Mirzo Ulug’bekning pedagogik g’oyalari va ma’rifatparvarlik xizmatlari. Ulug’bek davrida maktab islohoti.
Muhammad Tarag’ay – Mirzo Ulug’bek (1394-1449) Amir Temur sulolasiga mansub ulug’ zot, ulkan davlat arbobi va buyuk dahodir. Amaliy faoliyatida davlat arboblikni olimlik, olimlikni esa davlat arboblik bilan qo’shib olib borish Mirzo Ulug’bekka xos bo’lgan nodir fazilatdir. Ulug’bek – podshohlar ichra donishmand, donishmandlar ichra podshohdir. U – insoniyat tarixida ahyon-ahyondagina uchraydigan noyob fenomen.
Ulug’bekning zamondoshi Sakkokiy qasidalaridan birida Ulug’bekning ilmu kamolotini, buyuklik cho’qqisiga ko’tarila olganligi, dunyoda podshoh va olimlar ko’p o’tganu, ammo unga tenglasha oladigani bo’lmaganligini shunday odil va orif misrlarda bayon etadi:
Salotin dunyoda ko’p keldi-yu ketdi, seningdek bir,
Falakning gar tili bo’lsa ayitsunkim qachon kelgan.
Mirzo Ulug’bekning olam uzra mashhur bo’lishi va tarixda abadiy qolishida buyuk sohibqiron bobomizning ta’lim-tarbiyasi va shaxsan unga nisbatan bo’lgan mehrmuhabbatining ahamiyati beqiyosdir. Amir Temur sevikli nabirasi Muhammad Tarag’ay tarbiyasiga alohida e’tibor bilan qaragan. Amir Temur nabirasi Ulug’bekning o’tkir zehnli, aqlu farosatli bo’lganligi uchun juda sevardi. «Ko’zimning nuri, saltanatimning umidli niholi», deb erkalatardi. Biroq, Ulug’bek Mirzo nozik bo’lib o’sdi, buning ustiga ko’p vaqtini kitob mutolaa qilish bilan o’tkazar, davlat ishlariga rag’bati yo’q ko’rinar edi.
Ulug’bekning tarbiyasi bilan buvisi Saroy Mulk xonim shug’ullanib, sevimli nabirasiga o’quv-yozuvni o’rgatgani, tarixiy mavzularda hikoya va ertaklarni so’ylab bergani uning hayotida o’ziga xos maktab bo’ldi.
U Amir Temur saroyida bo’ladigan maslahatlar, olimlar, sayyidlar, ulamolar, shayxlar bilan bo’ladigan kengash va mashvaratlarda, chet eldan kelgan elchi va davlat arboblarini qabul qilgan paytlarda, ziyo fatlar chog’ida, shuningdek, harbiy mashqlar paytlari va yurishlarda Ulug’bekni ko’pincha ishtirok ettirgan.44 U nabirasini qilichboz sarkarda emas, balki buyuk donishmand olim bo’lib etishishini aniq bilgan va shu yo’lda unga rahnamolik qilgan.
Ulug’bek yoshligidan ko’p kitoblarni mutolaa qilgan bo’lib, u ayniqsa, matematika, astronomiya ilmlariga qiziqdi. U bobosining xos munajjimi mavlono Badriddin bilan ko’p vaqtini o’tkazar, undan hisob va taqvimdan dars olar, ba’zi kechalari, qor tinib osmon yorishgan paytlarida yulduzlarning o’rni va harakatini kuzatish bilan mashg’ul bo’lar edi.
Taniqli olim Bo’riboy Ahmedovning ma’lumotlariga ko’ra, mavlono Badriddin Samarqandda bo’lgan vaqtda Ulug’bekni Qo’ksaroydagi xos kutubxonasiga boshlab borib, kutubxonaga yangi kelib tushgan Abulqosim Firdavsiyning «Shohnoma»sini ko’rsatadi. Shu erda mavlono Badriddin Ulug’bekka alloma al-Farg’oniy tarafidan bitilgan «Kitob fi javome’ ilm an-nujum va usul al harakat as-samoviya» («Yulduzlar haqidagi ilm bilan osmon yoritgichlari harakatining asosini (bir-biriga), qo’shuvchi kitob»)ni ko’rsatadilar.
