Kishilik olmoshlari haqida dastlabki tushunchalarni shakllantirish.
Boshlang‘ich ta’limda faqat kishilik olmoshlarini o‘rganiladi. 4-sinfda kishilik olmoshlari haqidagi dastlabki umumiy tushuncha beriladi; ularning kelishik qo‘shimchalari bilan turlanishi va imlosi o‘rgatiladi.
Kishilik olmoshlari bilan o‘quvchilarni tushuntirishda predmetni nomlamasligi, ular faqat ko‘rsatish uchun xizmat qilishi bilan tanishtiriladi. Boshlang‘ich sinfda kishilik olmoshlarini ot bilan almashinib qo‘llanishiga alohida to‘xtalinmaydi. Chunki men, sen olmoshlari hech qachon ot bilan almashinib qo‘llanmaydi: men o‘qiyapman, sen o‘qiyapsan deyish mumkin, lekin Salima chiqyapman, Salima o‘qiyapsan, qiz tikyapman tarzida qo‘llanmaydi. Lekin III shaxs kishilik olmoshi ot bilan almashinib qo‘llanmaydi: qiz tikyapti – u tikyapti. O‘qituvchi kishilik olmoshlari bilan tanishtirayotganda shunga diqqat qaratish lozim. Kishilik olmoshi haqidagi dastlabki ma’lumot badiiy asardan keltirilgan og‘zaki nutqqa doir misollarni kuzatish va tahlil qilish orqali beriladi.
Kishilk olmoshlarini o‘rgatish jarayonida o‘quvchilarda quyidagi bilim va ko‘nikmalar hosil qilinadi; va men, sen, u, biz, siz, ular kishilik olmoshlari, ular kim so‘rog‘iga javob bo‘ladi; kishilik olmoshlari so‘z turkumi; kishilik olmoshlari 3ta shaxsni birlik va ko‘plikda ifodalaydi; -ni,-ning, qo‘shimchalari men, sen olmoshiga qo‘shilganda o‘zakdagi n tushib qoladi; u olmoshiga –ga, -da, -dan, qo‘shimchalari qo‘shilsa bir n tovushi orttiriladi kabi bilimlar; olmoshlarni nutqda to‘g‘ri va o‘rinli qo‘llash, ularni kelishikli holatda to‘g‘ri yozish, so‘roqlar yordamida aniqlash va farqlash ko‘nikmalari hosil qilinadi.
Olmosh so‘z turkumi suhbat, yarim izlanishli muammoli metod, induktiv metodlarda tushuntiriladi. Bu metodlarning qaysi birida tushuntirilsa, shunga mos usul va ish turlari tanlanadi. O‘quvchilar olmoshlarning kelishik bilan qo‘llanishini hali o‘rganmagani uchun dastlabki tanishtirishda bosh kelishikdagi olmoshlar qatnashgan gap tanlanadi.
Kishilik olmoshlarini o‘rgatish uchun quyidagi misollar asosida suhbat o‘tkazish mumkin.
Men o‘rtoqlarim bilan suhbatlashdim.
Sen kelsang, men shu yerdaman, deb qo‘y…
U kela qolsa, gaplarimni aytsam!
Birinchi gap o‘qitiladi.
-Bu gap kimga tegishli? (Yayraga)
-Kim suhbatlashdi? (Yayra)
-Men so‘zi o‘rniga Yayra so‘zini qo‘yib aytish mumkinmi? (Yo‘q.. Bolalar qo‘yib o‘qib ko‘radi va ishonch hosil qiladi). Harakatni kim bajaryapti? (Men). Men so‘zi qaysi so‘roqqa javob bo‘ladi? (Kim?) U gapda qaysi bo‘lak vazifasida kelyapti? (Ega)
Ikkinchi gap o‘qitiladi:
-Bu gapni kim aytyapti? (Yayra) U kimga murojaat qilyapti? (O‘rtog‘iga) Qaysi so‘z o‘rtog‘i so‘zini bildiryapti? (Sen) Sen so‘zi qachon qo‘llanar ekan? (Biror murojaat qilganda qo‘llanadi). Sen qaysi suroqqa javob bo‘ladi? (Kim?) Uqaysi gap bo‘lagi vazifasida kelyapti? (Ega).
Uchinchi gap yuzasidan taxminan quyidagicha savollar beriladi: -Bu gap kimga tegishli? (Bolaga) Bu predmetning nomi aytilyaptimi? (Yo‘q) Bola so‘zi o‘rnida qaysi so‘z kelyapti?(U) Bu so‘z qachon qullanar ekan?(Fikr biror shaxs haqida (kim haqida) borsa qo‘llanadi) Demak, bu gapda shaxs nomi qo‘llanmayapti, uni, ko‘rsatuvchi so‘z qo‘llanayapti.
Shundan so‘ng suhbat quyidagicha umumlashtiriladi: Predmetni nomlamay uni ko‘rsatayotgan so‘zlarni sanang (Men, sen, u) Ular qanday so‘roqqa javob bo‘lyapti? (Kim?) U qaysi gap bo‘lagi vazifasida kelyapti? (Ega)
O‘quvchilar javobiga aniqlik kiritiladi: Men, sen, u –so‘z turkumi. Bu so‘z turkumining nomi olmosh deb yuritiladi. Men, sen, u –kishilik olmoshlari. Men –I shaxsni, sen- II shaxsni, u- III shaxsni ko‘rsatadi. Shundan so‘ng biz, siz, ular olmoshlari yuzasidan suhbat o‘tkaziladi. Kishilik olmoshlarining birlik va ko‘pligi taqqoslash orqali tushuntiriladi va qachon men, sen, u, qachon biz, siz ular ishlatilishi ustida ishlanadi. Egalik qo‘shimchalari ifodalaydigan 3 ta shaxs: so‘zlovchi(men), tinglovchi (sen), o‘zga (u) eslatiladi va u kishilik olmoshlari bilan bog‘lanadi. Olmoshning gapda ega vazifasida kelishi aytiladi.
Kishilik olmoshlarining ko‘pligini tushuntirishda” biz Vatan haqida ko‘p maqollar bilamiz? Siz ham shunday maqollardan bilasizmi? Tarzidagi gaplardan foydalanish mumkin. O‘quvchilarning kishilik olmoshlari yuzasidan olgan tushunchalari bir necha dars davomida mustahkamlanadi. Bunda kishilik olmoshlariga so‘roq berish, qaysi so‘roqlarga javob bo‘layotganini aniqlash, matndan kishilik olmoshlarini topish, ularni o‘zi bog‘langan so‘z bilan ko‘chirish, kishilik olmoshlari ishtirokida gap tuzish, ularni gapda qanday bo‘lak bo‘lib kelayotganini aniqlash, kishilik olmoshlarining shaxs-sonini aytish, berilgan fe’llarga mos kishilik olmoshlarini tanlash va gap tuzish. (Onamga yordam berdim.
Onangga yordam berdingmi? Onasiga yordam berdimi?) kabi topshiriqli mashqlar bajariladi. Ayrim matnlar shaxsini o‘zgartirib ijodiy qayta hikoyalatiladi.






