O’zbekiston tarixi fanining predmeti, tadqiqot ob’ekti, nazariy metodologik tamoyillari.

0
O'zbekiston tarixi fanining predmeti, tadqiqot ob'ekti, nazariy metodologik tamoyillari.

O'zbekiston tarixi fanining predmeti, tadqiqot ob'ekti, nazariy metodologik tamoyillari.

O’zbekiston tarixi fanining predmeti, tadqiqot ob’ekti, nazariy metodologik tamoyillari.

O’zbekiston tarixi fanining predmeti, tadqiqot ob’ekti, nazariy metodologik tamoyillari. Tarix  fani  ijtimoiy  taraqqiyot  va  o‘tmishga  oid  har  xil  voqea-hodisalarning  izchil  rivojlanishi, ularning qachon, qaerda, qanday holatda yuz berganligi, insoniyatning paydo bo‘lishi va uning tadrijiy- evolyusion rivojlanish jarayoni va boshqalarni o‘rganadi. SHuningdek, O‘zbekiston tarixi umumjahon- insoniyat tarixining ajralmas qismi hisoblanib, u olamshumul voqeliklarga juda boy. O‘zbekiston tarixi  fani  mana  shu  voqeliklarni  boshidan  kechirgan  qadim  va  yaqin  ajdodlarimizning  hayoti  qanday  bo‘lganligini, jahon tarixi taraqqiyotiga qo‘shgan hissalarini xolisona va haqqoniy o‘rganadi.

Ta’kidlash lozimki, tarixiy, milliy-madaniy, axloqiy va diniy qadriyatlarni o‘rganish, tiklash va  yangi asoslarda rivojlantirish – yoshlar, ta’lim va tarbiya tizimidagi talabalarning dunyoqarashida milliy  g‘urur   hamda   o‘zlikni   anglash,   ular   ongida   vatanparvarlik,   insonparvarlik   g‘oyalarini   yanada  mustahkamlash bugungi davr talabidir. Aynan shuning uchun ham Oliy ta’lim tizimida «O‘zbekiston  tarixi» fanini har tomonlama hamda  chuqur o‘qitish maqsadida yangi  avlod o‘quv dasturlari,  o‘quv  qo‘llanmalar  va  darsliklar  yaratilib,  bu  boradagi  ilmiy  tadqiqotlar  natijalari  o‘quv  jarayoniga  joriy  etilmoqda.

Tarixiy  haqiqat  to‘la  ro‘yobga  chiqishi,  haqqoniy  tarix  yozilishida  tarix  fanining  predmeti  va  ob’ektini to‘g‘ri belgilanishi o‘ta muhim ahamiyatga ega. CHunki, O‘zbekiston tarixi fani uchun ham  boshqa barcha fanlar qatori predmet va ob’ekt masalasi asosiy masala bo‘lib hisoblanadi. Zero, fan uning  o‘rganish predmeti va ob’ekti aniq bo‘lmasa, uning oldidagi vazifa noaniq bo‘lib, maqsadga erishish  mushkul bo‘ladi. Bunday holat o‘quv jarayoni samaradorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

O‘zbekiston  tarixi  fani  boshqa  ijtimoiyot  va  tabiat  fanlaridan  farqli  o‘laroq  mustaqil  fan.  SHuningdek, u barcha fanlar orasida alohida o‘z o‘rni va mavqega ega. U barcha fanlar tarixini ham o‘z  ichiga olgan holda ularning rivojiga katta ta’sir etadi. Bu uning o‘rganish predmeti va ob’ekti hamda  vazifasida to‘la namoyon bo‘lmog‘i kerak. Tarix fani o‘z xususiyatiga ko‘ra, birinchidan, o‘zining butun  diqqat  e’tiborini  faqat  o‘tmishga  qaratadi,  undan  saboq  beradi,  xulosa  chiqaradi,  ajdodlarimizning  moziyda  qolgan  hayot  tarzini,  ular  yaratgan  moddiy-madaniy,  ma’naviy-mafkuraviy  qadriyatlarni  o‘rganadi.

Ikkinchidan,  O‘zbekiston  tarixi  fani  boshqa  ijtimoiy  fanlarga  nisbatan  ancha  aniq  fandir.  U  matematika usulidan keng foydalanadi. Tarixiy voqea va hodisalar qat’iy aniqlikda, davriy ketma-ketlik- xronologik asosda o‘rganiladi. SHuningdek, tarixiy voqea va hodisalar, hujjat va dalillarning haqiqiy va  haqiqiy emasligi, ular qachon, qaerda, qanday tarixiy muhit va sharoitlarda tarixan voqe’ bo‘lganligi  aniqlanadi. Va nihoyat, bo‘lib o‘tgan voqeliklarning aniq sabab va oqibatlari, shu bilan birga, ularning  aniq shakl-shamoyillari va holati aniqlanadi.

