MAHMUD QOSHGʻARIY VA UNING “DEVONU LUGʻATIT TURK” ASARI.
Mahmud Qoshgʻariy Markaziy Osiyoda ilk oʻrta asr madaniyatining buyuk arboblaridan. U tilshunoslik, xususan, turkiy tillarni oʻrganishda mashhur boʻldi va tarixda oʻchmas iz qoldirdi. Mahmud Qoshgʻariy XI asrga kelib turkiy xalqlar madaniyati, san’ati rivojlangan, qoraxoniylar davlati mustahkamlangan, Buxoro, Samarqand, Shosh, Qashqar kabi shaharlar yirik madaniyat markaziga aylangan bir davrda yetishib chiqdi.
Qoraxoniylar davlatining markazlari boʻlmish Bolosogʻun, Sayram, Shosh, Taroz shaharlarida ilm-fan egalari, turli sohalarning yirik vakillari, dono va fozil kishilar toʻplangan. Mahmud Qoshgʻariy Bolosogʻun shahrida dunyoga kelgan. Uning toʻliq ismi Mahmud ibn Husayn ibn Muhammaddir. Otasining ismi Husayn, bobosi Muhammad boʻlib, kelib chiqishiga koʻra Qoshgʻariy nisbatini olgan.
Mahmud Qoshgʻariy ilmda, tarixda «Devonu lugʻotit turk» asari bilan shuhrat topdi. Yana bir asari «Javohir-un-nahvfi lugʻotit turk» «Turkiy tillarning nahv sintaksis durdonalari, qoidalari» deb ataladi. Bu asari bizgacha yetib kelmagan yoki hali noma’lum boʻlib qolmoqda. «Devonu lugʻotit turk» 1072 yilda yozila boshlangan.1074 yilda yozib tugallangan. Muallif kitobiga «Devonu lugʻotit turk» «Turkiy tillar lugʻatlari» deb nom bergan va uni abbosiy xalifalar avlodidan boʻlgan baland mavqeli Abulqosim Abdulloh binni Muhammad al-Muqtadoga bagʻishlagan. Asarning asosiy matni oʻsha davrda din va fan tiliga aylangan arab tilida yozilgan boʻlib, turkiy tilning boyligini koʻrsatadi.
«Devonu lugʻotit turk»ning asl qoʻlyozmasi bizgacha etib kelmagan. Uning yozilgan sanadan ikki yuz yil oʻtgach koʻchirilgan birdan-bir nusxasi Istanbul kutubxonasida saqlanadi. Muhammad binni Abu Bakr Damashqiy degan kishi tomonidan asl nusxasidan koʻchirib yozilgan qoʻlyozmadir. Uch tomdan iborat bu kitob 1939-41 yillarda hozirgi turk tiliga tarjima qilinib nashr etildi. Tarjimon Bosim
Atalay asarga izohlar yozgan. Oʻzbekistonda «Devon»ning birinchi tadqiqotchisi sifatida Fitrat tilga olinadi. U «Devon»dagi barcha she’riy parchalarni yiqqan, tarjima qilgan, alohida lugʻat bilan nashr etgan. Asarni prof. S.Mutallibov hozirgi oʻzbek tiliga agʻdargan.
Mahmud Qoshgʻariy Bolosogʻunda tugʻilib, shu yerda yigitlik chogʻlarini kechirgan boʻlsa ham uzoq yillar «Yuqori Chindan boshlab butun Movarounnahr, Xorazm, Fargʻona, Buxoro, hozirgi Shimoliy Afgʻonistonga qadar choʻzilgan» turkiy oʻlkalarni, turkmanlar, oʻgʻuzlar, chigillar, yagʻmolar, qirgʻizlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarni kezib chiqdi, turli sheva, lahja xususiyatlarini oʻrgandi, ularni adabiy til bilan chogʻishtirdi, oʻz ishi uchun boy material toʻpladi. Ba’zi olimlar fikricha, bu materiallar 10-15, ehtimol 15-20 yillar davomida toʻplangan. Qoshgʻariy asari, oʻzi ta’kidlashicha, «oldin hech kim tuzmagan va hech kimga ma’lum boʻlmagan alohida bir tartib»da tuzilgan. Asar sodda va loʻnda yozilgan. Unda qadimgi turk alifbosi, fonetik qonuniyatlar, orfoepik va orfografik qoidalar puxta tushuntirib berilgan. Muallif koʻrsatishicha, kitob 8 boʻlimdan, muqaddima va xulosadan iborat. «Devon»da 7500 dan oshiq turkiy soʻz va iboralar izohlangan. Lugʻatda yuzlab kishi ismlari, shahar va qishloq, oʻlka nomlari, daryo, togʻ, yaylov, vodiy, dara, yoʻl, dovon, koʻl, soy kabi joʻgʻrofiy atamalar, turli qabila, urugʻ, elat, sayyora, yulduzlar, fasllar tilga olinadi.
«Devonu lugʻotit turk»-adabiy manba. Unda turkiy xalqlar tarixiga oid qadimiy afsona va rivoyatlar, 300 ga yaqin maqol va matallar, hikmatli soʻzlar, 700 satrdan oshiq she’riy parchalar oʻrin olgan. «Devon»da keltirilgan she’riy parchalardan 150 satrga yaqini islom davri she’riyatiga xos boʻlgan «bayt» tipidagi masnaviy, qasida, gʻazal, qit’a parchalari boʻlib, muallif ularni «bayt» deb ataydi.
