
Nutq tovushlarining o’zgarishi. Nutqning asosiy fonetik birliklari.
Umumiy ma’lumot. Fonemaning nutq oqimida turli ottenkalarda namoyon bo`lishi, bunday ottenkalarning yuzaga kelishida kombinator, pozitsion yoki aralash (kombinator- pozi-sion) va b. omillarning ishtiroki borligi yuqorida aytib o`tilgan edi. Fonetik hodisalar ham aslida ana shu omillar mahsuli sifatida sodir bo`ladi. Ularning asosiy turlari quyidagilardan iborat:
- Kombinator omillar ta’sirida sodir bo`ladigan hodisalar:
1.Assimilyatsiya bir xil kategoriyadagi tovushlarning (mas, undosh bilan undoshning) o`zaro moslashuvidir. Bunday moslashuvning quyidagi turlari bor:
- progressiv assimilyatsiya– oldingi tovushning keyingi tovushni o`ziga moslashtirishi: ketdi>ketti (td>tt), ekgan>ekkan (kg>kk), qishloqga>qishloqqa (qg>qq) kabi;
- regressiv assimilyatsiya. Keyingi tovushning oldingi tovushni o`ziga moslashtirishi: tuzsiz>tussiz (zs>ss), birta>bitta (rt>tt) kabi;
- v) to`liq assimilyatsiya. Bunda kuchli va kuchsiz pozitsiyadagi tovushlar bir-biriga aynan moslashadi (ular o`rtasida neytrallashuv sodir bo`ladi): nonvoy>novvoy (nv>vv), terak-ga>terakka (kg>kk) kabi;
- g) to`liqsiz assimilyatsiya. Bunda kuchli va kuchsiz pozitsiyadagi tovushlar bir-biriga qisman moslashadi: tan-bur>tambur (nb>mb), shanba>shamba (nb>mb) kabi. Bu so`zlarda «n» (til-tish undoshi) lab-lab «b»ga faqat artikulyatsiya o`rni jihatdan moslashgan (lab-lab «m»ga o`tgan), ammo boshqa belgilari moslashmagan. Qiyos qiling: «m»-sonor, «b»- shovqinli; «m»- yumuq fokusli burun tovushi, «b»- sof portlovchi kabi;
- kontakt assimilyatsiya – ketma-ket joylashgan tovushlarning o`zaro moslashuvi (q. yuqoridagi misollar);
- distant assimilyatsiya – so`z tarkibida bir-biridan uzoqroqda joylashgan tovushlarning
o`zaro moslashuvi: sichqon>chichqon, soch>choch kabi.
O`zbek tilida o`zak bilan affiksdagi unlilar assimilyatsiyasi ham uchraydi. Assimilyatsiyaning bu turi singarmonizm (unlilar uyg`unlashuvi) deb ham nomlanadi. Bunda unlilarning uyg`unlashuvi lab garmoniyasi va til garmoniyasi (lingval garmoniya) shaklida namoyon bo`ladi. Masalan: keldi-«e» (old qator), «i» (old qator). Bunda o`zak va affikslar tarkibidagi har ikkala unli old qatordir (til garmoniyasi); qoldi– «o» (orqa qator), «i» (orqa qator). Bunda affiksdagi old qator «i» o`zakdagi orqa qator «o»ga moslashgan- «i»ning orqa qator ottenkasi yuzaga kelgan (bu ham til garmoniyasi hisoblanadi); lab garmoniyasi ko`proq shevalarda uchraydi: o`g`lim (adabiy tilda)- ulum (qipchoq lahjasi shevalarida). Bunda o`zak va qo`shimchalardagi unlilarning lablanish jihatdan moslashuvi sodir bo`ladi. Hozirgi o`zbek adabiy tilida assimilyatsiyaning bu turi deyarli uchramaydi.
Assimilyatsiyada fonemaning kombinator ottenkasi yuzaga keladi (o`zgarish tovushlarning bir-biriga ta’siri natijasida bo`lganligi uchun).