Uchinchidan,  O‘zbekiston  tarixi  fani  mamlakatimiz  o‘tmishidagi  iqtisodiy-ijtimoiy  hayotning  ahvoli, rivojlanishi va tanazzulining sabab hamda oqibatlarini o‘rganadi, ulardan kelajak uchun saboq va  xulosa chiqaradi. Bu esa kelajak avlodlar uchun dasturilamal bo‘ladi.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston tarixi fani ko‘p qirralik va xilma-xillik xususiyatiga ega. U jamiyat  taraqqiyoti va inqirozlarining faqat bir tomoninigina emas, balki jamiyatning hamma tomonlarini uzviy  o‘zaro bog‘liqlikda, bir butunlikda o‘rganadi. O‘zbekiston tarixi fani, O‘zbekistonning o‘tmishidagi va  hozirgi hududida eng qadimgi davrlardan to hozirgacha kechgan voqeliklar, insoniyat hayoti, tabiat va  jamiyat taraqqiyoti hamda tanazzulini tahlil qiladi. Uning o‘rganish predmetiga esa, mana shu jamiki xilma-xil voqea va hodisalar, ulardagi umumiy aloqadorlik va yaxlit birlik hamda qonuniyatlar  hodisasi va jarayonlar, umuman, xalq va insonning yaratuvchanlik faoliyati kiradi.

Bu o‘rinda ta’kidlash lozimki, butun bir xalqlar, elatlar, millatlar va davlatlarga taaluqli bo‘lgan  murakkab ijtimoiy-siyosiy iqtisodiy va madaniy jarayonlar tarixda o‘z aksini topadi. Tadqiqotchilarning  e’tirof etishlaricha, inson har qanday tarixning predmeti hisoblanadi. Har bir voqea, hodisa inson (yoki  uning bir guruhi-xalq) hatti-harakati, uning ko‘zlagan ma’lum maqsadga intilishi jarayonida sodir bo‘ladi.  O‘zbekiston tarixi fanining o‘rganish makoni-ob’ekti O‘zbekistonning tarixidir. Tarixiy ob’ekt (makon)ga  nisbatan  O‘zbekiston  tarixi  fanining  maqsadi,  vazifasi,  yo‘nalishi  va  harakat  (faoliyat)  doirasi  yoki  chegarasi belgilanadi. Ma’lum bir ma’noda ob’ekt bilan predmet bir-biriga juda yaqin tushuncha bo‘lsa- da, ular tarix fanida tutgan o‘rni va vazifasi bilan farqlanadi.

Ob’ekt aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik mintaqaviy chegaralar, ma’lum bir xalq,  millat, mamlakat tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, ma’lum hudud doirasidagi voqea va hodisalarning bir butun  va yaxlitlikda o‘z ichiga oladi. Predmet esa mana shu bir butun ob’ekt ichidagi aniq siyosiy, tarixiy- madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan iborat bo‘ladi.

O‘zbekiston tarixi fani fan sifatida ijtimoiy-siyosiy, umuminsoniy fan bo‘lib, inson va millat o‘z  o‘tmishini bilishi, o‘zligini anglashi hamda kelajagini belgilashida asosiy dasturilamal hisoblanadi. SHu  bilan birga, u ijtimoiy-siyosiy hayot sohasidagi yagona fan ham emas. Jamiyat, insoniyat va tabiatning  o‘tmishini  o‘rganuvchi  boshqa  soha  fanlari  ham  bor.  Masalan,  arxeologiya,  etnologiya,  geologiya,  antropologiya, demografiya, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa fanlar shular jumlasidandir. Ammo boshqa  fanlarning hammasi ham, tabiat, jamiyat ham avvalo, katta tarixda aks etadi. Soha tarixi fanlari ham tarix  fanining o‘rganish ob’ekti va predmeti hisoblanadi.

Tarix fani boshqa, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlari bilan mustahkam va uzviy aloqa birligida  rivojlanadi. SHuning uchun ham, tarixchilar falsafani, adabiyot va tilni, dinshunoslikni va boshqa fanlarni  bilmay turib, haqqoniy tarixni to‘la yoritib berolmaydilar.

