O’zbekiston-Singapur munosabatlari.
O’zbekiston-Singapur munosabatlari.Singapur Respublikasi Oʻzbekiston mustaqilligini 1992-yilda tan olgan va 1997-yil 8-aprelda diplomatik aloqa oʻrnatgan. 2007-yildan Singapurda Oʻzbekiston Respublikasi Elchixonasi faoliyat olib bormoqda. 2011-yildan boshlab Singapurning O‘zbekistondagi elchisi Zulkifli bin Baharuddin hisoblanadi.
Ikki tomonlama doʻstona munosabatlar va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda tamal toshi Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2007-yil 24-26-yanvar kunlari Singapurga qilgan davlat tashrifi chogʻida qoʻyildi.
Tomonlarning oʻzaro munosabatlarni jadallashtirishda ikki davlat tashqi siyosiy faoliyat idoralari oʻrtasida olib borilayotgan siyosiy maslahatlashuvlar katta turtki boʻlmoqda. Ularning soʻnggisi, 2012-yilning aprelida Singapur Tashqi ishlar Davlat vaziri Masagos Zulkiflining Oʻzbekistonga tashrifi davomida oʻtkazildi.
Davlat statistika qoʻmitasi bergan ma’lumotga koʻra, davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro savdo aylanmasi koʻrsatkichlari 2017-yil yakuni boʻyicha $66,4 mln.ni tashkil qilgan (eksport – $56,1 mln., import – $10,3 mln.).
Oʻzbekistonda 32 ta Singapur sarmoyasi ishtirokida qoʻshma korxonalar elektrotexnika, tekstil, oziq-ovqat, ta’lim, savdo hamda mashinasozlik sohalarida faoliyat olib borishmoqda. Ulardan 8 tasi 100% xorij sarmoyasi ishtirokida faoliyat yuritmoqda.
2007-yildan boshlab, har yili Oʻzbekiston va Singapurda, Singapur Biznes Federatsiyasi bilan hamkorlikda qoʻshma biznes forumlar oʻtkazib kelinmoqda.
2008-yildan boshlab Toshkentda Singapur Menejmentni rivojlanish Instituti (MDIS) faoliyat yuritib kelmoqda. MDIS Singapur Menejmentni rivojlanish Instituti va Oʻzbekiston banklari assosiatsiyasi tomonidan tashkillashtirilgan oliy oʻquv muassasi boʻlib, unda «Bank ishi», «Biznes boshqaruvi», «Turizm» va «Biznesda zamonaviy ITlar» yo‘nalishlari bo‘yicha darslar oʻtilmoqda.
Singapur texnik hamkorlik dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari vakillari turli qisqa muddatli kurslarda qatnashib kelishmoqda.
O’zbekiston-Singapur munosabatlari.
Muallif: A. To’rayev, J. Toshboyev.












