LEKSIK MA’NO VA QO`SHIMCHA MA’NO HAQIDA.
So`zning ob’yektiv borliqdagi narsa va hodisalar haqidagi dastlabki ma’nosi so`zning leksik yoki denotativ ma’nosi deyiladi. Masalan: non-oziq-ovqat, keldi-harakat. So`zning leksik ma’nosi uning o`zak negizida bo`ladi.
So`zning leksik ma’nosiga qo`shimcha tarzda sub’yektning his-tuyg`u, kayfiyatini, turli munosabatini ifodalovchi ma’no so`zning qo`shimcha (konnotativ) ma’nosi deyiladi. Masalan: yuz, aft, chehra. Bu sinonimik qatorda atash ma’nosi bitta, qo`shimcha ma’no har xil. Emotsional-ekspressiv yoki qo`shimcha ma’no so`zning semantik tarkibida bo`lishi ham, bo`lmasligi ham mumkin. Masalan: novcha so`zining leksik ma’nosi-uzun, qo`shimcha ma’nosi yo`q. Naynov so`zida leksik ma’no va salbiy munosabat mavjud, ya’ni emotsionalekspressiv munosabat bor. So`zlardagi uslubiy belgi so`zning nutq funksional stillaridan biriga xosligini ham ko`rsatadi. Masalan: ozod so`zi neytral, hur so`zi badiiy uslubga xosdir.
Demak, so`zlardagi qo`shimcha ma’no emotsional-uslubiy va funksional-uslubiy ma’nolar shaklida ifodalanishi mumkin. Leksik ma’no va grammatik ma’no
Gapni tashkil etgan har bir so`z o`zining leksik ma’nosi bilan bir qatorda kamida ikki va undan ortiq grammatik vazifani bajaradi. Paxta gulladi. Paxta so`zi texnika o`simligining bir turini, gulladi esa holati-o`zgarganligi, ya’ni gullaganini bildiradi. Bu gapdagi so`zlar yuqorida qayd qilingan ma’nolardan tashqari, paxta predmet nomini bildiradi, bosh kelishik va birlik sonida, gapda ega vazifasida kelgan. Gulladi so`zi fe’l, o`tg`an zamon, birlik, uchinchi shaxs, o`timsiz, aniqlik maylini bildiradi, gapda esa kesim vazifasida kelgan.
Shunday qilib, so`zning biror tushuncha, ya’ni denotat ifodalashi so`zning leksik ma’nosi deyiladi.
So`zning morfologik va sintaktik xususiyatlari uning grammatik ma’nosi deyiladi.
So`zlar gapda ma’lum sharoitda o`z leksik-grammatik ma’nosini o`zgartirishi mumkin.
- Yakka so`zlar boshqa so`zlar bilan aloqaga kirmay leksik-grammatik ma’noga ega bo`ladi: tosh, yog`och, temir so`zlari predmet, bosh kelishi, birlikni bildiradi.
- So`zlar bir-biri bilan grammatik jihatdan bog`langanda dastlabki leksik-grammatik ma’nosini saqlagan holda, ya’ni boshqacha leksik-grammatik ma’no kasb etadi: tosh yul, yo`g`och ko`prik temir eshik. Bu so`zlar asl leksik ma’nolarini saqlagan holda predmet ma’nosidagi keyingi so`zlarning belgisini, qanday materialdan yasalganligini ko`rsatyapti.
Leksik-grammatik ma’no nutqda so`z ma’nolarini va vazifalarini turini anglashga yordam beradi. Jumladan, o`zbek tilida ot va otlashgan so`zlar egalik, kelishik affikslarini qabul qiladi. Fe’llar tuslanadi: Rejali ish buzilmaydi. Ikkinchidan, predmetga so`zlovchining munosabatini bildiradi: Kichkina dekcha – ichi to`la mixcha. Bu munosabatlar gapdagi grammatik shakllar-gina -kina, -cha kabi kichraytish erkalash ma’nosidagi qo`shimchalar bilan ro`yobga chiqqan.











