IQTISODIY GEOGRAFIYANING ASOSIY TUSHUNCHALARI.

0
IQTISODIY GEOGRAFIYANING ASOSIY TUSHUNCHALARI.

IQTISODIY GEOGRAFIYANING ASOSIY TUSHUNCHALARI.

IQTISODIY GEOGRAFIYANING ASOSIY TUSHUNCHALARI.

 

Har bir fanning o’ziga xos tushuncha va qonuniyatlari boladi. Iqtisodiy geografiyada ular: hududiy mehnat taqsimoti, iqtisodiy rayonlashtirish, hududiy ishlab chiqarish majmualari va iqtisodiy geografik o’rin hisoblanadi. Aytish mumkinki, bular iqtisodiy geografiyaning «oyoq va qo’llari» tayanch ustunlaridir. Ana shu to’rtlikni yaxshi o’zlashtirgan kishi iqtisodiy geografik fikrlash va bilimga ega bo’la oladi. Ularni qisqacha ko’rib o’tamiz.

Hududiy mehnat taqsimoti — iqtisodiy geografiyaning asosiy, fundamental tushunchasi hisoblanadi. Chunki ushbu fanning qolgan barcha tushunchalari, hududiy mehnat taqsimoti bilan bog’liq.

Hududiy mehnat taqsimotini iqtisodiy geografik jarayon, uning natijasida vujudga kelgan rang-barang iqtisodiy makonni, ishlab chiqarishning hududiy tarkibini, «areal, nuqta va chiziqlarning» o’zaro munosabatini iqtisodiy geografik vaziyat yoki holat sifatida ko’rish mumkin.

Hududiy mehnat taqsimoti ijtimoiy mehnat taqsimotining bir tomonidir. Agar ijtimoiy mehnat taqsimoti natijasida kishilarning kasb-hunari, nima bilan mashg’ul bo’lishi (o’qituvchi, muhandis, tabib va h.k.) shakllansa, hududiy mehnat taqsimoti Iqtisodiy rayonlarning vujudga kelishiga, iqtisodiy makonning turli-tumanligiga olib keladi.

Hududiy mehnat taqsimotining doimiy «yo’ldoshi» yoki uning ajralmas jihati ixtisoslashuvdir. Ammo ixtisoslashuv ham ijtimoiy va hududiy bo’ladi. Bu yerda hududiy ixtisoslashuv nazarda tutiladiki, u turli joylarning ma’lum mahsulot ishlab chiqarishi bilan shug’ullanishini anglatadi.

Ta’kidlash lozimki, ixtisoslashuv barcha narsa yoki mahsulotni ishlab chiqarish bilan belgilanmaydi. Uning uchun quyidagilar talab etiladi:

  • mazkur tarmoq mintaqa yoki milliy iqtisodiyot tarkibida salmoqli o’ringa ega bo’lmog’i lozim;
  • yaratilgan mahsulot mahalliy ehtiyojni to’la qondirgan holda tovar sifatida bozorga chiqarilishi kerak;
  • ixtisoslashuv rayonlararo yoki mamlakatlararo tovar ayirboshlash, tashqi savdo aloqalarini taqozo etadi va h.k.

Yuqoridagi talablarga muvofiq aytish mumkinki, O’zbekiston Respublikasi tabiiy gaz, paxta va paxta tolasi, ipakchilik, qorako’lchilik, meva va sabzavotchilikka ixtisoslashgan. Aynan ana shu va yana bir qator iqtisodiyot tarmoqlari mamlakatimizning halqaro mehnat taqsimotidagi o’rnini belgilab beradi.

Demak, hududiy mehnat taqsimoti ishlab chiqarishni iqtisodiy makonda alohida sohalar bo’yicha «bo’lib» yuboradi. Natijada har bir joyning «kimligi», nima bilan shug’ullanishi vujudga keladi. Shuning uchun ixtisoslashgan tarmoq orqali joy (mamlakat, viloyat, rayon, shahar va h.k.) tushuniladi, joy esa — uning nima bilan mashhurligini bildiradi. Masalan, kofe deganda Braziliya, Braziliya deganda kofe; O’zbekiston deganda paxta, paxta deganda O’zbekiston; ko’mir deganda Angren, Angren deganda ko’mir …

