Paleolit davri yodgorliklari va ularning o‘rganilishi.

0
Paleolit davri yodgorliklari va ularning o‘rganilishi.

Paleolit davri yodgorliklari va ularning o‘rganilishi.

Paleolit davri yodgorliklari va ularning  o‘rganilishi.

O‘zbekiston xududida ilk  paleolit  davriga  oid, asosan ashel bosqichiga oid  makonlar  XX  asrning  ikkinchi  yarmida  ko‘plab  topildi  va  bu  davrning  ko‘plab  noma’lum  tomonlarini  ochishga  imkoniyati vujudga keldi.  Toshkent viloyatida Bolttag‘or, Ko‘lbuloq, Qizilmolma, Toshsoy, Buxoro viloyatida Uchtut, Farg‘ona vodiysida Selungur, Chashma va So‘x makonlar  topib  o‘rganilgan. Farg‘ona vodiysida topilgan Chashma va So‘x makonlari O‘rta Osiyo xududida topilgan eng qadimiy makonlar deb topildi.  Seleng‘ur  g‘orida  sinantrop  turiga  mansub  odam  suyaklari  topilib,  jahonda  katta  shov-shuvga  sabab  bo‘ldi.

XX  asrning  so‘ngi  choragida  O‘zbekistonda  ilk  paleolit  davriga  oid  yodgorliklar  soni  ko‘payibgina  qolmadi,  balki  ilmiy  tadqiqot  uslublari  ham  takomillashdi.

Keyingi davrlarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida, asosan Selungur makonining tarixiy geografiya, paleobotanika, paleozoologiya va boshqa fanlar sohasida qo‘lga kiritilgan yangi tadqiqot uslublari bilan tekshirilishi natijasida o‘sha davrning tabiati va hayvonot olamini xam aniqlandi. Selug‘ur makonining madaniy qatlamlaridan 32 turdagi sut emizuvchi hayvonlarga tegishli 5 mingdan ortiq suyak qoldiqlari aniqlanib tadqiq etildi. Xayvonlarning qoldiqlari orasida yirik tuyoqli va kemiruvchi hayvonlarning turlari ko‘pchilikni tashkil qiladi. G‘or ayig‘i, bo‘ri, g‘or arsloni, sirtlon, karkidon, bug‘i, ot, eshak, to‘ng‘iz va turli kemiruvchi hayvonlarning borligi issiq va quruq iqlim bo‘lganligidan darak beradi.

Selungur makoni. O‘zbekiston  hududida   ashel bosqichiga  oid  eng  mashhur  makon-Selungur  g‘ori  hisoblanadi,  chunki  shu  erdan  ilk  ajdodlarimiz  nishonasi-odam  suyaklari qoldiqlari topildi. Selungur  g‘ori  Farg‘ona  shahridan  janubiy-g‘arbda  Haydarkonning  g‘arbiy  chekkasida  joylashgan.  G‘orning  ichkari  tomon  uzunligi  120  m, eni  34  m,  balandligi  25  m  ni  tashkil  etadi.

Selengur  g‘ori  1958 yilda  akademik  A.P.Okladnikov  tomonidan   o‘rganilgan.  U  bu makonning qaysi davrga oid ekanligini aniqlash maqsadida g‘orning  o‘ng tomoninga tekshiruv shurfini solgan. Natijada dastlab u erdan bir necha uchrindilar topib uni  so‘nggi  paleolit  davriga  oid deb   va  uning sanasini  40-30   yilliklar  bilan  belgilagan.  U erda 1960 yillarda Ya.G‘.G‘ulomov boshchiligida Farg‘ona paleolit otryadi Xaydarkon atrofida tadqiqot ishlari olib bordi.  1980  yilda   arxeolog  O‘.Islomov boshchiligidagi O‘zR FAga qarashli Arxeologiya institutining paleolit otryadi Selungur  makonni   qayta  tekshirib, g‘orning g‘arbiy tomonida tekshiruv shurfini soldi.  U  erda tadqiqot  ishlari 1988  yillargacha davom  etdi. Tadqiqotlar davomida o‘rtacha  qalinlikda  20-40  sm  dan  iborat  5  ta  madaniy  qatlam  aniqlandi.  Ular  o‘rta  qalinlikdagi  60-70  sm  dan  iborat  tabiiy  qatlamdan  bilan  ajratilgan. Bu erda ajdodlarimiz o‘z makonlarini 5 marotaba uzoq vaqt  mobaynida tark etib yashaganlar. Madaniy qatlamlardan toshdan yasalgan mehnat qurollari: qo‘l cho‘qmori, to‘mtoq boltalar, pichoqsimon qurollar, ko‘plab tishli qurollar, qush tumshug‘iga o‘xshash qurollar qazib olingan. Beshinchi  qatlamdan  ashel  davriga  mansub  qo‘l  cho‘qmori  topildi.  U  ajdodlarimiz  ishlatgan  ilk  quroldir.  U  nayzasimon  shaklga  ega  bo‘lib,  qizil  yashma  toshdan  tayyorlangan.  Uning  faqat  bir  tomoninga   tosh bolg‘alar bilan  bir necha uchrindilar uchirib ishlov  berilgan. Uning yon tomonida yirik uchrindilar olinganligining izlari saqlanib qolgan. Mayda uchrindilar izlari ko‘rinmaydi. Qurolning xuddi shu jihatlari uning eng qadimiy qurol ekanligini tasdiqlaydi. Ilgarigi davrlarda xuddi shu tarzda ishlangan qurollarni, ya’ni bir tomoninga ishlov berilgan qurollarni shell davriga, ikki tomoninga ishlov berilganlarni ashel davri oid deb xisoblaganlar. Lekin keyingi davrlarda ilk paleolitni olduvay va ashel davrlariga bo‘linishini inobatga olib, mazkur chopqini ham ashel davri oid deb O‘.Islomov ko‘rsatadi.

