Mirkarim Osim-bolalarning tarixnavis adibi.
Adabiyotda xalqimizning tarixiy o’tmishi mavzuini badiiy aks ettirish to’g’risida mulohaza yuritilsa, taniqli adib Mirkarim Osimning bu sohada qilgan xizmatlarini eslamaslik mumkin emas. Yozuvchi tarixiy o’tmishga hamisha va astoydil qiziqib kelgan. Xalq o’tmishiga qiziqish uning ijodida tarixiy mavzuni bosh yo’nalishga aylantirdi. O’zbek sho’ro adabiyotining to’ng’ich avlodiga mansub Mirkarim Osim 1907 yilda Toshkentda, ziyoli oilasida dunyoga kelgan. 1918 yildan «Shamsul urfon» nomli boshlang’ich maktabda o’qidi. 1921 yildan Alisher Navoiy nomidagi respublika bilim yurtida tahsil ko’rdi. Do’stlari Oybek va H. Yoqubovlar bilan bu texnikumda adabiyotsan’at turlarini o’rgandi.1926 yilda esa Moskva Davlat pedagogika institutining tarix-iqtisod fakultetida o’dib, uni 1930 yilda tugalladi. Samarqandda o’qituvchilar tayyorlash kursida, 1932 yilda O’zbekiston Maorif Xalq komissarligi, Pedagogika ilmiy-tadqiqot ilmgohida ishladi.Tarix fanidan qo’llanma, tavsiya, darsliklar yaratdi.Mirkarim Osim bsdiiy ijodni she’rlar yozish bilan boshlagan. So’ngra hikoya va qissa janrlarida ham qalam tebrata boshlagan. 1940 yilda Ulug’ Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida «Astrobod», «Alisher Navoiy a Darvishali», «Badarg’a», «Navoiyning xislatlari», «Ulug’bek va Navoiy» singari hikoya va tarixiy qissalar yoza boshladi. Adib bir umr tarixiy qissalar yozish bilan mashg’ul bo’lib, yangi-yangi avlodlarni o’tmish va uning ilg’or shaxslariga nisbatan muhabbat ruhida tarbiyaladi. Vatanparvarlik, insonparvarlik g’oyalarini ulug’ladi.
Mirkarim Osim 50-yillar Stalin qatag’onining begunoh ma’naviy qurbonlaridan biridir. Uning vatanparvarlik, millatparvarlik, o’tmish tarixga muhabbat ruhidagi asarlari o’z muallifiga qaro kunlar olib keldi. Adib ko’p yillar sho’ro rejimining azoblarini chekdi. 40yillarning oxirida qatag’onga uchradi, 50-yillarda ozodikka chiqdi. Tarixiy mavzularda hikoyalar, qissalar yozdi. Barcha asarlarida xalq tarixi, nurli siymolar xarakteri yorqin tasvirlanadi.
60- yillarda vatanga qaytgan san’atkor tarixiy asarlar yozishda, tarjimai hol ishi bilan shug’ullanishda davom etadi. Adabiy nashriyotlarda kichik adabiy xodim vazifalarida ishladi. Mirkarim Osim tarixchi adiblar orasida asl manbani buzmay, qayta badiiy jonlantirishi bilan ajralib turadi. Uning asarlari 70-80-90-yillar tarixiy adiblari uchun asosiy manba vazifasini o’tadi.
Adabiyotshunos M. Sattorov tarixchi adibning asarlarini davriy jihatdan shartli ravishda uch guruhga ajratadi.
- Tariximizning qadimgi davrlari haqida hikoyalar (Makedoniyalik Iskandar, so’ngra, arab xalifaligining, keyinroq eroniy shohlarning O’rta Osiyoga yurishlari haqidagi bitilgan hikoya, qissa va turli obrazlar talqiniga oid asarlar).
- O’rta asrlar tarixidan hikoya qiluvchi asarlar (Mo’g’ullar istilosi va buyuk fan, madaniyat arboblari haqida biografik qissa va hikoyalari).
- XVIII asrdan to Oktyabr to’ntarishiga qadar bo’lgan davr tarixiy hayotini badiiy aks ettirgan asarlar turkumi.
Chindan ham muallif asarlari davriy jihatdan kengqamrovli. Ayniqsa,adibing O’rta asrlar tarixidan hikoya qiluvchi tarixiy-biografik qissalari alohida e’tirofga sazovor. Ayni paytda Mirkarim Osim asarlarini uch katta mavzu yo’nalishi bo’yicha tahlil qilish, baholash mumkin:
1.Tarixiy qahramonlik mavzuidagi asarlar.
2.Tarixiy-maishiy mavzu.
3.Tarixiy biografik asarlar.
Adib yarim asrlik ijodiy faoliyatida ana shu uch davr va uch mavzuviy yo’nalish bo’yicha samarali ijod qilib, o’zbek nasrini, o’zbek qissachiligini boyitdi. Xususan , u tarixiy qissachilikda katta yutuqlarni qo’lga kiritdi. Bu yo’nalishda u qadim ajdodlarimizning, Vatanimiz tuprog’iga bostirib kirgan chet ellik bosqinchilarga(eron, arab, mo’g’ul, rus) qarshi olib brogan qahramonona kurashlari, o’tmish ilm-fan madaniyatimiz yulduzlarining jahon madaniyati xazinasiga qo’shgan beqiyos hissalari, opbek xalqining ikki tomonlama zulm-istibdoddan tinkasi qurib, adolatsizlikka qarshi isyonga otlanib, milliy ozodlik uchun kurashgani haqida bir qator asarlar yaratdi. Jumladan, muallifning «O’tror», qissasi fikrimizni dalillay oladi. Negaki, “O’tror” tarixiy-maishiy mavzudagi asardir. Chunki unda o’zbek xalqining 1216-1220- yillardagi siyosiy-ijtimoiy va madaniy hayoti badiiy aks ettiriladi. Qissada tarixiy voqealar talqini barobarida xalqning maishiy turmush sharoiti, kasb-kori, mashg’ulotlari tasviriga ham keng o’rin ajratilgan. Shuning uchun uni tarixiy-maishiy yo’nalishdagi asar deb qarash lozim.
