O‘zbek xalqi etnogenezi va etnik tarixining o‘rganilishi davrlari.
O‘zbek xalqining kelib chiqishi va xalq bo‘lib shakllanishi masalasi ko‘p vaqtlardan beri nafaqat ilmiy jamoatchilikni, balki butun xalqimizning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortib kelmoqda. O‘zbek xalqi etnogenizi va etnik tarixini o‘rganishni quyidagi davrlarga bo‘lish mumkin:
1-davr: XIX asrning ikkinchi yarmidan XX asrning 40 yillargacha;
2-davr: XX asrning 40-yilaridan 90 yillargacha; 3-davr: Mustaqillik davri.
O‘zbek xalqi etnogenizi va etnik tarixi masalasida birinchi davr tadqiqotlariga
P.P.Ivanov, H. Vamberi, X. Xovoors, M. P. Telo, M. A. Chaplichka, Makshev, V.Radlov, Z. V.To‘g‘on, Ziyo Ko‘kal va boshqalarni kiritish mumkin. Ularning asarlarida ushbu masalada ma’lum fikrlar mavjud. Bu fikrlar har xil, ammo qat’iy fikr yo‘q.
Ikkinchi davr tadqiqotchilariga A. Yakubovskiy, S. P. Tolstov, A .D. Udalsov,
- V. Trever, I. I. Umnyakov, A. N. Bernekov, L. A. Maqulevich, M. M.
Gerasimov, N. A. Kilyakov, V.V. Ginzburg, L. V. Oshanin B. G‘ofurov, M. G. Vahobov, B.X. Karmsheva va boshqalarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.
O‘zbek etnogenizi va etnik tarixining nazariy va ilmiy metodologik asoslarini ishlab chiqqan A.Yu.Yakubovskiy va S.P.Talstovlar «ba’zida etnos tarixi uning nomidan qadimiy bo‘ladi, masalan, o‘zbek xalqi tarixi uning nomidan qadimiydir», deb fandagi umum nazariy tushunchaga aniqlik kiritgan.
XX asrning 40-yillarigacha xorijiy va sobiq SSSR tarixchi olimlari o‘rtasida o‘zbek xalqining etnik tarixi XV-XVI asrdan, ya’ni Movarounnahr hududidagi Dashti qipchoq o‘zbeklarining kirib kelishidan boshlanadi, degan fikr hukmronlik qilgan. 1942 yil 21-29 avgustda Toshkent shahrida SSSR FA tarix va falsafa bo‘limining tashabbusi bilan O‘rta Osiyo xalqlarining etnogeniziga bag‘ishlangan ilmiy sessiy bo‘lib o‘tadi. Sessiyadagi ma’ruzalarda Markaziy Osiyo mintaqalarida qadimdan yashab kelgan o‘zbek, tojik, qozoq, turkman, qirg‘iz va qoraqalpoq xalqlarining etnik tarixi juda qadimdan boshlanganligini va bular bir necha etnik elementlarini o‘z tarkibiga qamrab olib, murakkab etnik jarayonni o‘tab, avval elat va keyin millat bo‘lib shakllanganligini aniq dallilar bilan isbotlaydilar.
Uchinchi davrga B.Ahmedov, A.Asqarov, K.Shoniyozov, T. Xodjayovning tadqiqotlarini kiritish mumkin.
Ma’lumki o‘zbeklar xalq sifatida etnik asosda shakllangan. O‘rta Osiyoning qadimgi avtoxton qabilalalari va xalqlari bilan bir qatorda (sug‘dlar, baqtriyaliklar, xorazmliklar, farg‘onaliklar, saklar, massagetlar, toxarlar va x.k.) o‘tmishda turli etnomadaniyat muhitlari va qabila uyushmalariga mansub bo‘lgan qator tarkiblar ham ishtirok etgan.
O‘zbek xalqi etnogenezi va shakllanishining g‘oyatda muhim va u bilan birga murakkab muammosi har doim olimlarning diqqat markazida bo‘lib kelgan. Umuman, barcha tadqiqotchilar O‘zbekistonning asosiy aholisining muqarrar avtoxonligi haqida yagona fikrga kelgan edilar. Qadimgi O‘rta Osiyo aholisi – xorazm, so‘g‘d, massaget, sak, o‘zbek, tojik, turkmanlarning ajdodlari bo‘lgan edilar.