Shunday qilib, Ulug’bek bolalik yillaridayoq mavlono Badriddin Tusiy yordamida al-Xorazmiy, al-Farg’oniy, Nasriddin Tusiy, Abu Rayhon Beruniy, Umar Xayyom kitoblari bilan hamda Oqsulot va Utrorda «Ziji Malikshohi» bilan tanishdi.
Fanga bo’lgan zo’r muhabbati, katta qobiliyati va mehnatsevarligi tufayligina Ulug’bek astronomiya maktabining asoschisi va rahbari sifatida ajoyib muvaffaqiyatlarga erisha oldi. Bu maktab butun dunyoda hamma tomonidan e’tirof etildi, shuhratga sazovor bo’ldi.
Zo’r qobiliyat, o’tkir xotira va asta-sekin bilimlarni to’plash shunga olib keldiki, Ulug’bekda fanga qiziqish va intilish rivojlana bordi. Ulug’bek bilimlarini tinmay chuqurlashtirishi va o’z ustida muntazam ravishda ishlashi natijasida o’zining ko’pgina zamondoshlaridan o’zib ketdi. Shunday qilib, oldin o’tgan ajdodlar – Markaziy Osiyodagi qadimgi xalqlarning madaniy merosi Ulug’bek bilimlarining asosiy manbai bo’ldi.
O’sha davrda aniq fanlarning rivojlanishi, ana shu sohaga oid ajoyib asarlarning yozilishi va, nihoyat, buyuk astronomlar va matematiklar bilan yaqin munosabatda bo’lish Ulug’bek ilmiy faoliyatining asosiy yo’nalishini belgilab berdi.
1411yilda 17yoshli Ulug’bek Mirzo Movarounnahr va Turkistonning hokimi etib tayinlanishi Temuriylar xonadonida uning mavqei naqadar yuksak ekanligidan dalolat beradi. Ulug’bek hokim bo’lgach, bobosidan farqli o’laroq harbiy yurishlar bilan kiziqmadi. Aksincha, u o’rta asrlardagi boshqa xokimlardan o’zgacha yo’l tutdi, ko’proq ilm-fanga moyil edi. Lekin, afsuski, Ulug’bekning boshlang’ich ma’lumoti va murabbiy hamda ustozlari haqida to’liq ma’lumotga ega emasmiz. Shunday bo’lsa-da, munajjim Mavlono Ahmad Ulug’bekning dastlabki ustozlaridan biri bo’lsa kerak, deb taxmin qilish mumkin, chunki bu kishi Amir Temur saroyidagi eng yirik olimlardan bo’lib, sayyoralarning kelajak ikki yuz yillik taqvimlari jadvallarini tuza olgan. Lekin Ulug’bekning o’zi keyinchalik asosiy asari bo’lmish «Ziji»da faqat Qozizoda Rumiyni «ustozim» deb ataydi.
Haqiqatan ham Qozizoda Rumiy 1360 yillarda tug’ilgan bo’lib, 20-25 yoshlarida, ya’ni Ulug’bek tug’ilmasdanoq Amir Temur saroyiga xizmatiga o’tadi. Natijada, Ulug’bek umrining ilmga qiziqqan davridanoq Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy kabi falaqiyotshunos va riyoziyotchilar ta’sirida ulg’ayadi. Shu sababli uning hayotida aniq fanlar muhim ahamiyat kasb etadi. Yigirma yoshlarida u o’zdavrinnng yirik olimlaridan bo’lib shakllandi. U hokim bo’lgan paytidagi olamshumul o’zgarishlar butun o’rta asr madaniyati tarixida betakror voqea bo’lib qoldi.
Ulug’bek ixlosmandlaridan G’iyosiddin Jamshid Koshiy 1417 yili Samarqanddan Koshonga otasiga yozgan maktubida Ulug’bekning faoliyati va bilimdonligini quyidagicha ta’riflaydi: «Olloga va uning ne’matlariga shukronalar bo’lsinkim, etta iqlimning farmonbardori, islom podshohi Ulug’bek donishmand kishidirlar. Men bu narsani odob rasmi yuzasidan aytayotganim yo’q. Haqiqat shuki, avvalo u kishim Qur’oni Karimning aksariyat qismini yoddan biladilar. Tafsirlarni va mufassarlarning har bir oyat haqidagi so’zlarini aqlda saklaydilar va yoddan biladilar, arabchada g’oyat yaxshi yozadilar. Shuningdek, u kishim fiqhdan xabardorlar: mantiq ma’nolariniig bayoni va usullaridan ham xabardorlar».
