O’zbekiston Respublikasida mustaqillik yillarida yangilangan milliy pedagogika fani va pedagogik fikrlarning mazmuni, uning istiqbolli vazifalari va dolzarb muammolari.

Jamiyat taraqqiyotida har bir fanning o’z o’rni bo’lganidek, pedagogika fanining ham o’ziga xos ustuvor yo’nalishlari va istiqbolli dolzarb vazifalari muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, pedagogika fanining qandayligi davr va bu davrda etakchi bo’lgan ijtimoiy tafakkurning taraqqiyot darajasiga bog’liq. Ayni vaqtda, davrning qandayligi o’sha zamondagi pedagogik fikrlarning mazmuni xarakteri va xususiyatlariga ham bog’liqdir. Negaki, davr tabiati unda yashayotgan shaxs (inson)lar tabiatiga monand bo’ladi. Shaxsning ijtimoiy xarakteri munosabatlari va fikri esa, asosan, pedagogika fani tomonidan shakllantiriladi.
Garchi sobiq sovet tuzimi davrida «marksizm – leninizm» g’oyalari uzoq yillar mobaynida ijtimoiy munosabatlar va tuzum kishilik tafakkurining yo’nalishlarini belgilaydi deb o’rgatib kelgan bo’lsa-da, aslida ijtimoiy munosabatlarning tabiatini muayyan jamiyatning ijtimoiy tafakkur tarzi, ma’naviy sifatlari majmui belgilaydi. Fikrda, ma’naviyatda o’zgarish bo’lmay turib tuzumda, tizimda o’zgarish bo’lishi mumkin emas.
Pedagogika fani va amaliyoti boshlab ayrim etuk kishilarning tafakkurida sodir bo’lgan yangilanishlarni, ma’naviyatlarida ro’y bergan tozarishlarni ko’pchilikning odob axloqi va xulqi faktoriga aylantiradigan, ya’ni jamiyatning aksariyat a’zolarida ezgulik va yaxshilik kabi axloqiy sifatlarni shakllantirishga da’vat etilgan ijtimoiy faoliyatdir. Xalqimiz ijtimoiy tafakkuridagi yangilanishlar harakat faktoriga aylanib Milliy mustaqillik qo’lga kiritilishi bilan istiqlol yo’llarimiz, milliy g’oya va mafkuramiz aniq qilib belgilab olindi.
Mustaqil yurtda, sog’lom aqlga muvofiq yangi ijtimoiy tuzumda yashaydigan yoshlarning ma’naviyatini shakllantirishday zalvarli yumush borki, u bilan pedagogika fani shug’ullanadi. Shuning uchun ham pedagogik fikrni ilgarilab ketgan davr, yangilanib borayotgan zamon talablari darajasiga etkazish ehtiyoji tug’ildi.
Pedagogik qarashlardagi tub o’zgarishlarni, jiddiy yangilanishlarni umumlashtirish, ulardagi o’tkinchi hamda turg’un jihatlarni tasnif etish, yangilangan pedagogikaning asosiy belgilarini tizim holiga keltirish vazifalari bajarilishi ta’minlandi va milliy pedagogikada qaror topgan sifat. Yangilanishlarni amaliyotda qo’llashning yo’llarini topishga alohida e’tibor qaratildi. Negaki, amaliy jarayonga tatbiq qilinmagan ilmiy g’oya foydalanilmagan imkoniyatdir, xolos. Ana shu imkoniyatlardan to’la foydalanish, ular tufayli ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirish yangilangan pedagogik fikrlarning mazmunini va ustivor yo’nalishini tashkil etadi.
Yangilangan ijtimoiy ong pedagogik tafakkurning sog’lomlashuviga olib keldi. Bu hol milliy pedagogika fanining jahon andozalariga muvofiq rivojlanishini taqozo etdi va uning mazmun-mohiyati tubdan o’zgardi. Tarbiyashunoslik insoniylashdi, ya’ni milliy pedagogika fani va amaliyoti markaziga tarbilanuvchi shaxsi – inson chiqarildi. Masalaning bunday tus olishi pedagogika amaliyotida tarbiyaning ustivor mavqega ega bo’lishini taqozo etadi. Negaki, yangilangan pedagogik fikrlar uchun ta’lim va tarbiya jarayoniga tortilgan shaxs egallagan bilimlar hajmi emas, balki unda qanday ma’naviy – fazilatlar shakllantirilganligi muhim bo’lib qoldi.
Shu tariqa pedagogika uchun ilk bora bilim emas, ma’naviyat, ta’lim emas, tarbiya muhim ekanligini hisobga olib ish ko’rish zaruriyati paydo bo’ldi.
Pedagogika fani uchun ham, amaliyoti uchun ham tarbiyalanuvchi shaxsi bosh qadriyatga, uni imkon boricha barkamol inson qilib shakllantirish bosh maqsadga aylangach, maktab, akademik litsey, kasb-hunar kolleji, oliy o’quv yurti muallimlari va o’qituvchilari, barcha didaktik vositalar va o’quv-tarbiya anjomlari tarbiyalanuvchilar o’quvchi-talabalar uchun ekanligini anglab etilgach, pedagogika ilmi beradigan xulosalarning xarakteri ham tubdan o’zgarishi, avvalgilardan tamomila boshqacha bo’lishi tabiiy hisoblanadi.
