Otning lug‘aviy shakllari haqida ma’lumotlar.
Otlarda so‘z o‘zgarishi va so‘z yasalishidan tashqari lug‘aviy shakl yasash hodisasi ham mavjud. Otlarning leksik ma’nosiga qo‘shimcha ma’no qo‘shish uchun xoslangan affikslar lug‘aviy shakl yasovchilar deyiladi. Ular quyidagi sintetik shakllardan tashkil topadi:
- Kichraytirish shakllari. -cha affiksi shaxs bildiruvchi otlardan boshqa otlarga qo‘shilganda kichraytirish ma’nosini ifodalaydi: hovuzcha, qushcha, uycha, baliqcha kabi. Shaxs bildiruvchi otlarga qo‘shilganda esa kichraytirish bilan birga erkalash, hurmat yoki kamsitish, kesatish ma’nolarini ham hosil qiladi: Ko‘chadan bir qizcha chopqilab o‘tdi. Sizni es-hushli yigitcha deb o‘ylardim. Sal o‘pkangizni bosib oling, yigitcha!
Ba’zi so‘zlar tarkibida –cha affiksi kichraytish ma’nosini yo‘qotib, yangi so‘z yasashi ham mumkin. Bunday holda so‘z yasovchi va kichraytuvchi affiks o‘rtasida omonimlik munosabat hosil bo‘ladi: sholcha, ko‘rpacha, bog‘cha, qizilcha, taqsimcha. Bundan tashqari,–cha affiksi sifat va ravish yasovchi –cha affiksi bilan ham shakldoshdir: o‘zbek+cha raqs, fag‘ona+cha palov, qishloq+cha kiyinmoq, askar+cha yurmoq, yangi+cha fikrlamoq, o‘zbek+cha gapirmoq.
-choq\\-chak affiksi toy, kelin, qo‘zi kabi so‘zlarga qo‘shilgandagina kichraytish-erkalash shaklini hosil qiladi. Masalan: toychoq, kelinchak, qo‘zichoq kabi. Qo‘zichoq, toychoq so‘zlari ko‘chma ma’noda bolalarga nisbatan ishlatilganda erkalatish shakli kuchayadi. Bu affiks ba’zi so‘zlar tarkibida kichraytirish ma’nosi bilan birga ba’zi otlarni ham yasaydi: o‘yin+choq, bela+n+chak, ko‘m+ir+chak. Kichraytirish affikisning o‘zlik nisbatdagi fe’lga qo‘shilishi bilan sifat yasaydigan omonimi ham bor: kuy+in+chak, erin+choq .
- Erkalash shakllari. –jon, -xon, -oy affikslari atoqli va turdosh otlarga qo‘shilib, erkalash, suyish kabi ijobiy munosabat shakllarini hosil qiladi:ukajon, oyijon, kuzgujon, akaxon, Abrorjon, Hulkaroy, Halimaxon.
Bu affikslar ba’zi kishi ismlarining tarkibiy qismi sifatida ham uchraydi: Onaxon, O‘g‘iloy, Mamajon kabi. Shuningdek, oromijon, rohatijon kabi forsiy izofalar tarkibida jon mustaqil so‘z sifatida «jonning oromi», «jonning rohati» kabi ma’nolarga teng bo‘ladi; –xon affiksi esa, gazetxon, kitobxon kabi otlarning yasalishida ishtirok etib, -xon shakl yasovchisiga omonim bo‘ladi.
– (a) loq affiksi qiz, bo‘ta kabi so‘zlarga qo‘shilgandagina erkalash ma’nosini hosil qiladi: qizaloq, bo‘taloq, toyloq. Ba’zi o‘rinda –cha affiksi bilan sinonim bo‘la oladi: qizaloq-qizcha, toyloq-toycha. Bu affiks o‘rin-joy oti yasovchi –loq affiksi bilan omonimlik munosabatga ham ega bo‘ladi: o‘tloq, qumloq.
-gina affiksi. Asosan, shaxs bildiruvchi otga qo‘shilib, erkalatish-kichraytirish shaklini hosil qiladi: bolagina(m), qizgina(m), jongina(m). Mazkur affiks yaxshigina, kattagina, tezgina, endiginakabi so‘zlarda sifat va ravishga xos shakl yasaydi. So‘z takibida shakl yasovchi sifatida ishtirok etganda urg‘uli hisoblanadi: bolagina΄, yaxshigina΄, ozgina΄. Urg‘usiz holatda esa, ayiruvchegaralov yuklamasi vazifasini bajaradi va shakl yasovchilar bilan omonim bo‘ladi. Masalan: bola΄gina, faqa΄tgina, so‘zlarni΄gina.
- Qarashlilik shakli ot yoki olmoshlarga –niki affiksini qo‘shish bilan yasaladi. Bu affiks o‘zakka qo‘shilib, narsaning asosdan anglashilgan shaxs yoki narsaga qarashli ekanligini bildiradi: akamniki, do‘stingniki, ko‘chaniki, maktabniki kabi. Men, sen olmoshlariga qo‘shilganda qo‘shimcha tarkibidagi n undoshi tushiriladi: men+iki, sen+iki. Qarashlilik shaklidagi ot mazmunan egalik affiksini olgan otlarga sinonim bo‘ladi.












