Neolit davri yodgorliklari va ularning o‘rganilishi.
O‘rta Osiyoning janubiy-g‘arbiy hududida ilk dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan qabilalar yodgorligi bugungi kunda Jaytun madaniyati deb tarixda qolgan. Jaytun madaniyati izlari faqat Turkmanistonning janubiy-g‘arbiy hududlarida uchraydi. Olimlar uni miloddan avvalgi VI ming yilliklar oxiri V ming yilliklar boshlari deb hisoblaydilar. Xuddi shu davrda O‘rta Osiyoning shimoliy va markaziy hududlarida ovchilik, baliqchilik va termachilik bilan shug‘ullangan neolit davri jamoalari istiqomat qilganlar. Bunday yodgorlik o‘tgan asrning 30-40 yillarida S.P.Tolstov tomonidan Amudaryoning quyi havzasida topildi va fanga Kaltaminor madaniyati nomi bilan kiritildi. Unga Amudaryoning Oqchadaryo o‘zanidan chiqqan qadimgi Kaltaminor kanali etaklaridan topilgani uchun shu nom berilgan. Kaltaminor madaniyati asosan O‘zbekiston xududida tarqalganligini sababli quyida shu haqda ko‘proq to‘xtalamiz.
Oqchadaryo havzasidan ko‘plab neolit davriga oid yodgorliklar topilgan bo‘lib, faqat 3-4 ta manzilgohning madaniy qatlami buzilmasdan saqlanib qolgan. Bular Jonbas-4, Qavat-7, Tolstov manzilgohi, Tumek Kichidjik manzilgohlaridir.
Kaltaminor madaniyati O‘rta Osiyoning g‘arbiy va shimoli–g‘arbiy tomonidagi erlarida keng tarqalgan bo‘lib, uning shimoli–g‘arbiy chegarasi Ural daryosining o‘rta va quyi oqimlari, g‘arbiy chegarasi Kaspiy dengizigacha borib taqaladi. Janubda Qoraqum va Qizilqum etaklarigacha, sharqda esa, Orol dengizining shimoliy, sharqiy va janubiy tomonidagi quyi Sirdaryogacha borib taqaladi. Qizilqum va Ustyurtning katta territoriyasida xam Kaltaminor madaniyati ancha keng tarqalgan.
Kaltaminor madaniyatini o‘rganish jarayonida olimlar uning rivojlanish bosqichlarini aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. S.P.Tolstov ”Saksovul” deb ataladigan joydan Jonbos–4 mehnat qurollariga o‘xshash tosh qurollarni topgan. Olim ularni qiyosiy o‘rganish natijasida kaltaminorliklar madaniyati shakllanishini ikki bosqichga – Jonbos va Saksovul (Qamishli) bosqichlariga ajratdi. 70– yillarga kelib esa, uning shogirdi A.V.Vinogradov Zarafshon daryosining o‘ng sohilidagi o‘zani Daryolisoy bo‘ylaridan kaltaminorliklar madaniyatiga o‘xshash buyumlarni topdi. Ular geometrik shakldagi tosh qurollari bo‘lib, kaltaminor madaniyatining ilk bosqichi deb asoslashga imkon yaratdi. Shu tariqa kaltaminor madaniyatining 3 bosqichi aniqlandi – Daryolisoy (mil.avv. VI–IV ming yilliklarga oid), Jonbos (mil.avv. IV–III ming yilliklarga oid) va Saksovul (mil.avv. III ming yillik oxiri –II ming yillik boshlariga oid).
Daryolisoy yodgorliklari qadimgi Zarafshon daryosining eng qadimgi o‘zanlardan biri – Daryolisoy bo‘ylaridan topilgan makonlar hisoblanadi. Daryolisoydan ilk neolit davrida mil.avv. VI–IV ming yilliklarda suv oqqan. Neolit davri kishilari daryo sohilida makon topib, baliqchilik, ovchilik bilan shug‘ullanganlar. Daryolisoy sohillaridan ilk neolit davriga oid qirg‘ichlar, tarashlagichlar, paraqalar va trapetsiyalar topilgan. Bu erdan boshqa joylarga xos bo‘lmagan o‘ziga xos shoxdor trapetsiyalar topildi. Makondan naqshli sodda sopol idishlarining parchalari ham topilgan.
