O`zbek adabiy she’riy va nasriy ertaknavislik an’analari.
O`zbek adabiy she’riy va nasriy ertaknavislik an’analari. Shuni ta`kidlash joizki, o`zbek bolalar adiblari xalq ijodiyoti namunalarini to`plash, nashr etish va bolalarga moslashtirish, folklordagi janriy rang-baranglik va ifodaviy vositalardan ijodiy foydalanishda, asosan, tubandagi ikki yo`nalishda amal qildilar:
Birinchi yo`nalish-folklor namunalari (ertaklar, masallar, rivoyatlar, latifalar va hokazolarni) bolalar yoshi, saviyasi va ruhiga moslashtirib qayta ishlash yoki tadbil (interpretatsiya) qilish. Bu ijodiy jarayonning bosh sharti-asarning xalqchil ruhiga putur etkazmagan holda g`oyaviy-badiiy barkamolligini ta`minlash va shu asosda axloqiytarbiyaviy qimmatini oshirish hisoblanadi.
Jumladan, xalq ertaklarini bolalarga moslashtirib qayta aytish an`anasi jahon xalqlari, xususan, rus bolalar adabiyotida anchagina tajribaga ega. Shukur Sa`dulla ana shu ilg`or tajribani o`rganish asosida nafaqat o`zbek, balki boshqa xalqlar ertaklarini ham bolalarga moslashtirib tabdil qilishda ma`lum natijalarga erishdi. Bu jihatdan, ayniqsa, uning 30-50-yillardagi izlanishlari samarali bo`ldi. Bu davrda u elliklan ortiq xalq ertagini bolalarga moslashtirib qayta ishladi va kichkintoylargi tortiq etdi.
Bular «Ikki sandiq» (1945,1948), «Yoriltosh», «Uch tulki» (1947), «Qarg`aboy» (1948), «Tulki bilan turna» (1951), «Maqtanchoq quyon» (1953), «Ayyor tulki» (1955), «Ohanrabo» (1959) singari rasmli kitobchalar tarzida nashrdan chiqdi. Shu nashrlar «O`zbek xalq ertaklari» (1948, 1955), «Chalpak yoqqan kun», «Bo`ri bilan tulki»(1969) kabi bolalarbop yirikroq majmualarning, shuningdek, «Xitraya lisa», «Uzbekskie narodno`e skazki» (1955), «Dva sunduka» (1963), «Den padayuhix s neba blinov» (1968), «Volk i lisa» (1970) singari rus tilidagi o`girma nashrlarning yuzaga kelishiga asos bo`ldi.
Sh.Sa`dulla xalq ertaklarini kompozitsion soddaligiga, xalqchilligiga, g`oyaviy yo`nalishiga putur etkazmay, zamon talablari doirasida axloqiy-tarbiyaviy qimmatga molik bo`lishiga diqqat qildi. Natijada ertaklar turli yoshdagi kichkintoylar uchun «hayot darsligi» vazifasini o`tay boshladi. Bu jihatdan adibning maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar uchun hayvonlar haqidagi ertaklarni qayta ishlashdagi xizmatlari e`tiborga arzigulikdir. Zero, u bu yoshdagi bolalarning diqqati beqarorroq bo`lishi, uzoq muddat davomida tinglash ularni tez charchatishini hisobga olib, hajmi katta ertaklarning ba`zilarini birmuncha qisqartirdi, ba`zilarini esa bir necha mustaqil ertakchalarga bo`lgan holda kichkintoylarga taqdim etdi.
«Bo`ri bilan tulki» ertagi, jumladan, xarakterlidir. Xalqimizda mashhur bu qadimiy ertak hajm jihatidan anchagina katta. Unda bo`rining yovuzligi va go`lligi, tulkining ayyorligi va olg`irligi zamirida o`tmishda zo`ravonlarning zolimligi fosh qilinsa, qo`zichoq, xo`roz, ot va qo`shchi chol obrazlari misolida mehnatkash xalqning ma`naviy go`zalligi va pokligi, aqlliligi va tadbirkorligi, samimiyligi va qasoskorligi realistik tarzda ifodalanadi. Ertak xotimasida Bo`rining o`lishi – zolimlik dunyosining chirishi, qulashiga timsol bo`lib, xalq optimizmining hayotbaxsh qudratini yorqin ko`rsatadi.
Sh.Sa`dulla bog`cha yoshidagi bolalarning katta hajmli bunday ertaklarni idrok qila olmasliklarni payqab, uning negizidabir-biridan mustaqil bo`lgan ikkita ertak yaratadi. Ertakchalarning birinchisi » Och bo`ri» deb nomlangan.
U bo`rining qo`zichoq, cho`pon va qirchang`i bilan munosabatlari epizodlarini o`z ichiga oladi. Ertak go`lligi tufayli otdan qattiq tepki egan bo`rining o`limi bilan xotimalanadi. Bunday yakun ertakning kompozitsion yaxlitligini ta`minlagan. Qizig`i shundaki, Sh. Sa`dulla keyinchalik xuddi shu ertak asosida, aynan shu epizodlarni o`z ichiga olgan «Och bo`ri, sho`x qo`zi va qirchang`i» she`riy ertagini ham yaratdi.
