Mustaqillik yillarida Sulton Jaloliddin faoliyatini o‘rganilishi.
Mustaqillik yillarida Sulton Jaloliddin faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ulkan ishlar izlanishlar olib borildi. Xususan Jaloliddin Manguberdining 800 yilligiga bag‘ishlab ko‘plab maqolalar, tezislar yozildi. Xorazm zaminida o‘zbek xalqining dovyurak o‘g‘loni Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga bag‘ishlangan katta tantanalar bo‘lib o‘tdi. Avvalambor O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimovning Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida quyidagi fikrlarni bildirildi:
“Avvalo barchangizni qadimiy va muqaddas Xorazm zaminida turib, Vatan ozodligi uchun jon fido qilgan buyuk ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi bilan muborakbod etaman. Vatanimizning ko‘p ming yillik tarixi el-yurtimizni bosqinchi, yovuz kuchlardan himoya qilish, millatimizning erkinligi va ornomusini asrash yo‘lidagi buyuk voqealarni, bu kurashlarda jasorat va mardlik ko‘rsatgan buyuk shaxslarning nomlarini asrlar davomida o‘zining yorqin xotirasida saqlab kelmoqda. Jaloliddin Manguberdi ona yurt himoyachisi, jasur sarkarda va davlat arbobi, xalqimizning Spitamen, Muqanna, Najmiddin Kubro,
Amir Temur singari tarixda o‘chmas iz qoldirgan milliy qahramonidir. Biz bugun yurtimizda Jaloliddin Manguberdi xotirasini hurmatlab, yodgorlik majmuini bunyod etdik. Ko‘rib turganingizdek, bu ulug‘vor haykal timsolida mard va jasur sarkarda, zo‘r iroda, beqiyos matonat sohibi bo‘lgan buyuk insonning so‘nmas shijoati mujassam topgan. Bu baxodir zotning muborak nomi, uning qahramonligi kelajak avlodlarga, birinchi galda siz bilan bizga, tarixiy xotira oldida boshimizni mag‘rur tutib yashamog‘imiz uchun to‘la huquq beradi”.
Jaloliddin Manguberdi bor-yo‘g‘i o‘ttiz ikki yillik qisqa hayoti davomida elu yurt uchun, so‘nmas xizmat qilishga ulgurgan ulug‘ ajdodimizdir. Tarixda shunday shaxslar bo‘ladiki, kuch imkoniyat etishmasligiga, maslakdosh va safdoshlarning kamligiga, boshqa to‘siqlar va qiyinchilikarga qaramay, zulm va istibdodga qarshi ayovsiz kurashdi. Yurt ozodligi yo‘lida jonidan kechadigan bunday insonlar fidoyi jasur mard deymiz. Buyuk bobokolonimiz Jaloliddin Manguberdi ana shunday inson sifatida kishilik tarixiga kirgan.
H.Nurmuhammedov, N.Habibullaevlarning “Jaloliddin Manguberdi”nomli kitobi 1999 yilda nashr etildi.
O‘rta asr muarrixi Shahobiddin an-Nasafiy o‘zining “Siyrat as-sulton Jaloliddin Manguberdi” (“Sulton Jaloliddin Manguberdining holati”) asarida shunday ta’rif bergan: – ”U qorachadan kelgan … nutqu iborasi turkiy bo‘lsa-da, fors tilda ham so‘zlardi. Shijoatiga kelsak, bu haqda aytish uchun men bayon etgan janglari etarlidir. U sherlar ichra sher, suvoriylararo eng dovyurak (suvoriy) edi. Va yumshoq tabiat bo‘lib, g‘azablanmas va so‘kinmasdi, jiddiy qiyofada yurar, kulmas, faqat tabassum qilar va ko‘p gapirmas edi. U adolatni sevardi”. Bundan tashqari ushbu asarda Jaloliddinning o‘limi to‘g‘risida quyidagicha ma’lumotlar keltirilgan.
Aynar qishlog‘iga kelayotganda Jaloliddinni talonchi kurdlar ushlab olishadi. Uni qatl etmoqchi bo‘lganlarida, Jaloliddin o‘zini Xorazmshoh ekanini aytib, basharti bunga ishonmasangizlar meni Mayafariein hokimi al-Malik al- Muzaffar Shahobiddin G‘oziy huzuriga olib boringlar, deb ularni ko‘ndiradi. Kurdlar boshlig‘i rozi bo‘lib, Xorazmshoxni chodirga olib kiradi, oldiga soqchi qo‘yadi-da o‘zi ulov hozirlash uchun chiqib ketadi. SHu vaqtgacha chodirga boshqa bir kurd kirib:”Ana u pinakka ketgan kishi kim ?” deb so‘raydi.
Soqchidan uning Xorazmshox Jaloliddin Manguberdi ekanini bilib olgach, uni qora hayol qamraydi. U akasini Xilotda Xorazmshox lashkarlari o‘ldirgani uchun “qasos olish” payti keldi, deb uxlab yotgan Jaloliddin Manguberdiga nayza sanchib, og‘ir yarador qiladi.
Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan necha-necha jasoratlar ko‘rsatgan, o‘z ona Vatanini mo‘g‘ul bosqinchilari istibdodidan xalos etish uchun umrbod kurash olib borgan jasur vatandoshimiz Xorazmshox Jaloliddin Manguberdining hayoti 1231 yilning taxminan 17 yoki 20 avgustda, 32 yoshida shu tarzda fojiali tugadi. Jaloliddin Manguberdining muborak jasadini Mayafariein hokimi al-Malik alMuzaffar Shahobiddin G‘oziy Mayafariein tuprog‘ida dafn ettirdi. Qabrini g‘animlar taxqirlashidan saqlab qolish maqsadida er barobar tekislab qo‘yildi.











