eng katta va asosiy vositasi deb hisoblab, pedagogikaga tarbiyalovchi ta’lim terminini kiritdi. U ta’limsiz tarbiyani, tarbiyasiz ta’limni tan olmaydi.

Gerbartning fikricha, ta’lim qiziqishlarning xilma-xilligiga asoslanishi lozim. Bu qiziqishlarning ba’zilari tevarak-atrofdagi voqelikni bilishga, ba’zilari ijtimoiy hayotni bilishga intiladi.

Gerbart turli qiziqishlarni oltita mustaqil turga bo‘ladi. U quyidagi qiziqishlarni birinchi guruh qiziqishlar qatoriga kiritadi: imperik qiziqish – bu qiziqish bu qanday narsa, degan savolga javob beradi va kuzatishga intilish tug‘diradi; mushohadaviy qiziqish – bu qiziqish, nega bu shunday, degan savolga javob beradi va fikr yuritishga yo‘llaydi; estetik qiziqish – bu hodisalarga badiiy baho berishni ta’minlaydi. Ikkinchi, guruh qiziqishlar qatoriga: yoqtiruvchi qiziqish – bu qiziqish o‘z oila a’zolariga juda yaqin tanish-bilishlariga qaratilgan qiziqish; ijtimoiy qiziqish – odamlarning kengroq doirasini, jamiyatni, o‘z xalqini va butun insoniyatni bilishga qaratilgan qizisishdir. Gerbart «xudoning visoliga etish»ga qaratilgan diniy qiziqishni ham shu guruhga kiritadi. Uning fikricha, odamzod o‘z tarixining boshlang‘ich davrida bolalarga va o‘spirinlarga xos narsalarga va faoliyat turlariga qiziqqan. SHu sababli deydi u, – o‘quvchitalabalarga qadimiy xalqlar tarixi va adabiyoti doirasidan olingan va tobora murakkablashib boradigan gumanitar bilimlar berish kerak.

Gerbart qadimiy tillarga va matematikaga ham juda   yuksak baho berdi, shu bilan birga, u matematikani asosan tafakkurni o‘stirish vositasi deb, «ruh uchun kuchli gimnastika» deb hisoblaydi.

Gerbart ta’lim bosqichlari nazariyasini ishlab chiqdi, bu nazariya hamma mamlakatlarning pedagoglari orasida keng tarqaldi. U ta’limni shaxsning psixik faoliyati qonunlariga muvofiqlashtirishga urinib ko‘rdi, bu qonunlarni apperseptiv jarayon faoliyatining mexanizmi deb tushundi.

Gerbartning fikricha, ta’lim jarayoni, albatta, o‘rganilayotgan materialga chuqur kirish (chuqurlashish) va ta’lim oluvchining o‘ziga chuqur berilishi (anglashi) orqali o‘tadi. O‘z navbatida bu – chuqurlashish va anglash, ko‘ngil osoyishta bo‘lgan holatda, yoki ko‘ngil harakatda bo‘lgan holatda amalga oshirilishi mumkin.

Ta’limning to‘rt bosqichi mana shundan kelib chiqadi, bu bosqichlarga Gerbart: 1) ravshanlik, 2) assotsiatsiya, 3) tizim, 4) metod deb nom berdi.

Birinchi bosqich ravshanlik bo‘lib, u osoyishtalik holatidagi chuqurlashishdir. O‘rganilayotgan material shu material bilan bog‘liq bo‘lgan narsalarning hammasidan ajratib olinadi va chuqur ravishda ko‘zdan kechiriladi.

Ikkinchi bosqich assotsiatsiya bosqichi bo‘lib, bu harakat holatidagi chuqurlashishdir. Bunda yangi material ta’lim oluvchida mavjud bo‘lgan narslarda, kitoblar o‘qiganda hosil qilingan, turmushdan va shu kabilardan olingan tasavvurlar bilan bog‘lanadi.

Uchinchi bosqich tizim bosqichi bo‘lib, bu osoyishta holatdagi anglashdir. Bunda o‘quvchi-talabalar o‘qituvchi rahbarligida esa tasavvurlar bilan bog‘langan yangi bilimlar asosida xulosalar, ta’riflar, qonunlar qidiradilar.

To‘rtinchi bosqich metod bosqichi bo‘lib, bu harakat holatidagi anglashdir, olingan bilimlar bunda yangi faktlar, xodisalar va voqealarga tatbiq qilinadi. Uning fikricha, bu bosqichlar ta’limning borishidagi izchillikni belgilab beradi.

Gerbart ta’limni tasviriy ta’lim, analitik ta’lim, sintetik ta’lim deb uch turga bo‘ldi:

Tasviriy ta’lim cheklangan tarzda qo‘llaniladi, lekin o‘z chegarasi doirasida uning ahamiyati juda katta. U shaxsning tajribasini aniqlab olishni va bu tajribani to‘ldirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. O‘qituvchi materialni jonli, obrazli hikoya qilib berish yo‘li bilan o‘quvchi-talabalarning bilimlarini kengaytiradi.

Bunda ko‘rsatmali vositalar katta rol o‘ynaydi.

Analitik ta’lim «ayni bir vaqtda atrofni o‘rab turgan» narsalarni ayrim narsalarga, bu narsalarni esa tarkibiy qismlarga, bu tarkibiy qismlarni ham belgilarga bo‘lish vazifasini o‘z oldiga qo‘yadi. YOshlar maktabga, akademik litsey, kasb-hunar kolleji, oliy ta’lim muassasalariga  kelganlarida ularning boshlarida juda ko‘p tasavvurlar bo‘ladi, lekin ularning ongida bu tasavvurlar qalashib qolgan bo‘ladi. Vazifa shuki, o‘qituvchi rahbarligida o‘quvchitalabalarning bu fikrlari bo‘laklarga ajratilishi, tuzatilishi va takomillashtirilishi lozim.