Shuni ham aytish lozimki, tarix bilan boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning o‘rganish ob’ekti bitta  ya’ni  jamiyatdir.  Predmeti  esa  inson  va  tabiatdir.  SHuning  uchun  ham  boshqa  fanlar  tarix  fani  taraqqiyotiga, tarixiy haqiqatlarning ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. SHuningdek, tarix fani  ham boshqa soha fanlari rivojiga katta ta’sir etadi. Ammo, shuni ham ta’kidlash joizki, tarix boshqa  fanlarni, shuningdek ijtimoiy-gumanitar fanlarning ham tarixidir. CHunki boshqa fanlarning hammasi  ham, tarix mahsulidir. Qisqa qilib aytganda, tarix fani ya’ni, Vatan tarixi-millat va Vatan kelajagining  ravnaq  topishida  muhim  ahamiyatga  ega.  Masalaning  mohiyati  shundaki,  birinchidan,  ijtimoiy- gumanitar  fanlarning  rivojlanishi  har  jihatdan  tarix  fanining  naqadar  haqqoniy  bo‘lishiga  bog‘liqdir.  CHunki ular tarix bilan bevosita bog‘liq. Ikkinchidan, Tarix falsafasi qanchalik to‘la va ravon yuzaga  chiqsa, boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning mazmun va mohiyati hamda ta’sirchanligi ham shuncha  yuksak darajada bo‘ladi.

Har qanday fan kabi O‘zbekiston tarixi fani ham o‘zining metodologik ilmiy-nazariy asoslari va  tamoyillariga ega. Bular O‘zbekiston tarixi fanining asosini tashkil etib, uning rivojlanishi, jamiyat va  millat manfaati yo‘lidagi nufuzini ortib borishi uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Eng muhimi, ilmiy- nazariy  tamoyillar  Vatan  tarixining  haqqoniy  yozilishi,  tarixiy  haqiqatni  yuzaga  chiqishiga  xizmat  qiladilar.

Agar  tarix  insoniyat  yashab  rivojlanishi  uchun  ijtimoiy  zaruriyat  va  ma’naviy-ma’rifiy  ehtiyoj  bo‘lsa, tarix fani esa, bu ehtiyojlarni ro‘yobga chiqishi uchun ma’sul bo‘lgan yuksak intellektual ilmiy- amaliy faoliyatdir. Buning samarali bo‘lishi ya’ni, tarix fani rivojlanishida metodologik ilmiy g‘oya va  nazariyalar hamda usul va uslubiy tamoyillarning ahamiyati benihoya kattadir. CHunki, bular tarixning  mazmun va mohiyati hamda falsafasini chuqurroq ochib berishga, shuningdek, tarix fanining maqsad va  vazifasini to‘laroq ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. SHuning uchun ham O‘zbekiston tarixi  fanining metodologik ilmiy-nazariy asoslari, g‘oya va ta’limotlari nimalardan iborat bo‘lishi o‘ta muhim  masala hisoblanadi. YUrtboshimiz Islom Karimov tarixning eng muqaddas milliy va umuminsoniy xotira  hamda qadriyat ekanligini ta’kidlab, “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q“, “O‘zlikni anglash tarixni bilishdan  boshlanadi”, “Tarix xalq-ma’naviyatining asosidir” kabi ko‘plab tarixiy haqiqatni to‘g‘ri anglatuvchi o‘ta  teran fikrlarni olg‘a surdi.

Mutaxassislarning fikricha, «tarix» moziyni o‘rganish haqidagi fan bo‘lib, ilmiy atama sifatida ikki  o‘zaro aloqadorlikdagi tushunchani ifodalaydi. Birinchidan, tarix jamiyat taraqqiyoti to‘g‘risidagi fan  bo‘lib, uning mavzui kishilik jamiyati o‘tmishining, uning turli-tuman sohalardagi taraqqiyoti va o‘zgarib  borish jarayonini o‘rganadigan fandir. Ikkinchidan, tarix bu insoniyat to‘g‘risidagi fan bo‘lib, jamiyatning  o‘tmishini  tadqiqot  yo‘li  bilan  aniqlab,  o‘tmishda  inson  tomonidan  yaratilgan,  inson  zakovatining  natijalari  bo‘lgan  jarayonini  tadqiq  etish  va  bizgacha  bo‘lgan  davrni  o‘rganib,  kelajak  avlodga  etkazadigan fandir.