2.Akkomodatsiya – turli kategoriyalardagi tovushlarning, masalan, unli bilan undoshning o`zaro ta’siri tufayli yuzaga keladigan moslashuv. Masalan: kisht (k’sht: «i»ning old qator ottenkasi, u sayoz til orqa «k» undoshiga moslashgan)- qish (qsh: «i»ning orqa qator ottenkasi, u chuqur til orqa «q» undoshiga moslashgan). Ba’zan unli undoshga emas, aksincha, undosh unliga moslashadi. Masalan, lab-tish (labio-dental) «f» undoshi lablashgan «u» unlisi ta’sirida lab-lab «f»ga aylanishi mumkin. Qiyos qiling: faqat («f»- lab-tish), nufuz(«f» –lab-lab), aft («f»- lab-tish)- ufq («f»- lab-lab), saf («f» –lab-tish)- tuf («f»- lab-lab) kabi.
O`zaro ta’sirda bo`lgan tovushlarning bir-biriga nisbatan oldin yoki keyin kelishiga ko`ra akkomodatsiya quyidagi ikki turga bo`linadi:
- progressiv akkomodatsiya. Bunda oldingi tovush keyingi tovushga ta’sir qiladi: kulmoq so`zida sayoz til orqa «k» undoshi orqa qator «u»ni old qator «u» ga aylantirgani kabi. Qiyos qiling: qul («u»- orqa qator unli)- kul («u»- old qator unli), qo`l («o`»- orqa qator «o» unlisi)- ko`l («o`»- old qator «» unlisi);
- regressiv akkomodatsiya. Bunda keyingi tovush oldingi tovushga ta’sir qiladi. Masalan: to`k so`zida sayoz til orqa «k» undoshi orqa qator «o`» unlisini old qator «o`»ga aylantiradi. Assimilyatsiyada bo`lganidek akkomodatsiyada ham fonemaning kombinator ottenkasi yuzaga keladi.
- Dissimilyatsiya – so`z tarkibidagi bir xil (yoki o`xshash) tovushlardan birining boshqa tovushga ko`chishi: birorta>bironta (ror>ron), kissa-kista (ss>st) kabi. Bu hodisani assimilyatsiyaning aksi deyish mumkin.
Dissimilyatsiya hodisasi yo`nalishiga qarab ikki xil bo`ladi:
- progressiv dissimilyatsiya. Bunda keyingi tovush o`zgaradi: zarur>zaril kabi;
- regressiv dissimilyatsiya. Bunda oldingi tovush o`zgaradi: maqtanmoq>maxtanmoq
kabi.
Tovushning o`zgarsh darajasiga ko`ra dissimilyatsiya yana ikki turga bo`linadi:
- to`liq dissimilyatsiya. Bunda ikkita bir xil tovushdan biri noo`xshash tovushga
aylanadi: kissa>kista (ss>st) kabi;
- to`liqsiz dissimilyatsiya (qisman dissimilyatsiya). Bunda tovushning artikulyatsion xususiyatlaridan ayrimlarigina o`zgaradi. Masalan, uchta>ushta (ch>sh) kabi: «ch» va «t» undoshlarining ikkalasi ham portlovchi, ammo «t»ning ta’sirida «ch» sirg`aluvchi «sh» ga o`tgan.
Tovushlar o`rtasidagi masofaga nisbatan ham dissimilyatsiya ikki xil bo`ladi:
- kontakt dissimilyatsiya. Bunda yonma-yon turgan tovushlardan biri o`zgaradi: kissa>kista kabi;
- distant dissimilyatsiya. Bunda dissimilyatsiyaga uchrayotgan tovushlar bir-biridan
uzoqroqda joylashgan bo`ladi. Masalan: birorta>bironta kabi.
4.Nazalizatsiya – so`z tarkibidagi burun sonantlari ta’sirida shu sonantlar yonida qo`llangan unlining rezonator ton bilan aytilishi: non, nok men, meng kabi. Bunday hollarda ham fonemaning kombinator ottenkasi (unlining ko`rinishi) paydo bo`ladi.
