KO‘CHIMLAR VA TURLARI HAQIDA MA’LUMOT.

0
KO‘CHIMLAR VA TURLARI HAQIDA MA'LUMOT.

KO‘CHIMLAR VA TURLARI HAQIDA MA'LUMOT.

KO‘CHIMLAR VA TURLARI HAQIDA MA’LUMOT.

Ko’chimlar deyilganda «adabiy asarning badiiy qimmatini, ifodaliligini, ekspressivlikni kuchaytirish uchun bir narsaning nomini, belgisini ikkinchisiga ko’chirish yoki so’zlarning umuman ko’chma ma’noda ishlatilishni» nazarda tutiladi. So’z ma’nosining ko’chish jarayonlari turli ko’rinishlarda voqe bo’ladi, bu jarayonlar va ularning natijalari sifatida yuzaga keladigan hodisalar, bu hodisalarning turlari, o’ziga xos xususiyatlari kabi masalalar o’zbek tilshunosligida ancha batafsil o’rganilgan. Ko’chimlar deyarli ko’pchilik adabiyotlarda «troplar» atamasi ostida o’rganilgan.

«Badiiy tekstning lingvistik tahlili” qo’llanmasida ko’chimlar quyidagicha tasnif qilingan: «1.So’z ma’nosining miqdoriy ko’chishiga asoslangan troplar: a) giperbola; b) meyozis, 2. So’z ma’nosining sifatiy ko’chishiga asoslangan troplar: a) metafora; b) metonimiya; v) ironiya.» qolgan tasviriy vositalar mazkur ko’chimlarning ko’rinishi sifatida beriladi: «simvol, jonlantirish, epitet – apastrofa – metaforaning; perifraza, sinekdoxa, allegoriya, epitet – metonimiyaning; antifraza, sarkazm – ironiyaning; litota meyozisning ko’rinishlaridir» Badiiy matnning lingvopoetik tahliliga   tartganda ko’chimlar deb ataladigan tasviriy vositalarning   deyarli barchasining asosida o’xshatish, chog’ishtirishdan iborat mantiqiy tushuncha yotganligini unutmaslik kerak.

Metafora. Narsa-buyum, voqea va hodisalar o’rtasidagi o’zaro o’xshashlikka asoslangan ma’no ko’chishiga metafora deyiladi. Metafora ko’chma ma’no hosil qilishning eng kenq tarqalgan usullaridan biri bo’lib, mumtoz adabiyotshunosligimizda  “istiora” deb yuritilgan. Metaforaning ikki turini farqlash lozim: lingvistik metafora va xususiy-muallif metaforalari. Lingvistik metaforalar til taraqqiyoti bilan bog’liq hodisa hisoblanadi. «Bunday metaforalar asosan, atash, nomlash vazifasini bajarganligi uchun ularda uslubiy bo’yoq, ekspressivlik, binobarin, ular ifodalagan nutq predmetiga nisbatan subyektiv munosabat aks etmaydi». Faqatgina ma’lum bir so’zning ma’no doirasi kengayadi hamda yangi tushunchalarni atash uchun xizmat qiladi. Masalan: odamning oyog’i, odamning ko’zi uzukning ko’zi, ko’ylakning etagi –  tog’ning etagi kabi. Xususiy-muallif metaforalari esa yozuvchining estetik maqsadi, ya’ni borliqni subyektiv munosabatini qo’shib ifodalagan holda nomlashi asosida yuzaga keladi. Ular uslubiy jihatdan bo’yoqdorlikka va voqelikni obrazli tasvirlash xususiyatiga ega bo’ladi. Shuning uchun ham badiiy matnda qahramonning histuyg’ularini ta’sirchan, yorqin bo’yoqlarda, aniq va ixcham ifodalashga xizmat qiladi. Xususiy-muallif metaforalarida hamisha konnotativ ma’no mavjud bo’ladi.

