Leksikografiya haqida ma’lumotlar.
Leksikografiya (yunoncha lexs-so‘z, grapos-yozaman demakdir) o‘z mohiyatiga ko‘ra lesikologiya bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan bo‘limdir. Chunki leksikografiya tilning leksik qatlamiga mansub bo‘lgan so‘zlar, iboralarni lug‘atlarda alfavit tartibida va ba’zan uyadoshlik asosida jamlash, ularni turli tomondan izohlash bilan shug‘ullanadi. Demak, leksikografiyada lug‘at va lug‘at turlari xususida bahs yuritiladi.
Lug‘at va uning turlari. Lug‘at ma’lum bir tildagi so‘zlarning barchasini yoki aksariyat qismini jamlab, ularning ma’nolarini izohlash, imlosi va talaffuzini ko‘rsatish, so‘z ma’nosini bir tildan ikkinchi tilga o‘girish kabi maqsadlarda tuziladigan kitobdir. Lug‘atlar maqsad va vazifasiga ko‘ra, odatda, ikki turli bo‘ladi: 1) qomusiy (ensiklopedik) lug‘atlar; 2) lingvistik (filologik) lug‘atlar.
Qomusiy lug‘atlar tushuncha va ma’lumotlar so‘zligi bo‘lib, ularda turli ijtimoiy-siyosiy, ilmiytexnik, adabiy-badiiy, tarixiy voqea-lar haqidagi tushunchalar hamda ishlab chiqarishning turli sohalari, borliqdagi narsa va hodisalar, taniqli fan, san’at, madaniyat, davlat arboblari haqidagi ma’lumotlar beriladi. Masalan, «O‘zbek milliy ensiklopediyasi», «Salomatlik ensiklopediyasi», «Uyro‘zg‘or ensiklo-pediyasi» shular jumlasidandir.
Lingvistik lug‘atlar. Bunday lug‘atlarda lug‘aviy birliklar tilshunoslik nuqtai nazaridan izohlanadi. Ular tilshunoslikning ma’lum bir sohasiga yoki barcha sohasiga tegishli ekanligi bilan, dastlab, maxsus va umumiy lug‘atlarga ajratiladi.
Umumiy lug‘atlarda adabiy tilning barcha soha va qatlamiga oid so‘zlar aks etadi. Shu bois bunday lug‘atlarning nomlanishi ham biror soha yoki so‘z qatlami nomi bilan cheklanmaydi. Masalan: 65 ming so‘zni o‘z ichiga olgan, ikki jilddan iborat «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» (M., 1981.) , «O‘zbek tilining imlo lug‘ati» (T., 1976.), «O‘zbek tilining orfoepik lug‘ati» (T., 1977.), «O‘zbek tilining qisqacha etimologik lug‘ati» (T.,2000) kabilar shular jumlasidandir.
Umumiy lug‘atlar bir yoki ikki tilliligi bilan ham farqlanadi. Xususan, yuqorida sanab o‘tilgan lug‘atlar bir tilli lug‘atlar hisoblanadi. Ikki tilli lug‘atlar tarjima lug‘atlardir. Chunki bunday lug‘atlarda o‘zbekcha so‘zlarning muayyan tildagi muqobillari yoki aksincha xorijiy tildagi so‘zlarning o‘zbek tilidagi muqobili tarjima asosida ko‘rsatiladi. Masalan: «Nemischa-o‘zbekcha lug‘at», «Inglizcha-o‘zbekcha lug‘at», «Fransuzcha-o‘zbekcha lug‘at», «O‘zbekcha-ruscha lug‘at», «O‘zbekcha-fransuzcha lug‘at», «O‘zbekcha-inglizcha lug‘at» kabilar. Mustaqillikdan so‘ng xorijiy mamlakatlar bilan aloqalarning tobora rivojlanib borayotganligi sababli ikki tilli lug‘atlar dunyodagi boshqa milliy tillar asosida ham tuzilmoqda.
Maxsus lug‘atlar biror soha yoki ma’lum bir qatlamga oid so‘zlar bilan cheklangan bo‘ladi. Bu cheklanish ularning nomlanishida ham o‘z aksini topadi. Masalan: «O‘zbek tili morfem lug‘ati» (T.,1977.), «O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati» (T., 1974.), «O‘zbek tili omonimlarining izohli lug‘ati» (T.,1984.), «O‘zbek tili antonimlarining izohli lug‘ati» (T.,1980.), «Siyosiy terminlarning izohli lug‘ati», «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati» shular jumlasidandir. 2-§. Lug‘atshunoslik tarixidan. Barcha turkiy xalqlar kabi o‘zbek xalqining ham lug‘atshunoslik bilan bog‘liq tarixining dastlabki bosqichi Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asari bilan bog‘lanadi. Uning to‘liq ism-sharifi Mahmud Ibn-ul Husayn Ibn Muhammad-al-Koshg‘ariy bo‘lib (tavallud sanasi aniq emas), «Devonu lug‘otit turk» asari hijriy 469, melodiy 1076-1077- yil yozilgan. Asarning yagona qo‘lyozma nusxasi 1914-yilda Turkiyaning Diyorbakir shahridan topilgan va u hozirgacha Istambulda saqlanadi. Bundan tashqari alloma tomonidan turkiy tillar sintaksisiga doir «Javohirun nahv fil lug‘otit turk» asari yaratilganligi haqida ham ma’lumotlar mavjud. Biroq bu asar bizgacha yetib kelmagan.