«Chol bilan bo`ri» – ertaklarning ikkinchisidir. Bu asarga endi soddadillikda xalq ertagidagi qo`shchidan qolishmaydigan qop ko`targan chol va bo`ri munosabatlari epizodi asos qilib olingan. Chol o`z rahmdilligi va soddaligi tufayli bo`rining «qopqoniga» tushadi. Ertakni tinglayotgan kichkintoy cholga achinadi, unga rahmi keladi. Bu esa unda insonga muhabbat tuyg`usini tarbiyalaydi. Ammo ayyor tulkining tadbirkorligi bilan bo`ri tajovuzidan qutulgan cholni ko`rib -quvonadi kichkintoy. Bu ertak ham bo`rining o`limi bilan tugallanib, xalq optimizmining barhayot qudratini kichkintoylar qalbiga ko`chiruvchi, kompozitsiyasiga ko`ra mustaqil asardir. Adib xuddi shu ertak asosida keyinchalik kichkintoylar uchun » Chol bilan bo`ri» nomli kichik she`riy pesa ham yozgan.
«Sholg`om», «Bo`g`irsoq», «Bo`ri va echki bolalari» kabi qaytariqlar negizida qurilgan «Qarg`a va qo`zi» ertagi ham Sh. Sa`dulla qalami ostida uch marta sayqal topdi. «Qarg`avoy» nomida maxsus suratli kitobcha holida nashr etilgan varianti bilan » Ayyor tulki » kitobchasidagi variantining syujeti, tasviridagi ba`zi so`z o`zgartirishlarni istisno qilganda, deyarli bir xildir. Ammo «O`zbek xalq ertaklari» to`plamidagi variantining xotimasi yuqorida qayd qilingan ikki variantidan ancha farq qiladi.
Avvalgi ikki variantda qarg`a suvga cho`ksa, keyingisida bo`ynini olmos o`roqning qirqishiga fahmi etmaganligidan o`z ajaliga o`zi zomin bo`ladi. Umuman, qarg`aning qazosi – tajovuzkor zolim hamisha o`limga mustahiq degan xalqona aqidaning majoziy isboti. Bu ma`no ijobiy qimmatga ega bo`lib, «Qarg`avoy» va boshqa «har bir bola ertagida faqat kattalargina tushuna oladigan ikkinchi bir ma`no1» mavjudligini, binobarin, har bir afsona zamirida real haqiqat yotganligini oydin ko`rsatuvchi ertaklarga xos fazilat ham.
Ammo unutmaslik kerakki, bu ijtimoiy ma`noni bog`cha va kichik yoshdagi kichkintoylar hali anglab bilmaydilar. Chunki ularning tushunchasida yaxshi va yomon, issiq va sovuq, yumshoq va qattiq singarilarnigina ajrata borish endigina ma`lum jarayonga aylanayotgan bo`ladi. Shunga qaramay, kichkintoy antipatiyasini qo`zg`agan bo`ri, qarg`a va boshqa yovuzlik timsolidagi kuchlarning o`limi kichkintoylarni achintirmaydi, yomonlik ustidan yaxshilik kuchlarining tantanasi tinglovchi-kichkintoylar qalbiga ma`qul tushadi va ularning muhabbatini qozonadi.
Hayvonlar to`g`risidagi ertaklarning bog`cha va kichik yoshdagi bolalarga muvofiq keladigan yana bir muhim fazilati-ularga syujetning tartibli va to`xtovsiz harakat negizida voqe bo`lishi, dialoglarning muntazamiyligi va ko`pligi, sodda va aniq ifodalarning mavjudligi hamda bular barchasining o`zaro munosibligidir. Bu esa ertaklarning o`qimishliligini ta`minlagan sirlari sanaladi.
Shukur Sa`dulla ham, ta`bir joiz bo`lsa, ertaklarni qayta ijod etish jarayonida har bir hayvonning, qushning o`z ovozini, xarakteriga xos harakatlarini ishonarli va tabiiy holda ifodalashga e`tibor berdi. Bu jihatdan «Qarg`avoy» ertagidagi tubandagi dialog e`tiborga loyiq:
«Qarg`a uchib borib, qo`zichoqning qoq beliga qo`nibdi.
-Kish!- debdi qo`zichoq.
-Q-o-o-r, q-o-r-r-debdi qarg`avoy.-Qo`zichoq, qo`zichoq, men seni eyman.
Qo`zichoq qo`rqib ketibdi.
-Rahm qil,- debdi u ingichka ovozi bilan ma`rab. Ma-an ha-li yoshman. Rahm qil. Me-ni ema!» .
Ko`rinayotirki, «q» tovushining allireratsiyasi qarg`a ovoziga-nutqiga dag`dag`ali ohang baxsh etgan. Bu ohangda qarg`aning yovuz niyati va ochko`zligi oshkora bo`rtib turibdi. Axir qarg`a qag` etadi-da!.. Ana shu ovoz tinglovchi-o`quvchini qarg`aning barcha harakatlariga ishontira boradi.
