Ishlab chiqarishni joylashtirishga ta’sir etuvchi tabiiy omillar.
Umuman aytganda, har bir korxona yoki qishloq xo’jaligi ekini uchun ma’lum miqdorda xom-ashyo, yer, suv, harorat, ishchi kuchi, texnika vositalari, elektr energiyasi, transport va boshqalar kerak. Bu omillarni shartli ravishda ikki katta guruhga bo’lish mumkin: tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy omillar.
Tabiiy omillarga eng avvalo yer va uning ustki tuzilishi, qazilma boyliklar, iqlim, suv, harorat, tuproq, o’simlik va hayvonot dunyosi kiradi. Bu xususda tabiiy geografik bilimlar zarur bo’ladi. Biroq, tabiiy geografiya uchun tabiat komponentlarining kelib chiqish va rivojlanish qonuniyatlarini bilish talab qilinsa, iqtisodiy geografiya va mintaqaviy iqtisodiyotda ana shu qonuniyatlarga tayangan holda bu komponentlardan xo’jalik faoliyatida foydalanish yo’llarini o’rganish lozim bo’ladi. Shu jihatdan, tabiiy sharoit va boyliklarga baho berish, tabiiy va iqtisodiy geografiya (mintaqaviy iqtisodiyot) o’rtasidagi «ko’prikdir».
Ishlab chiqarishni joylashtirish maqsadida tabiiy komponentlar avval «donalab» tahlil qilinadi va baholanadi. So’ngra asosiy e’tibor tabiiy boyliklarning hududiy birikmalariga qaratiladi. Bu esa, ob’yektga kompleks, ya’ni atroflicha yondoshuvni taqozo etadi.
Yana shuni ta’kidlash kerakki, ma’lum bir tabiiy komponent qaysi bir xo’jalik tarmog’iga sharoit bo’lib xizmat qilsa, boshqasi uchun u resurs «ya’ni boylikdir». Masalan, yer qishloq xo’jaligida resurs, boshqa tarmoqlar (sanoat, transportda u asosan sharoit vazifasini o’taydi. Ob-havo, harorat ham xuddi shunday. Yoki rekreatsiya sohasini olaylik: bu yerda quyosh nuri, suv, qumlik, o’rmonzor sharoit emas, balki resurs hisoblanadi va h.k. Shu bilan birga ilmiy texnika taraqqiyoti natijasida sharoit resursga aylanishi ham mumkin. O’z-o’zidan ma’lumki, ishlab chiqarishni joylashtirishda, yoki aniqrog’i — joy tanlashda avvalambor resurs hisobga olinadi.
Hudud bo’yicha mutaxassis unga atroflicha baho bera olishi, qaysi soha qulay, qaysinisiga esa noqulayligini aniqlashi kerak. Unutmasligimiz lozim: tabiatda umuman yomon joy yo’q, balki nodon mutaxassis bor; har bir joy nima uchundir qulay, maqsad — shu qulaylikni aniqlash va undan o’z yo’lida to’g’ri foydalanishni ta’minlashdir.
Masalan, yer usti tuzilishining (relyef) tekislik yoki tog’likdan iboratligi xo’jalikning bir tarmog’i uchun qulaylik tug’dirsa, ikkinchisida qiyinchilikni vujudga keltiradi. Chunonchi, agar hudud tekislik bo’lsa, u holda bu yer qishloq xo’jaligi, sanoat, transport va aholini joylashtirish juda qulay. Lekin, ayni paytda bunday sharoitda daryo va daryochalar mo’l (ko’priklarni ko’plab qurish kerak), bu daryolarda yirik elektr stansiyalarini qurish sharoiti ham yo’q. Tog’lik bo’lsa, bu yerda dam olish, tog’-kon sanoati, suv energetikasi, o’rmon xo’jaligini rivojlantirish mumkin. Ammo bunday sharoit sug’orma dehqonchilik, qayta ishlash sanoati, aholi manzilgohlarini joylashtirish uchun qulay emas. Shunga o’xshash misollarni juda ko’plab keltirish mumkin.