Amir Temur nabirasi Ulug’bekda, eng avvalo, insonparvarlik, adolat va dilovarlik fazilatlari bo’lishini istagan. Zotan, insonparvargina sahiy va adolatli bo’lishi mumkin.
Amir Temur fikricha, saltanat da’vogarlik qilgan har bir kishi saltanat sha’ni – martabasiga loyiq ish tutishi va unga muvofiq bo’lishi zarur. Uzoqni ko’rolmagan hukmdor yaqindagi balolarga giriftor bo’ladi. Ammo yaqinni ko’rib ish tutgan hukmdor xam xato yo’ldadir.
Amir Temur nabirasiga har doim, toleingda bitilgan bo’lsa, hukmdor bo’lursan, ammo kim bo’lmagin, musulmon bo’l, hech kimsaga haqsizlik qilma, sababsiz ranju ozor etkazma, to’g’rilik to’pini kiygin, faqirlar va ojizlarga har qanday sharoitda muruvvat ko’rsat, deb ta’lim bergan.
Ulug’bek sohibqiron bobosining, qo’l ostingdagilarning qalbi va ko’nglidan faqat yaxshilik bilan joy top, aks holda quvvatsiz qolursan va unutilarsan, degan yo’l-yo’rig’ini yoshlik chog’idan boshlab botinan va ruhan o’zlashtirib, butun hayoti davomida ularga qat’iy amal qilgan. Bularning hammasi Mirzo Ulug’bekning ilmiy kamoloti va siyosiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etgan. «Tarix, tibbiyot, matematika, astronomiya, me’morchilik sohalarida yuksak salohiyatga ega Amir Temur uchun bu tabiiy hol edi.
Mazkur fazilat sohibqironning avlodlari, ayniqsa, Mirzo Ulug’bekka o’tgani shubhasiz. Mirzo Ulug’bekning davlat arbobi bo’lish bilan bir qatorda buyuk olim darajasiga etishishida bobosi Amir Temurning ta’siri benihoya katta bo’lgan. U Ulug’bekdagi noyob iste’dodni boshdanoq payqab, safarlarda ham olib yurib, dunyoning mashhur olimlari tarbiyasidan bahramand etgan».
Mirzo Ulug’bek insoniyatning bir necha ming yillik tafakkur boyliklarini, madaniyma’naviy, ilmiy-falsafiy bilimlarini, tarixiy, diniy, axloqiy merosini, umumbashariyat xazinasiga ulkan ulush qo’shgan buyuk allomalar g’oyalari, qarashlari va ta’limotlarini katta qiziqish, zavq-shavq bilan o’rgangan. U yoshlik kezlaridan boshlab mashhur yunon olimlari Aflotun, Arastu, Gipparx, Ptolomey, Bitlimus va Kolius ta’limotlarini sinchiklab o’rganib, siyosiy, ilmiy-amaliy faoliyatida, kuzatish va tadqiqotlarida ulardan unumli foydalangan.
Ulug’bek diqqat-e’tiboridan Muhammad ibn Muso al – Xorazmiy, Ahmad
Muhammad al – Farg’oniy, Ahmad ibn Abdulla al – Marvaziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy singari buyuk allomalarning tabiiy-ilmiy, falsafiy asarlari, ta’limotlari chetda qolmadi. Ulug’bek Abul Vafoning osmon yoritqichlari harakati nazariyasi va astronomik jadvallari, Abu Mahmudxon Xo’jandiy ixtiro qilgan sekstant, Umar Hayyom rahbarligida isloh qilingan quyosh yilligi, Nasruddin Tusiy tajribalaridan foydalanib, olamshumul kashfiyotlar qilgan.
