Ma’rifatparvar shoir Ishoqxon Ibrat haqida batafsil ma’lumot.

0
Ma’rifatparvar shoir Ishoqxon Ibrat haqida batafsil ma'lumot.

Ma’rifatparvar shoir Ishoqxon Ibrat haqida batafsil ma’lumot.

Ma’rifatparvar shoir Ishoqxon Ibrat haqida batafsil ma'lumot.

Taraqqiyparvar murabbiy va ma’rifatparvar shoir ISHOQXON IBRAT(18621937) usuli hijoga asoslangan eski maktablarni isloh qilish shiori bilan emas, aksincha, ularni tag-tugi bilan tugatish va bunday maktablar o’rnida yangi, davr talablariga javob bera oladigan, zamonaviy ilmlar o’rgatadigan usuli savtiya uslubiga asoslangan maktablar tashkil qilish shiori bilan chiqdi: «…Eski maktablar bechora aziz farzandlarimizni kaltak, qamchi, yo’q bahonasida besh-o’n sanalar osmonga qaratib, «Alif bezavar, alif be-bazer», deb shovqin qildirib-qildirib, bir harf ham o’quv-yozuv bildirmayincha umrlarini barbod qilib yotmoqg’a taqviyatgina bo’ladur… Bolalarni eski maktablar ila jamoalarga taqsim qilib, kelib-ketish, kaltak va qamchi masalalarin isloh qilmoq, albatta lozimdur. Lekin o’qulajak kitoblari — mazkur eski kitoblari o’qutajak domulalari – eski domlalari, maktablarida — eski hasharot uyalari bo’lduqinda bu masalalarni ming martabalar isloh qilinsada bekor, behudadur… Agar vijdon, insof ila muhokama qilsak, tavaqqufsiz va taraddudsiz eski maktablarimizni asoslaridan yiqib, joylariga tartib va intizom bilan yangi usul domlalarning himoyasida bo’lgan maktablar va’z etmak lozimdur. Eski maktabdorlarimizni dehqonchilik hunarlariga sahv etmak muvofiqi haqiqatdur. Bu janob mullalarga va yangi domlalarimizga oxiri so’zim»99.

Ishoqxon Ibratning eski maktabdorlarga, mudarrislarga nisbatan aytilgan achchiq gaplari, ularni ta’lim-tarbiya ishlariga yaqinlashtirmaslik haqidagi talablari katta jasorat edi.

Bu sohada, ayniqsa, Toshkent shahar Sebzor dahasidagi eski maktabdor mulla Husanxo’ja eshon bilan Ishoqxon Ibrat o’rtasidagi munozara ancha diqqatga sazovordir. Mulla Husanxo’ja eshon «Turkiston viloyatining gazeti»ni 1907 yil, 23- sonida bosilgan «Toshkand Musulmon maktablari haqinda» maqolasida eski maktablarni tashviq qilib, yangi usuli savtiya maktablarini tanqid qiladi va eski maktablarni yangi usul maktablaridan ustun qo’yadi. Shu bilan birga, u eski maktablarni nomiga engil-elpi isloh qilish, ya’ni o’quvchilarni kaltak bilan jazolash usulini bekor qilish, o’quvchilarni jamoajamoa qilib o’qitish va davomatni tartibga solish kabi shiorlar bilan chiqadi. Shuning uchun ham Ishoqxon Ibrat mazkur maktabdorga, uning maktabiga, o’qituv usuliga qarshi yozgan maqolasida kinoyali so’zlar bilan qattiq tanqid qiladi:

«Mulla Husanxo’ja eshon o’z maktabini engil-elpi isloh qilib, jadid maktabi deb ataydi va o’quvchi bolalarni tashviq qiladi. «Mulla Husanxo’ja eshon o’g’li ushbu 1907 yilning sentyabridan boshlab, biz sartiya maktablarimizni maktab bolalariga o’qitadurg’on usuli qadimiyamizni usuli jadid tartibig’a olib, jamoa-jamoa qilib o’qitadur. Choraki, mazkur tariqa tartibida maktab bolalarini tez fursatda savodlari chiqib, ko’p foydalar hosil bo’lur ekan. Yana shulki, bu tartibning hech nimarsag’a moneligi bo’lmas ekan. Sabab shulki, beshinchi jamoa birlan tamom bo’lur ekan. Birinchi jamoa «Haftiyaki sharif», ikkinchi jamoa «Kalomi sharif», uchinchi jamoa «Chohor kitob» birlan «Fuzuliy» yoinki «Navoiy», to’rtinchi jamoa «Bedilxon», beshinchi jamoa «E’tiqodli islomiya» birlan «Ilmi faroyiz» o’qib, tamom qilib, muddati ikki yil yoinki uch yil miyonasida madrasalarda o’qumoqni xohlaganlari madrasalarga chiqib, o’qimoqg’a qodir bo’lur ekanlar».