«Metafora orqali ma’no ko’chishida konnotativ ma’no yorqinroq aks etadi. Masalan, ot, eshak, qo’y, it, bo’ri, tulki, yo’lbars, boyo’g’li, musicha, burgut, lochin, qaldirg’och, bulbul kabi hayvon va qushlarning nomlari bo’lgan leksemalar mavjudki, bu so’zlar o’z ma’nosidan tashqari, ko’chma ma’noda juda keng qo’llanadi. Otning baquvvatligi, eshakning aqlsizligi, qo’yning yuvoshligi, itning vafodorligi, mushukning epchilligi, tulkining ayyorligi, burgutning changallashdagi kuchliligi, lochinning ko’zi o’tkirligi kabi tipik xususiyatlari boshqa predmetlarga nisbatan metaforik usulda ko’chiriladi, natijada konnotativ ma’no yuzaga keladi hamda matnning ta’sirchanligi oshadi» .

Metafora bilan o’xshatish konstruktsiyaning o’zaro farqi haqida tilshunoslarimiz o’zlarining fikrlarini aytib o’tishgan. Ularda asosan quyidagi farqlar sanab o’tiladi: 1. O’xshatishda so’zlar o’z ma’nosi bilan ishtirok etadi. 2. O’xshatishda ikki komponent – o’xshatiluvchi o’xshatiluvchi obyekt va o’xshovchi obraz qiyoslanadi. Metafora esa bir komponentli bo’ladi. 3. O’xshatishlarda kengayish imkoniyati ko’p, bir gap hatto abzas darajasida kengayishi mumkin. Metaforalar esa so’z yoki so’z birikmasidan iborat bo’ladi. 4. O’xshatishda maxsus ko’rsatkichlar bo’ladi: -dek, -day, –simon, larcha, kabi, singari, ko’rsatkichlar bo’lmaydi. Buni quyidagi misoldan ham ko’rish mumkin: Karim tulkiday ayyor odam.O’xshatish konstruktsiya, Bunda Karim – o’xshatish subyekti, tulki – o’xshatish etaloni, ayyor – o’xshatish asosi, -day – o’xshatishning shakliy ko’rsatkichi. Bu to’liq o’xshatish. Karim – tulki. Bu qisqargan o’xshatish, chunki gapda o’xshatish asosi (qaysi xususiyati o’xshashligi) va ko’rsatkichi ifodalanmagan. Voy, tulki-yey… (Karimga nisbatan ishlatilmoqda) Bu  Metafora hisoblanadi. Chunki, Karimning ayyorligi obrazli tarzda ifodalanyapti, butunlay qayta nomlanyapti. Metaforalarga misollar: 1. Eshshak, bu nima qilganing? 2. Qamoqxonalarning «telegrafi» (gap tashuvchi, ayg’oqchi) juda aniq ishlaydi. 3. – Ko’ksiga pichoq sanchibdi, – dedi barak

navbatchisi. -Battar bo’lsin! Itga it o ‘limi. Mahbuslar baribir uni tirik qo’yishmasdi. 4. – Oshga pashsha tushdi, aka! – dedi qo’rqa-pisa… «Devoriy gazeta» o’Igur keldi. 5. Qishdan qolgan qarg’alar. 6. Buqalamun bilan uchrashuv. (S.Ahmad) 7. Otabek bu cho’ltoq supurgini tanidi va uning istehzolarini payqadi (A. Qodiriy)

Ayrim manbalarda metaforalarning mazmuniy jihatdan uch turi mavjudligi aytiladi: odatiy, jonlantirish va sinestetik metaforalar78. Yuqorida ko’rib o’tilgan metaforalarning barchasi, asosan, odatiy metaforalardir. Jonlantirish badiiy nutqqa obrazlilik baxsh etuvchi muhim vositalardan biridir. «Badiiy san’atlar» kitobi mualliflari bu haqda shunday yozadilar: «Jonlantirish – istioraning bir ko’rinishi.

Jonlantirish odamlarga xos bo’lgan xislatlarni jonsiz predmetlar, tabiat hodisalari, hayvonot, parranda, qush kabilarga ko’chirish orqali paydo boladigan tasvir usulidir”79. «O’zbek tili stilistikasi»da ham “kishining harakatlari, his-tuyg’ulari, so’zlash va fikrlashlari jonsiz predmetlarga ko’chirilishi” ga80 jonlantirish deyilishi ta’kidlanadi. Mumtoz adabiyotimizda jonlantirishning ikki turi farqlangan: 1. Tashxis –shaxslashtirish, jonsiz narsalarni insonlarday tasvirlash. She’riyatda jonlantirishdan voqelikni obrazli tasvirlash maqsadida foydalaniladi. Tasvir obyektiga kitobxonni yaqinlashtirish, voqelikning anglanishini osonlantirish va quruq-rangsiz ifodadan qochish uchun ham mazkur usulga murojaat qilinadi. Quyidagi she’riy parchada mualiif “kuz”ni jonlantirish orqali kitobxonning tasvirlanayotgan voqelikka munosabatini faollashtiradi:

Nimani xohlayman? Istagim nima?

