Bosh sahifa mavzular Munis Xorazmiyning ma’rifiy-didaktik qarashlari.

Munis Xorazmiyning ma’rifiy-didaktik qarashlari.

0
Munis Xorazmiyning ma’rifiy-didaktik qarashlari.

Munis Xorazmiyning ma’rifiy-didaktik qarashlari.

Munis Xorazmiyning ma’rifiy-didaktik qarashlari.

SherMuhammad Avazbiy o’g’li Munis Xorazmiy (1778-1829) XVIII asr oxiri va XIX asrning birinchi yarmida Xorazmda yashab ijod etgan yirik o’zbek shoiri, mohir tarjimon, iste’dodli tarixnavis va husnixat maktabini yaratgan olimdir. U “Munisul-ushshoq” devoni, ma’rifiy-tarbiyaviy “Savodi-ta’lim” risolasi, “Firdavs-ul-iqbol” solnomasi hamda o’zbek tiliga o’girgan “Ravzat-us-safo” (Mirxond) asari bilan o’zbek xalqi madaniyati tarixi xazinasiga munosib hissa qo’shdi.

SherMuhammad Munis 1778 yili Xeva yaqinidagi Qiyot qishlog’ida mirob oilasida tug’ildi. Munis uning adabiy taxallusi bo’lib, “ulfat”, “hamdam”, “do’st” demakdir. Munisning otasi Avazbiy mirob o’z zamonasining fozil va ma’rifatga mayl bildirgan ilg’or fikrli kishilaridan edi.

Munis boshlang’ich ta’limni o’z qishlog’ida olganidan so’ng Xevadagi madrasalardan birida tahsil ko’rdi. “Firdavs-ul-iqbol”da ta’kidlanishicha, madrasada “ilmu fazl”ga chanqoq Munis tengdoshlari bilan “bazmi kitob” qilardi. Chunonchi, Muhammad Xoksor tomonidan yozilgan (1798 y) “Muntahaballug’at”dan foydalanilgan o’nlarcha dunyoviy ruhdagi asarlar ana shu “bazmi kitob”larda munozara va mushohadalarning asosiy mavzusi va manbasi bo’lganligi to’g’risida Munis o’zining “Firdavs-ul-iqbol” asarida “…she’rshunoslar va latifago’ylikdan o’zga so’z joriy bo’lmas edi”, deb yozadi.

Shuningdek, Munis “Firdavs-ul-iqbol”da o’z ustozi, madrasa mudarrisi Saideshonxo’janing etuk shoir, dunyoviy fanlarni chuqur bilimdoni bo’lganligi to’g’risida ham to’xtalib, murabbiy huzuridagi fozil kishilar suhbati, she’riyat kechalari uning zehnida ta’sirchan iz qoldirganligini ta’kidlaydi. Munis madrasa dasturi bo’yicha ta’lim olibgina qolmasdan, balki bo’sh vaqtlarida ilm va ma’rifat ahllari bilan bo’lgan aloqalari va dunyoviy kitoblarni mustaqil mutolaa qilishga berilganligi to’g’risida “Munisulushshoq” devoniga yozgan so’z boshisida bunday deb yozadi: Madrasa sari aylab xirom, Qayu erda ahbob bazm aylasa. 

Tarab irtikobig’a azm aylasa, 

O’zimni alar ichra solur erdim,  Ko’ngul qonguncha bahra olur erdim.

Tabiati jibilliy va kayfiyat iqtizosi bilan ahyonan fuzolo xizmatig’a moyil va kitobxonlig’ suhbatig’a dohil bo’lar erdim. Sharafi xizmat natoyiji va asari suhbat mayomini bila tab’imga kayfiyatlar yuzlanib va holatlar dast berib, nazm musiqida mubayyan va vazn zevari bilan muzayyan bo’lur erdi” (“Munisul-ushshoq”, 6-bet).

Munis Xorazmiy o’z ijodining dastlabki davrlarida zamona ahllaridan adolat, xalq haqida g’amxo’rlik kutadi, ularni insof va diyonatga, rahm-shafqatga chaqiradi, hatto ularga bag’ishlab qasidalar yozadi. Saroy hayoti bilan yaqindan tanishish uning umidlarini puchga chiqaradi. Lekin shunga qaramasdan Munis adolatparvarlik, xalqparvarlik va haqgo’ylik g’oyalarini o’z zamonasi hukmdorlari ongiga singdirishga harakat qiladi.

Mutafakkirning fikricha, odamlarni rahm va shafqatga, ehson va sadoqatga, himmat va javonmardlikka da’vat etishni insonparvarlikning ko’rinishlari deb qaraydigan bo’lsak, unda adolat insonparvarlikni yuzaga chiqaruvchi vositalardan biridir.

Adolat insonparvarlikka nisbatan torroq tushuncha bo’lib, zero insonparvarlikda umuman shaxslarning manfaatlari va insoniyat haq-huquqlari himoya qilinadi. Adolat qilish oqni-oq, qorani-qora deyishdan iborat. Adolatning nihoyasida har kim qilmishiga yarasha yo taqdirlanishi kerak yo jazolanishi lozim. Mana shu jihatdan adolatparvarlik va insonparvarlik qisman farqlanadilar.

Munisning fikricha, mamlakat osoyishtaligi va erkinligini ta’min etishning muhim vositalaridan biri-adolatdir. Adolat xalq manfaatini nohaqlik, adolatsizlik, zo’ravonlikdan himoya qiluvchi vosita sifatida xizmat qilishi kerak. Adolat podshoh bilan uning fuqarolari o’rtasidagi munosabatni belgilovchi mezondir. Adolat va odil sudlov ishlari yo’lga qo’yilgan mamlakatning podshohigina xalq hurmatiga sazovordir. Ana shunday davlat boshlig’igagina fuqarolar chin ko’ngildan xizmat qiladi. Fikrimizning isboti uchun quyidagi baytni keltiramiz:

Sabot istasang, mulk bunyodig’a, Adolat bila et ulus dodig’a.