Neolit davri yodgorliklari Qizilqumning Chinkeldi, Echkiliksoy, Xo‘ja Gumbaz, Qoraqat degan joylardan ham topilgan. U joylardan topilgan arxeologik manbalar Daryolisoy topilmalariga o‘xshash bo‘lganligi sababli uni Daryolisoy tipidagi ilk neolit davri yodgorliklari qatoriga kiritadilar.
Jonbos–4 makoni Amudaryoning qadimgi o‘zanlaridan biri bo‘lgan Oqchadaryo qirg‘oqlaridan topilgan. Uni S.P.Tolstov raxbarligidagi Xorazm ekspediyasi a’zolari topib o‘rgandi. Dastlab Xorazm xududida Jonbos–4 deb nomlangan so‘nggi neolit davriga oid makonning topilishi , bu territoriyada ibtidoiy davr madaniyatining o‘rganishga qo‘yilgan dastlabki qadam bo‘lgan.
Makondan chaqmoqtoshdan yasalgan mehnat qurollari, sopol parchalari, hayvon va baliq suyaklari bilan birga katta chayla qoldig‘i ham topilgan. Chaylada neolit davrida yong‘in bo‘lib, uning yog‘och sinchlari yonib, qalin loyqa ostida qolgan. S.P.Tolstov shu yong‘inda qolgan qarorgoxda tadqiqot ishlarini olib bordi. Chayla yarim erto‘la shaklida bo‘lib, uning maydoni 290kv.m (24m x 17m) bo‘lgan. U yog‘och ustun, sinchlar bilan ko‘tarilgan. Uning tomiga ko‘ndalang bag‘azlar tashlanib, usti qamish bilan bekitilgan. Chayla sathining ko‘p joylaridan katta– kichik chuqurchalar topilgan. Bu ustun va sinchlar o‘rnatilgan chuqurchalar bo‘lgan. Chayla o‘rtasida katta markaziy o‘choq qoldig‘i, uning atroflaridan esa, 100ga yaqin mayda o‘choqlar qoldig‘i, chayla atrofidan esa kul, kuygan qamish va yog‘och qoldiqlari topilgan. S.P.Tolstov xisobiga ko‘ra, bu erda 120–125 odam yashagan. Jonbos–4 katta urug‘ jamoaning makoni bo‘lgan.
Jonbos–4 makonidan neolit davriga xos nukleuslar, nayza paykonlari, qirg‘ich, o‘q uchlari va tosh qurollar topilgan.
Makonning madaniy qatlamidan baliq, yovvoyi cho‘chqa, qirg‘ovul, o‘rdak, g‘oz tuxumlari po‘choqlari, jiyda danaklari ham topilgan. Topilgan suyaklarning 86% baliqlarning suyaklari bo‘lib chiqqan. U erdan sopol idishlarning parchalari ham topilgan bo‘lib, ular tuxumsimon shaklda, osti yassi bo‘lib, sopol idishlarning sirti ilon izi, archa bargi singari, romb, uchburchak, to‘lqinsimon geometrik naqshlar berilgan. Kaltaminorliklar sopol idishlarini o‘ziga xos tarzda yasaganlar. Ular qopga o‘xshash idishga qum solib, atrofini loy bilan shuvab chiqqanlar va quritilgan. Keyin er tandiriga o‘hshash xumdonga bir nechtasini terilib, olov yoqilgan va xumdon og‘zi bekitilgan. Katta xaroratda olov yonib, idish ichida iz qoldirgan. Shu sabab sopol buyumlari tuxumsimon shaklda bo‘lgan, lekin idish ichi pishmasdan qolgan. Sopol loyiga yantoq yoki qamishning toza kuli solingan. Sopol qozonlarga esa maydalangan toshlar qo‘shilgan.
Oqchadaryo havzasidagi 3–4 ta makondan xam yarim erto‘la va chaylalar topilgan. Masalan, Qavat –7 makonidan maydoni 580kv.m ga teng keladigan chayla topilgan.
Jonbos-4 atrofidagi taqirlardan neolit davriga oid ikkita qabr ham topilgan. Bu Qizilqum mintaqasidan topilgan odam qoldiqlarining dastlabkisi bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, bu qabrlarda o‘lganlarni g‘ujanak holda, ya’ni oyoq–qo‘llarini bukib ko‘mish odati rasm bo‘lgan. Qabrlarning xar xil joylaridan turli taqinchoqlar, chaqmoqtosh qurollar, sopol idishlar siniqlari va qizil bo‘yoq qoldiqlari topilgan. Bu topilmalar ham o‘z xususiyatlari jixatidan kaltaminor madaniyatiga xos edi.
