Mahmudxo’ja Behbudiyning yangi usul maktablarini tashkil etishdagi ma’rifatparvarlik xizmatlari.

Mahmudxo’ja Behbudiyning yangi usul maktablarini tashkil etishdagi ma’rifatparvarlik xizmatlari. Turkiston jadidlarining otasi MAHMUDXUJA BEHBUDIY (1878-1919)Turkiston yoshlarini ilm ma’rifatli qilish to’g’risidagi g’oyalarni targ’ib qilganda, u ikki toifadagi ma’lumotli kishilarni tayyorlashni nazarda tutadi: bir toifadagilar — diniy ma’lumotli kishilar bo’lib, ular millatning diniy murabbiylari sifatida islomning sofligini muhofaza qilishlari zarurligini, ikkinchi toifadagilar esa dunyovny bilim egalari bo’lib, ular ijtimoiy hayotda musulmonlar manfaatlarini himoya qilishlari kerakligi to’g’risida shunday deb yozadi: «Bularning (ya’ni o’sha joylarda o’qib kelganlarning — mualliflar ta’kidi), – Misrdan kelgani olimi dunyovi zamona bo’lib, din va millatimizni dunyo va oxiratda obod bo’lishimizga sabab bo’ladilar. Peterburgdagi tibbiyot, huquqiya, xikmiya, olimiya va adliya maktablarida o’qiganlarimiz tabib, muallim, ahli huquq va hokim bo’lib, davlat ishlariga va hukumat mansablariga aralashib, sizga naf etkurar. Bu ilmlardan o’qib, yuqorida bayon bo’lgan podsholik mansablariga kirib, din va millat, vatan va davlatga xizmat qilmoqni shariat aslo man qilmaydi».Behbudiyning bu qarashlari, ayniqsa «Padarqush» “Otasini o’ldiruvchi” pesasidagi ziyolining savodsiz boyga o’g’lini
diniy va dunyoviy ilmlardan xabardor qilish borasidagi quyidagi nasihatlarida ochiq-oydin ko’rinadi:
«Biz musulmonlarg’a, alalxusus, bu zamonda ikki sinf ulamo kerakdir: biri ilmi diniy, digari olimi zamoniy, olimi diniy; imon, xatib, mudarris, muallim, qozi, mufti bo’lib, (ular) xaloyiqni diniy va axloqiy va ruhoniy ishlarini boshqarar.
Olimi zamoniy bo’lmoq uchun bolalarni avvaldan musulmoncha xat va savodini chiqarib, zarurati diniya va millatimiz tilini bildirgan so’ngra, hukumatimizni nizomli maktablariga bermoq kerakdir, ya’ni gimnaziya va shahar maktablarini o’qib tamom qilganlaridan so’ng Peterburg, Moskva dorilfununlariga yuborib, doktorlik, zakonchilik, injenerlik, sudyalik, ilmi sanoat, ilmi iqtisod, ilmi hikmat, muallimlik va boshqa ilmlarni o’qitmoq lozimdir.
Rusiya vataniga va davlatini bilfe’l (amalda) sherik bo’lmoq kerakdir va davlat mansablariga kirmoq lozim. Toki maishat va ehtiyoj zamoniyasi to’g’risida vatan va millati islomga xizmat qilinsa va ham davlati Rusiyaga sherik bo’linsa, hattoki shu tariqa Farangiston (Frantsiya), Amerika va Istanbul dorilfununlariga tajriba uchun yubormoq kerakdir. Hazrat payg’ambarimiz: ilm Xitoyga ham bo’lsa talab qilingiz, demadularmu? (Boy uyquda) Bu ishlar bo’lmas, magar pul ila va sizdek katta boylarni himoyatisiz. Chunonchi Kavkaz, Orenburg va Qozon musulmonlarini boy va ahli g’ayrati ilm yo’liga ko’p pul sarf etarlar va kambag’al bolalarini o’qitdirarlar. (Boyga qarab:) Albatta, so’zlarimga tushungansiz, janobi boy! Boy bobo!».
