Iqtisodiy geografiya fanining mustaqillik davridagi rivojlanishi.
Iqtisodiy geografiya fanining mustaqillik davridagi rivojlanishi mamlakatimizning siyosiy mustaqillikka erishuvi va uning iqtisodiyotini bozor munosabatlariga o’tishi bilan belgilanadi. Shuningdek, bu fanning yangi vazifalari ham vujudga keldi. Ular jumlasiga O’zbekistonning yoqilg’i-energetika, don, yo’l (transport) mustaqilligiga erishishi, qishloq joylarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishni davlat tomonidan tartibga solib borish, mintaqaviy iqtisodiyot va mintaqaviy siyosat, iqtisodiy geografiyaning ekologik muammolari va boshqa dolzarb masalalarni o’rganish kiradi.
Respublika olimlari iqtisodiy geografiyada siyosiy, ijtimoiy, tarixiy, ekologik yo’nalishlarni yanada rivojlantirishga jiddiy ahamiyat bermoqdalar. Bularning natijasida noan’anaviy mavzular, chunonchi, aholiga xizmat ko’rsatish, fan va ilmiy tadqiqotlar, tibbiyot geografiyasi bo’yicha nomzodlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli yoqlandi, siyosiy, jinoyatchilik, rekreatsiya va halqaro turizm geografiyasi bo’yicha ham ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Ko’rinib turibdiki, O’zbekistonda ham iqtisodiy geografiya «frontal» rivojlanib, boshqa, jahonning ilg’or mamlakatlarida bo’lganidek, asta-sekin keng ma’nodagi ijtimoiy geografiyaga aylandi. Shu bilan birga uning tarkibiy qismi hisoblangan iqtisodiy geografiya mustaqil mamlakatimizning bozor munosabatlariga o’tishi bilan bog’liq hududiy muammolarni tadqiq qilishda o’zining munosib hissasini qo’shib bormoqda.
Iqtisodiy geografik tadqiqotlar O’zbekiston Milliy universiteti, Toshkent iqtisodiyot universiteti, O’zFA Geografiya bo’limi, Samarqand, Namangan, Farg’ona, Nukus, Termiz universitetlarida, Toshkent moliya institutida olib borilmoqda. Ushbu fanning rivojlanishida O’zbekiston Respublikasi Geografiya jamiyatining xizmati ham beqiyosdir. Ayni vaqtda mamlakatimizning yetuk olimlari, ilmiy maktab va markazlari xorijiy davlatlar (Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Qozog’iston, Qirg’iziston respublikalari) bilan ham uzviy aloqada tadqiqotlar olib bormoqdalar.
Shu bilan birga iqtisodiy geografiya fani oldida turgan vazifalar ham talaygina. Ular eng avvalo mazkur fanning yangi sharoitda nazariy masalalarini o’rganish, uning obro’ va nufuzini ko’tarish, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining hududiy tomonlarini chuqur tadqiq qilish va bu borada ilmiy-amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish, umumta’lim va oliy o’quv yurtlariga, kollej va akademik litseylarga o’qituvchilarni hamda ularga zamonaviy o’quv qo’llanma va darsliklarni tayyorlashdan iborat.
Hozirgi o’zgaruvchan hayotda iqtisodiy geografiyaning ahamiyati yanada oshib bormoqda. U harakatdagi dunyoni, halqaro, milliy va mintaqaviy iqtisodiyotni turli miqyosda o’rganadi, yuksak geografik madaniyat va geografik fikrlashni shakllanishiga katta xizmat qiladi.
Tayanch tushunchalar
- Nemis statistikasiga – N.Anxenval 1743 yilda asos solgan. Uning statistikasi mamlakat hayotiga oid barcha miqdoriy ko’rsatkichlarga.
- Ingliz statistikasi Petti asos solgan. Uni statistikasi mamlakat siyosiy-iqtisodiy hayoti va savdo-sotiq bilan bog’liq ma’lumotlarga, ularning tahliliga hamda ayrim qonuniyatlarga e’tibor berilgan.
- KEPS – Tabiiy resurslardan foydalanish qo’mitasini bosh harflaridan olingan qisqartma so’z. Ushbu qo’mita o’tgan asrning 20-yillarida Moskvada tashkil etilgan edi.
- SOPS – ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish kengashi. Mazkur ilmiy-tadqiqot tashkiloti mamlakatning turli hududlarida ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish bo’yicha ilmiy g’oyalar sxemalarini yaratadi.












