Kooperatsiya va Kombinatsiya tushunchalari haqida.
Kooperatsiya pirovard natijada muayyan bir mahsulot yaratish uchun turli korxonalarning hamkorligidir. Bu korxonalar faqat bir yoki ikki tarmoqqa tegishli bo’lmasligi mumkin. Shu bilan birga kooperatsiyada hududiy birlik, barcha ixtisoslashgan korxonalarning bir joyda o’rinlashuvi uncha sezilmaydi va, aksincha, ularning tarqoq holda joylashuvi kuzatiladi.
Kooperatsiyada qatnashuvchi korxonalar soni vujudga kelayotgan mahsulotning murakkabligiga bog’liq. Chunonchi, mashinasozlikda, aniqrog’i yengil va yuk mashinalarini ishlab chiqarish uchun juda ko’p ehtiyot qismlar, detallar kerak.
Shu bois bunday mashinalarning yaratilishida yuzlab ixtisoslashgan korxonalarning ulushi bor. Masalan, Moskvada yengil avtomobil yoki Lixachev nomli zavod, Tolyattidagi Volga avtomobil zavodi (Jiguli) va shunga o’xshash birlashmalar 200 va undan ortiq korxonalar bilan hamkorlik qiladi. Madomiki asosiy yakunlovchi yoki yig’uvchi bosh korxona ko’p joydan asbob-uskunalar, detall va jihozlar olar ekan, u transport geografik jihatdan qulay nuqtada o’rinlashuvi zarur.
Kombinatsiya (kombinatlash) – kooperatsiyaga o’xshab korxonalar birlashmasidan iborat. Ammo bu yerda tarqoq holda joylashgan birlik emas, balki ularning hududiy umumiyligi tushuniladi. Shu sababli kombinatsiyada, kooperatsiyadan farqli o’laroq, ko’proq hududiylik namoyon bo’ladi. Bu ikki, yuzaki qaraganda bir-biriga o’xshash tushuncha o’rtasida boshqa farqlar ham bor. Xullas bu shaklni qayerda «kombinat» so’zini uchratsak,uni o’sha sohada ko’ramiz, hatto aholiga xizmat ko’rsatuvchi tarmoqlarda ham (maishiy xizmat kombinatlari).
Sanoatda kombinatlar bir necha texnologik jihatdan bog’liq bo’lgan zavod yoki sexlardan tashkil topgan bo`ladi. Chunonchi, qora metallurgiya kombinatlari,aniqrog’i to’la siklli kombinatlar cho’yan, po’lat va prokat ishlab chiqaruvchi zavodlar birlashmasidir. Agar ularning bittasi bo’lmasa, u holda kombinat to’liq siklga ega emas (Bekoboddagi O’zbek metallurgiya kombinati xuddi shunday korxonalardandir).
To’qimachilik kombinatlari yigiruv, bo’yoqlash,tayyorlash sexlaridan iborat. Xom ashyo bitta — paxta tolasi yoki pilla mahsuloti. Go’sht kombinatida ham yagona xom ashyo asosida bir necha mahsulot: go’sht, konserva, kolbasa kabi boshqa mahsulotlar olinadi.
Uning chiqindisidan, masalan, suyak va qondan qishloq xo’jaligi va tibbiyot sohasida foydalanish mumkin, terisi esa oshlangandan so’ng charmpoyafzal sanoatida ishlatiladi. O’rmon, sement-shifer, kimyo kombinatlarining tuzilishi ham xuddi shunday. Qolaversa, markazlashgan issiqlik elektr stansiyalari ham kombinat xususiyatiga ega, chunki ular ayni paytda elektr energiyasi va par (bug’) beradi.
Shunday qilib, kombinatsiya sanoat tarmoqlarining ko’pchiligiga xosdir. Faqat mashinasozikda «kombinat» so’zini uchratmaymiz, ammo mohiyatan bu yerda ham u mavjud, zotan metalldan asosiy mahsulot bilan bir qatorda xalq iste’mol mollari ham ishlab chiqariladi.
Masalan, Toshkentdagi Chkalov nomli aviatsiya birlashmasi samolyotdan tashqari avtomobil uchun ba’zi bir ehtiyot qismlar, bolalar aravachasi (kolyaska) va shunga o’xshash turli xil xalq iste’mol mollarini ham ishlab chiqaradi.
Umuman olganda, ishlab chiqarishning ijtimoiy shakllari o’zaro bog’liq. Chunonchi, ixtisoslashgan korxonalar yoki kooperatsiya va kombinatsiya doirasidagi ishlab chiqarish bo’g’inlari ham u yoki bu ko’rinishda mujassamlashuvni anglatadi.
Biroq bu yerda ularning bir joyda to’planganligi, yig’ilganlik darajasi boshqa joylarga nisbatan yuqori bo’lishi lozim, aks holda tom ma’noda mujassamlashuv bo’lmaydi.
Mujassamlashuv yoki ixtisoslashuv ayni paytda shu sohaning rivojlanganligidan dalolat beradi. Ammo bu rivojlanganlik mujassamlashuvda korxona yoki tashkilotning kattaligi, ko’lami bilan o’lchansa ixtisoslashuvda esa u o’z ifodasini yagonaligi, noyobligi va betakrorligida topadi.
Hozirgi sharoitda mamlakat iqtisodiyotini ham «pastdan» ham «yuqoridan» qurish lozim. Binobarin, xorijiy davlatlar sarmoyalari orqali yoki ular bilan hamkorlikda barpo etilayotgan sanoat korxonalari uchun ularga zarur bo’lgan texnologik qismlar, detal va dastgohlarni o’zimizda tayyorlash imkoniyatlarini vujudga keltirish zamon talabidir.
Shu bilan birga mavjud imkoniyat va resurslardan to’la foydalangan holda mamlakatimiz hududida ko’proq tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni rivojlantirish va jahon bozorida faol ishtirok etishiga katta ahamiyat berish lozim.
Tayanch tushunchalar
- Mujassamlashuv – yoki ishlab chiqarishning to’planishi, yig’ilishi xalq xo’jaligining barcha tarmoqlariga tegishlidir. Ammo geografik jihatdan u eng avvalo sanoat, qishloq xo’jaligi va transport, ya’ni moddiy sohalarda yaqqol namoyon bo’ladi. 2. Markazlashuv – mujassamlashuvning bir ko’rinishidir. Bu yerda ishlab chiqarish korxonalari yoki boshqa tashkilotlar va sohalarni asosan birgina shaharda joylashuvi tushuniladi.
- Ixtisoslashuv – ishlab chiqarishini ijtimoiy tashkil etishning muhim shakli bo’lib, uni aniqlash uchun bir necha shart va sharoitlar zurur. Muhimi — mahsulot faqat shu joy talabini qondiribgina qolmay, balki ortiqchasi boshqa rayonlarga — bozorga chiqarilishi yoki tovar xususiyatiga ega bo’lishi kerak
- Kooperatsiya – pirovard natijada muayyan bir mahsulot yaratish uchun turli korxonalarning hamkorligidir.
- Kombinatsiya (kombinatlash) – kooperatsiyaga o’xshab korxonalar birlashmasidan iborat. Ammo bu yerda tarqoq holda joylashgan birlik emas, balki ularning hududiy umumiyligi tushuniladi.