Changalzor shovqinin tinglab turaman.

Yaproqlar bandida kezgan jimgina Ma’yus va bezovta kuzni ko’raman.

Unlng qo’shig’ida, uning ohida

Sezaman odamzod qalbin gohida. (A.Oripov)

Yoxud jonsiz narsaga insonga murojaat qilgandek munosabatda bo’lish ham jonlantirishning bir ko’rinishi hisoblanadi. Adabiyotshunoslikda bu hodisa apastrofa deb yuritiladi. Bunda narsa-buyum jonlantirilmaydi, faqat jonli deb tasavvur qilinadi. Bu usuldan qahramonning hech kimga aytolmagan ichki dardlarini, sirlarini oshkor qilishda foydalaniladi. Masalan: Osmonga intilgan daraxtlar, ildizingiz yerdaligini bila turib, kelib-kelib sizni quchgan ko’k bag’rini tilasizmi? Har bahor yashillikka aldanganingizni hazon pallasida sezmaysizmi yo hammasini bila turib, hammasini seza turib shamol izniga bo’ysunasiz, shitirlaysiz. Men ham shivirlayman… Sizga ingan shudring mening ko’z yoshim… Bilaman, bor dardimni to ‘kib solmasam ham voqifsiz ahvolimdan. Zotan, siz tirik xotirasiz. Bebosh yaproqlarmng shivir-shiviri, mungli yomg’ir kuy, egilmachoq maysalar, injiq shamol, chuchmoma xo’rsinig’i, yuragimning ado bo’lmas o’kinchi, siz soddagina daraxtlarim va men egilishni eplolmagan asov g’alayon – hammamiz yolg’iz sog’inch bilan bog’langanmiz.          (Y.

Akram)

  1. Intoq – nutq sohibi sifatida tasvirlash, insonlardek gapirish demak. Intoq bolalarga atalgan she’r va hikoyalarda, ertak va masallarda ko’p qo’llaniladi. Intoq san’atidan masallarda alohida maqsad bilan foydalaniladi. Insonlarga xos ba’zi qusurlar kamchiliklar narsa-buyumlar misolida obrazli qilib ko’rsatib beriladi. Yevropa adabiyotshunoslik ilmida allegoriya deb ataladigan ko’chim ham «gapirtirish» usuliga asoslanadi. Intoq-jonlantirishda narsa va buyumlar, hayvonlar insonlardek gapiradi. Allegorik-jonlantirishda «hayvon va jonivorlar insonlar kabi harakat qiladi, ular kabi gapiradi. O’quvchi esa asosiy e’tiborini shu hayvonlar orqali tasvirlanayotgan inson obraziga qaratadi.Demak, allegoriyada obrazlar sistemasi ikki qator hisoblanadi, ya’ni asarda tasvirlanayotgan hayvonlar obrazlari qatori va ular orqali shu xarakterdagi kishilar qatori»81. Muxtor Xudoyqulovning «Sher bilan pashsha” deb nomlangan masalida ham ayrim insonlarga xos maqtanchoqlik, yolg’on ishlatib bo’lsa ham obro’ topishga urinish illati obrazli ifodasini topgan: Bir pashsha Sherning qulog’iga bir zum qo’ndi-yu, uchib ketdi. So’ng ko’ringanga maqtandi:– Biz Sher bilan juda yaqinmiz, ko’p masalalarda u men bilan maslahatlashib turadi… Pashshalarga ishonmang!