Ulug’bek qaerda bo’lmasin, G’iyosiddin al-Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi singari zamondosh olimlar va boshqa ko’plab shoirlar, san’atkorlar, tarixchi va faylasuflar, munajjimlar, matematiklar, diniy ulamolar, shayxlar davrasida bo’ldi, ular bilan suhbatlar, ilmiy bahslar o’tkazdi, ahli donishlardan ko’p narsa o’rgandi, shu tariqa aql-idrok va tafakkuri rivojlanib, fikran-ma’nan boyib, dunyoqarashi kengayib va chuqurlashib bordi.
Temur va temuriylar davri shart-sharoitlar va ta’lim-tarbiyasi, iqtisodiy-ijtimoiy, g’oyaviy-siyosiy zamin, moddiy-ma’naviy va intellektual imkoniyatlari bo’lmaganda, ehtimol, Mirzo Ulug’bek dunyoga bu qadar dovruq taratgan saltanat sohibi va buyuk mutafakkir bo’la olmasdi.
Allomai jahon Mirzo Ulug’bek ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga alohida ahamiyat berib, atrofiga o’z zamonasining buyuk olimlari, astronomlar va matematiklarni to’plab, ularga homiylik qildi. Uning saroyi madaniyat, ilmu ma’rifatning haqiqiy markaziga aylandi. Ulug’bek davrida «Zubdat ut-tavorix» («Solnomalar qaymog’i») nomli ajoyib asar yozgan tarixchi Lutfulla Hofizi Abro’, «At-tarifati Jurjoniy» nomli falsafiy risola muallifi Ali ibn Muhammad Jurjoniy, mashhur tibbiyot olimi Mavlono Nafis, lirik shoirlardan Sirojiddin Basotoyi Samarqandiy, zabardast shoirlar Lutfiy, Mavlono Xisliy, Ismatillo Buxoriy, Kamol Badaxshiy, yirik tilshunos va adabiyotshunos Fazlulloh Abullays va boshqa ko’plab dongdor olim va mutaffakirlar yashab, ijod etishgan.
Mirzo Ulug’bek jamiyat taraqqiyotini ilm-fansiz tasavvur eta olmagan buyuk alloma sifatida tarixda o’zidan mangu nom qoldirdi. Uningdek ulug’ siymolar, ma’naviyat va ma’rifat daholari insoniyat tarixida kamdan-kam uchraydi. Mutaffakir bobokalonimizning fikricha, jamiyatning hayotiy ehtiyojlarini qondirish zaruriyati asosida yuzaga kelgan ilm-fan uning taraqqiyoti va istiqboli uchun xizmat qilmog’i lozim.
Mirzo Ulug’bek Movarounnahrning qariyb qirq yillik hukmdori sifatida ilm-fan, madaniyat va ma’rifat rivojlanishiga alohida e’tibor bilan qaradi. 17 yoshdan boshlab to vafotigacha obodonchilikka, ilm-fanga katta e’tibor berdi. Uning davrida Buxoro,
Samarqand, G’ijduvon va boshqa joylarda madrasalar qurildi. Bu madrasalar orasida eng mashhurlaridan biri – 1417-1420 yillarda qurilgan Samarqand madrasasidir. Madrasalarda tabiiy fanlar, xususan, tibbiyot, matematika, astronomiya kabi ilmlar, fiqh, tafsir, shariat, islom asoslari o’qitilgan.
Samarqanddagi madrasa qurilishi 1417 yili boshlanib, uch yilda qurib bitkaziladi.
Tez orada Ulug’bek madrasaga mudarris va olimlarni to’play boshlaydi va shu tariqa uning falaqiyotshunoslik maktabi shakllanadi. Bu maktabning asosiy mudarrislari ilmiy ishlarga qulay sharoit va panoh izlab Temur davridayoq Samarqandga kelgan Taftazoniy, Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy kabi olimlar edi. Qozizodaning maslahati bilan Ulug’bek otasining mulki Xurosonning Koshon shahridan G’iyosiddin Jamshid Koshiyni chaqirtirdi. Shunday qilib, Movarounnahrning turli shaharlaridan va Xurosondan to’plangan olimlarning soni 1417 yilga kelib 100 dan ortib ketdi. Ular orasida adiblar, muarrixlar, xattotlar, rassomlar, me’morlar bor edi. Lekin yulduzshunoslik va riyoziyot sohasidagi olimlar sharafliroq va obro’liroq edi.