Umuman, Behbudiyning “Padarkush” dramatik asarining asosini ma’rifatparfarlik g’oyasi tashkil etadi. Chunki Behbudiy xalq ta’limi, yoshlar va kattalar o’rtasidagi munosabatlarni o’ziga xos yo’l bilan badiiy ifoda etgan. Mazkur asarda ota-onalar bilan bolalar o’rtasidagi g’oyat jiddiy, nozik, qaltis munosabatlar ta’lim-tarbiyadagi bosh masala tarzida talqin etiladi.
Mahmudxo’ja Behbudiyning yangi usul maktablarini tashkil etishdagi ma’rifatparvarlik xizmatlari. Behbudiyning “Padarkush” asari Turkiston xalqlarining qalbini muttasil hayajonlantirib kelayotgan muammolarga bag’ishlanganligi va milliy o’ziga xos eng muhim xususiyatlarini o’z ichiga olganligi bilan jamoatchilik e’tiborini tortadi. Bunda oila tarbiyasida ota-onalarning o’rni haqida gap boradi. Behbudiyning pedagogik qarashlarida, maktab tarbiyasi bilan oila tarbiyasi uzviy birgalikda olib borilishi lozim, aks holda fojialar ruy beradi, degan g’oyani oldinga suradi. Maktab har qancha to’g’ri yo’l qo’rsatsa-yu, ota-onalar bolasini boshqa tomonga tortadigan bo’lsa, bola tarbiyasi tamoman izdan chiqadi, degan fikr-mulohazalar asardagi obrazlar faoliyatida ifoda etiladi.
“Padarkush” asaridagi voqea Boy bilan uning o’g’li Toshmurod (ota-bola) o’rtasidagi oddiy bir muloqotdan boshlanadi. Toshmurod:“Tomoshaga boraman, pul bering!” – deb otasi huzuriga kiradi. Boy o’g’liga pul beraturib, barvaqtroq kelishini aytib, kimlar bilan borayotganini so’raydi va “yomon joylarga” bormasligini ham ta’kidlab qo’yadi. Toshmurod otasidan va oldida o’tirgan “yangi fikrli domladan ham uyalmay – netmay: – “Xayr, xov ko’p gapurasiz-da” – deb otasini siltab chiqib ketadi. Toshmurodning otaga qilgan bunday odobsizligi Domla ta’bini xira qilib yuboradi. Domla Toshmurodning bu noo’rin xatti-harakatini ilmsizlik, ma’rifatsizlik oqibati deb biladi. Behbudiy o’z davridagi bolalarning ta’lim-tarbiyasi masalasi o’ylantiradi. U yomon tarbiyali bola butun oilani halokatga olib kelishini, bunga, avvalo, ota-onalarning o’zlari sabab bo’layotganini aytadi. Toshmurodning odobsiz bo’lib o’sishiga Boyning o’zi sababchi: uning odobsizligi, maqtanchoqligi, o’jarligi, mol-dunyoga o’chligi o’g’lini ham shu ko’yga soladi. Toshmurod o’n olti yoshga kirgan bo’lsa ham eski maktabga ham, yangi maktabga ham bormaydi, takasaltanglik, buzuqilik va maishat bilan kun kechiradi. Asarning ichiga chuqurroq kira borgan sari, bolaning otaga, otaning bolaga o’zaro juda mos, bir-biriga juda mutanosib, bir olamning ikki pallasiday o’xshash ekanini idrok etamiz.
“Padarkush” asarida biz ta’lim-tarbiyaning bosh maskani oila, ota-ona ekani haqida g’oyat muhim fikr borlig’ini sezamiz. Behbudiy bu asarda o’z g’oyalarini, ya’nita’limtarbiyaning buzilib ketishiga oilaning o’zi sabab bo’layotganini tomoshabin qalbiga chuqur singdirishga intiladi. Behbudiy aslida Turkiston halqining hammasini boy va badavlat qilish yo’llarini o’ylaydi. Ammo ommaviy farovonlikka erishmoq uchun ilmma’rifat va ta’lim-tarbiyani to’g’ri yo’lga qo’yish zarurligini tushunadi, fuqarolarning ma’naviy dunyosini boyitmay turib, moddiy boyligini oshirib bo’lmasligini tushunadi.