Selungur makonining 4 qatlamidan og‘ir va to‘mtoq tosh bolta topilgan. U xam ishlanish jixatidan ancha primitiv bo‘lib, undan ajdodlarimiz uzoq vaqt foydalanganliklari izlari ham saqlanib qolgan.

Makonning eng muxim topilmalari bo‘lgan odam suyaklari  3  va  2  qatlamdan topilgan. U erdan  odamning  elka  suyagining  bir  bo‘lagi,  bosh  suyagi  engak  qismining  bir  bo‘lagi,  14  ta  tish  topilgan.  Antropologlar  ularni  tadqiq  qilib,  ashel  davrida  yashagan  arxantroplar  deb  topdilar.  Selengur  odamining  yashash  davri  va  uning  tuzilishi  to‘g‘risida  munozaralar  hali  tugagan  emas.  Bu erda topilgan tishlar 4ta shaxsga mansubligi aniqlangan. Shulardan biri pastki tish bo‘lib, 40 yoshlardagi ayolniki degan fikrga kelingan. Topilgan tishlarning birortasida ham karies alomatlari sezilmagan. Mazkur tishlarining  taxili xali to‘liq yakunlangan emas. Ularning yakuni Selungur odami to‘g‘risida to‘liq tassavur bera oladi, hozirda antropologiya fani shu qadar yutuqlarni qo‘lga kiritganki, bitta tish orqali odam to‘g‘risida batafsil ma’lumot bera oladi (yoshi, jinsi,bo‘yi, farzandlari sonini xam aniqlaydi).

Selungur odami o‘ziga  xos  tuzilishga  ega, tadqiqotlar natijasiga ko‘ra u arxantroplar va poleantroplar o‘rtasida oraliq masofani egallaydi. Unda arxaik tuzilishning saqlanishi olimlar fikricha, dag‘al o‘simliklar bilan oziqlanganligidir. Antropolog A.Zubov fikricha esa, u arxantroplarning maxalliy turidir. Bu bilan u arxantroplarning tarqalish doirasi nihoyatda keng va maxalliy turlari xam ko‘p bo‘lganligini isbotlashga intilgan.  Olimlar uning o‘ziga xos tomonlarini ko‘rsatish uchun unga  Ferganatrop  deb  nom  berdilar. Mazkur  odam  olovdan  foydalangan,  ovchilik  va  termachilik  bilan  shug‘ullangan.  Ferganatropning  topilishi  O‘rta  Osiyoning  ilk  paleolit  davrida  o‘zlashtirilganligini  ko‘rsatdi.

Selungur makonining yoshini aniqlashda ham ilgari olimlar uni  bundan  800-ming  yillar  oldin  yashagan  degan  umumiy  xulosani bergan edilar. Lekin keyingi davrlarda arxeolog O‘.Islomovning olib borgan tadqiqotlari va bu ishga ko‘pgina soha mutaxasislarini jalb qilishi natijasida makonning yoshini 1,2 mln yil deb ko‘rsatadi. Bu to‘g‘risida O‘.Islomovning ”Farg‘onanining ibtidoyi tarixi” maqolasida keng to‘xtalib o‘tilgan.