Yuqoridagi so’zlardan ko’rinib turibdiki, mulla Husanxo’ja eshon o’z maktabini isloh qilib, hech qanday ijobiy yangilik kiritgani yo’q (jamoa-jamoa qilib o’qitishdan boshqa). Ushbu maktabning mohiyatini, eski maktablardan hech qanday farqi yo’qligini tushungan Ishoqxon Ibrat «Jadid maktabdor» Husanxo’janing maktabini xalq bolalarini aldash uchun, ko’proq ularni jalb qilib, katta daromad olish uchun ochilgan maktab deb baholaydi.

Ishoqxon Ibrat birinchi marta 1886 yilda va ikkinchi marta 1907 yilda eski maktablardan butunlay farq qilgan, qishloq bolalari uchun bepul yangi usul savtiya maktabini ochadi. Maktab uning o’z uyida – yorug’, derazali xonaga joylashgan bo’lib, u yangi o’quv qurollari – parta, stol, stul, yangi kitoblar, darsliklar, daftar, doska kabilar bilan jihozlangandi, o’qish-o’qitish ishlarini bo’lsa u o’zi tuzgan dastur asosida olib bordi. Bu maktabda o’z farzandlari Abbosxon, Vaqqosxon, Fayozxonlarni   hamda 25 nafar   qishloq   bolalarini o’qitdi. Ishoqxon o’z maktabida haftalik dars jadvalini joriy qildi, darslik va qo’llanmalar sifatida esa o’zining «Lug’ati sitta-al-sina», «San’ati Ibrat qalami Mirrajab Bandiy» asarlaridan, S. M. Gramenitskiyning «Kniga dlya chteniya», Saidrasul Saidaziziyning «Ustodi avval», Ali Asqar ibn Bayramali Kalenining «Ta’limus soniy», M.M.Oraqulovning «Samouchitel russkogo yaznka dlya russko-musulmanskix shkol» kabi darslik va qo’llanmalaridan foydalandi.

Ishoqxon Ibrat yangicha ta’lim-tarbiya usulining nihoyatda katta afzalliklarini isbotlashda ko’proq o’zi erishgan yutuqlarga, o’zi amaliyotga tatbiq qilgan yangi uslublarga asoslanadi. Bu haqda u quyidagilarni yozadi: «Men o’zum ham o’zumga qarashlik o’nta-o’n beshta bolalarni eski maktabda hech bahra topmay, behuda yurduklarini jonim achib, Qozon tarafdan… bir muallim jalb edub, maktab qilib berdim.

Maktabning kushodig’a uch oy bo’lgani yo’q, yigirmadan ziyoda kichik bolalar «Alif nima? degan savolga «kaltak» deb javob beruvchilar tamom savodi chiqib, har narsani yozadurgan bo’ldilar. To’rt-besh, etti va sakkiz sanalar Qo’qong’a yurub, hech narsa bilmagan mullabachchalar bitamomixi arabiy mukolamag’a qodir bo’lub, har bir kitoblarni mutolaa etadurgan bo’ladilar. Shul sababdin biz o’z ko’zumiz ila tajriba qilib, bul o’qitishga tamom ixlos qildik».

Shu tariqa Ishoqxon Ibrat zamoniga xos har qanday ilg’or yangiliklarni bajonidil qabul qiladi va xalq farzandlarini ilm-ma’rifatli qilish yo’lida yangi usul maktablari ochib, milliy kutubxona, xiyobon, hammom, bosmaxona tashkil qilib, ro’znoma va kitoblar nashr qiladi.

Mavzular.

manba