«Devon»dagi qoʻshiqlar koʻproq jangnoma xarakterida boʻlib, ba’zi yirik she’riy parchalarga shartli ravishda «Tangutlar bilan jangnoma», «Uygʻurlar bilan jangnoma», «Yabaku bilan jangnoma» deb nom qoʻyilgan. Ularda turkiy elatlarning shijoati, qiyinchiliklarga bardoshi, jasurligi, harbiy hiylalar, elparvarlik, mardlik, himmat, mehr va qahr tuygʻulari tasvirlangan. Qadimgi epik qoʻshiqlardan
«Devon»da saqlangan ikki yirik asar koʻpchilikning e’tiborini tortadi. Biri «Alp Er Toʻnga marsiyasi», ikkinchisi «Qish va yoz munozarasi»dir. Marsiya 44 satrdan iborat. Alp Er Toʻnga turklarning qadimiy qahramoni. Yusuf Xos Hojib tojiklar uni Afrosiyob deb atashini yozgan. Toʻnga Alp Er yoʻlbars kabi kuchli bahodir odam demakdir. Uning Barman, Barsgʻan degan oʻgʻillari hamda Qaz ismli qizi haqida ham ma’lumotlar bor.
Marsiyada Afrosiyob-Alp Er Toʻnganing achchiq qismati dahshatli fojia, oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan yoʻqotish sifatida baholanadi.
Alp Er Toʻnga oʻldimu?
Esiz ajun qaldimu?
Oʻdlak oʻchin aldimu?
Emdi yurak yirtilur.
Alp Er Toʻnga xalq sevgan qahramon. Mana bu misralar motam marosimini eslatadi:
Boʻri boʻlib uldilar.
Yoqa yirtib turdilar.
Yigʻlab-siqtab yurdilar
Koʻz yoshlari moʻl boʻldi.
«Qish va yoz» munozarasi turkiy munozara janrining bizgacha yetib kelgan birinchi erkin namunasidir. Unda turkiy elatlarning tabiati, yashash, tafakkur tarzi, sevinchlari, qaygʻulari aks etgan, tabiatga mehr ifodasini topgan. Asar majoziy tasvirlar, tashbehlar, sifatlashlar, jonlantirish, engil kinoyalarga boy. Tabiat tasviri:
Alin topu yashardi
Urut oʻtin yashirdi,
Koʻlning suvin koʻshardi
Sigir buva mungrashur.
Mazmuni:
Togʻ boshlari yashardi,
Qurugʻ oʻtni yashirdi,
Koʻl suvlari toshirdi,
Sigir, buqa ma’rashur.
Bahor tasviri shu xilda aks ettirilsa, qish tasviri mana bunday:
Keldi asin asnayu,
Qozga tupal usnayu,
Kirdi budun koʻsnayu
Qara bulut koʻkrashur.
Mazmuni:
Keldi shamol huvillab, Boʻron boʻlib guvillab. Xalq titrashur uvillab Qora bulut guldirar.
Qish bilan yoz bir-biri bilan tortishadi. Bu tortishuvda xalq oʻz qarashlarini, yoz va qishga boʻlgan munosabatini ifodalaydi:
| Qish yoy bila toʻqushti | |
| Qinir koʻzunugʻ baqishti. | |
| Tutishqali yaqishti, | |
|
Mazmuni: |
Utgʻolimat oʻgʻrashur. |
| Qish bilan yoz toʻqnashdi, | |
| Qingʻir koʻz bilan qarashdi. | |
| Tutib olishga intilishdi, | |
|
Yoz aytadi: |
Yutishga tirishar edi. |
| Sendan qochar sundiloch, | |
| Menda tinar qaldirgʻoch, | |
| Bulbul koʻylab nagʻma soch | |
| Erkak, ayol juftlashur. |
Qish yozga aytadi:
Senda barcha yomonlar
Chibin, pashsha, ilonlar
Dumi gajjak chayonlar
Hamla qilib yugurar.
Devondagi she’riy parchalar mavzu jihatdan rang-barang. Pand-nasihat:
Boqmas jahon sovuq soʻz,
Shilqim, yuzsiz, baxilga.
Yoqimli boʻl, xushxulq boʻl,
Qolsin noming koʻp yilga.
Yor tasviri Aldadi meni,
Yumshoq badan qiz.
Qomati nihol,
Burni ham tekis.
Sevgi va uning kechinmalari tasviri:
Sevgim mening kuchayur,
Kecha-kunduz yigʻlayman.
Koʻrdi koʻzim ketganin,
Yurtda yolgʻuz qolmayman.
Seviklim ketdi uzoq,
Koʻnglim unga bogʻlayman.
Qoldim chuqur qaygʻuda,
Uzzu kunlar yigʻlayman.
«Devon»da juda koʻp maqollar uchraydi. «Qut belgisi bilig», «Emgak ekinda qolmas» Mehnat erda qolmas, «Osh totigʻi tuz», «Qoʻrqmush kishiga qoʻy boshi qoʻsh koʻrinur», «It isirmas, ot tepmas dema», «Quruq yogʻoch egilmas», «Uma kelsa qut kelar» Mehmon kelsa qut kelar, «Agʻilda oʻgʻlaq tugʻsa, ariqda oʻti unar» va hokazo.
Umuman, «Devonu lugʻotit turk» tilshunoslar, adabiyotshunoslar, tarixchi va boshqa soha kishilari uchun ham qimmatli manba ekanligi bilan e’tiborlidir.