Buni biz Domla obrazida ko’ramiz Domla kuyib-pishib o’g’lini o’qishga berishga da’vat etsa-da, Boyga uning so’zlari ta’sir etmaydi, aksincha, Domlaning so’zini kesib, haqorat qilib, uyidan chiqarib yuboradi. Boy o’z davlatiga mahliyo bo’lib, odob-ahloq, ta’lim-tarbiya, jamiyat, fuqaro taqdiri, vatan, millat kelajagi to’g’risidagi tushunchalardan yiroq yuradi. “Ey Domla – deydi nihoyat g’azablanib Boy – Siz menga tahqiqchimi? O’g’il meniki, sizga nima? O’qiganni biri siz, emoqqa noningiz yo’q, bu holingiz ila menga nasihat qilursiz. Xayrullah mehmonxonani qulfla, uyqum keldi…”. Bu satrlarda Boyning maktab-ma’rifat, ta’lim-tarbiya ishlariga tamoman yot bir unsur ekanligi ifodalangan. O’zida tarbiya bo’lmagan kimsa, birovga tarbiya berolmaydi, shuning uchun bolalar bilan birga, ularning ota-onalarini ham tarbiyalash zamonaning eng katta muammosi sifatida kun tartibiga qo’yiladi. Bu jihatdan asardagi Domla obrazi ham muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega. Domla Boydan nihoyatda ranjib, oxiri uning huzuridan ketayotganida yoshlar tarbiyasiga oid fikrlarini shunday izhor etadi: “O’qimoq va mullo bo’lmoq uchun pul kerak, badavlatlarimiz xoli bul, bas, bu ketish ila navzambilloh dunyo va oxiratda rasvo bo’lurmiz, o’qimoq barcha musulmonga, erkak va xotin bo’lsin farz edi. U qayda qoldi? Oh, voy, bizni holimizga…. Boy, men sizga amri ma’ruf etdim va menga shariat bo’yicha lozim bo’lgan ishni bo’ynimdan soqit qildim. Insholloh, mo’ylab chiqarib alifni tayoq demay turgan o’g’lingiz xoyo holatini ko’rarmiz va ham o’qitmaganingiz uchun gunohkor bo’lursiz”. Domlaning qanchalik haq ekanligi asar xotimasida Toshmurod va Boy hayotining fojiali yakunida ko’rsatilgan.
Behbudiy Turkiston aholisi orasidagi kaltabin, o’jar, o’zbilarmonlarni g’aflat uyqusidan uyg’otishga, ularni yangi zamon taqozosi bilan etuk shaxslar darajasiga ko’tarishga butun qobiliyatini sarflaydi. Zotan u millatni halokatdan saqlab qolish, qaramlikdan qutqarishning yagona yo’li shu deb biladi. Boy singari kattalarda ko’ringan nuqsonlar ularning bolalariga ham yuqub borayotgani Behbudiyni va butun jadidlarni tashvishga soladi. Bu jihatdan “Padarkush” dramasidagi Ziyoli obrazi va uning faoliyati, ayniqsa, katta ahamiyat kasb etadi. Ziyoli Domlaga nisbatan ilg’or mulohazalarni bayon qiladi. Ziyoli evropacha ta’lim olgan, uning tashqi qiyofasi, kiyim-kechaklari, gapso’zlari ham yangicha, zamonaviy ruhni ko’rsatib turadi. U Domlaning fikrmulohazalarini yanada kengroq ko’lamda davom ettiradi. Shariatda ta’kidlangan ilmma’rifatga oid aqidalarni ham hozirgi dunyo miqyosida rivojlanib borayotgan aniq fanlar, madaniy taraqqiyot haqidagi ma’lumotlarni ham ancha chuqur bayon qilishga intiladi. U bildirgan mulohazalar ham
Boyga ta’sir ko’rsatmaydi. Ziyoli o’z mulohazalarida Turkistonda milliy maktablarni rivojlantirish, shunga yarasha o’qimishli fuqarolarni ko’paytirish uchun, avvalo, bolalarni ilm-ma’rifatli qilib tarbiyalash lozimligini tushuntiradi.