Vatan tarixshunosligida yana shu narsa belgilab qo‘yilganki, Movarounnaxr mahalliy aholisi ajdodlari azal-azaldan bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan va ularning tarkib topish jarayoni, umumiy etnik asosda kechgan. Ikki ming yildan ko‘proq vaqt ilgari turkiyzabon qabilalarning Sharqdan G‘arbga keng miqiyosda ko‘chib o‘tishi munosabati bilan mahalliy etnik muhit turkiyzabon qabilalar va guruhlarning ulkan qorishmasini o‘ziga singdirgan.
O‘zbek xalqi etnogenezi tarixshunosligida K.Shoniyoov tadqiqotlari markaziy o‘rinni egallaydi. «O‘zbek xalqining etnik tarixiga oid (Qipchoq tarkibi materiallari asosida tarixiy etnografik tadqiqot)» (T.1974.) risolasida muallif qipchoqlar etnik tarixining asosiy bosqichlari, kelib chiqishi, joylashuvi, ularning o‘zbek elati bilan qo‘shilib ketishi jarayoning batafsil yoritib bergan.
K.Shoniyozov ilmiy ishining maqsadi o‘zbek xalqi etnik tarixining etnogenezida o‘rta asr qipchoqlarininng ishtirokiga daxldor alohida o‘rinlarni tadqiq etish, deb aytganiga qaramay, uning ilmiy tadqiqoti ko‘lami xiyla kengdir. Olim tadqiqoti, umuman qipchoq etnosi bilan bog‘liq tarixiy, ijtimoiy-siyosiy va etnik masalalarning butun majmuini atroflicha qamrab oladi. So‘rab surishtirish yo‘li bilan to‘plangan dala materiallari va 1961-1971 yillardagi sayyoxlik ishlari jarayonida shaxsiy kuzatuvlar natijalari K.Shoniyozovga etnografik ma’lumotlarning asosiy manbalari bo‘lib xizmat qildi. Muallif shuningdek ko‘plab tarixiy qadimshunoslik, lingvistik, antropologik, folklor hamda boshqa manba va adabiyotlarni ham keng o‘rganadi. K.SHoniyozovning ko‘rsatishicha, X-XIII asrlarda qipchoqlar Sharqiy Evropa Qozog‘iston va O‘rta Osiyo siyosiy hayotida katta rol o‘ynagan.
Ular uzluksiz urushlar olib borib o‘zgalar erini bosib olganlar va o‘z chorvalarini eng yaxshi yaylovlar bilan ta’minlaganlar. Muallif komil ishonch bilan ta’kidlaydiki, ko‘chmanchilarning qo‘shni qabilalar va xalqlar ustiga bosqinchilik maqsadididagi yurishlari feodal boylar uchun boyish vositasi bo‘lib xizmat qilgan. Mazkur tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘sha vaqtdagi qipchoq birlashmalarining etnik tarkibi xiyla aralash-quralash bo‘lgan.
Ayrim avvalgi etnosiyosiy birlashmalar (pichinek, qang‘li, qipchoq, o‘g‘uz, o‘z va hokazolarning) qoldiqlari shu jumladan, turk bo‘lmagan unsurlar (masalan, ugrofin)larning ko‘pchiligi X-XIV asrlar davomida asta-sekin qipchoqlarga qo‘shilib ketgan yoki ularga tobe bo‘lgan. Tadqiqotchining asosli ravishda ta’kidlashicha, o‘zbeklar etnogenezida X-XVI asrlar qipchoqlarning ikki guruhi X-XI asrlardayoq Movarounnaxr va Xorazm aholisi bilan aloqada bo‘lgan sharqiy (yoki Sirdaryo bo‘yi) va XIV asrda qisman XV-XVI asrlarda o‘zbeklarning etnik doirasiga kirgan, boshqa qabila birlashmalari bilan bir qatorda o‘zbek xalqi etnogenezida eng keyingi tarkibni tashkil qilgan g‘arbiy (yoki Sharqiy Evropa) guruhi ishtirok etgan. Mavjud aniq hujjatlarni tahlil qilar ekan,
K.Shoniyozov shunda xulosaga keldi, ya’ni qipchoqlar XIX-XX asr boshlarida turli urug‘ qabila birlashmalari qorishmasidan iborat bo‘lgan. Ular tarkibida turli etnik jamoalarga mansub qadimgi va o‘rta asr unsurlari kuzatiladi. Muallif enografik ashyolarning chuqur tahlil qilish asosida XIX asr oxiri XX asr boshlarida qipchoqlarning asosiy qisman o‘troq dehqonlar tashkil etganligini qayd etadilar. Bu esa o‘zbek xalqi alohida guruhlarning xo‘jalik faoliyati iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan. Xolisona aytganda, K.Shoniyozov risolasi albatta ayrim kamchilik va xatolardan ham holi emas. Masalan, qipchoqlarning ijtimoiy-oilaviy munosabatlari muallif tomonidan atroflicha va batafsil yoritilgan deb bo‘lmaydi. Islomgacha bo‘lgan dinlarga g‘oyat kam joy berilgan.