Sintetik ta’lim, asosan, yuqori sinflarda qo‘llaniladi. O‘qituvchi yangi materialni bayon qilar ekan, uni tasvirlab berish bilan cheklanib qolmaydi, balki umumiy xulosalar chiqaradi, o‘quvchi-talabalarga bo‘lak-bo‘lak holda ma’lum bo‘lgan, ularning ongida bir-biridan alohida-alohida turgan turli tasavvurlarni bir butun holga keltirib, taqrib qiladi. Gerbart sintetik ta’limga katta ahamiyat beradi. Uning fikricha, faqat taqribgina «tarbiya talab qilganidek, fikrlarning muntazam tizimini tiklab berishi» mumkin.

Gerbartning fikricha, tasvir tahlil va tarqib o‘quv jarayonida birin-ketin kiritiladigan va birining o‘rnini ikkinchisi izchillik bilan almashtirib turadigan, birbiridan ajratib qo‘yiladigan qandaydir ta’lim metodlar emas. Ta’lim  jarayoni ta’limning shu uch usulida birlik bo‘lishini ta’minlashi lozim.

Gerbart axloqiy ta’limning nihoyat darajada intellektualizm ruhi bilan sug‘orilgan tizimini ishlab chiqdi. Uning pedagogika tizimida o‘qituvchining o‘qitish vositasi bilan o‘quvchi-talaba ongiga axloqiy tushunchalarni singdirishiga katta ahamiyat beriladi.

Gerbart axloqiy tarbiyaning o‘ziga xos vositalari qatorida quyidagilarni ko‘rsatib o‘tadi.

  1. Tarbiyalanuvchini tiyib turish (shaxsni boshqarish, uni  itoatkor bo‘lishga  o‘rgatish – bu vositaga xizmat qiladi). Tarbiyalanuvchilar uchun xatti-harakat chegaralarini belgilab qo‘yish kerak.
  2. Tarbiyalanuvchini belgilab olish, ya’ni uni shunday sharoitga qo‘yish kerakki, bu sharoitda u «quloq solmaslik og‘ir kechinmalarga olib kelishini» faqat   tarbiyachining   ko‘rsatmalaridangina emas, balki shu bilan birga o‘z tajribasidan ham tushunib oladigan bo‘lsin.
  3. Xulqning aniq qoidalarini belgilab qo‘yish.
  4. Tarbiyalanuvchining ko‘nglida «osoyishtalik va ravshanlik» bo‘lishini ta’minlab turish, ya’ni «tarbiyalanuvchida haqiqatga nisbatan shubha tug‘ilishi» uchun asos bermaslik.
  5. Ma’qullash va sazo berib turish yo‘li bilan bolaning ko‘nglini

«to‘lqinlantirib» turish.

  1. Tarbiyalanuvchini «xabardor» qilib turish, ya’ni uning nuqsonlarini ko‘rsatib va tuzatib turish.

Axloqiy tarbiyada jazo choralarini ham qo‘llash kerak, lekin intizom o‘rnatish uchun qo‘llaniladigan jazo choralari tarbiyalash maqsadida beriladigan jazo choralaridan farq qilishi lozim, tarbiyaviy jazo choralari qasos g‘oyasi bilan bog‘lanmasdan, balki tarbiyalanuvchiga xayrixohlik bilan qilinayotgan ogohlantirish choralari bo‘lishi lozim.

Tarbiyalanuvchining ongida har bir narsani o‘zimcha mustaqil hal qila beraman, degan fikrning kuchayib ketishiga yo‘l qo‘yish juda xavflidir. Tarbiyalanuvchining har qanday odamlar orasida (ulfatchilikda) bo‘lishiga juda ehtiyotlik bilan qarash kerak, «ijtimoiy turmush oqimi tarbiyalanuvchini o‘z girdobiga tortmasligi va tarbiyaga qaraganda zo‘rroq bo‘lib ketmasligi lozim». Gerbart tarbiyachining obro‘sini nihoyat darajada yuqori ko‘tarishni talab qildi, bu obro‘ tarbiyalanuvchining nazarida ko‘pchilikning fikridan» hamisha ustun bo‘ladi deb hisobladi, shuning uchun ham «tarbiyachi juda zo‘r obro‘ga ega bo‘lishi, tarbiyalanuvchi bunday obro‘ oldida boshqalarning har qanday fikrini nazar-e’tiborga olmaydigan bo‘lishi g‘oyat zarurdir».

Gerbart g‘oyalari Germaniyada, Rossiyada, Amerikada, G‘arbiy Evropaning ko‘pgina mamlakatlarida keng tarqaldi. Evropa va AQSH da klassik o‘rta maktablar ko‘p jihatdan Gerbart pedagogikasiga asoslanib qurildi. Gerbartning bolalarni boshqarish tizimi keng yoyildi. Bu tizim bolalar tashabbusini bo‘g‘ishga va ularni kattalarning obro‘yiga hech so‘zsiz bo‘ysundirishga qaratilgan tizim edi.

Gerbart pedagogikani ilmiy fan darajasiga ko‘tarish uchun ko‘p ish qildi. U pedagogikaning o‘ziga xos tushunchalar tizimi borligini ko‘rsatdi.

SHunday qilib, Gerbartning didaktika masalalarini ishlab chiqishi ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Uning ko‘p tomonlama qiziqish to‘g‘risida, ta’limning tizimli bo‘lishi, qiziqish va diqqatni o‘stirish to‘g‘risida aytgan fikrlari hech shubhasiz qimmatlidir.

Mavzular.

manba