Mutafakkir aytmoqchi, agar podshoh o’z mamlakatining gullab-yashnashi, o’zining uzoq umr ko’rishini va umrining oxiriga qadar toj kiyib, taxtda o’tirishini istasa, huzuriga arz bilan kelganlarning arzini tinglab, ularni mamnun qilishi lozim. Chunki o’sha mamnun odam umrining oxirigacha bu hukmdorning duosida bo’ladi, boz ustiga hammaga uning ta’rifini qiladi, o’zi sadoqat bilan xizmat qiladi, boshqalarni ham sidqidildan xizmat qilishga undaydi.

Adolat qilinsa, mamlakat xalqlari tinch va osuda, farovon hayot kechiradilar. Ularning yaratgan boyliklari o’zlariga nasib qiladi, tinch mehnat qilish bilan ertaning tashvishida bo’lmaydilar, ya’ni erta-indinlik eguliklarini g’amlab qo’yadilar, birovning moliga boshqa odam ko’z olaytirmaydi. Bordiyu biron nobakor chiqib qolib zo’ravonlik bilan biror kishining molini o’zlashtirmoqchi bo’lsa, u adolatli hukmdor tomonidan o’z jazosini oladi. Mana shunday siyosiyhuquqiy g’oyani Munis quyidagi bayt orqali ifodalaydi: Adolatdin o’ldi el osoyishi,

El osoyishi–mulk oroyishi.

Munisning fikricha, qaysi mamlakatning hukmdori odil bo’lsa, o’sha mamlakatda odamlar to’q va farovon yashaydilar. Chunki hamma ham tabiatan adolat va farovonlikni istaydi:

Qayu mulkkim shohi odildurur, Anga barcha el ko’ngli moyildurur.

Zotan, Munisning bu baytidagi siyosiy g’oya mazmuni Aristotelning Iskandarga qilgan nasihatini eslatadi: «Bilgilki, adolat buyuk va qudratli xudoning er yuzidagi o’lchovidir. Uning yordamida zaif bo’lgan haq odam, kuchli bo’lgan nohaqdan o’z haqini oladi».

Munis shohlarni ikkiga-odil va zolim shohlarga ajratadi. U «adolat mulkini tuzatib» o’z qo’li ostidagi fuqaroning och va to’qligidan xabardor hukmdorni odil va dono podshoh deb ta’riflaydi:

Shoh uldurki, adolat ila mulkin tuzatib, Bo’lsa g’amgin fuqaro ochig’a, xurram to’qig’a.

Munisning fikricha, adolat qilgan shoh shon-shuhratlarga burkanadi. U adolat qilganida butun xalq xushnud bo’ladi. O’z bandalarining mana shunday mamnuniyat bilan yashayotganlariga sababchi bo’lgan adolatli hukmdordan parvardigorning o’zi ham mamnun bo’ladi. Zero, xudo ham bunday xalqparvar va adolatparvar hukmdorning baxtini, saodatini, taxtu ravonini mustahkamlaydi:

Sharaf ko’rki shahdin adolat chog’i, Erur xalq xushnud, xoliq dog’i.

Ham ozodavashlar bo’lib bandasi, Ham a’doyi sarkash sarofkandasi.

Ko’rinadiki, Munis avvaliga elning duosi, so’ng parvardigorning ko’ngliga yoqadigan gaplar bilan podshoh va uning hukmdorlarini adolatga chorlaydi. Zotan, adolatli hukmdorning ovozasi etti iqlimga ketadi, nomi shuhratga burkanadi. Podshoning asosiy vazifasi va burchi mamlakatda adolat bilan hukm yurgizish, xalqqa zulm qiluvchi amaldorlarni o’z vazifalaridan chetlatish yo’li bilan adolatni uzil-kesil o’rnatishdan iboratdir.

Jamiyatda adolatsizlik, zo’ravonlik, jabr-zulm, o’zaro nizolarning guvohi bo’lgan Munis, ba’zan podshoh va uning amaldorlariga o’ziga xos yo’l-yo’riqlar ko’rsatadi va pand-nasihatlar qiladi. Masalan, bir o’rinda Munis podshoh saroy amaldorlarini tanlashda ham adolat bilan ish tutmog’i kerak, ya’ni jabr-zulmga moyil odamlarni amaldorlikka yaqinlashtirmaslik kerakki, buning natijasida bir kun dushmanlar bu ishdan foydalanadilar va davlat siyosatiga shikast etkazadilar:

Desang, a’lo shikasti davlatimga topmasunlar dast,

Yig’ atrofingga, ey shoh, adl birla pesha pas ahbob.

Insonga nisbatan rahm-shafqatsiz, mehr-muruvvatsiz kishilar qanday mansab yoki mavqe’da bo’lishlariga qaramasdan, jazo olishlari kerak bo’lgan kishilardir. Shuning uchun Munis podshoh, ya’ni mamlakatning oliy qozisini adolat bilan ish yuritishga, zolimlarni jazolashga chaqiradi. Agar bosh hakam-podshoh adolat qilar ekan, insonparvarlikni o’ziga shior qilib olar ekan, unda butun mamlakat unga ergashadi, ergashmaganlar esa o’z jazosini oladi. Shunday ekan, mutafakkir birinchi galda shoh ehtiyot bo’lishi va bilib-bilmasdan jabr zulm qilib qo’ymasligi kerak, degan g’oyani ilgari suradi:

Davlat qushi, ey shoh, qo’nmish boshingga, Hurkutma ani, zulm birla rom deb.

Mavzular.

manba