Leksikologiya predmeti haqida batafsil ma’lumotlar.
Leksikologiya grekcha: -leksikos -so`z va logos-ta’limot; so`z haqida talimot demakdir.
Tilshunoslikning leksik birliklarini o`rganuvchi sohasiga leksikologiya deyiladi. Tildagi so`zlarning jami leksika (lug`at sostavi)ni tashkil etadi. Leksika atamasi ayrim shaxs yoki asarga nisbatan ham ishlatiladi. Masalan: H.Olimjon leksikasi, Navoiy romani leksikasi.
Leksikologiyada so`zning semantik tarkibi, so`zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko`ra turlari, lug`at sostavidagi aktiv va passiv so`zlar, tarixiy jihatdan o`zbek tili leksikasi, so`zlarning ekspressiv-uslubiy xususiyatlari va hokazolar o`rganiladi. Leksikologiya dastlab ikki turga bo`linadi:
1.Umumiy leksikologiya-qardosh yoki noqardosh til bo`lishidan qat’iy nazar, umuman, inson tili so`z boyligini tekshiradi.
2.Xususiy leksikologiya-aniq bir tilning so`z boyligini o`rganadi
Leksikologiyaning bu ikki tarmog`i o`zaro bog`langan holda ish ko`radi.
Tilning lug`at sostavi asosan ikki xil yo`l bilan tekshiriladi. Shunga ko`ra leksikologiya ikki tarmoqqa ajraladi: 1) sinxronik (hozirgi); 2) diaxronik (tarixiy) leksikologiya. Lug`at sostavini tekshirishda bu ikki xil usulni qo`shib olib borish ahamiyatlidir.
Leksikologiyada 3 tarkibiy qism o`zaro zich bog`langan bo`ladi:
1.Leksika-so`z yoki lug`at sostavi; 2.Semantika-so`zning ma’nosi; 3Etimologiya-so`zning kelib chiqishi.
Masalan: kitob-so`z. O`quv quroli, arabcha; ishchi-so`z, shaxs oti, yasama, ish so`zidan hosil qilingan.
Hozirgi kunda leksikologiya bo`limida semasiologiya, etimologiya, onomasiologiya (marosim), antroponimiya, gidronimiya, toponimiya, oronimiya, giponimiya, graduonimiya, partonimiya va boshqalar o`rganilib kelinmoqda.
O`zbek tilshunosligida, sal oldinroq frazeologiya, so`z yasalishi, hatto leksikografiya ham leksikologiya tarkibida o`rganilib kelinar edi. Hozir ularning har biri tilshunoslikning mustaqil bir sohasi bo`lib ajralib chiqqan. O`zbek semasiologiyasini ham yaratish davri allaqachonlar yetib keldi.
Leksikologiya tilshunoslikning fonetika va grammatika bo`limlari bilan bevosita bog`langan: tovush bo`lmasa, so`z bo`lmaganidek so`z bo`lmasa, grammatikaning ham bo`lishi mumkin emas. Lug`at sostavidan nutqda maqsadga muvofiq tarzda foydalanishni nazarda tutsak leksikologiya uslubiyat bilan ham uzviy aloqadadir.
Leksikologiya predmeti haqida batafsil ma’lumotlar.











