Musobaqa Nizomi (O‘zbekiston Chempionati misolida) Chempionatning maqsadi va vazifalari.
- O‘zbekistonda voleybolni yanada ommalashtirish;
- voleybolni rivojlantirish va jamoalarning sport mahoratini oshirish;
- mamlakat yagona sport tasnifi talablariga muvofiq voleybolchilarga sport razryadlarini rasmiylashtirish;
- kuchli klublarni aniqlash va Osiyo musobaqalarida ishtirok etish uchun mamlakat terma jamoasini tuzish.
Musobaqaga rahbarlik qilish
Musobaqalar FIVB – Halqaro voleybol Federatsiyasi tomonidan tasdiqlangan rasmiy qoidalar bo‘yicha o‘tkaziladi. O‘yinlarda «Mikasa» firmasining MVP 200 rangli to‘plari qo‘llaniladi.
Musobaqaga rahbarlik qilish mas’uliyati O‘zbekiston voleybol federatsiyasiga yuklatiladi.
Musobaqa o‘yinlarini Respublika hakamlar uyushmasi tomonidan tasdiqlangan hakamlar guruhi
boshqaradi. Musobaqaning bosh hakami vazifasiga – milliy toifadagi hakam ………..tayinlanadi.
Jamoalarni qabul qilish, joylashtirish va musobaqa o‘tkazish joylarini tayyorlash musobaqa o‘tkazilayotgan shahar klubi zimmasiga yuklatiladi. Mehmonxona, ovqatlanish va safar xarajatlari muvofiq jamoa-klublari tomonidan qoplanadi. Musobaqa o‘tkazish joyi va vaqti Chempionatni o‘tkazish tartibi, tizimi, joylari va vaqti ishtirokchi jamoalar soniga qarab chempionatdan 1 oy oldin e’lon qilinadi.
Musobaqa ishtirokchilari
Chempionatda klublar jamoalari, ko‘ngilli sport jamiyatlari, tashkilot va korxonalar, viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahar terma jamoalari ishtirok etishi mumkin.
O‘zbekiston voleybol Federatsiyasining ijroiy qo‘mitasi qaroriga muvofiq chempionatda ishtirok etish istagini bildirgan jamoalar O‘VF hisob raqami ………… ga ………… so‘m miqdorida a’zolik badali uchun mablag‘ o‘tkazishlari lozim. Chempionatda ishtirok etishni tasdiqlovchi xabarnoma ……. yil …… oktabrgacha taqdim etilishi shart. Ushbu muddatdan kech taqdim etilgan xabarnoma qabul qilinmaydi va jamoa chempionatda ishtirok etish huquqidan mahrum qilinadi.
Chempionatda ishtirok etish huquqini olgan jamoa tarkibi 22 kishi, shu jumladan 18 nafar o‘yinchilar, 2 ta murabbiy, shifokor va jamoa rahbaridan iborat bo‘lishi mumkin. Jamoa tarkibiga ko‘pi bilan 2 nafar chet el o‘yinchilari federatsiya ruxsati bilan jalb qilinishi mumkin.
Natijalarni aniqlash
Chempionatda jamoalarni guruhlarga bo‘linishi yoki bo‘linmasligi ishtirokchi jamoalar soniga qarab belgilanadi. Musobaqalar va ishtirokchi jamoalar sport bazasida «tur» shaklida aylanma tizim bo‘yicha o‘tkaziladi. Chempionat jadvalidagi o‘rinlar barcha turlarda o‘tkazilgan o‘yinlarda to‘plangan ochkolar yig‘indisiga qarab aniqlanadi. G‘alaba uchun jamoaga 2 ochko, mag‘lubiyat uchun 1 ochko, o‘yinga kelmaganligi uchun 0 ochko beriladi.
Ikki yoki undan ortiq jamoalar bir xil ochkolar sonini to‘plagan bo‘lsa, o‘rinlar quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi:
- barcha uchrashuvlardagi partiyalar nisbati;
- barcha uchrashuvlardagi to‘plar (hisob) nisbati;
- v) o‘zaro uchrashuvlardagi partiyalar nisbati;
- g) o‘zaro uchrashuvlardagi to‘plar (hisob) nisbati.