Hududiy mehnat taqsimotining shakllanishiga qator omillar ta’sir qiladi. Ularga tabiiy sharoit va tabiiy boyliklar, aholi va mehnat resurslari, iqtisodiy geografik o’rin, bozor iqtisodiyoti (talab va taklif munosabati) kabilar kiradi. Jumladan, tabiiy sharoit va tabiiy resurslarning turli tumanligi mamlakat yoki mintaqada xo’jalik yuritishning turli yo’nalishlarini vujudga kelishiga asos bo’lib xizmat qiladi. Tog’, voha va vodiy, cho’l, o’rmonzor, issiq iqlim yoki qurg’oqchilikda shularga mos holda iqtisodiyot ixtisoslashuvi ham turlicha bo’ladi. Faraz qilaylik, agar O’zbekiston hududi (tabiati) faqat Qizilqum cho’llari yoki Ustyurt platosi yoki faqat Farg’ona vodiysidek bo’lganda, ehtimol, xo’jalik tizimi ham ancha bir tomonlama bo’lar edi.

Shu nuqtainazardan aytish mumkinki, mamlakat, mintaqa hududining yer usti tuzilishi, iqlim, qazilma boyliklari qanchalik turli-tuman bo’lsa bu yerda hududiy mehnat taqsimoti, iqtisodiyotni kompleks rivojlantirish uchun shunchalik katta imkoniyatlar mavjud bo’ladi. Hududning tabiiy geografik jihatdan har xilligi bu uning «baxtidir», zero tabiatda, Yer yuzida yomon joy yo’q, balki nodon geograf bor. Sababi, har bir joy, landshaft albatta ma’lum bir sohaga qulay, boshqasiga noqulay bo’lishi mumkin; asosiy maqsad — ana shu joyning nimaga qulayligini aniqlash va undan to’g’ri foydalanishdir. Shunday qilinsa, ko’pgina ekologik muammolarning oldi ham olinar edi.

Yer yuzida tog’ ham yaxshi, tekislik ham, suv ham, quruqlik, cho’l va voha ham, shahar va qishloq ham va h.k. Lekin ularning har biri ma’lum, muayyan maqsadda yaxshi. Ayni vaqtda bunday «geojuft»larning borligi dunyoning butligi, jamiyat taraqqiyoti, hududiy mehnat taqsimotining amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Tabiiy omillardan tashqari hududiy mehnat taqsimotiga ijtimoiy-iqtisodiy omillar, xususan hozirgi vaqtda bozor iqtisodiyoti omili katta ta’sir ko’rsatadi. Qolaversa, tabiiy va mehnat resurslari xo’jalikning rivojlanish va joylanishiga qulaylik yaratish mumkin, ammo shu mahsulotni yetishtirish yoki yetishtirmaslik talab va ehtiyojga, bozorga bog’liq. Binobarin, hozirgi davrda nimaga ixtisoslashuvni eng avvalo bozor belgilaydi.

Hududiy mehnat taqsimoti, ixtisoslashuv, tashqi iqtisodiy aloqalar transportsiz amalga oshmaydi. Transport iqtisodiy geografik jarayonlarni harakatga keltiruvchi asosiy kuch, iqtisodiyotning qon tomiridir.

Hududiy mehnat taqsimotining bir necha bosqichlari (darajalari) mavjud: — halqaro mehnat taqsimoti;

— mamlakatlararo mehnat taqsimoti;

— mamlakat ichidagi mehnat taqsimoti;

— yirik iqtisodiy mintaqalar (viloyatlararo) doirasidagi mehnat taqsimoti;

— viloyat ichidagi (quyi ma’muriy rayonlar yoki tumanlararo) mehnat

taqsimoti;

— mahalliy mehnat taqsimoti (qishloq tumanlari doirasida).

Birinchi va ikkinchi bosqichlarning har ikkisida ham mehnat taqsimoti davlatlararo bo’ladi. Biroq, ikkinchisida bu taqsimot yirik hududiy-iqtisodiy Ittifoq yoki uyushmalar doirasida, masalan, Yevropa Ittifoqi, Shimoliy Amerika erkin savdo mintaqasi kabilarda amalga oshiriladi.

Hududiy mehnat taqsimotining bosqichlariga mos holda bozorlar shakllanadi

va tovarlarning yuqori bozorlarga chiqishi, ixtisoslashuv faqat pastki, quyi darajadagi bozorlar to’yingan, to’ldirilgan holdagina sodir bo’ladi. Aynan shu maqsadda mamlakatimiz rahbariyati eng avvalo mahalliy, mintaqaviy va milliy bozorlar talabini to’la qondirish asosida halqaro bozorga chiqishga, respublika mehnat taqsimotini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat bermoqda.

Mavzular.

manba