Tolstov manzilgohini Amudaryoning Oqchadaryo deltasidan Jonbos–4 makoninga yaqin joydan A.V.Vinogradov topgan va ustozi S.P.Tolstov sharafiga ”Tolstov manzilgohi” nomini bergan.
Makon qatlamidan kaltaminorliklar uyiga o‘xshash ikkita xona qoldig‘i topildi. Ulardan birining maydoni 110–120kv.m dan iborat bo‘lib, konussimon tomi avval qamish, so‘ngra daraxt qobig‘i bilan yopilgan. Bu erdan uyning ustun qoldiqlari va o‘choq izlari aniqlandi. Makondan juda ko‘p miqdorda chaqmoqtosh qurollar topildi. Jumladan kamon o‘q uchlari, mikrolit qurollar, turli naqshlar bilan bezatilgan sopol idish qoldiqlari mavjud. Sopol idishlar qora–qizg‘ish va oq rangdagi bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan. Makondan turli xil suyak qurollar – kamon paykonlari, garpunlar, suyak qarmoqlar, ignasimon uchli qurollar, ignalar, silliqlanib ishlangan boltachalar yoki teshachalar, tosh va sopollarni silliqlaydigan asboblar, chig‘anoqlardan, parranda suyaklari va feruza toshdan yasalgan taqinchoqlar topilgan. Bu topilmalarning umumiy xarakteriga ko‘ra makon rivojlangan neolit davriga to‘g‘ri keladi va uning Jonbos–4 makonidan biroz oldinroq mavjud bo‘lganligi isbotlandi. Tolstov manzilgohidan topilgan tosh qurollar Darvozaqir I, II va Katta Tuzkon makonlaridan topilgan qurollarga o‘xshash tomonlari topilgan. Shunga asoslanib olimlar uning yoshini mil.avv. IV ming yilliklarga to‘g‘ri keladi deb ko‘rsatishadi.
Tolstov manzilgohidan topilgan ashyolar Kaltaminor madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlarini yanada oydinlashtirdi. Jumladan, Kaltaminor xo‘jaligining asosini baliqchilik tashkil qilgan. Baliq ovida to‘rdan, suyak garpunlardan, tosh sanchqidan va qarmoqlardan keng foydalanganlar. Ularning namunalari Kaltaminor madaniyati yodgorliklarida ko‘plab uchraydi. Xo‘jalikda hayvon ovi ham muxim axamiyatga ega bo‘lgan. Ular asosan, yovvoyi cho‘chqa, buxoro oxusi, jayron, qulon, sayg‘oq va boshqa hayvonlarni ovlaganlar. Ovda ular o‘q–yoydan keng foydalanganlar. Xo‘jalikda pardozlangan tosh boltalar va teshalardan foydalanishgan. Axolisi to‘qimachilik bilan ham shug‘ullanib, o‘zlari uchun kiyim–kechak va baliqlar uchun to‘r to‘qishgan. Xo‘jaligining uchinchi tarmog‘i termachilik bo‘lgan. Yodgorliklarda yovvoyi jiyda danagi ko‘plab topilgan.
Sirdaryoning pastki oqimida so‘nggi neolit davriga oid ko‘pgina makonlar tadqiq qilindi. Shulardan Saksovul va Shulqum qarorgohlaridan katta material olingan. Bu erdagi ibtidoiy jamoalar ko‘pincha qirg‘ich qurollarini tosh siniqlaridan yasaganlar. Sopol idishlarning turli shakllari mavjud.
Ular tuxumsimon shaklda bo‘lib, tagi tekis ishlangan va qisman naqshlangan.
Kaltaminor madaniyatining ijtimoyi rivojlanishida matriarxat davri bo‘lib, juft oilalar shakllagan edi. Bundan Jonbos–4 makonidan topilgan 100 ga yaqin mayda o‘choqlar darak beradi. Shuningdek, kaltaminorliklar o‘z faoliyatlarida tabiatga butunlay qaram edilar. Ular yashash joylari– kulbalarini daryo va ko‘l buylarida qurganlar. Daryolar o‘z o‘zanini o‘zgartirishi bilan ular ham o‘z manzilgohlarini o‘zgartirganlar.