«Devonu lug‘otit turk», dastlab, 1915-1917 yillarda uch tomlik kitob holida Istambulda, keyinchalik, ya’ni 1928 yilda esa sharqshunos Brokkelman tomonidan nemis tiliga tarjima qilinib Leypsikda nashr qilingan. «Devonu lug‘otit turk» asari 1960-1963 yillarda taniqli sharqshunos olim Solih Mutallibov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, Toshkentda nashr etilgan. «Devonu lug‘otit turk» asari faqat leksikografik tadqiqot bo‘lib qolmay, unda qadimgi turkiylar tilning fonetikfonologik, leksik-semantik, lingvogeografik, dialektologik xususiyatlari haqida ham qimmatli ma’lumotlar mavjud. Shu bois Mahmud Koshg‘ariy turkiyshunoslikning sanab o‘tilgan sohalarining asoschisi sanaladi.
Zamahshariy hijriy 467, melodiy 1045 yilning 19 martida Xorazmning Zamahshar qishlog‘ida tavallud topgan. Abulqosim Mah-mud Zamahshariy taxallusi bilan arab tilida tilshunoslik, adabiyotshunoslik, geografiya, hadis va diniy huquq kabi fanlarga doir ellikdan ortiq asar yaratib qoldirgan. Ayniqsa, uning «Al- mufassal fi sa’at il-i’rob», «Fleksiya san’ati haqida mufassal kitob» ma’nosini bildirib, bu asar (1121 yil Makka shahrida yozilgan) arab tilining grammatikasini o‘rganishda muhim qo‘llanma sifatida sharq va g‘arbda mashhur bo‘l-gan. Zamahshariyning xorazmshoh Alouddavla Abdulmuzaffar Otsiz sharafiga bag‘ishlab 1137 yilda yozilgan «Muqaddimat-ul adab» (Adabiyotga kirish) asari, garchi adabiyotshunoslikka doir bo‘lsa ham, tilshunoslikning morfologiya, leksikologiya va leksikografiya sohalariga daxldor qimmatli amaliy va nazariy mulohazalar mavjud. Zotan, besh qismdan tashkil topgan bu asarda otlar, fe’llar, bog‘lovchilar, otlarning turlanishi, fe’llarning tuslanishi kabi masalalar xususida bahs yuritilgani holda, o‘sha davr arab tilining iste’molda bo‘lgan barcha so‘zlari, iboralari ham o‘z aksini topadi. Bu so‘zlaning ma’nolari va etimologiya-si yetarli darajada keng sharhlanadi. «Muqaddimat-ul adab» fors, chig‘atoy(eski o‘zbek), mo‘g‘ul va turk tillariga tarjima qilingan bo‘lib, manbalarda qayd etilishicha, uning chig‘atoy tiliga tarjimasi Zamah-shariyning o‘zi tomonidan amalga oshirilgan. Zamahshariyning bilim-don, zukko allomaligi unga hayotligidayoq butun musulmon Sharqida katta shuhrat keltirgan. Shu bois alloma chuqur hurmat bilan «Arablar va g‘ayri arablarning ustozi», «Xorazm faxri» kabi sharafli nomlar bilan ulug‘langan.
Alisher Navoiyning «Muhokamatul lug‘atayn» asari 1499 yilda yaratilgan bo‘lib, bu asar eski o‘zbek tilini qarindosh bo‘lmagan til – fors-tojik tili bilan chog‘ishtirib o‘rganishga doir dastlabki leksikografik tadqiqotlardan biri ekanligi bilan qimmatlidir. Adabiyot osmonida Navoiydek yorug‘ yulduz paydo bo‘lgach, uning asarlari asosida ham ko‘plab lug‘atlar yaratila boshlandi. Jumladan, «Badoi al-lug‘at», «Sangloh», «Abushqa» kabi o‘nlab lug‘atlarning yaratilishi shular jumlasidandir.
O‘zbek tilshunosligining zamonaviy bosqichida esa G‘.Abdurahmo-nov, Z.Ma’rufov, O.Usmonov, Sh.Shukurov, A.Hojiyev, R.Qo‘ng‘urov, Sh.Shoabdurahmonov, S. Mutallibov, Sh.Rahmatullayev, V.Rahmonov, A.Madaliyev, N.Mamatov, S.Ibrohimov kabi olimlar lug‘atshunoslik-ning rivojishida o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.











