PAHLAVON MAHMUD IJODIY MEROSI HAQIDA.

0
PAHLAVON MAHMUD IJODIY MEROSI HAQIDA.

PAHLAVON MAHMUD IJODIY MEROSI HAQIDA.

PAHLAVON MAHMUD IJODIY MEROSI HAQIDA.

Mazmunan boy va teran, shaklan pishiq va goʻzal falsafiy ruboiylari tufayli

«Xorazm Xayyomi» nomi bilan shuhrat qozongan bu ulugʻ inson Pahlavon Mahmud, Puryorvaliy deb dovrugʻ taratgan hassos shoir, yengilmas pahlavon va mashhur avliyodir. Eron, Hind kabi koʻplab Sharq mamlakatlaridagi kurash musobaqalarida qatnashib, hamisha zafar quchgan, bir umr kuragi yerga tegmay, mamlakatning birinchi polvoni, pahlavonlar peshvosi boʻlgan.

Koʻpgina manbalarda shoirning «Kanz ul-haqoyiq» («Haqiqatlar xazinasi») nomli masnaviysi borligi aytiladi. Ammo Yo. Ishoqovning ma’lumot berishicha, eronlik olim Said Muhammad Ali Safir 1967 yili uni Mahmud Shabustariyga nisbat berib, nashr ettirgan.

Pahlavon Mahmud «din nazariyasi, falsafa va mantiqqa doir bir necha risolalar yozgan» boʻlsa-da, ular hozirgacha topilgan emas. Pahlavon Mahmudning vasiyatiga koʻra shogirdlari uni oʻzining poʻstindoʻzlik doʻkoni atrofiga dafn etganlar. Keyinchalik u qabr ustida maqbara tiklanib, avliyo poyiga Qoʻngʻirot urugʻidan boʻlgan Xiva xonlari koʻmilgan. Bu maqbara nodir me’morchilik yodgorligi sifatida mana necha asrdirki, barchaning diqqatini oʻziga tortib kelmoqda. Dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan sayyohlar bu buyuk insonning qabrini ziyorat qiladilar. Maqbara devorlariga shoir ruboiylari darj etilgan.

Pahlavon Mahmud Xivadagi futuvvatchilar jamoasining boshligʻi, javonmardlar peshvosi boʻlgan. Uning oʻzi ham mardlik va saxovatning eng oliy namunalarini koʻrsatib, boshqalarga ibrat boʻlgan. Ruboiylarida futuvvatning nazariy qoidalarini bayon qilgan.

Ma’lumki, javonmardlikka koʻproq pahlavonlar talabgor boʻlganlar. Shu jihatdan, Pahlavon Mahmud pahlavonlarni tarbiyalovchi ustozgina boʻlib qolmay, balki javonmardlik odobini oʻrgatuvchi pir ham edi. Javonmardlarning shiori dunyodagi yovuzlikning barcha koʻrinishlariga qarshi hamisha, hamma yerda ezgulikni himoya qilish, targʻib etish va qoʻllab-quvvatlashdan iborat. Bu gʻoyalar

Pahlavon      Mahmudning     koʻpgina      ruboiylarida      oʻz      aksini     topgan.

Pahlavon Mahmud hayoti va ijodini oʻrganish, ruboiylarini topib, xalqqa yetkazishda taniqli olim va zabardast mutarjim Toʻxtasin Jalolovning xizmatlari katta. Shoir ruboiylarini, shuningdek, Muinzoda, Vasfiy, Ulfat, Boqir, M. Abdulhakim kabi tarjimonlar ham tarjima qilganlar. Yo. Ishoqov, H. Homidiy, N. Komilov, S. S.

Buxoriy, M. Hasaniy, Y. Jumaboev kabi olimlar bu buyuk vatandoshimiz adabiy merosi va tarjimai holini ma’lum darajada tadqiq etganlar.

Pahlavon Mahmud ruboiylari badiiy tasvir vositalariga boy, xalqona sodda va yengil uslubda, ifoda tarzi aniq va loʻnda, oʻynoqi, sershiddat tuygʻularga yoʻgʻrilgan. Barcha Sharq shoirlari kabi Pahlavon Mahmud ham ikki ulugʻ manba — Qur’oni karim va Hadisi sharifdan ta’sirlangani, ulardan ilhomlanib qalam tebratgani qudsiy nafas ufurib turgan ruboiylaridan shundoqqina sezilib turadi. Ayniqsa, ilohiy ishq tarannum etilgan va vahdati vujud falsafasini tushuntirishga bagʻishlangan she’rlarida bu narsa yaqqol koʻzga tashlanadi. Lekin shoir faqat ilohiy mavzular bilangina chegaralanmay, zaminiy dardni ham qalamga olgan. Pahlavon Mahmud ruboiylarida ilohiy va dunyoviy dard koʻpincha birga, oʻzaro qoʻshilib zuhur etadi.