Ular orasida Qozizoda bilan Koshiy eng salobatli va nufuzli edilar.
1420 yili Samarqand madrasasining tantanali ochilishi bo’ldi. Manbalarda qayd etilishicha, «madrasa binosi bitishiga yaqinlashganda, bu erga to’plangan adabiyot, san’at va fan namoyandalari Ulug’bekdan madrasaga kimni mudarris etib tayinlamoqchisiz, deb so’rashganda, u barcha fanlardan xabardor bo’lgan biror odamni qidirib topaman, deb javob bergan. Shu erda g’ishtlar orasida iflos kiyimda o’tirgan Mavlono Muhammad Ulug’bekning bu gapini eshitib qolgan va shu onda o’rnidan turib, bu vazifaga men loyiqman, degan. Shundan keyin Ulug’bek uni imtihon qila boshlab, uning chinakam bilimdon odam ekanligiga ishonch hosil qilgan va uni hammomda yuvintirib, yaxshi kiyintirish to’g’risida buyruq bergan. Madrasaning ochilish kunida mavlono Muhammad mudarris sifatida ma’ruza o’qigan; mavlono Muhammadning olimlardan 90 kishi ishtirokida qilgan ma’ruzasini Ulug’bek bilan Qozizoda Rumiydan boshqa hech kim tushuna olmagan». Chunki bu ma’ruza haddan tashqari ilmiy – nazariy jihatdan kuchli va murakkab masalalarni o’z ichiga olgan edi.
Bu erda tilga olingan Qozizoda Rumiy (Salohiddin Musa bin Mahmud) mashhur matematik va astronomdir. U Ulug’bek madrasasining dastlabki mudarrislaridan biri edi.
G’oyat bilimli bu olimni zamondoshlari «O’z davrining Aflotuni» deb ataganlar. U Samarqandda dafn etilgan bo’lib, Qozizodaga yuksak baho bergan Ulug’bekning farmoniga ko’ra, uning qabri ustiga maqbara qurilgan. Bu maqbara Shohizinda maqbaralari yaqinida joylashgan.
Ulug’bekning falaqiyotshunoslik (astronomik) maktabi tarixi-da muhim rol o’ynagan boshqa yirik matematik va astronomlardan biri G’iyosiddin Jamshid ibn Mas’ud edi. U 1416 yildayoq astronomik asboblar to’g’risida risola yozgan edi. Bu asboblarning ko’pidan Ulug’bek rasadxonasida foydalanilgan. U matematika va astronomiyaga oid bir qancha asarlarning muallifidir.
Ulug’bek ta’biri bilan aytganda, sa’y-harakat va tirishqoqlik jilovlari go’zaldir, agar ular ilmiy haqiqatlarga va donolik nafosatlariga erishishga sarflansa, u o’tkir qalami birla va chuqur tafakkuri ila ilmlar sirlariga, san’at nafosatiga etadi. Ulug’bekda shijoat bilan bir qatorda jonkuyar va muruvvatli ma’rifatchilik, ilm-fan ravnaqi yo’lida sahovatli rahnamolik, shirinsuhan va yuksak aql-idrokli insonlik, bag’rikenglik, kelajakni oldindan ko’ra bilishlik singari fazilatlar mujassam edi.
Ulug’bek ilm-fan ravnaq topishiga katta umid bilan qaradi. Bu yo’lda u hormaytolmay mehnat qildi, inson aql-idroki va tafakkuri tantana qilishiga, jaholat va xurofot tumandek tarqalib ketishiga astoydil ishondi. Ilm yordamida kelajakni oldindan ko’rdi.
Mirzo Ulug’bek hazrat bobosi Amir Temur ta’limotiga, yo’l-yo’riqlariga, “Tuzuklar” ida belgilab berilgan qonun-qoidalarga umrbod sodiq qoldi. Amir Temurning, kuch-adolatdadir, degan umumbashariy ahamiyatga ega bo’lgan dono o’giti va sabog’i Mirzo Ulug’bekning shoh va donishmand sifatidagi ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy, ma’rifiy-urfoniy faoliyatida mezon bo’lib xizmat qildi.