Tarixshunoslikdan ma’lumki, tarixiy jarayon tarix qonunlari bilan asoslanadi. Tarix fanining asosiy  tayanch tushunchasini tarixiy asos va tarixiy manba, tarixiy makon va tarixiy zamon tashkil etadi. Soha  mutaxassisilarning  e’tirof  etishlaricha,  tarix  fanini  o‘rganishdagi  eng  dolzarb  muammo  –  bu  tarixiy  voqelik va tarixiy manbalar bo‘lib, mana shu ikki muammoga tom ma’noda ilmiy yondashish tarix  fanining nazariyasi va metodologiyasini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. CHunonchi, har bir  fanda bo‘lganidek, tarix, jumladan O‘zbekiston tarixi fanida ham o‘zining nazariyasi va metodologiyasi  mavjud. Nazariya – bu ilmiy bilimlar yig‘indisi va boshqa fanlar bilan mavjud bo‘lgan aloqadorlikni  bilish jarayonidir.

Tarixchi olimlar butun insoniyat, millat, xalq va o‘rganish ob’ekti (ma’lum mavzu) evolyusiyasini,  uning ma’no va mazmunini to‘g‘ri bilishi, tahlil qila olishi kerak. Agar tarix falsafasi tarixiy voqealiklar  tahlilidan kelib chiqadigan haqiqat (xulosa) larning so‘zdagi aniq ifodasi bo‘lsa, tarix fani metodologiyasi  mana shu tarixiy haqiqatlarni ro‘yobga chiqishi – tarix haqiqiy yozilishi uchun birdan-bir to‘g‘ri yo‘l  ko‘rsatuvchi dasturdir. Eng qisqa va tushunarlik qilib aytsak, umuman metodologiya fanlarning fanidir.

Keyingi paytda O‘zbekiston tarixi fani metodologiyasini yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi. Avvalo,  metodologiya haqida to‘xtalsak, metodologiyaning lug‘aviy ma’nosi grekcha «Metodos» va «Logos»  degan ikki so‘z birikmasidan iborat bo‘lib, metod, ya’ni, usul – tadqiqot olib borish usuli (yo‘li), nazariya,  ta’limot, logiya esa fan deganidir. Demakki, metodologiya ya’ni, uslubiyat ilmiy tadqiqot olib borish yoki  biror bir masalani ilmiy o‘rganishning eng qulay usullari, eng to‘g‘ri va mukammal g‘oyasi, nazariyasi va  ta’limotlari majmuidan iborat bir butun fandir. Boshqa ma’noda esa, metodologiya ilmiy bilish yoki  ma’lum bir ilmiy faoliyatni tashkil etish va amalga oshirishda qo‘llaniladigan usullar haqidagi fandir.  Demak,  tarix  fani  metodologiyasi  tarixni  o‘rganuvchi  va  o‘qituvchilarni  aniq  maqsad  sari  to‘g‘ri  etaklaydi, ya’ni tarix haqqoniy yozilishi va o‘rganilishiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.

Har qanday fanning metodologiyasi xususida gap borar ekan, odatda shu fanga xos metod (usul)lar  majumi tushuniladi. Tarix fanini o‘qitish metodologiyasi deganda bu yo‘nalishdagi ilmiy bilimlarning  tuzilishi va rivojlanishi, ularning natijalarini asoslash yo‘llarini amaliyotda mazkur fanga xos bo‘lgan  ilmiy bilimlar mexanizmini samarali tadbiq etilishi tushuniladi. Tarix fani metodologiyasi deganda tarix  fanlari doirasidagi ilmiy bilimlarning tuzilishi tamoyillariga, shakli va ilmiy jihatdan tarix fani doirasida  qo‘llaniladigan  ta’limotiga  aytiladi.  O‘zbekiston  tarixi  fanining  fan  sifatidagi  nazariy-metodologik  asoslari o‘zida mazkur fanning qonuniyatlari va tamoyillarini, faqatgina shu fanga xos bo‘lgan qat’iy  tushunchalar majmui va bilish metodlarini o‘z ichiga oladi.

Tarix fanining rivoji, uning metodologiyasi rivojiga bog‘liq bo‘lganidek, tarix fani metodologiyasi  yuksak darajada takomil topishi tarix fani qay darajada ekanligiga ham bog‘liq. Bu holdagi uzviy va ikki  tomonlama  bog‘liqlik  har  ikkala  yo‘nalishning  umumiy  qonuniyatidir.  Mana  shu  o‘zaro  aloqadorlik  qonuniyatini, mumtoz tarixshunosligimiz va hozirgi zamon sivilizatsion yondashuvlarga asoslangan holda  O‘zbekiston tarixi fani metodologiyasini quyidagi ikki qismga bo‘lish tavsiya etiladi:

  1. O‘zbekiston tarixi fanining metodologik (uslubiy) ilmiy-nazariy, g‘oyaviy-mafkuraviy va falsafiy asoslari. Bunga quyidagilar kiradi:

