Jahon xo’jaligi va uning taraqqiyoti bilan bog’liq bo’lgan g’oyalar.
Jahon xo’jaligi va uning taraqqiyoti bilan bog’liq bo’lgan g’oyalar. Jahon xo’jaligi tizimi (bu tushuncha asoschisi amerikalik I. Vallerstayn), uning taraqqiyotidagi sikllar davriy, tarixiy xususiyatga ega. Bunday yondashuvni tik emas, gorizontal, ya’ni geografik jihatdan ham qo’llash mumkin. Natijada, iqtisodiyot rivojlanishining hududdan-hududga o’tishi, bizning iboramizda «geografik konveyr» yoki estafeta ko’z oldimizga keladi.
N.D. Kondratyev jahon xo’jaligi dinamikasida 5 ta sikl ajratadi, ulardan to’rttasi industriya davriga, oxirgi 5-undan keyingi, ya’ni postindustrial davrga to’g’ri keladi. Bu davrda elektronika, lazerlar texnologiyasi, biotexnologiyalar ustuvor ahamiyatga ega. Xuddi shunga o’xshash hududiy-iqtisodiy rivojlanishning ketmaketligini kuzatish mumkin.
Bu o’rinda I. Mechnikovning jahon sivilizatsiyasi bosqichlari va bunda buyuk tarixiy daryolarning roli haqidagi asarini ham e’tibordan chetga qoldirmaslik kerak. Muallif jahon madaniyati va taraqqiyotida daryo, O’rta dengiz va okean sivilizatsiyalarini ajratadi. Ular bir vaqtning o’zida emas, balki turli davrlarda, birining o’rnini ikkinchisini olishi bilan yuzaga kelgan.
Darhaqiqat, jahon taraqqiyoti Uzoq Sharq, Yaponiya va Xitoydan boshlanib, O’rta va Yaqin Sharqqa, undan O’rta dengiz va Pireney yarim oroliga, ulardan Angliya va nihoyat Amerikaga (AQSh)ga ko’chdi. Hozirgi davrda tarixni, iqtisodiyijtimoiy hayotni rivojlantiruvchi mintaqalar «uchburchagi», ya’ni AQSh-G’arbiyYevropa-Yaponiya hisoblanadi. Ayni vaqtda, yetakchi kuchning asta-sekin yana sharqqa ko’chishi alomatlari sezilmoqda.
Ayni vaqtda buni Yaponiya ta’siri va boshchiligida yangi industrial mamlakatlar — Janubiy Koreya, Singapur, Tayland, Malayziya, Indoneziya jadal sur’atlar bilan rivojlanishida ko’ramiz. Demak, bizning nazarimizda, iqtisodiy taraqqiyotning sikl xususiyatiga ega ekanligi faqat davr, vaqt doirasidagina emas, balki Yer shari, global geografik makonda ham sodir bo’lmoqda. Bu esa albatta jahon xo’jaligining rivojlanish va uning hududiy tarkibiga ta’sir qiladi.
Shu bilan birga mintaqa iqtisodchilari, iqtisodiy geograflar V. Leontyev va U. Izardlarning tarmoqlararo va hududlararo balansi hamda mintaqaviy iqtisodiyot fani to’g’risidagi ilmiy g’oyalarini, Zipfa va Styuart, Dj.Fridman kabilarning shaharlar rivojlanishi, boshqa olimlarning «dunyoviy shaharlar» haqidagi yangi ishlarini ham bilishlari lozim. Zero, ularning barchasi ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish bilan bevosita bog’liq.
Biz yuqorida ishlab chiqarishni joylashtirishning ilmiy g’oyalarini asosan G’arb olimlari asarlari bo’yicha talqin qildik. O’z-o’zidan savol tug’ilishi tabiiy: nahotki uzoq tarixga, madaniyatga ega bo’lgan o’zimizning yurtimizda bunday ishlar qilinmagan bo’lsa? Shubha yo’q, albatta bu borada ham o’lkamiz katta va boy merosga ega.
Muammo faqat ularni tarixiy manbalardan qidirib topish, o’rganish, targ’ib va tashviqot qilish, amalga tatbiq qilishdan iborat bolmog’i lozim. Masalan, bu yerda, xususan dehqonchilikni rivojlantirish va joylashtirish, sug’orish inshootlarni qurish va foydalanish, savdo va hunarmandchilik sohalari, shaharsozlik to’g’risida dunyo ahamiyatiga molik ixtirolar yaratilgani sir emas.
Matematika, tibbiyot va boshqa fanlar tug’ilgan bu Ona zamin ijtimoiy-iqtisodiy hayotning boshqa sohalariga, jahon madaniyati va tarixiga ham o’zining munosib hissasini qo’shgan.
Tayanch tushunchalar
- Ishlab chiqarishni joylashtirishga ta’sir etuvchi tabiiy omillarga – yer va uning ustki tuzilishi, qazilma boyliklar, iqlim, suv, harorat, tuproq, o’simlik va hayvonot dunyosi kiradi.
- Ishlab chiqarishni joylashtirishga ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy omillar – aholi va mehnat resurslari, transport, ilmiy-texnika taraqqiyoti, ijtimoiy va ishlab chiqarish infrastrukturasi kabilardan tashkil topadi.
- Sanoat parki – yo’l, yer osti va usti qurilmalari, elektr uzatuvchi shaxobchalar, turar joy, maishiy xizmat ko’rsatish ob’yektlari mavjud bo’lgan hamda yangi ishlab chiqarishni, qo’shma korxonalarni o’ziga jalb qiluvchi hudud.
- Merkantilizm – biror bir mamlakatni halqaro iqtisodiy munosabatlarda o’zining ichki bozoriga chet el mahsulotlarini kiritishga qarshi siyosat olib borishi ya’ni importni cheklash siyosati demakdir.
- Fritredizm – ya’ni erkin savdo degan ma’noni bildiradi. Jahon bozorini erkin iqtisodiyot, ochiq savdo tizimiga o’tishi.
Jahon xo’jaligi va uning taraqqiyoti bilan bog’liq bo’lgan g’oyalar.