Tumek–kichidjik qabrstoni – so‘ngi neolit davriga oid muxim yodgorlik bo‘lib, u 1972 yilda Amudaryoning quyi oqimidan topilgan. U erda tadqiqotlar 1973–1974 yillarda olib borildi. Qazishmalar vaqtida 27 ta qabr ochib o‘rganildi. Qabrga dafn etilganlar chalqanchasiga yotqizilgan, boshlari esa, asosan, shimoli–sharqqa qaratib qo‘yilgan va xar xil marosimlarda kiyadigan kiyim boshlar bilan ko‘milgan. Skletlar ustida taqinchoqlar saqlanib qolgan. Tosh qurollar va sopol buyumlarning parchalari qo‘yilgan. Qabrdagi suyaklarda qizil rang izlar mavjud. Bu ularning diniy e’tiqodlari bilan bog‘liq bo‘lgan.
Hozirgi kunda Kaltaminor madaniyati izlari Sirdaryoning quyi oqimi, Qizilqumning ichki hududlari va Zarafshonning quyi havzalarida topilgan.
Tadqiqotlar natijasida neolit davrida Zarafshon daryosining beshta tarmog‘i Amudaryoga qo‘shilganligi aniqlandi. Mazkur tarmoqlar Qizilqum xududida katta, kichik ko‘llarni hosil qilgan.
Zarafshon daryosining yirik tarmog‘i Moxandaryo bo‘lib, uning ham oqimida ko‘llar shakllangan. Bugungi kunda ular suvsizlikdan sho‘rlanib, xalk orasida katta tuzkon, kichik tuzkon deb atalib kelinadi. Shu qadimgi ko‘l yoqalarida neolit davri aholisi iste’qomat qilgan. 1950 yillarda Ya.G‘.G‘ulomov Moxandaryo bo‘ylab arxeologik qidiruv ishlarini olib bordi. 1960 yillarda esa bu xududda A.Asqarov bilan O‘.Islomovlar tadqiqot ishlarini olib borib, 100 dan ortiq neolit davri manzilgohlarini topdilar.
Ular bir–biriga juda yaqin massofada joylashgan. Bu joylardan qirg‘ichlar, pichoqlar, o‘roq– randalar, nayza uchlari, o‘roqlar, parma, teshkichlar, yorg‘uchoq, qayroqtosh, bolta va boshqa buyumlar topilgan. Tosh qurollardan tashqari bu erdan, taqinchoqlar, munchoqlar, sopol idishlari topilgan. Sopol idishlarning katta– kichikligi, bezagi har xil bo‘lib, og‘zi kengroq, osti dumaloq shaklda bo‘lgan. Lekin bu erda suyakdan qurollar topilmagan. Uning ko‘plari mavsumiy manzilgohlar bo‘lib, madaniy qatlamlar etarli saqlanib qolmagan. Faqatgina Darvozaqir manzilgohida madaniy qatlam yaxshi saqlangan.
Darvozaqir I makoni Buxoro viloyatining Qorako‘l shaxarchasidan 40–45 km shimoli– g‘arbidagi Katta Tuzkon ko‘lidan 600–700 metr masofada joylashgan. U erda 3ta madaniy qatlam topilgan bo‘lib, yuqori qatlami buzilib ketgan. Lekin undan ancha boy materiallar tosh mehnat qurollari – silliqlangan tosh boltalar, qirg‘ich, teshgich, o‘roq–randa, parma topilgan. Ikkinchi qatlamdan esa gulxan qoldiqlari va oz miqdorda qurollar topilgan. Uchinchi qatlamdan esa, o‘choqlar va turar joy qoldiqlari, silliqlangan tosh bolta, boshqa xil tosh qurollar, to‘lqinli chiziqlar bilan bezatilgan sopol buyumlar va hayvon suyaklari qoldiqlari topilgan.
Darvozaqir 1 makonida maydoni 81 kv.m bo‘lgan to‘g‘ri to‘rtburchakli turar joy qoldig‘i saqlanib qolgan. Bu turar joy yog‘ochdan yasalib, usti qamish bilan bekitilgan chayla bo‘lgan. Xona ichida o‘choq izlari topilmagan. U erda 30–35 kishi, bitta ona urug‘i jamoasi yashagan.
Darvozaqir II makoni Katta Tuzkon ko‘lining shimoliy qismida joylashgan. U bir qatlami neolit davri yodgorligidir. Makonning madaniy qatlamidan ko‘p miqdorda tosh qurollari – qig‘ichlar, o‘roqlar, pichoq, tosh ushatgich, teshgichlar, nukleuslar, uchrindilar, tosh chiqindilari topilgan. Jami 584 tosh buyumidan 35% tosh qurollari bo‘lib, qolganlari tosh chiqindilaridir. Ular orasida pichoqsimon parrakchalardan yasalgan mayda qurolchalar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Makondan chig‘anoq va marmardan yasalgan har xil shakldagi munchoqlar ham topilgan. Kaltaminor madaniyati sopol buyumlariga o‘xshash har xil naqshlar bilan bezatilgan sopollar ham topilgan.