II.Pozitsion omillar ta’sirida sodir bo`ladigan hodisalar:
1.Reduksiya – unli fonemaning urg`usiz bo`g`inda kuchsizlanishi: bilan- b:len, biroq- b:roq kabi. Bunda «i» unlisining kuchsizlangan, qisqa (bilinar-bilinmas) talaffuz etiladigan pozitsion ottenkasi yuzaga keladi;
2.So`z oxiridagi ochiq bo`g`inda tor unlilarning bir oz kengayishi: bordi>borde kabi. Bunda ham tor «i» unlisining bir oz kengaygan pozitsion ottenkasi yuzaga keladi;
3.Jarangli «b» va «d» undoshlarining so`z oxirida jarangsizlanishi: maktab>maktap (b>p), savod>savot (d>t) kabi. Bunday holat jarangli j,j,z undoshlarida ham uchraydi: massaj>massash (j>sh), dilxiroj>dilxiroch (j>ch), sakkiz>sakkis (z>s) kabi. Yuqoridagi barcha holatlarda b,d,j,j,z fonemalarining jarangsizlashgan pozitsion ottenkalari qo`llangan. O`zbek tilida ko`p bo`g`inli so`zlarda portlovchi, jarangsiz «q» ning so`z oxirida sirg`aluvchi, jarangli «g`» tarzida talaffuz qilinish hollari ham uchraydi: baliq>balig`, o`rtoq>o`rtog`, taroq>tarog` kabi.
III. Turkiy so`zlarning an’anaviy fonetik tarkibiga moslashish. O`zbek tilida bunday moslashishning quyidagi turlari uchraydi:
- Proteza – so`z boshida tovush orttirilishi: a) rus>o`ris, ro`za>o`raza, ro`mol>o`ramol Ma’lumki, qadimgi turkiy tilda sonor «r» tovushi so`z boshida qo`llanmagan, demak, uni so`z boshida qo`llash ko`nikmasi ham bo`lmagan, bu hol boshqa tillardan o`zlashtirilgan so`zlar boshidagi sonor «r»dan oldin bir unlining orttirilishiga olib kelgan, shu tariqa olinma so`zning fonetik tarkibi turkiy so`zning fonetik tarkibiga moslashtirilgan; b) shkaf>ishkop, stakan>istakan kabi: turkiy tillarda so`z yoki bo`g`in boshida (pozitsion omil) undoshlar o`zaro birika olmaydi (sintagmatik omil), ayni shu qonuniyat yuqorida keltirilgan ruscha o`zlashmalar boshida bir unlining orttirilishiga,demak, shu so`zlarning turkiy til qonuniyatiga moslashtirilgan shaklining yaratilishiga olib kelgan.
- Epenteza – so`z o`rtasida tovush orttirilishi. Bu hodisa ham asosan boshqa tillardan o`zlashtirilgan so`zlar tarkibida yuz beradi – ularning fonetik tarkibi turkiy til qonuniyatlariga moslashtiriladi (so`z yoki bo`g`in boshida qatorlashib kelgan ikki undosh orasida bir unli orttiriladi: plan>pilon, klubnika> qulupnay, traktor>tiraktir kabi).
Ma’lumki, turkiy so`zlar tarkibida ikki unli ham yonma-yon qo`llanmaydi. Bu hol Said, oila, soat kabi arabcha o`zlashmalarning jonli tilda Sayid, oyila, sog`at deb (ikki unli orasida bir undoshning orttirilib) talaffuz qilinishiga sabab bo`ladi.
- Epiteza (austeza)- so`z oxirida tovush orttirilishi: Bu hodisa ko`proq so`z oxirida qatorlashib kelgan sq, nk undoshlaridan so`ng yuz beradi: otpusk>otpuska, kiosk>kioska, tank>tanka, blank>blanka Bunda ham pozitsion-sintagmatik omil (turkiy so`z oxirida sq nk undoshlari birikmasining uchramasligi) ko`proq darajada asos bo`lgan.