Sinestetik metaforalarda bir sezgi organi bilan idrok etiladigan «tushuncha boshqa sezgi organi bilan idrok etiladigan narsa-tushunchaga o’xshatiladi, yaqinlashtiriladi va shu asosda ko’chma ma’no yuzaga keladi. Masalan: Shirin tabassum, shirin gap, shirin uy; yengil tabassum, yengil nigoh, yengil qadam, og’ir tush, og’ir gap, og’ir masala kabi. Bu misollarda keltirilgan shirin, yengil, og’ir sifatlarida sinestetik metafora sodir bo’lgan. Maza-ta’m ma’nosini bildiruvchi «shirin» va o’lchovni ifodalovchi «yengil» so’zlari «yoqimli» ma’nosida, «og’ir» so’zi esa

«yoqimsiz» ma’nosida kelgan.

Metonimiya deb voqea-hodisa, narsa-buyumlar o’rtasidagi o’zaro yaqinlik va bog’liqlik asosida ma’no ko’chishiga aytiladi. Metonimiya ham qiyosga asoslanadi. Faqat «metaforada bir-biriga o’xshash predmetlarning belgilari qiyoslansa, metonimiyada bu ikki predmet tashqi ko’rinishi yoki ichki xususiyatlari bilan birbiriga qandaydir aloqasi bo’lsa ham, ammo, umuman bir-biridan farq qiluvchi (birbiriga o’xshamagan) predmetlarning belgilari chog’ishtiriladi»82.

Masalan:...yaxshiliqmi, yomonliqmi haytovur bo’ladirgan ko’ngilsiz gapni kechikkani yaxshi… Fuzuliyni yaxshilab o’qish kerak. (A.Qodiriy) Ushbu gapda muallif va uning asarlari o’rtasidagi aloqadorlikka asoslanib, «asar» muallif nomi bilan qayta nomlanyapti. Yoki; Saroy tinch uyquda, tun yarim (A.Qodiriy). Bu misolda «saroy” so’zi orqali «saroydagi odamlar» ma’nosi ham ifodalangan. Metonimiyaning turli ko’rinishlari mavjud va bu haqda tilshunoslikka oid adabiyotlardan atroflicha ma’lumot olish mumkin. Biz sizga bir mansurani havola qilmoqchimiz. Unda muallifning metonimik qayta nomlash usulidan mahorat bilan foydalanganiga o’zingiz guvoh bo’lasiz:

Xemengueyni o’qish

–  Aka  Xemenguey  ham badimga urib ketdi, – dedi buxorolik shoir. – Endi  o’qiyapman Jabron Xali, Folkner, Frishni.

 O’sha kuni uyga keldim. Yana kezib chiqdim o’zim sevgan Ernst olamlarini.

           To’g’ri ekan. Badga urishi mumkin ekan hatto Xemenguey ham.

 Agar o’z erking ko’rinsa juda uzoq. Ishonching darz ketsa.   Tuyulsa omonat, liqildoq.

 Muomalaga o’rgatar Xemenguey. Olijanob muomalaga. Biz esa tobora  yiroqlashib boryapmiz bunday muomaladan. (I.G’afurov)

Sinekdoxa deb butun bo’lak munosabatiga asoslanuvchi ma’no ko’chishiga aytiladi. Adabiyotlarda «ko’plik o’rnida birlik yoxud birlik o’rnida ko’plik shakllarini qo’llash yo’li bilan ham sinekdoxalar yaratish mumkin»ligi83 aytilgan. Daraxtlar sarg’aydi, olma gulladi, qo’limni kesib oldim birikmalarida butunning nomi bilan bo’lak; har ishga burnini suqmoq, tirnoqqa zor, jamoaning qo’li baland keldi kabi birikmalarda qismning nomi bilan butun ifodalanyapti. Badiiy nutqda sinekdoxadan ixchamlilik va ifodalilikni ta’minlash maqsadida foydalaniladi.