Katta Tuzkondan topilgan makonlarga o‘xshash makonlar Kichik Tuzkon xududidan ham topilgan.
Darvozaqir madaniy yodgorliklariga o‘xshash buyumlar Qashqadaryoning quyi oqimidan Qumsulton va Poykent pasttekisliklaridan ham topilgan. Poykent makonlaridan tosh bolta, qirg‘ich, teshkich, o‘roq qadamalar va sopol idishlarning siniqlari topilgan.
Quyi Zarafshon va Qashqadaryo etaklaridagi Darvozaqir I,II, Katta va Kichik Tuzkon, Qorong‘i Sho‘r va Poykent makonlaridan topilgan tosh qurollar, sopol buyumlar va boshqa ashyolarning chuqur o‘rganilishi ularning kaltaminor madaniyatiga oidligi va mil.avv. IV–III ming yilliklarga mansubligini ko‘rsatdi.
Bu joylarda yashagan ibtidoiy odamlar termachilik, ovchilik va baliq tutib kun kechirishgan. Ilk dehqonchilik ham termachilik asosida shakllana boshlagan bo‘lib, u hali xo‘jalikda etarli o‘rinni egallamagan edi.
Umuman Zarafshon vohasi yodgorliklar yaxshi o‘rganilgan bo‘lsada, uning yuqori va o‘rta oqimi havzasida neolit davri yodgorliklari no’malumligicha qolib kelardi. O‘tgan asrning 80 yillariga kelib, Sazag‘on qishlog‘idan neolit davriga oid yodgorlikning topilishi muxim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Sazag‘on makoni Zarafshon daryosining o‘rta xavzasida Samarqanddan 30 km janubi– g‘arbda joylashgan qishlog‘i joylashgan. Sazag‘on makonidan neolit davriga oid ko‘plab tosh qurollari va hayvon suyaklari topilgan. Sazog‘on tosh qurollari Darvozaqir materiallariga o‘xshab ketsa–da, ularning o‘ziga xos mahalliy xususiyatlari bor. Jumladan, Kaltaminor madaniyatini yaratgan axoli ko‘l va daryo bo‘ylarida yashab, baliqchilik bilan shug‘ullanib, shunga xos mehnat qurollari yaratgan bo‘lsalar, sazog‘on madaniyati axolisi tog‘li xududlarda yashab, asosan ovchilik bilan shug‘ullanganlar. Shu sabab makonni qazish vaqtida ovchilikkka moslashgan mehnat qurollari bilan birgalikda yovvoiy va uy hayvonlarining suyak qoldiqlari ham topilgan. Demak, Sazog‘on madaniyati aholisi yirik shoxli hayvonlarni qo‘lga o‘rgatib, ilk chorvachilik xo‘jaligiga asos solganlar. Mehnat qurollari asosan tosh parchalari va qo‘pol paraqalar asosida yasalgan.Uning tosh qurollarining ishlanish texnikasi Markaziy Farg‘onaning mehnat qurollariga o‘xshaydi. Turli qurol aslahalar tarkibida silliqlangan tosh boltalar, qadama toshlar, yog‘uchoqlar, kamon poykonlari bor. Sopol idishlari naqshlangan. Shuningdek, makonnni qazish vaqtida neolit davrining so‘nggi bosqichiga oid bir necha qabrlar topib o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, bu odamlar evropoid irqiga mansub bo‘lgan. Shunday tipdagi odamlar odam qoldiqlari va dafn marosimlari Tojikistondagi Tutkovul makonida kuzatilgan. Makondan topilgan tosh industriyasi va boshqa topilmalarning umumiy xususiyati uning ilk neolit davriga taalluqli ekanligini asoslash bilan birgalikda Markaziy Farg‘onadagi shu tipdagi yodgorliklarga o‘xshashligini ko‘rsatdi.
Markaziy Farg‘ona neolit yodgorliklari ilk neolit bosqichiga oid yodgorlik bo‘lib, u 50 yillarda tadqiq qilingan. Ular markaziy Farg‘onaning cho‘lllarida topilgan bo‘lib, bugungi kungacha 80 dan ortiq makon aniqlangan. Ular umumiy tarzda Markaziy Farg‘ona madaniyati deb nomlanadi.
