O‘rta Osiyoga arablar bosqini va uning tarixiy bilimlar rivojiga ta’siri.
VII asr o‘rtalarida Movorounnaxrga faqat bosqinchilik yurishlari bilan cheklangan arablar 704 yilga kelib O‘rta Osiyoni batomom bosib olishga qaror qildilar. 704 yilda Xuroson noibi etib tayinlangan Qutayba ibn Muslim 706 yildan Movorounnaxrni zabt etishga kirishadi. 709 yilda Buxoro, 712 yilda Samarqandni bosib oladilar. O‘rta Osiyo turli harbiy xiylalar, makrlar yordamida bosib olindi va arablar o‘z siyosati diniy e’tiqotlarini singdirishga harakat qilib katta zulm va shavqatsizliklar o‘tkazdi. 715 yilda Farg‘onada Qutayba ibn Muslim arab jangchilari tomonidan o‘ldiriladi.
O‘rta asr tarixchisi Tabariy O‘rta Osiyoga arablarning yurishi haqida ham o‘z asarlarida ma’lumot berib o‘tgan. Jumladan, uning asarlarida Samarqand hokimi Turek (Turk, Torak) ning hijriy 100 (milodiy 719) yilda Xitoy poytaxtiga yuborgan maktubini keltirib o‘tadi. V. V. Bartol’d o‘z kitobida shu xatning tarjimasi keltiriladi:
«Biz 35 yildan buyon dashiy (dashtiy) larga qarshi tinimsiz kurashib kelamiz. Har yili biz juda ko‘p askar va suvoriylarni jang maydoniga chiqaramiz, ammo shu vaqtgacha imperator (hoqon) hazrati oliylariniig madad kuchlarini olish baxtiga muyassar bo‘lmadik. Bundan 6 yil muqaddam dashiylarning eng katta boshlig‘i Imi Kyu-di-bo (amir Qutayba) juda katta lashkarlari bilan etib keldi. Biz jangda dushman lashkarlariga katta zarar etkazdik, ammo bizning qo‘shinimizdan ko‘pchilik halok bo‘ldi va yaralandi. Dashiylarning piyodalari va suvoriylari sonsanoqsiz edi, shu tufayli bizning lashkarlarimiz ularga bas kelolmadi. Men o‘z istehkomlarimizga qaytdim: so‘ng dashiylar bizning shahrimizni qamal qildilar. Ular qal’a devorlarini buzish uchun 300 ta devorbuzar kurilmalarpi olib keldilar, 3 joyda katta-katta xandaq-zovur qazidilar. Ular bizning shahrimizni va mamlakatimizni vayron qilishmoqchi. Faqiringizning siz hoqon xazrati oliylaridan iltimosim shulki, tezroq Chin lashkarlarini bizga yordamga yuborsangiz. Ammo dashiylarga kelsak, ularning kuch-qudrati faqat yuz yilga etadi, degan karomat bor. Bu yil ana shu muddat tugamoqda. Agar Chin lashkarlari bu erga etib kelishsa, kamina va uning qo‘shinlari dashiylarni tor-mor keltirishimiz mumkin edi».
Tabariy kitobida ko‘p marta tilga olingan Samarqand hokimi Turek haqida uning maktubidan qanday ma’lumotlarni olish mumkin?
1.Maktubning haqiqiyligi V. V. Bartol’d ta’kidlaganidek, unchalik shubha uyg‘otmaydi.
- Muhim tarixiy dalil shuki, Samarqand Zarafshon vodiysiga arab Qutayba davrida 712-719 yillarda emas, balki noib Salim ibn Ziyod vaqtida 681-683 yillarda kelishgan. Qutaybaning harbiy yurishi va Samarqandning arablar tomonidan istilo etilishi 712 yil kuziga to‘g‘ri keladi.
- Go‘rak maktubida tarixiy voqealar mavhum va ziddiyatli bayon etilsa ham, bu maktub arab manbalarini, jumladan, Tabariy asarini tanqidiy tadqiq etishga imkon beradi. Tabariydan mustaqil bo‘lgan arab manbalari (Madoniy, Balazuriy, Dinovariy) da esa tarixiy tahlil uchun deyarli hech bir dalil yo‘q, deyish mumkin.
Arablar bosqini tarixiy bilimlar taraqqiyotiga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Diniy e’tiqotlarga kurash olib borish davrida islom diniga qadar bu erda mavjud turli yozma manbalar, jumladan “Avesto” asarining asosiy qismi yo‘q qilindi. Shuningdek ko‘plab mavjud ilmiy asarlar, qimmatli hujjatlar,o‘z davrini yorqin aks ettiruvchi yozishmalar, xatlar,ish yuritish qog‘ozlari yo‘q qilinib yuborilgan. Natijada shu davrni ochib beruvchi tarixiy manbalar saqlanib qolmagan. Bundan keyinroq ijod qilgan muarrixlar o‘z asarlarida bu davr haqida ma’lumotlar uchratmaydi. Faqatgina Beruniyning “Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklari” asarida ma’lum bir qismi shu davrga qaratilgan. Bundan tashqari 1932 yilda topilgan Mug‘ qal’asi xazinasi bu davrni ochib berishda muhim rol o‘ynaydi.