Kinoya deb «til birligini uning haqiqiy ma’nosiga qarama-qarshi ma’noda, kesatiq, qochirim, piching bilan ishlatishdan iborat ko’chim»ga84 aytiladi. Kinoya qadimdan adabiyotimizda ta’sirchan ifodalar yaratishda qo’llanilib kelingan. Yevropa adabiyotshunosligida bu hodisa «ironiya» atamasi ostida umumlashtiriladi. Uning antifraza (masxara, u yoki bu ijobiy xususiyatni kulgi, kalaka yo’li bilan inkor qilish) hamda sarkazm (zaharxanda ta’na, istehzoli piching, shama) deb ataluvchi ko’rinishlari farqlanadi. Mohir so’z ustasi, xalqimizning ardoqli adibi Abdulla Qahhor asarlarida kinoyaning nodir namunalarini uchratish mumkin. U «Mayiz yemagan xotin», «Adabiyot muallimi», “Nutq” kabi hajviy hikoya va fel’etonlarida kinoyaning turli ko’rinishlaridan foydalangan holda betakror obrazlar yaratgan. Masalan, adibning «Mayiz yemagan xotin» hikoyasidagi ironik bo’yoqlarda tasvirlangan mulla Norqo’zi ana shunday obrazlardan hisoblanadi: “Ayo; kishi erkakka qo’l berib so’rashdimi, bas!.. Ro’za tutgan kishi og’zini chayqasa, suv tomog’iga ketmasa hamki, ro’zasi ochiladi – shu og’iz chayqashdan bahra oladi-da! Abdulhakimning qiziga usta

Mavlonning o’g’li bir hovuch mayiz berganini o’z ko’zim bilan ko’rganman. Hayo bormi shularda? Shariat yo’li xo’p yo’l. O’n bir yasharida paranji yopinmagan qizdan qo’lni yuvib qo’itiqqa ura bering. Paranji hayoning pardasi-da!”

Perifraz deb ataluvchi tasviriy ifodalar ham badiiy nutqning emotsionalekspressivligini ta’minlovchi uslubiy vositalardan hisoblanadi. Perifraz deb “narsa, hodisani o’z nomi bilan emas, ularni xarakterli belgi – xususiyatlari asosida tasviriy usul bilan ifodalash”ga aytiladi. Shuni unutmaslik kerakki, har qanday narsa – hodisa nomini boshqa ibora bilan atayverish kutilgan effektni bermaydi. Atalayotgan hodisa bilan yangi nom–ibora o’rtasida mazmuniy yaqinlik bo’lishi lozim. Masalan, uchuvchilar – samo lochinlari, akula – suv osti hukmdori, sher – hayvonlar sultoni,

Samarqand – Sharq darvozasi, teatr – ma’naviyat o’chog’i, yoshlik sevgi fasli kabi.

Mubolag’a, grotesk va kichraytirish. Narsalarni, voqea va hodisalarni, histuyg’ularni, belgi-xususiyatlarni o’ta bo’rttirib tasvirlashga mubolag’a (yoki giperbola) deyiladi. Mubolag’a ham tasvirning ta’sirchan chiqishiga, obrazli ifodalanishiga xizmat qiladi. “Mubolag’aning so’z ma’nosining ko’chishiga asoslanishi uning troplar guruhiga mansubligini ko’rsatsa ham, u tropning boshqa ko’rinishlaridan farq qiladi. Chunki tropning boshqa ko’rinishlarida ko’chma ma’no ma’lum bir belgi asosida o’xshatish, taqqoslash, voqea-hodisa yoki predmetlar o’rtasidagi bog’liqlikka ko’ra bo’lsa, mubolag’a esa to’g’ri ma’noda tushunmaslikni talab etadi»86. Mubolag’aga asoslangan ko’chim badiiy matnga nutq predmetiga nisbatan tinglovchi yoki kitobxon e’tiborini tortish va nutqning emotsional-ekspressivligini ta’minlash maqsadi bilan olib kiriladi. Mubolag’ada ifodalanayotgan  axborot tabiiyki, hayot haqiqatiga mos kelmaydi. Lekin me’yor buzilsa kutilgan effektga erishilmasligi ham mumkin. Aslida «mubolag’ali nutqning asosiy maqsadi axborot berish emas, balki, tinglovchi yoki o’quvchiga ta’sir qilishdir». Masalan, quyidagi parchada yozuvchi qahramon portretini mubolag’ador qilib tasvirlash orqali komik effekt yaratishga muvaffaq bo’lgan: Mahallamizda Mamajon lo’mboz degan devdek kishi bo’lardi. Bo’yi unchalik daroz emasdi-ku, ammo eniga qarichlab o’lchasa, ikki gazdan oshiq chiqardi. O’tirganda dumbasi quymoqqa o’xshab yoyilib ketib uch gazga doira yasardi. Qorni shu qadar osilib ketganki, o’tirganda yerga yozsa bir ko’rpachalik joyga nari ketib qolardi.Kindigi qichiganda qo’li yetmay, otashkurak bilan qashlardi. (S.Ahmad)