Ziyoli mulohazalarida Behbudiy va butun jadidchilik oqimining yoshlar tarbiyasiga oid, ilm-ma’rifat, ta’lim maktab-maorif haqidagi qarashlari to’liq ifodalangan. Binobarin, unda fuqaroni g’aflat uyqusidan uyg’onishga da’vat o’z ifodasini topgan. Uning so’zlaridagi yoshlarni dastlab milliy maktabda xat-savodini chiqarish, ularga diniy ilmlarni o’rgatish, o’z milliy urf-odatlarimizni singdirish, undan keyin Frantsiya, Amerika, Istambul singari rivojlangan mamlakatlarining oliy o’quv yurtlariga yuborib o’qitish, fan-texnika, iqtisod, huquqshunoslik singari muhim siyosiy ilmlarni egallashga erishish masalalariga oid fikrlar hamon e’tiborni jalb etadi.
“Padarkush” asarida mustamlakachilik siyosati tufayli mahalliy aholi va ayniqsa, yoshlar o’rtasida ichkilikbozlik, maishiy buzg’unchalik tarqala boshlagani ham ko’rsatiladi. Liza singari rus ayollari mahalliy millatga mansub yoshlarni ko’plab ergashtira boshlagan, bunday buzilishlar yoshlar tarbiyasini izdan chiqarib, ularni halokatga surgab borayotgani Behbudiy singari tarbiyachilarni tashvishga soladi. Bir to’da yoshlar – Tangriqul, Davlat, Nor va shular bilan birga Boyning o’g’li Toshmurod pivoxonada ichkilikbozlik qilib o’tirishadi. Qadah ko’tarib, og’izlaridan “bodi kirib – shodi chiqib” turadi. Mast-alast holda hech kimdan tortinmay, ko’ngillariga kelgan bema’ni, beparda gaplarni aytishadi, “oh, Lizaxon qaydasan!” deb baqirishadi…. Toshmurodni maqtashib, uning salomatligiga ketma-ket ichishadi. Unga yasama muomala qilib, yolg’ondan “Boyvuchcha, Boyvuchcha!” deyishib, Toshmurodni battar gerdaytirib yuborishadi. Yoshlar tarbiyasining buzilayotgani Lizani qiziqtirmaydi. Bolalar Liza talab qilgan pulni topish uchun o’g’rilik qilishadi: bezori, ichkilikboz Nor, Davlat, Tangriqullar maslahatlashib, Boyning boyligini o’g’irlashga boshchilik qilishni
Toshmurodga uqtirishadi. Bu erda gap shundaki, Behbudiy har bir bola o’z ota-onasi, oilasiga dushman demoqchi emas, ota-ona bilan bola o’rtasiga rahna solish maqsadi ham yo’q. Uning asosiy maqsadi, odamlarda ilmsizlik, o’qimaslik, savodsizlik orasida kelib chiqadigan johillik va ongsizlik tufayli ro’y beradigan jinoiy ishlarga qarshi nafrat uyg’otish, ularni bundan ogohlantirishdir. Boy, agar Ziyoli va Domla so’zlariga amal qilib, o’z bolasini qunt bilan o’qitgan-da, Toshmurod, avvalo, yomon doiraga – Nor, Davlat va Tangriqullarga qo’shilmas, Lizaga ham duch kelmasdi.
Toshmurod Tangriqulni kechasi o’z uyiga boshlab keladi. Davlat bilan Nor ko’chada poyloqchilik qilishadi. Uylarning eshigini ochib, otasi yotgan xonaga kirib, uning boyliklari, pullari solingan sandiqni ochib, hammasini olishadi. Otasi uyg’onib qolganini ko’rgan Toshmurod to’pponchadan tepaga qarab o’q uzadiki, uy egalari qiychuv bo’lib qolishadi, qo’ni-qo’shnilar ham yugurishadi… shu orada Tangriqul Boyga pichoq urib o’ldiradi, Toshmurod bilan birga uydan qochib chiqishadi, yana Davlat, Nor hammasi birgalashib, maishatni davom ettirishadi. Liza ham bularga qo’shilib o’tiradi. Toshmurod ham go’yo hech narsa bo’lmaganday, yana kayf-safoda… Ulfatlar yanada ko’proq ichishadi, endi Lizaning salomatligiga – “ura-ura” deb qadah ko’tarishadi. Ayni shu paytda tashqaridan shov-shuv eshitilib, mirshablar bostirib kelishadi. Liza qochib qoladi. Toshmurod, Davlat, Tangriqul va Nor qo’lga olinib, qamaladilar”. (“Padarkush”, 153-154-betlar).