Bobosidan qolgan bebaho yodgorlik – vasiyat va tuzuklarni Mirzo Ulug’bek o’zining ilmiy-amaliy, ijtimoiy-siyosiy faoliyatida dasturulamal deb bildi, ulardagi asosiy g’oyalardan aslo chekinmadi. Amir Temurning “Millatning dardlariga darmon bo’lmoq vazifangizdir. Zaiflarni ko’ring, yo’qsullarni boylar zulmiga tashlamang. “Adolat va Ozodlik” dasturingiz, rahbaringiz o’lsun… Bularga sodiq qolsangiz tosh boshingizga tushmas”, – degan ta’limotini Ulug’bek qalb to’rida saqladi va tadbiq etdi.
Mirzo Ulug’bek xalqni, saltanat sohiblarini ochiq yuzlilik, samimiyat, mehr-shafqat bilan o’ziga rom etdi. Adolat bilan ish yuritdi. Raiyat ahvolidan doimo ogoh bo’lib turdi, har bir o’lka va shahar aholisining ulug’lari, buzurglari, ahli donishlari bilan hurmatli munosabatda bo’ldi. Qo’l ostidagi mamlakat aholisining rasm-rusm, odatlari, an’analari, tarixi, madaniyati va tili, e’tiqodlariga hurmatla qarashlarini qattiq turib talab qildi. Hokimlar, sipohdan qaysi birining xalqqa jabr qilganini eshitsa, insof-adolat bilan chorasini ko’rdi. Islom diniga bobosi kabi e’tiborla munosabatda bo’ldi.
Ulug’bek o’z asarlari, ma’naviy-axloqiy ta’limoti orqali barcha insonlarni go’zal xulqli, mexr-oqibatli bo’lishga va yaxshilikka chaqirdi. Go’zal xulqli bo’lish, faqat yaxshilikni o’ylab, yaxshilik qilishdan charchamaslik, ezgulik deya yashash, o’zida borini o’zgalar bilan baham ko’rish, muhtojlarga yordam berish, yoru do’stlar sharafi, nomusini himoya qilish, zohiran va botinan pok yurish, tirikchilikni halol topilgan non bilan kechirish har qanday odamning ma’naviy qiyofasini bezaydi, deydi. Ayniqsa, hokimlar, podshohlar adolatli, insonparvar, mard va kechirimli bo’lsalar xalqning baxtistiqbolidir. Ulug’bekning o’zi xuddi shunday go’zal ma’naviy-axloqiy fazilatlar sohibi edi.
Ulug’bek nafaqat o’zi mansub millatning, ayni paytda butun insoniyatning ham faxridir. Ulug’bekday farzandi bo’lgan xalq har qancha faxrlansa arziydi. O’z tomirlarimizda Ulug’bek qoni oqayotganligidan, ruhimizda ul muborak zotning ruhi barhayotligidan baxtiyormiz. “Mirzo Ulug’bek o’z umrini kelajak uchun, bugungi hayot uchun fido etdi. O’sha uzoq zamonlarda bashariyat taraqqiyotini o’ylab yashadi, o’z avlodlari asrlar osha tartib etajak ma’rifatli bir jamiyatni orzu qildi. Har qanday millat ham Ulug’bekday farzandni tarbiya etgani uchun g’ururlanishi tabiiy holdir. Chunki bunday insonlar faqat o’z xalqiga emas, balki umumbashariy tsivilizatsiya uchun ham xizmat qiladi va jahonning e’tiborini qozonadi”
Shunday qilib, Mirzo Ulug’bekning milliy va umumbashariy ma’naviy-ma’rifiy va pedagogik ta’limotlar rivojlanishiga qo’shgan hissasi beqiyos bo’lib, u bugungi kunda
ham hayotimizda ulkan ahamiyat kasb etmoqda va O’zbekistonning xalqaro maydonda obro’sini oshirish yo’lida katta xizmat qilmoqda.
Mirzo Ulug’bekning pedagogik g’oyalari va ma’rifatparvarlik xizmatlari. Ulug’bek davrida maktab islohoti.