Mubolag’a yo’li bilan komik effekt yaratishmng yana bir usuli grotesk deb ataladi. «Grotesk fransuzcha so’z bo’lib, kulgili, g’ayri tabiiy degan ma’nolarni bildiradi. Grotesk satirada haqiqiy holni fantaziya bilan qo’shib vahimali hamda kulgili tarzda bo’rttirib tasvirlashdir. Grotesk haqiqatni inkor etmaydi, balki haqiqatni haqiqatsimon g’ayri tabiiy shakllarda yana-da ta’sirliroq ifodalash san’atidir». Abdulla

Qahhorning ko’pgina feletonlarida turmushda uchrab turadigan salbiy holatlar, ijtimoiy va ma’naviy illatlar grotesk usulida oshkor qilinadi. Adibning «Bildirish» deb nomlangan feletonida o’zini duoxon va tabib deb atab odamlarni laqillatishni kasb qilib olgan «Cho’loq domla» haqida so’z boradi. U qabul qiladigan kasallar ham, tavsiya qiladigan dori-darmon ham, ish tarzi ham g’ayri tabiiy tarzda ifodalanadi: Qabul qiladigan kasallar: Kindigiga bod to’xtagan, ko’kragi shishgan, tug’maydigan xotinlar, ishq dardiga mubtalo bo’lgan laylilar, majnunlar, parilar, yuk tashlagan kelinlar. Ayniqsa, xazonrezgi, toshqizig’i vaqtida qaytalanadigan jinni hamda arvoh urganlar va boshqalar… Dorilardan namunalar: Qo’ziqorinning bargi, havoning yog’i so’ngra mo’rining qurumi, chilimning suvi, aravaning g’ij-g’iji va bundan bo’lak turli-tuman attormng qutisida yo’q dori-darmonlar.

Jinnilarni tuzatish borasidagi ikki so’nggi tajribamiz Qo’qonning Mirtohir mahallasidagi dong’li bir jinni ustida bo’ladi. Tashreh uchun sakkizta belkurak, yettita ketmon buyuriladi. Dori uchun eng munosib Hamroqulov qorining ashula aytganda chiqargan teri lozim ko’riladi.

Kichraytirish (litota) deganda mubolag’aning aksi tushuiniladi. «Lekin mohiyat e’tibori bilan ular qarama-qarshi hodisalar emas, har ikkisi ham voqelikni haddan tashqari kuchaytirib tasvirlashga xizmat qiladi, faqat ularning ifodalanish usulida farq bor:  giperbolada voqelik to’g’ridan – to’g’ri, bevosita bo’rttirib ko’rsatilsa, litotada biror voqelikni kichraytirish vositasida beriladi” –Tilimni qichitma, jo’jaxo’roz! Aytmadimmi, kuzda qiyqillab stolning tagiga kirib ketasan, deb… Eh-e, sening xo’roz bo’lishingga hali o’n to’rt prosent bor (A.Qahhor).  Bunda qarshidagi insonni

«jo’jaxo’roz» deb kichraytirish orqali o’zining kuchli ekanligi ta’kidlanyapti. Yoki, quyida berilgan misoldagi birinchi lofchi mubo’lag’adan foydalangan bo’lsa, ikkinchisining nutqida kichraytirish va mubolag’a birdaniga kuzatiladi, hatto mubolag’a orqali birinchi obyekt yo’qqa chiqarilyapti: Bir lofchi ikkinchi lofchining uyiga kelib dedi:

  • Sizga bir gilamni sovg’a qilib keltirdim, uning bir uchi bu yerda bo’lsa, ikkinchi uchi Samarqandda turibdi.

Ikkinchi lofchi unga darhol javob berdi:

  • Rahmat, yaxshi qilibsan, mehmonxonadagi gilamning ozgina yeriga o’t tushib kuygan edi, sen sovg’a qilgan gilamni o’shanga yamoq qilaman.

Mavzular.

manba