Asarda Ziyoli bunday fojiadan qutilish yo’llari haqida o’z mulohazalarini shunday bayon etadi: “Ilm va tarbiyasiz bolalarni oqibati shuldir. Agarda bularni otasi o’qitsa edi, bu jinoyat va padarkushliklardan sodir bo’lmas va bular ichkilikni bo’yla ichmasdi, xun begayri haqqin qilmas edi. Umri boricha Sibirga va qiyomatga jahannamga qolmas edi”. (“Padarkush”, 153-154-betlar).
Behbudiy ta’lim-tarbiyasi buzilgan bolalar tufayli hayotda sodir bo’lishi mumkin bo’lgan fojialar dahshatini iloji boricha kishilar qalbiga chuqurroq ta’sir ettirish niyatida Boy boyligining talon-taroj bo’lishiga, o’ldirilishiga o’z bolasi boshchilik qilganligini tasvirlaydi. Sodir bo’lgan jinoyatning ikki dunyodagi oqibotlarini ham izohlab o’tadi.
Hayoti Sibirda chirisa, oxirati do’zaxga mahkumligini ochiq aytadi.
Ziyolining keyingi so’zlarida Behbudiy mustamlakachilar keltirgan va
keltirayotgan salbiy ta’sirlardan qutilish uchun ham aholi saviyasini ko’tarish, o’zligini anglashga o’rgatish lozimli-gini uqtiradi: “Bizlarni – deydi u, – xonavayron, bachagiryon va bevatan va bandi qilg’on tarbiyasizlik va jaholatdir; bevatanlik, darbadarlik, asorat, faqir va xorliklar hammasi ilmsizlik va betarbiyalikning mevasi va natijasidir…
Modomiki, bizlar tarbiyasiz bolalarimizni o’qitmaymiz, bu tariqa yomon hodisalar va badbaxtliklar oramizda doimo hukmron bo’lsa kerak. Bu ishlarni yo’q bo’lmog’iga o’qimoq va o’qitmoqdan boshqa iloj yo’qdur. Alloh tao-lo boshqalarga hajmi ibrat va sizlarga sabr bergay” (“Padarkush”, 155-bet).
Oxirgi jumlalardagi “o’qimoq” va “o’qitmoq” so’zlariga e’tibor berilsa, ta’limtarbiya ishlari faqat yoshlar o’rtasida emas, shu bilan birga, kattalar (ota-onalar) o’rtasida ham olib borilishi lozimligi ta’kidlanadi.
Behbudiy yoshlar ta’lim-tarbiyasi haqida nima ish qilgan, qanday faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, hammasini, asosan, turkiy xalqlarning kelajagini porloq, o’zlarini mustaqil, vatanni obod, el-yurtni qaramlikdan ozod etish uchun qilgan. Turkistondagi barcha ota-onalarni ham, ularning farzandlarini ham shu ruhda tarbiyalashni ko’zda tutgan.
Behbudiy chor Rossiyasiga qaramlikdan qutulmoq, mustaqillikka erishmoq uchun savodxon bo’lmoq darkorligini alohida ta’kidlar, buning uchun ma’rifat o’choqlari bo’lmish yangi usul maktablarini ko’paytirish, maktab va madrasalarda esa diniy bilimlar bilan birga tabiiy fanlarni ham xuddi Ovro’pa mamlakatlaridagi saviyada o’qitish g’oyasini targ’ib qiladi: «…Yahudiy, armani va boshqa ajnabiylarga poymol bo’lishimiz yillarning o’tishi bilan lozim keluvchi bir amri tabiiydir. Zamonamizning ilm va fanidan, ilmi di-nimiz ila birga o’qib o’zimizni din va millatimizni hifz etmak kerak va illo Ovro’pa ashyoniy nafisasi kasabalarimizni va Ovro’pa siyosiylari vujudimizni bo’lib yuboradilar…
…Ilmi diniy ila barcha ilmi zamoniy — ilmiy dunyoviy tahsil qilmaslik munkariz bo’larmiz…».
