KO’KRAK QAFASI. QOVURG’ALAR.

Ko`krak qafasi ko`krak umurtqalaridan, qovur-g`alardan to`sh suyagidan ulardagi bo`g`imlar, boylamlar va mushaklardan hosil bo`ladi.
Ko`krak umurtqalari ichki yuza tarafga egilgan bo’lib, uning ichki chetida, qovurg`alarga o`tish sohasida, o`pkalarning orqa yuzasi kirib turadigan egat bo’ladi. Ko`krak qafasining kengligi oldingi-orqa ko`rsatkichlardan katta bo’ladi. Uning ichida ichki a’zolar (yurak, o`pka, qizilo`ngach va h. k) joylashadi va uning shakli shu a’zolar tuzilishiga ta’sir qiladi. Ko`krak qafasi mushaklari va o`pkasi yaxshi taraqqiy etgan , odamlarning ko`krak qafasi kesilgan konus shaklida bo`lib, ko`krak qafasi kengroq bo’ladi. Bunday ko`krak qafasi o`pkani havoga to’lgan holatini eslatganligi uchun inspiratorli ko`krak qafasi deb ataladi. Aksincha ko`krak qafasi mushaklari va o`pka zaifroq taraqqiy etgan bo’lsa, ko`krak qafasi tor va uzun bo`lib, oldingi orqa ko`rsatgichlari kichikroq bo`ladi. Bunday ko`krak qafasi o`pkadan nafas chiqargan holatni eslatib, eksperator holatdagi yoki yassi ko`krak qafasi deyiladi.
Qovurg`alar
Qovurg`alar 12 juft bo`lib, 3 guruhga bo`linadi: birinchi yetti jufti uchun qovurg’a oldingi uchi bilan to`sh suyagiga birikadi; VIII, IX, X qovurg`alar soxta qovurg`alar deb atalib, ularning oldingi uchlari tog`aylar vositasida o`zidan yuqorigi qovurg`alarga birikadi; XI va XII qovurg`alar — yetim qovurg`alar deb atalib, oldingi uchlari erkin holda qorin mushaklarining ichida joylashadi. Qovurg`alarning hammasi orqa tarafda, ko`krak umurtqalariga birikadi.
Qovurg’aning oldingi uchi tog`ay moddasi orqa qismi esa suyak qismidan iborat bo`ladi. Ularning orasida esa tanasi jovlashadi. Orqa uchida boshcha , bo`yin qismi va bo`g`im yuzalari bo`ladi. II dan X gacha qovurg`alarning bo`g`im yuzalari qirra vositasida ikkiga ajralgan bo`ladi. Chunki bu qovurg`alarning bo`g`im yuzalari ikki qo`shni ko`krak umurtqalari bilan birikadi. I, XI, XII qovurg`alarning har biri bittadan umurtqa bilan birlashganligidan, bo`g`im yuzalarida qirra bo`lmaydi.
Qovurg`aning bo`yin qismini uning tanasiga o`tish sohasida yuqorigi 10 ta qovurg`ada bo`rtiq bo`ladi. Bu bo`rtiqning bo`g`im yuzasi umurtqalarning ko`ndalang o`simtalari bilan birikadi. Qovurg`a tanasida burchak sohasi tashqi va ichki yuzalari bo`ladi. I qovurg`ada burchak sohasi bo`rtiqqa to`g`ri kelsa, qolgan qovurg`alarda bu soha bo`rtiqdan uzoqlashadi. XII qovurg`ada esa burchak bo`lmaydi. I qovurg`a tanasida esa yuqori va ostki yuzalar bo`ladi. Qovurg`alar ichki yuzalarining ostki qirrasi sohasida qon tomirlar va nervlar joylashadigan egat , I qovurg`aning ustki yuzasida narvonsimon mushaklar birikadigan bo`rtiq bo`ladi. Bu bo`rtiqning tashqi sohasida o`mrov osti arteriyasining egati bo`rtiqning ichki sohasida o`mrov osti venasining egati bo`ladi.
To`sh suyagi
To`sh suyagi uch qismdan: sopi, tanasi xanjarsimon o`simtasidan iborat bo’ladi. To`sh suyagi sopining yuqori qismida bo`yinturuq o`ymasi, yon tomonida esa o`mrov suyagi bilan birikadigan o`yma joylashadi. To`sh suyagining sopi va tanasi orasida burchak va yon taraflarida chin qovurg`alar birikadigan o`ymalar bo’ladi.
To`sh suyagining xanjarsimon o`simtasi ikkiga ajralgan holda yakunlanishi mumkin. Uning ichida qon tomirlariga boy bo’lgan g`ovakli modda yaxshi taraqqiy etgan bo’ladi. Shu sababdan to`sh suyagining ichidan qon quyishda foydalaniladi. To`sh suyagining ichida suyak iligi yaxshi taraqqiy etganligi uchun uni boshqa odamga o`tkazish mumkin.