Pedagogika ilmi va amaliyotidagi mavjud tajriba hamda an’analardagi asosiy yangilik uning demokratik printsiplarga asoslanganligida, yoki insonparvarlashganida ekan, pedagogika ilmi ta’lim-tarbiya jarayoniga ham ayni shu jihatdan yondashuvi va shu nuqtai nazardan xulosalar chiqarishi ayondir. Bu holat pedagogika ilmi vakillarining istaklari natijasi bo’lmay, balki milliy tarbiyashunoslik fani taraqqiyotining qonuniy talabidir. O’zgargan jamiyat talablariga mos barkamol insonni shakllantirishi lozim bo’lgan pedagogika kechagi xulosalar bilan bugun muvaffaqiyat qozona olmasligi ayon Bugun tarkib topayotgan pedagogik qarashlar va fikrlar tizimida davrning ilg’or belgilari qanchalik to’liq aks etsa, bu qarashlar va fikrlar bergan tavsiyalarning ahamiyati shunchalik salmoqli bo’ladi.
Pedagogika fani bugungi kunda ma’lum bir yuksalish bosqichiga ko’tarilmoqda. Buning albatta, ob’ektiv sabablari mavjud. Tarbiya maqsadining har bir davrda turlicha bo’lishi ijtimoiy tuzum, mafkuraviy qarashlarning o’zgarishi bilan bog’liq. Ijtimoiyiqtisodiy, ilmiy-texnikaviy rivojlanish davomida tarbiya maqsadiga erishish jarayoniga nisbatan pedagogik yondashuvlar ham turlicha bo’lgan. Demak, ta’lim-tarbiyaning maqsadi, uni amalga oshirish jarayoni nazariy va amaliy jihatdan takomillashib borishi bilan pedagogika fani zamonaviy tus ola boshlaydi. Bizning milliy pedagogikamiz bugungi kunda aynan shunday holatni boshidan kechirmoqda.
Milliy mustaqillik qo’lga kiritilishi bilan biz o’z ta’limiy-tarbiyaviy maqsadilarimiz va vazifalarimiz, uni amalga oshirish dasturlarimizni belgilab oldik. Preziden-timizning ma’naviy-mafkuraviy, barkamol avlodni voyaga etkazish borasidagi bir qator asarlarida ushbu yo’nalishdagi davlat siyosati ustuvor masala ekanligi bir necha bor ta’kidlab o’tiladi. Shuningdek, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”da belgilangan: “Kadrlar tayyorlash jarayonini ilmiy-tadqiqot jihatdan ta’minlash infrastrukturasi vujudga keltiriladi, ta’limning axborot tarmoqlaridan foydalanish maqsadida bilimning turli sohalari bo’ycha axborot bazasi shakllantiriladi”.
Mamlakatimiz ilm-fanining jahon ilm-faniga integratsiyasi sodir bo’ladi.
Zamonaviy pedagogik texnologiyalarni yaratish va o’zlashtirish yuzasidan maqsadli innovatsiya loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish yo’li bilan aloqasini ta’minlash chora-tadbirlari ishlab chiqilib amalga oshirilmoqda. .
Zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni joriy etish uchun eksperimental maydonchalar barpo etish orqali ilmiy tadqiqotlar natijalarni o’quv-tarbiya jarayoniga o’z vaqtida joriy etish mexanizmini ro’yobga chiqarishga shart-sharoitlar yaratilganligihozirgi kunda o’z samarasini bermoqda.
Demak, mamlakat ilm-fanining xalqaro ilmiy hamjihatiga integratsiyasini faollashtirish kabi istiqboli dolzarb vazifalar bevosita pedagogika fanining zimmasiga tushadi.
Zero, pedagogika fani yosh avlodni yashashga, hayotga tayyorlash, insonlarni tug’ilganidan umrining oxirigacha ta’lim-tarbiyasining nazariy va amaliyotini ishlab chiqishda etakchi o’rin tutadi. O’zbekistonning o’ziga xos taraqqiyot yo’li – ta’limtarbiya va manaviyatning ustuvorligini metodik ta’minlaydi.
Ming yillar mobaynida jahonda mashhur bo’lgan buyuk mutafakkirlarimizning insonshunoslik borasidagi ilmiy merosi ma’naviyatning ustuvorligini XXI asrda yanada ilg’or darajaga ko’taradigan milliy pedagogika tarkib topadi. Insonshunoslik fanlarining o’zaro hamkorligi, insonni bir butunlikda o’rganish metodikasi yaratiladi. Pedagogika shaxsni shakllantirish jarayonini ilmiy-amaliy asosini ishlab chiqish, jamiyat ma’naviy madaniyatini tarkib toptirish, tarbiyalash qonuniyatlarini tadqiq etish bilan insonshunoslikda alohida o’rin tutadi.
Pedagogika o’z yo’nalishi, metodologiyasini milliy mafkura, rivojlangan mamlakatlar ilg’or tajribasi asosida takomillashtirila boradi, zamonaviy pedagogik texnologiyalar vujudga keladi. Ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish, jahon andozalari darajasiga ko’tarish, barkamol insonni shakllantirishning nazariy va amaliy asoslarini yaratadi.