Behbudiy o’zining mana shu fikrlarini amalga oshirish borasidagi ko’p qirrali va sermahsul faoliyati davomida ma’rifatparvarlik va taraqqiyparvarlik: g’oyalarini keng tashviq etibgina qolmasdan, balki Jomboy qishlog’ida o’qituvchilik qilib yurgan Abduqodir Shakuriyni yollab, maktab uchun o’z hovlisining tashqarisini beradi, bolalar esa tekinga o’qitiladi.U katta o’g’li Ma’sud bilan qizi Parvinni ham Shakuriy maktabiga o’qishga beradi. Behbudiy o’z uyida ochilgan “usuli jadid”maktabining butun moddiy xarajatlarini o’z gardaniga oladi «Padarkush»ning sahnaga qo’ilishidan kelgan asosiy
daromadni Samarqand, Qo’qon, Namangan, Toshkent, Kattaqo’rg’on va boshqa shaharlardagi “usuli jadid” maktablariga hadya qildi, bu maktablar uchun o’zi «Muntaxabi jo’g’rofiya umumiy» («Qisqacha umumiy jo’g’rofiya»), «Madxali jo’xrofiya umro-qiy» («Ahli jo’g’rofiyasiga kirish»), «Muxtasari jo’g’rofiyai Rusiy» («Rusiyaning qisqacha jo’g’rofiyasi»), «Kitobul aftol» («Bolalar maktubi»), «Muxtasari tarixi islom» («Islomning qisqacha tarixi»), «Amaliyati islom» va «Yangi hisob» darsliklarini yaratdi va o’z mablag’iga matbaa ochib, maktab uchun darslik va qo’llanmalarini tekinga bosib tarqatadi. Samarqanddagi birinchi musulmon kutubxonasi va qiroatxonaning asosiy mablag’i ham uning hisobidan chiqqan edi.
Mahmudxo’ja Behbudiyning yangi usul maktablarini tashkil etishdagi ma’rifatparvarlik xizmatlari. Qizig’i shundaki, Mahmudxo’ja Behbudiyning hayot yo’li, uning din va jamoat arbobi sifatidagi faoliyatida ma’rifatparvarlik va shariat uzviy birlikni tashkil etadi. Chunki, Behbudiy faqat diniy bilimlarnigina emas, shu bilan birga, zamonaviy ilmlarning zo’r bilimdoni, xalqni ma’rifatli qilish uchun kurash yo’lida o’z moddiy boyliklarini, hatto jonini ayamagan shaxsdir. Professor Abdurahmon Sa’diy 1923 yilda z’lon qilgan «Behbudiy va uning tegrasiga yig’ilgan yozuvchilar» nomli maqolasida «O’z zamonida Turkiston jadidlarining eng faol va eng ma’lumotli rahbarlaridan edi» deb ta’riflagan bo’lsa, Fayzulla Xo’jaev o’zining «Buxoro tarixi» asarida bu fikrni rivojlantirib: «Siyosiy, ijtimoiy faoliyati va bilimining kengligi jihatidan Turkistonning o’sha vaqtdagi jadidlaridan unga teng kelaoladigan kishi bo’lmasa kerak» deb yozgan edi.