– Din  bilan  dunyoviylik  o‘rtasida  mu’tadil  munosabat  bo‘lishi  va  dunyoviylik  aslo  dahriylik  emasligi;

– Tarixni milliy, umuminsoniy, muqaddas xodisa hamda qadriyat deb tushunmoq;

– Tarixga hozirgi zamon sivilizatsiyasi nuqtai nazari va bag‘rikenglik asosida yondashish;

– Tarixiy taraqqiyot asosini evolyusion – tadrijiy yo‘l va islohotchilik tashkil etadi deb anglamoq;
– Tarixga milliy mentalitet nuqtai nazaridan o‘zgalar tarixiga hurmat ruhida murojaat etish;

– Tarix, jamiyat va tabiat hamda insoniyat (barcha tarixiy voqelik va jarayonlar) dialektika (Gegel)  hamda sinergetika (Prigojin) qonuniyatlari asoslarida rivojlanishi haqiqat ekanligi;

– Tarix milliy va umuminsoniy xotira, millat va xalqlarning joni, tani hamda g‘oyaviy-mafkuraviy  muhofaza quroli ekanligi.

  1. O‘zbekiston tarixi fanining   metodologik   (uslubiy),   ilmiy   usul   va   tamoyillari.   Ular  quyidagilardan iborat:

– Ilmiy xolislik (ob’ektivlik);

– Tarixiy – tahliliylik;

– Mantiqiy – uzviylik;

– Vorislik va xronologik izchillik;

– G‘oyaviylik va vatanparvarlik;

– Qiyoslash, kuzatish va umumiylashtirish;

– Baxslashish, munozara yuritish va asoslab berish;

– Matematik hisoblash;

– Shakllash va modellashtirish;

– Ayrimlikdan umumiylikka (induksiya) va umumiylikdan ayrim (juz’iy)likka (deduksiya);

– Etnografiya,  arxeologiya,  antropologiya,  geneologiya,  matematika  kabi  ko‘plab  yordamchi

fanlarning yutuqlari hamda usullaridan ham keng foydalanish;

Bizning tariximiz ham, jahon tarixi ham din (aniqrog‘i dinlar) tarixi bilan uzviy bog‘liq. Ijtimoiy

hayotni  dindan,  dinni  ijtimoiy  hayotdan  ajratib  bo‘lmaydi.  Agar  ajratilsa,  tarixga  ham,  dinga  ham  mantiqqa  ham  zid  bo‘ladi.  Ma’lumki,  sovet  tarix  fani  tarixni  soxtalashtirdi,  din  ilmga  zid,  tarixiy  taraqqiyotga to‘sqinlik qiladi degan dahriylikka amal qildi. Tarix qanday bo‘lsa, uni shundayligicha  o‘rganish  ustivor  bo‘lmog‘i  kerak.  SHuning  uchun  ham  u  din  bilan  mu’tadil,  mutanosiblik  asosida  o‘rganilmog‘i hozir eng asosiy zaruriyat bo‘lib turibdi. Bu esa, yoshlarni har xil din niqobidagi dinga  aloqasi bo‘lmagan terroristik guruhlarga adashib kirib qolishlarining oldini oladi, shuningdek, tariximizni  haqqoniy va to‘la yozilishiga imkon beradi.

Tarixiy-tanqidiylik  tamoyili  tariximizda  qadimdan  muarrixlar  tomonidan  qo‘lanib  kelingan  eng  qulay usul hisoblanadi. Bu usul tarixiy voqea va hodisalarning nechog‘liq to‘g‘ri hamda noto‘g‘riligini  aniqlashga, tarixni haqqoniy va to‘g‘ri yozilishiga yaqindan yordam beradi.

Istiqlol  tufayli  o‘z  tariximizni  o‘zimiz  yozish  va  tarix  fani  metodologiyasini  ishlab  chiqish  imkoniyatiga ega bo‘ldik. O‘tgan davr ichida O‘zbekistonning yangi tarixi yozildi va tarix fani jadal  rivojlanmoqda. Butunlay yangi ruh va mazmundagi ilmiy qarash (konsepsiya)lar paydo bo‘ldi, o‘quv  qo‘llanma va darsliklar, tarixiy asarlar chop etildi. Bu o‘rinda yuqoridagi metodologik ilmiy-nazariy asos  va ularning ahamiyati katta bo‘ldi.  O’zbekiston tarixi fanining predmeti, tadqiqot ob’ekti, nazariy metodologik tamoyillari.

Muallif:  U.S. To’pchiyev, B.N. Mirzayev.

Mavzular.

manba