Mirkarim Osim ijodida tarixiy-biografik mavzu ham katta oqimni tashkil etadi. Uning «Zulmat ichra nur» (Navoiy), «Jayhun ustida bulutlar» (Beruniy), «Ibn Sino qissasi», «Aljabrning tug’ilishi» (Al-Xorazmiy), «Singan setor» (Mashrab) kabi qissalarini ko’rsatish mumkin. Adibning “Jayhun ustida bulutlar” qissasi ulug’ qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning, “Ibn Sino qissasi” esa nomi jahonga mashhur buyuk hakim va olim Abu Ali ibn Sinoning, “Aljabrning tug’ilishi” hikoyasi mashhur matematik al-Xorazmiyning hayoti va ijodiga bag’ishlangan.
Adib o’z tarixiy-biografik asarlarini odatda, bu ulug’ insonlarning tavallud ayyomining tantanali nishonlanishi munosabati bilan sovg’a sifatida yaratgan. Jumladan, “Jayhun ustida bulutlar” qissasi Abu Rayhon Beruniyning 1000 yilligiga, uch-to’rt biografik hikoyalardan tashkil topgan “Ibn Sino qissasi” Abu Ali ibn Sinoning 1000 yilligiga, “Aljabrning tug’ilishi” hikoyasi al-Xorazmiyning 1200 yilligiga sovg’a tariqasida yozilgan. Shuningdek adibning XY asr hayotiga bag’ishlangan “Zulmat ichra nur” qissasi atoqli shoir Alisher Navoiyning 525 yillikyubileyiga tortiq qilingan edi. O’smirlar va bolalarga bag’ishlangan bu asarda bobokalon shoirimiz hayoti va ijodiy faoliyatining barcha davri hissiy nozikliklari bilan yaxlit qamrab olingan. Yoxud adibning “Nur va zulmat” qissasi ham Jahonotin Uvaysiyning qalb iztiroblarini tarannum etadi. Shunga ko’ra bu kabi asarlar tarixiy-biografik asarlarning eng ajoyib namunalaridan hisoblanadi. Bundan tashqari, qahramonlik mavzuiga ijodkorning «To’maris», «Temur Malik», «Aleksandr va Spitamen» kabi asarlarini kiritish mumkin bo’lsa, maishiy mavzudagilarga «Mohlar oyim va Xonposhsha», «Karvon qo’ng’irog’i», «Elchilar» kabi asarlari, shuningdek, “Elchilar”, “Karvon yo’llarida”, “Do’stlik qaldirg’ochlari”, “Tilsiz guvoh”, “Zulmat va muhabbat nuri” kabi tarixiy qissalari hayotimizning, aniqrog’I, xalqimi tarixining ilmiy va badiiy jihatdan nisbatan kam tadqiq qilingan davrlari—XYU-XY111-X1X asrlar hayotiga, o’sha davr xalqlarimiz turmushining tarixiy taraqqiyotiga bag’ishlanadi
Tarixiy mavzularda asar yaratish olijanob vazifa va ayni paytda benihoya mas’uliyatlidir. Tarixni baholash vaqtning zimmasida, albatta. M.Osim tariximizning ochilmagan sahifalarini birma-bir varaqlab, unga murojaat etdi. “U kishi nafaqat yozuvchi,deb yozgan edi O.Yoqubov,-balki har qanday tarixshunos olim bilan (albatta, tarixiy voqealar haqida gap ketganda) bellasha oladigan, tarixni besh qo’ldek biladigan zukko edi. Shu boisdan, oddiy kitobxonlar qatori tarixshunos olimlarimiz ham uning asarlarini o’qib o’rganadilar.”
Tarixiy qissalar ilmiy-nazariy ma’lumotlarga qaraganda ta’sirchan va tarbiyaviyestetik ahamiyat ustivor ekanligini S.Anorboyev mulohazalaridan ham anglash mumkin. Uning e’tiroficha, 1940-yillarda hali adabiyot darsliklari va xrestomatiyalarda A.Navoiy haqida qisqacha biografik ma’lumotlar bo’lmagan bir paytda, olimlarning davriy matbuotda e’lon qilingan Navoiy hayot yo’li, ijodining keng tahlili o’quvchilar ommasiga boy ma’lumot bera olgan. “Mirkarim Osimning “Alisher Navoiy va Darvishali”, “Astrobod”, “Alisherning yoshligi”, “Badarg’a” hikoyalarini o’qiganimda esa,-deb yozadi muallif alohida qoniqish bilan,- Alisher mening ko’zimga goh uyqusirab otdan yiqilib, Yazd cho’lida qolib ketgan ziyrakkina bola, goh navqiron yigit, goh…johil ruhoniylardan tap tortmay hajv qiluvchi tili o’tkir zabardast shoir, goh adolat tig’ini baland ko’targan davlat arbobi qiyofasida namoyon bo’ladi.”