Gap shundaki, faqat XVI asr oxirlariga kelibgina, arab faylasufi ibn Xaldun (1332-1406) ilk bor musulmon dunyosida tarixni hikoya qilib berishdan tashqari, voqealarning sababiy bog‘lanishlarini ham, pragmatik bayon (tarixdagi ob’ektiv taraqqiyot qonunlarini ochib bermasdan, voqealarni faqat tashqi bog‘lanishi va izchilligiga qarab tasvirlash) qilib berish va umumdunyo tarixining taraqqiyot qonunlarini belgilash borasida urinib ko‘rdi. Ibn Xaldun tabiat va insoniyat tarixi o‘rtasida dialektik aloqa mavjudligini isbotlash uchun harakat qilgan edi. SHuning uchun ham tanqidiy manbalarda ibn Xaldun quyidagi asosiy qoidalarga suyanadi: kishilik jamiyati tarixi ham tabiat hayoti kabi umumiy bo‘lgan muhim qonunlarga bo‘ysunadi va xalqlar hayotida bu qonunlarning nomoyon bo‘lishi tarixiy haqiqatning asosiy mezoni bo‘lib xizmat qiladi.
Ibn Xaldunning qarashlari 200 yilga yaqin vaqt mobaynida sharqshunoslik, tarix va falsafa tarixi sohasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘lib keldi.
Bir qator mualliflar, shuningdek, ayrim taniqli g‘arb sharqshunoslari ixtiyoriy yoki g‘ayri ixtiyoriy tarzda Ibn Xaldun asarlarining asosiy mazmunini buzib ko‘rsatgan holda buyuk arab mutaffakirini XIX-XX asr reaksion sotsiologik ta’limotining g‘oyaviy o‘tmishdoshi, fanatizm yoki ashaddiy mistntsizmning apologeti (maddohi) qilib ko‘rsatishga urindilar.
Evropa va asosan arab mamlakatlarining taraqqiyparvar olimlari Ibn Xaldun asarlarining tarixiy mazmunini ob’ektiv ravishda tahlil qilish asosida uning ta’limoti diniy asarlar bilangina bog‘liq emasligini, Ibn Xaldunning tarixiy taraqqiyot qonunlarining xarakteri haqidagi g‘oyalarini ta’kidlovchi bir qator moddiyun (materialistik) holatlarning mavjudligini kursatishadi.
Ibn Xaldunning tarixiy-sosiologik ta’limoti uning «Insonlar ijtimoiy hayotining mohiyati» nomli asarida aks etadi. Bu asar «Muqaddima» deb ham ataladi. Unda Ibn Xaldun tarixchining vazifalari haqida bunday yozadi: Tarixchi «siyosiy asarlar bilan tanish bo‘lishi va ro‘y berayotgan barcha voqea-hodisalarning mohiyatini, amaldagi huquqiy munosabatlarning o‘zaro farqini, turli xalqlar, mamlakatlar va davrlar ijtimoiy hayotining xususiyatlari, turmush tarzi, mafkurasi va boshqa ko‘rinishlarini bilishi lozim» Tarixchi o‘tmishni hozirgi kun bilan taqqoslay bilishi, ularning o‘hshash tomonlari hamda tafovutlarini farqlay bilishi, bu o‘xshashlik va tafovutlarning sabablarini topishi kerak, davlatlar va dinlarning kelib chiqishini bilishi zarur. Bir so‘z bilan aytganda, tarixchi jamiyatda yuz berayotgan barcha voqea-hodisalarni hamda ularning sabablarini tushuntirib berishi lozim. Ibn Xaldun tarix fani haqida o‘z fikrlarini mantiqan shakllantirar ekan, kishilik jamiyati tarixi, siyosiy va tabiiy fanlarni ajratib ko‘rsatadi. Ibn Xaldun kishilik jamiyatining‘ rivojlanish qonuniyatlarini kashr etishga intilib, bu bilan u «yangi fan» yaratganiga ishonar edi. Aslida u faqat bu fan asoslarini bilishga olib keluvchi yo‘lni va bu yo‘lning keyingi rivojini ko‘rsatgan edi. Ibn Xaldunning bu maslahatlaridan uning safdoshlari va izdoshlari musulmon tarixchilari aytarli foydalanishmadi.
Bu davrda asosan islom jamiyatining o‘sib borishi, xukmdorlar va yirik shaxslar faoliyati xaqida keng ma’lumot berib borilgan.
At -Tabariy Abu Jafar Muhammad (838-923) ning “Tarix ar-rasul va –l- mulk” asari o‘z davrda katta shuhratga ega bo‘lgan bo‘lib, 963 yilda Balamiy tomonidan fors tiliga tarjima qilingan va qayta ishlangan. U o‘zidan oldin o‘tgan Abu-l-Xasan ibn Muxammad al-Madainiy ma’lumotlaridan foydalangan. O‘z navbatida Al-Madainiy ham o‘zidan oldingi manbalarda berilgan ma’lumotlardan foydalangan. Madaniy alohida faktlar asosida uzviy bog‘langan hikoyalar tuzib chiqqan. Bu hikoyalar tarixiy asar emas, ko‘proq xalq og‘zaki ijodiyoti namunalariga o‘xshab ketgan. Xullas, musulmon tarixshunosligi tarixiy asarlar yaratishda yangi bosqichni boshlab berdi.