- O`zbek tilida fonetik hodisalarning yana quyidagi turlari uchraydi:
1.Tovush tushishi. So`z o`zagidagi yoki unga qo`shilgan qo`shimchalar tarkibidagi ayrim tovushlarning ma’lum fonetik qurshov yoki pozitsiya ta’sirida talaffuz etilmasligi. Bu hodisaning quyidagi turlari bor:
- prokopa – so`z boshidagi tovushning tushib qolishi: yilon>ilon, yag`och>ag`och>og`och, yigna>igna Bunda til o`rta «y» da ovozning ustunligi, demak, uning unliga yaqinligi, o`zidan keyingi unliga singib ketishi kabi omillar ta’siri bor.
Prokopa, asosan, tarixiy jarayon mahsuli bo`lib, hozirgi o`zbek adabiy tilida uchramaydi;
- sinkopa – so`z o`rtasidagi tovushning tushib qolishi. Bu hodisa reduksiyaning davomi sifatida ko`proq uchraydi- o`zak morfemaga affiks morfema qo`shilganda urg`u oxirgi bo`g`inga ko`chib, o`zakdagi unli kuchsizlanadi va tushib qoladi: burun>burnim, burning, burni; o`g`il>o`g`lim, o`g`ling, o`g`li So`z o`rtasidagi unlining tushib qolishi ba’zan tarixiy (diaxron) planda sodir bo`lgan bo`lib, hozir sezilmasligi ham mumkin: olcha<olicha, kelyapti<kelayapti kabi. O`zbek tilida undosh tovushlar sinkopasi ham uchraydi: pastqam>pasqam, pastda>pasda kabi. Ularning ba’zi turlari tarixiy plandagina qaralishi mumkin: erdi>edi kabi;
с) apokopa – so`z oxiridagi tovushning yoki qo`shma so`z komponentining tushib qoldirilishi: baland>balan, xursand>xursan, g`isht>g`ish, go`sht>go`sh, obro`y>obro`, podshoh>podsho kabi. Qo`shma so`z komponentining tushirib qoldirilishi asosan ruscha leksik o`zlashmalarda uchraydi: metropoliten>metro, kilogramm>kilo, taksomotor>taksi kabi.
Tovush yoki komponentning tushib qolishiga olib keladigan sabablar qatorida pozitsion (urg`usiz bo`g`indagi reduksiya) va sintagmatik (yonma-yon qo`llangan tovushlarning singishib ketishi) bilan birga fonasion energiyani tejash, ixchamlikka erishish kabi omillar ham qatnashadi;
- eliziya- ikki so`z birikkan joyda bir yoki bir necha tovushning tushib qolishi. Bu hodisa ham ko`proq ellipsis qonuniyati asosida (ixchamlikka intilish natijasida) yuzaga keladi. Eliziya hodisasi diaxron (tarixiy) va sinxron (hozirgi) planlarda bo`lishi mumkin. Diaxron planda sodir bo`lgan eliziya ba’zi so`z yoki so`z formalarining hozirgi ko`rinishini shakllantirgan: Dili orom>Dilorom, qayin ona> qaynana, Shoh Po`lat>Shopo`lat, nima qilsin> na qilsin, nima qilg`ay>na qilg`ay kabi;
- aferezis – oldingi so`zning so`nggi tovushi (yoki tovushlari) ta’sirida keyingi so`z boshidagi tovushning (yoki tovushlarning) tushishi: aytgan edi>aytgandi Bu hodisa sandxining bir ko`rinishi, xolos;
- sandxi hodisasi – analitik shakllarning ixchamlashuvi natijasida sodir bo`ladigan fonetik o`zgarishlar. Masalan: bora oldi>boroldi, ishlar edi>ishlardi, borgan emish>borganmish Bu hodisa o`z tabiatiga ko`ra eliziyaga juda yaqin turadi.