Qo`zichoqqa esa- ma`rash xos. Shu sababli uning iltijolari «m» tovushining alliteratsiyasi jarayonida yanada ishonchli chiqqan. Hayotda qarg`a emas balki quzg`un qo`zi eydi. Ammo kichkintoyning murg`ak ko`zi bu haqiqatni ilg`ay olmaydi. Qo`zi qarg`aga avval yuvinib, so`ngra esa-roziligini ma`lum qiladi. Kichkintoyga xuddi shu ovqatlanishdan oldin yuvinish-shaxsiy gigienik qoidalarga rioya qilish to`g`risidagi o`git ta`sir etadi. Xuddi shu ta`sirchanlik tufayli kichkintoy qarg`aning barcha harakatlarinisuvga, undan kulolga, kuloldan tuproqqa, shu tariqa kiyikka, temirchiga, sigirga, o`tga va hokazolarga galma-gal borib murojaat etishiga tabiiy deb qaraydi.
Natijada qarg`a va qo`zichoqning, qolaversa, barcha hayvonlar to`g`risidagi ertaklar qahramonlarining odamlar singari gapirishlari kichkintoyni shubhalantirmaydi. Shaxsiy kuzatishlari va ijobiy tajribasiga suyangan ukrain ertaknavis adibi Ivan Franko bu haqda to`xtalib, shunday yozgan edi: «Bolalar insonlar (aniqrog`i, o`zlari) bilan hayvonlarni o`zlaridan ko`ra aqlliroq, mug`ombirroq hisoblashadi.
Bolalar o`z o`yinlariga oid hikoya ayta boshlashsa, it, mushuk yoki boshqa hayvonlar to`g`risida gapirayotganini butkul unutishib, go`yo o`z o`rtoqlari haqida gaplashayotganday: «Biz tulki bilan qayoqqadir ketdik», » Dada, bu g`oz mendan nima istaydi o`zi- menga g`ag`illagani- g`ag`illagan!» » Bu mushukchaga aytsangiz-chi, tinch qo`ysin!» va hokazo deya so`zlashadi»1 Sh. Sa`dulla tabdilida ham qarg`aning har bir hatti-harakati nutqida shu xilda aniq ifodasini topgan.
Umuman, xalq ertaklari ustidagi bunday qizg`in ijodiy faoliyat jarayonida Sh. Sa`dulla ko`p narsa o`rgandi: xalq ijodiy laboratoriyasi sirlaridan ogoh bo`ldi, xalqona so`zlash ohangini teranroq his eta boshladi, xalq tiliga xos soddalik, tabiiylik, donolik, burrolik, samimiylik, qochirimdorlik kabi xususiyatlarni o`zlashtira bordi. O`z asarlarida folklorga xos tasviriy vosita va usullardan unumli va o`rinli foydalanishga intilib, ma`lum natijalarga erishdi.
Ikkinchi yo`nalish-folklor syujetlari asosida she`riy, nasriy va dramatik asarlar ijod etish yoki stilizatsiya xarakteridagi folklorizmlar. Bu yo`nalish barcha xalqlar bolalar adabiyotlari ravnaqida etakchi omillardan hisoblanadi.
Folklorshunos B.Sarimsoqov fikricha, «stilizatsiya xarakteridagi folklorizmlar o`z xarakteri jihatidan ikkiga bo`linadilar:
- a) «ijobiy xarakterdagi stilizatsiya asosida yuzaga kelgan folklorizmlar. Bu tipdagi folklorizmlar, asosan, folklor materiallarining ham g`oyaviy, ham mazmuniy jihatlariga tayangan holda ularni yangi shaklda qaytadan ishlov berish tufayli yuzaga keladi. Folklor asarlaridagi o`lmas g`oyalarni xalq ommasiga yanada kengroq yoyish, ular orqali xalqning axloqiy, estetik talablarini to`laroq qondirish ehtiyoji, ijodkorning shaxsiy mayli va uslubi talablari asosida ijobiy xarakterdagi stilizatsiya folklorizmlari yaratiladi».
Bu sohada jahon bolalar adabiyotining ilg`or namoyandalari ijodiy tajribalaridan o`rganish ham o`zbek bolalar yozuvchilari uchun o`ziga xos maktab vazifasini bajardi.
O`zbek so`z san`atkorlari faqat o`z xalqining boy folklori materiallaridan ijodiy foydalanish bilangina cheklanmadilar, balki jahon, ayniqsa, qardosh xalqlar og`zaki ijodini ham qunt bilan ijodiy o`rgandilar va undan ilhomlandilar. Ayniqsa, bunda ertak janri imkoniyatlarining kengligi yana qo`l keldi. Natijada o`zbek bolalar poeziyasida, prozasida va dramaturgiyasida bevosita va bilvosita folklor materiallari va ularning ijobiy ta`siri negizida bir qancha asarlar maydonga keldi.
O`zbek adabiy she’riy va nasriy ertaknavislik an’analari.