Bu gapda haqiqat bor, chunki zamonasidagi fikrlar — diniy huquq bilimdonlaridan hech biri fikh ilmining kengligi jihatidan mufti Mahmudxo’ja Behbudiyga teng kela olmas edi. Behbudiyning ayrim jaholatparast ruhoniylardan farqi va afzalligi shunda ediki, u hech qachon fikhning biror qoidasi yoki yo’l-yo’rig’ini xalq manfaatlari va ijtimoiy taraqqiyotga zarar keltiradigan tarzda talqin qilmagan. Aksincha, oyat va hadislarga tayangan holda, shar’iy dalillar asosida jamiyatdagi davlatmand sinf vakillarini insofga, shafqatga chorlaydi, ularning ochko’zligi va noinsofligini keskin qoralaydi, ayni paytda ma’rifatparvar arbob sifatida mehnatkashlarning bolalarini o’qimishli, bilimdon qilish vositasida ijtimoiy tengsizlik ildizlarini quritish mumkin degan xayol bilan bepul yangi usul maktabi ochadi, keng xalq ommasining barcha tabaqalarini ma’rifatli etish choralarini izlaydi, bu yo’lda shaxsiy mablag’larini beg’araz sarf qiladi. U xalqni, millatni ma’rifatli etish yo’lidagi tadbirlar uchun o’z mablag’larini ayagan mulkdorlarni qanchalik yomon ko’rsa, umumxalq manfaatini oyoq osti qilib, mulkdorlar yuz-xotirini qilgan din arboblaridan ham shunchalik nafratlanadi. Biroq Mahmudxo’ja Behbudiyning muftiylik lavozimini bunday halollik bilan ado etishi, yangi usul maktabi ochishi va taraqqiyparvar jadidlar faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlashi mutaassib ruhoniylarga hecham yoqmas edi. Shu bois 1914 yilning 3 yanvarida g’oyat mash’um hodisa ro’y berdi: Samarqanddagi Ulug’bek madrasasining ichida joylashgan Jomeda o’qilgan juma namozidan so’ng muazzin besh-olti ming musulmon huzurida nutq so’zlab, «usuli jadidchilarning kofirligi va har kim bolasini usuli jadid maktabiga bersa, o’zi kofir, xotini taloq bo’lishini», jamoaga e’lon qiladi. Uning aytishicha, bu favqulodda takfirni u ulamoning «qavmi va buyrug’i» ila e’lon etgan. Bu shum xabar yashin tezligida butun Turkistonga tarqaladi. Mutaassib ruhoniylar tomonidan qo’llangan bu makkorona usul jadidlarni mushkul ahvolga solib qo’ydi, o’z bolalarini usuli jadid maktabiga bergan ota-onalar tavahhumda qoldilar. Bunday vaziyatda eng oqilona tadbir jadidlarni diniy dalillar vositasida himoya qilmoq edi. Bu vazifani muftiy Behbudiy yuksak mahorat bilan ado etadi. To’g’ri, zamonaning zayli bilan dastlab ulamoning o’zi takfirdan tanishga majbur bo’ladi. Gap shundaki, mustamlakachi ma’muriyatning Samarqand viloyatidagi Mahkamasiga mazkur takfirning ma’naviy rahbarlari hamda muazzin chaqirtiriladi. Shunda ularning jamoadagi jangariligi va yuqoridagi xurujidan asar ham qolmaydi, ular hayosizlarcha bu dalildan tonadilar va almoyi — aljoyi javoblar beradilar. Natijada, Behbudiy «Oyna» jurnalining 1914 yil yanvarida chiqqan 12-sonida e’lon qilingan «Favqulodda takfir» maqolasida sodir bo’lgan voqea haqida zo’r taassuf bilan xabar beradi. «Oyna» jurnalining 12-sonida esa Mahmudxo’ja Behbudiyning bu masalaga bag’ishlangan «Bizni(ng) hollar va ishlar» maqolasida: «Ushbu nutq hukumatga ma’lum bo’lib, hukumat tarafidan Madrasai Tillakor va Madrasai Ulug’bek mudarrislari janob mulla Imomnazar va mulla Salim ham nutq qilg’on muazzindan so’rolibdur – Janob mudarrislar ushbu nutqdan xabarimiz yo’q— debdurlar. Muazzin aytibdurki, men usuli jadid o’ruscha o’qumoq va yo usuli jadidchilar haqida hech bir nimarsa aytganim yo’q…— boshqa aytganlariga munkir bo’lubdir.
Mahmudxo’ja Behbudiyning yangi usul maktablarini tashkil etishdagi ma’rifatparvarlik xizmatlari.