2.Gaplologiya – yasama so`z tarkibida birin-ketin kelgan ikkita bir xil bo`g`indan birining tushirib qoldirilishi. Bu hodisa ham ko`proq ixchamlashtirish, energiyani tejash asosida sodir bo`ladi. Masalan, tragikomediya<tragikokomediya: bu so`zning tarkibida ikkita bir xil bo`g`in («ko»- uchinchi bo`g`in va «ko»-to`rtinchi bo`g`in)birin-ketin kelganligidan talaffuzda ulardan biri tushirib qoldirilgan va so`zning ana shu ixchamlashtirilgan shakli adabiy til uchun me’yor bo`lib qolgan. Bunday hodisa mineralogiya<mineralologiya, morfonologiya<morfofonologiya so`zlarida ham kuzatiladi.
- Tovushlarning o`rin almashinuvi (metateza). Bu hodisa ko`proq jonli so`zlashuvga, ayniqsa, shevalarga xos bo`lib, adabiy tilda kam uchraydi: tuproq>turpoq (Toshkent shevasida), daryo>dayro (qopchoq lahjasi shevalarida), to`g`ramoq>to`rg`amoq (ayrim shevalarda) kabi.
O`rin almashinuviga uchragan tovushlar so`z tarkibida bir-biriga yaqin yoki uzoq joylashgan bo`lishi mumkin, shunga ko`ra metatezaning ikki turi farqlanadi:
- kontakt metateza – yonma-yon joylashgan tovushlarning o`rin almashuvi: tuproq>turpoq (pr>rp), ahvol>avhol (hv>vh) kabi;
- distant metateza – bir-biridan uzoqroqda joylashgan tovushlarning o`rin almashinuvi:
aylanayin>aynalayin (bunda ikkinchi bo`g`in boshidagi «l» bilan uchinchi bo`g`in boshidagi «n» tovushlari orasida «a» unlisi bor).
Tarkibida metateza hodisasi yuz bergan ayrim so`zlar hozirgi adabiy tilda me’yor darajasiga ko`tarilgan: yog`mir (etimologik shakli)>yomg`ir (hozirgi adabiy tildagi shakli) kabi.
- Geminatsiya – ikkita bir xil undoshning so`z tarkibida qavatlanishi: muddat, izzat Bunday qavatlanish ma’lum uslubiy maqsadlarda yuzaga keltirilishi ham mumkin: Masalan, maza, (bitta «z», bunda uslubiy bo`yoq yo`q.)- mazza (ikkita «z». So`zning bu shaklida ma’no kuchaytirilgan). Yana qiyos qiling: yashamagur>yashshamagur, uchalasi>uchchalasi, rosa>rossa, juda>judda kabi. Geminatsiya hodisasi so`z yasalishida ham uchraydi: achimoq (fe’l)- achchiq (sifat), isimoq (fe’l)- issiq (sifat), qotmoq (fe’l)- qattiq (sifat) kabi. Sifatlarning kuchaytiruv (intensiv) formalarida ham geminatsiya hodisasi uchraydi: oq>oppoq, sog`>soppa-sog` kabi.
Degeminatsiya – so`z tarkibidagi geminatsiyaning yo`qolishi: men+ning>mening, sizni>sizzi>sizi; qayer>qaer kabi.
- Sinerezis-so`z tarkibida yondosh qo`llangan ikki unlining diftonglashuvi – bir cho`ziq unli holiga kelishi: mutolaa>mutola: matbaa>matba: saodat>so:dat Bu hodisa ikki unli orasidagi undoshning tushib qolishi hisobiga yuz berishi ham mumkin: zahar>za:r, shahar>sha:r kabi.
- Spirantizatsiya – ayrim portlovchi undoshlarning ikki unli orasida (intervokal pozitsiyada) sirg`aluvchi undoshga o`tishi: bora ber>boraver (b>v), kabob>kavob (b>v), po`stloq>po`stlog`i (q>g`), taroq> tarog`i (q>g`) kabi. Bu hodisada pozitsion omil (intervokal holat) bilan birga kombinator omil (unlilarning undoshga ta’siri) ham ishtirok etgan.