Neolit makonlari Qoraqalpoq dashtida, Mingbuloq, Sariqsuv, Oqqum, Damko‘l va Qiziltepa massivlaridan topilgan. Ular jumlasiga Zambar 1,2, Yangiqadam 12,14, 16,19, 35, Mingbuloq, Sariqsuv, Uzunko‘l, Dorozko‘l, Madyor va boshqalarini kiritish mumkin.
Makonlarda madaniy qatlamlar saqlanmagan. Topilmalar tarkibida prizma, qalam shaklidagi tosh o‘zaklar, qirg‘ichchalar, randa burg‘u, keskich qurollari ko‘pchilikni tashkil etadi. Muxim qurollardan paykonlar topilgan. Ular asosan bargsimon shaklda bo‘lib, ikkala tomoni ezish texnikasi asosida ishlangan. Qurollarning ko‘pchiligi paraqa va tosh siniqlari asosida yasalgan. Qurol yasashda asosiy xom ashyo sifatida tabiiy silliqlangan qayroq chaqmoqtosh qo‘llanilgan.
Demak, neolit davrida Farg‘onananing markaziy tekisligida inson yashashi uchun ma’lum shart–sharoitlar mavjud bo‘lgan. Ular ko‘l, daryo va buloqlar atrofida o‘z makonlarini tiklab, ovchilik, baliqchilik va terimchilik bilan shug‘ullangan. bularda geometrik shakldagi qurollarning mavjud emasligi Joytun va Kaltaminor madaniyatidan farq qilishini ko‘rsatadi. Lekin tosh qurollarni yasash texnikasi ularning qo‘shni qabilalar bilan aloqasi bo‘lganligidan dalolat beradi. Tadqiqotlar natijasida uning mil.avv. VI –IV ming yilliklarning boshiga, ya’ni ilk neolit davriga oidligi aniqlandi. Faqatgina Markaziy Farg‘onaning shimoliy qismida joylashgan Madyor 3,4 va boshqa makonlaridan topilgan qurollarning aksariyati so‘nggi neolit davriga, ya’ni mil.avv. IV – III ming yilliklarga oiddir.
Qizilqir I makoni Buxorodan 40 km shimoli–g‘arbda joylashgan. U erdan neolit davriga oid manzilgoh va ustaxona topilgan. Uning madaniy qatlamlaridan kaltaminor madaniyatiga xos bo‘lgan qirg‘ichlar, paraqalar, randalar, teshkichlar, mikrolit qurollari va sopol idishlarining parchalari topilgan. Makonda turar joy ham, toshdan qurollar va loydan sopol idishlar yasaydigan ustaxona ham bo‘lgan.
Qizilqirning yuqori qatlami bronza davriga mansub. Quyi qismi esa, mil.avv.IV–III ming yilliklarga borib taqaladi. Tadqiqotlar bu erda hunarmandchilik, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi o‘troq aholi yashaganligini ko‘rsatdi.
Kaltaminor madaniyatini yaratgan kishilar asosan, yovvoyi hayvonlarni ov qilib, baliq tutib, ovchilik, baliqchilik va termachilik bilan shug‘ullanganlar. Uning so‘nggi bosqichida ilk chorvachilik vujudga kelgan.
Quyi Amudaryo, quyi Zarafshon , Ustyurt va boshqa joylarga tarqalgan kaltaminor madaniyatini yaratgan qabilalar biqiq hayot kechirmay, atrofdagi qabilalar bilan o‘zaro aloqada bo‘lganlar.
Kaltaminor madaniyati mahalliy va janubiy mezolit madaniyatidan kelib chiqib, izsiz yo‘qolib ketmagan. Bu madaniyat o‘zidan keyingi Zamonbobo va Tozabog‘yob madaniyatining vujudga kelishiga zamin yaratgan.
Uchtut yodgorligi chaqmoqtosh qazib olish va birlamchi ishlov berish ustaxonasi xisoblanadi. Uni 1960 yil Ya.G‘.G‘ulomov boshliq ekspeditsiya Navoiy viloyatining Uchtut degan joyidan topishdi. Yodgorlik 1966–1967 yillarda T.Mirsoatov tomonidan keng ko‘lamda o‘rganildi va shu davrda o‘ra(shaxta)lar topildi. Bu erdan tosh asrining turli bosqichlariga, asosan, neolit davriga doir topilmalar yig‘ib olindi.











