KALLA SUYAGINING YOSHGA QARAB O’ZGARISHI.

Yangi tug`ilgan chaqaloqlar kallasining miya qismi, yuz qismiga nisbatan rivojlangan bo`ladi. Chunki ularda chaynov mushaklari, tishlar yaxshi rivojlanmagan bo`ladi.
Yangi tug`ilgan chaqaloqlar kalla suyagida rivojlanishning birinchi biriktiruvchi to`qima bosqichini tashkil etadigan, liqildoqlar bo`ladi: 1) oldingi liqildoq peshona va tepa suyaklar orasida bo`lib, 2 yoshda bitib ketadi; 2) orqadagi liqildoq tepa va ensa suyaklari orasida bo`lib, 2 oylikda bitib ketadi; 3) oldingi yon liqildoqlar ponasimon suyak, peshona suyagi, tepa suyagi va chakka suyaklari orasida joylashib, 2-3 oylikda bitib ketadi; 4) orqadagi yon liqildoq chakka, tepa va ensa suyaklari orasida joylashib, 2-3 oylikda bitib ketadi.
Kalla asosidagi suyaklar orasida tog`ay moddasi bo`lib, bu taraqqiyotning tog`ay bosqichini eslatadi. Kallaning o`sishi liqildoqlar sohasidagi biriktiruvchi to`qima va kalla asosidagi tog`ay moddalar hisobiga bo`ladi. Yangi tug`ilgan bolada kalla suyaklaridagi do`mboqlar, o`siqlar rivojlanmagan bo`ladi. 7 yoshgacha kalla suyagi uning orqa qismidagi suyaklar hisobiga kattalashadi. 7 yoshdan balog`at yoshigacha kallaning miya qismidagi suyaklar, 15 dan 24-26 yoshgacha yuz suyaklari rivojlanadi. Keksayib qolganda tishlarning tushishi hisobiga kalla suyagi o`zgaradi.
KALLA SUYAGI SHAKLI
Kalla suyagida tashqi tarafdan katta ko`ringan suyaklarning ichki qismi bo`shliqdan iborat bo`ladi. Havo saqlaydigan bo`shliqlar yuqori jag` suyagida; peshona suyagi ichida; asosiy suyak tanasining ichida g`alvirsimon suyak ichida bo`ladi. Bu bo`shliqlar quyidagi vazifalarni bajaradi:
1) kalla suyagini yengillashtiradi; 2) burun bo`shlig`iga ochilganligidan havoni ilitadi; 3) bo`shliqlarning ichki yuzasi shilliq qavat bilan qoplanganligi uchun havoni changdan tozalaydi va namlaydi; 4) gapirish jarayonida rezonans hosil etib, tovushni to`g`ri talaffuz etishda qatnashadi.
Kalla suyagining ichki tuzilishi bosh miya taraqqiyoti bilan bog`liq bo`ladi. Avval bosh miya taraqqiy etadi. Uning atrofidagi kalla suyaklarida nervlar, qon tomirlar o`tishi uchun teshiklar va kanallar hosil bo`ladi. Kallaning yuz qismi taraqqiyoti esa, chaynov va mimika mushaklarining taraqqiyoti bilan bog`liq bo`ladi. Kalla suyagining tashqi tuzilishi o`sayotgan sharoitga bog`liq bo`ladi. Afrikaning ba’zi xalqlari yangi tug`ilgan bolalarni ensa qismiga taxta qo`yib, peshona suyagi atrofidan boylab qo`yishadi. Natijada kalla suyagi o`zunlashib, gumbaz shaklida taraqqiy etadi. Kalla suyagining shakli, odamning aqlli yoki aqli past ekanligini belgilamaydi.
KALLA SUYAGINING YOSHGA QARAB O’ZGARISHI.