K.Shoniyozovning boshqa risolasi «qarluq o‘zbeklari: tarixiy etnografik ocherk»i (T.1964 yil.)dir. Buni uning o‘zbek tarixshunosligi oldidagi buyuk yutug‘i desak xato bo‘lmaydi. Tarix fanidagi mavjud ilmiy metodologik ishlanmaga ko‘ra, har bir xalqning kelib chiqish tarixi ikki qismdan – etnogenez va etnik tarixidan iborat bo‘ladi. Xalq tarixining etnogenez qismi uning elat, xalq bo‘lib shakllanguniga qadar bo‘lgan tarixidan iborat.
Etnogenez yakunida etnosga xos barcha etnik belgilar va omillar mujassamlashgan bo‘ladi. Fanda etnosni uyushtiruvchi zaruriy ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy omillar va etnik belgilar mavjud. Ular hududiy birlik, til birligi, etnik nom birligi. O‘zlikni anglash birligi va nihoyat siyosiy uyushmalaridan iborat.
Muallif qarluqlar tarixini o‘rganib, bu xalqning O‘rta va Markaziy Osiyo tarixida etakchi rol o‘ynaganini ko‘rsatgan. K.Shoniyozov ta’rif bershicha, qarluq qabilalari Farg‘ona va O‘rta Osiyoning boshqa mintaqalari bo‘ylab keng yoyilgan, shuningdek Toxariston va unga qo‘shni viloyatlarda ham o‘rnashgan: «Qarluqlar X asrda nafaqat Toxariston, balki hozirgi Afg‘onistonning shimoliy-sharqidagi keng hududni egallaganlar; qarluq ko‘chmanchilarning mintaqalari Hindistonning shimoliy va shimoliy-g‘arbiy qismlari – Kashmir va Peshavorga yoyilgan».
Muallifning kelgindi aholi o‘troq tub aholi bilan aralashib ketganligi, shimoliy Xindistonning qadimiy madaniyatini o‘zlashtirganligi haqida fikriga qo‘shilmaslik mumkin emas. «O‘zbek xalqi etnogenezida qarluqlar tarkibining roli haqidagi» maqolasida K.Shoniyozov ta’kidlaydiki: «Qarluqlar XI asrning birinchi yarmiga kelib shakllanib o‘lgurgan o‘zbek xalq etnogenizida jiddiy rol o‘ynadi, shakllanib bo‘lgan o‘zbek xalqining bundan keyingi rivojlanishi taraqqiy etgan va kech feodal jamiyati davrida kechadi».
K. Shoniyozovning 2001 yil nashr etilgan “O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni” asari ushbu masalada so‘nggi yillarda e’lon qilingan yirik tadqiqot hisoblanadi. Unda o‘zbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi masalalari atroflicha yoritib etnologiya fanining nazariy va ilmiy metodologik asoslariga aniqlik kiritdi.
K.Shoniyozov «O‘zbek xalqining shakillanish jarayoni» asarida etnogenezning qator nazariy masalalarini tushuntirib berdi. O‘zbek xalqi shakllanishining o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatdi, mintaqadagi etnik birliklarning ilmiy asoslangan tasnifini ishlab chiqdi, shuningdek, O‘zbekiston hududida eng qadimgi davrlardan hozirgi kungacha kechgan etnik jarayonlarni davrlashtirdi.