N. Komilov: «Pahlavon Mahmud ruboiylarini toʻrt guruhga boʻlish mumkin: birinchisi — zamona ahlidan nolish, ijtimoiy tengsizlikni ifodalovchi ruboiylar; ikkinchisi — tariqat suluki haqida yozilgan ruboiylar; uchinchisi — vahdati vujud falsafasi asoslarini tushuntiruvchi ruboiylar va toʻrtinchisi — ilohiy ishqni tarannum etgan ruboiylar», — deb yozgan edi. Kezi kelganda, biz shu paytgacha shoirning axloqiy qarashlariga nisbat berib tadqiq etgan pand-nasihat ruhidagi ruboiylari aslida futuvvat ruknlarining she’riy ifodasidan iborat ekanligini ta’kidlab oʻtish lozim. Ha, bunday she’rlarida u javonmardlar axloqini targʻib etgan, ulardan ibrat olishga chaqirgan.

Pahlavon Mahmud  maqbarasi  haqida.

Pahlavon Mahmud(Puryoyvaliy, Qitoli 1247-1326) – shoir va mutafakkir.U fors tilida ijod qilgan .Poʻstindoʻzlik , telpakdoʻzlik bilan shugʻullangan.Hindiston va Eronda polvonlikda dong taratgan. Shunga  koʻra Pahlavon Mahmud deb atalgan. Fors va turkiy xalqlar adabiyotida Umar Hayyomdan soʻng faqat ruboiy yozgan shoir Pahlavon Mahmuddir.

U oʻz ruboiylarida mardlik , marhamat va shavqat, sahovat va olijanoblik haqida yozgan.Koʻp asarlari hali topilmagan. Xorazmda yozilgan qoʻlyozma manoqibda shoir hayoti haqida ma’lumotlar bor. Uning vasiyatiga koʻra jasadi oʻzining poʻstindoʻzlik ustaxonasiga dafn etilgan. Vaqt oʻtishi bilan maqbara atrofida Pahlavon Mahmul majmuasi vujudga kelgan.

Polvon ota maqbarasi- Xivadagi me’moriy yodgorlik. (1810-1913). Maqbara majmuasining umumiy hajmi 50×30 m.boʻlib,dastlab uning qabri ustiga 1664 yilda moʻjaz sinchkori imorat qurilgan.Darvozaxona eshigidagi yozuvga koʻra, majmuaning qurilish sanasi 1701 yilda Shohniyozxon qurdirgan vaqtdan hisoblanadi. 1825-35 yillarda uning oʻrnida gʻishtin toqu ravoqli serhasham maqgara, ziyoratxona, xonaqoh qad koʻtargan. Keyinroq Xiva xonlari Abdulgʻozixon , Shohniyozxon, Muhammad Rahimxon, Temurgʻozixon ham shu yerga dafn etilgan. 1913 yilda usta Qurbonniyoz boshchiligida hovlining gʻarb tomoniga ikki oshyonli qorixona, qarshisiga oʻymakori ustunli ayvon qurilgan.

Majmuaga janubiy tomondagi darvozaxona orqali kiriladi. Chetida quduq, kichik hovli qarshisida peshtoqli xonaqoh – maqbara, oʻngda ayvon , soʻlda supa va qorixona joylashgan.Gumbazning naqshin bezaklari , asosan, moviy rang sirli sopollardan terilgan.Bino ichkarisi nafis bezatilgan.Bezaklar orasidagi kitobaga Pahlavon Mahmud ruboiylari bitilgan. Xonaqohning  gʻarbiy  eshigi orqali ziyoratxonaga oʻtiladi. Unda Pahlavon Mahmudning sirkor sagʻanasi joylashgan.

 

Pahlavon Mahmud ruboiylari

Savolim ming bitta javob aylar kim,

Gunohim ming bitta savob aylar kim.

Kimlar xoki pokin qilmadim tavob,

Gʻarib xoki pokim tavob aylar kim?!

Burda non kifoya, koʻp non ne darkor,

Daryoda bisyor ob, rizvon ne darkor.

Dastim bor, ne darkor hammol-xizmatkor,

Dilim bor, ayt, shohu sulton ne darkor?!

Gar ming alam bilan egilgay boshim,

Gar misli marjonday tizilgay yoshim.

Yiroqmi-yaqin yoʻl, farqsiz men uchun

Dilda na umidu na bor bardoshim!

Darveshman – gadoyu shohning farqi yoʻq

, Darveshman – oftobu mohning farqi yoʻq.

Ahli dil bilan gumrohning farqi yoʻq,

Quvonchu gʻam-kulfat, ohning farqi yoʻq!

Ey ishq, alangasan vale duding yoʻq,

Ey gʻam, ne navosan kuy-suruding yoʻq.

Ma’lum emas, ey kom, boru yoʻqliging,

Ey aysh, hech sarhadu hech hududing yoʻq.

Umrimiz gohi shod, gohida karaxt,

Qayda bisyor alam, qayda bisyor baxt.

Alvido ayta tez tayyorlaydi raxt,

Oqillar nazdida teng tobutu taxt!

Nihon ham oʻzingsan, oshkor ham Oʻzing,

Tafakkur lol-hayron asror ham Oʻzing.

Vasliga muyassar aylar oshigʻin,

Sehru mehri bisyor dildor ham Oʻzing!

Ilmsiz, amalsiz jannat-rizvon yoʻq,

Roʻzasiz, namozsiz dinu iymon yoʻq.

Moʻminga besabab berganga ozor

Puli sirot kabi hech beomon yoʻq!

Mavzular.

manba