Agar qaysi bir jamoa uchrashuv davomida o‘yinni davom ettirishdan voz kechsa, u chempionatda ishtirok etish huquqidan mahrum qilinadi, barcha uchrashuv natijalari bekor qilinadi va unga O‘VFning «Intizom Kodeksi»ga muvofiq jarima choralari ko‘riladi. Ushbu jamoaga qarshi uchrashuv o‘tkazgan barcha jamoalar 3:0 (25:0; 25:0; 25:0) hisobida g‘olib deb topiladi.
Agar biror-bir jamoa chempionatda o‘tkaziladigan barcha o‘yinlarning yarmidan kamiga kelgan bo‘lib, keyingi biror-bir turga kelmasa, ushbu jamoaga ham yuqorida qayd etilgan tartibda jarima choralari ko‘riladi.
Rag‘batlantirish
Mamlakat chempioni maqomiga ega bo‘lgan joriy yilda o‘rta umumta’lim maktab, KHKlari yoki ALlarni bitirgan jamoa o‘yinchilari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining O‘zDJTI hamda viloyatlardagi OO‘Yulari jismoniy tarbiya fakultetlariga imtiyozli asosda qabul qilinish huquqini beruvchi sertifikatini olishga muyassar bo‘ladilar.
Chempion jamoa ko‘chma Kubok, qimmatbaho sovg‘alar, diplomlar va oltin medallar bilan taqdirlanadi. 2 va 3-o‘rinni egallagan jamoalar qimmatbaho sovg‘alar, muvofiq diplomlar kumush va bronza medallari bilan taqdirlanadi.
O‘yinchilar O‘zbekiston Chempionati va boshqa musobaqa-larda ishtirok etib kelgan natijalariga asosan O‘zbekiston yagona sport tasnifida belgilangan me’yoriy talablarga muvofiq navbatdagi sport razryadlari bilan taqdirlanishga muyassar bo‘ladilar. Musobaqa keng ma’noda har bir insonni yakka tartibda, biror raqibga nisbatan yoki jamoani jamoaga nisbatan muayyan sohada (san’at, adabiyot, ishlab chiqarish, sport va h.) raqobat ta’sirida o’z imkoniyatlarini safarbar etib, yuksak natijaga erishish tushunchasini anglatadi. Ushbu jarayonni amalga oshirishda o’ziga xos tartib-qoidalar, shart-sharoitlar, maqsad va vazifalar belgilanadi.
Sport musobaqasi – bu ma’lum muddat ichida shakllangan yoki shakllantirilgan madaniyma’naviy, intellektual salohiyat, jismoniy-ruhiy va texnik-taktik tayyorgarlikka asoslangan imkoniyatlarni raqobat ta’sirida namoyish etish va yuksak natijaga erishishga qaratilgan integral jarayondir.
Sport musobaqalari, miqyosidan qat’iy nazar bir qator turlarga bo’linadi: Olimpiada o’yinlari, Chempionat, Kubok musobaqalari, turnirlar va h. O’zbekistonda esa bundan tashqari boshqa davlatlarda o’xshashligi yo’q “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, “Universiada” kabi uch bosqichli va ommaviy sport musobaqalari an’anaviy tarzda muntazam o’tkazilishi odat tusiga kirgan.
Tarixiy an’analarga ko’ra har bir musobaqa o’z miqyosi va maqomidan qat’iy nazar o’ziga xos tarbiyaviy, ijtimoiy, siyosiy ahamiyat kasb etadi. Jismoniy tarbiya ca sportni sog’lomlashtiruvchi, tarixiy, madaniy va ma’naviy qadriyatlarni shakllantiruvchi, barkamol avlodni tarbiyalovchi xamda intellektual salohiyatni oshiruvchi vosita sifatida xizmat qiladi. Aynan musobaqa sport geografiyasi va uni ommaviylik doirasini kengaytirishdek strategik maqsadni hal etadi.