 Ko‘lbuloq makoni. Ilk paleolit davriga oid yana bir makon Ko‘lbuloq sanaladi. U   Angren  shahridan  10-12  km  g‘arbda  Ohangaron  daryosining  o‘ng  irmoqlaridan  biri  Qizilolma  soyining  o‘rta  oqimidagi  qirlikda  joylashgan.  Bu  makon  1963  yilda  topilgan bo‘lib,  o‘sha  yildan  beri  bu  erda  muttasil  izlanish  ishlari  olib  borilmoqda.

Ko‘lbuloq  ochiq  tarzdagi  ko‘p  qatlamli  makon.  Hozirgacha   19 m  chuqurlikkacha  qazib,  ashel,  muste  va  so‘ngi  paleolit   davriga  oid  ashyolar  topilib,  o‘rganildi.  Uning  yuqori  qatlamlari  so‘nggi  tosh  va  o‘rta  tosh  davri  bo‘lsa,  quyi  qatlamlarida  ilk  tosh  davri  mehnat  qurollari  topilgan.  Ular  chaqmoqtosh  va  slanetsli  chaqmoqtoshdan  yasalgan  qo‘pol  tosh  qurollaridir.  Nukleuslar  paraqalari, qo‘l cho‘qmorlari,  sodda  tosh  qirg‘ichlar  topilgan  bo‘lib,  ularning  ishlanish  texnikasi  ham  o‘ziga  xosdir.  Shuningdek,  bu  erdan  kul,  ko‘mir  qoldiqlari va  xar  xil  hayvon  suyaklari  topilgan. 2001-2002 yillar mobaynida  Ko‘lbuloq makonida qayta tadqiqot ishlari olib borilib, u erdan so‘nggi paleolit davriga oid yangi qatlamlar ochilib, u erlardan retushlangan mexnat qurollari, skrebli, diskovoy, yarim aylana, ovol, prizma shaklidagi nukleuslar  topilgan. Ko‘lbuloqda  istiqomat  qilgan  odamlar  ovchilik,  termachilik  bilan  hayot  kechirganlar.

Uchtut-Ijond-Vaush  makonlari  Navoiy  viloyati  Navoiy  tumani  Olchin  qishlog‘i  yonida-Qoratog‘ning  janubiy  qiyaligida  joylashgan.  Ilk  tosh  davriga  oid  ochiq  manzilgoh  va  chaqmoqtosh  xom  ashyosi  qazib  olinadigan  ob’ekt  bo‘lgan.  U  erdan  ashelmuste  davriga  oid  tosh  qurollari  topilgan.  Ashel  davriga  oid  qo‘pol cho‘qmorlar,  nukleuslar,  uchrindi  va  boshqa  qurollar  topilgan.

O‘rta  paleolit davri  yodgorligi  O‘zbekistonda  dastlab  1938  yilda  Teshiktoshda topilgan.  Hozirgi  kunda  esa  O‘rta  Osiyo  hududi  bo‘yicha  ularning  soni  300  dan  ortgan. Ulardan  50  dan  ortik  makon  keng  o‘rganilgan.  Lekin hozirgacha Teshiktosh makoni o‘zining qadimiyligi va arxeologik materiallarga boyligi bilan hamon ajralib turadi.

Muste  bosqichi    tosh  davrining  boshka  davrlariga  nisbatan  keng   o‘rganilgan. Bu davrga oid makonlarning  tadqiq  qilinishi   o‘rta  paleolit  davri  xo‘jalik madaniy  hayotining  barcha  tomonlarini  yoritdi.  Bu  davr  O‘.Islomov, K.Kraxmal, A.Okladnikov, V.Ranov, M.Qosimov, R.Sulaymonov,  T.Mirsoatov, N.Toshkenboev,  M.Jungorov,  Z.Abramova  va  boshqalar  tomonidan  tadqiq  qilingan.

O‘zbekistonda keyingi davrlarda muste davriga oid ko‘plab makonlar topib tadqiq qilingan. Faqatgina Toshkent voxasining o‘zidan 30dan ortiq yodgorlik topilgan. Lekin muste davrining ko‘pgina topilmalari tuproq qatlamlarida sochilma holda topilgan. Chunki  adir va tekisliklardagi manzilgohning keyingi davrlarda buzilib ketishi natijasida madaniy qatlamlar yo‘qolgan yoki tabiat ta’sirida yuvilib ketgan. Moddiy buyumlar esa tuproq qatlami tashqarisida topilgan va arxeologlar tomonidan qayd qilingan. Muste davri yodgorliklarining to‘liq madaniy qatlamlari ko‘proq g‘or– makonlarda saqlanib qolgan.  Ular Zarafshon voxasi va Qizilqum xududlaridan xam ko‘plab topib tadqiq qilingan. Boysun tog‘i mintaqasidan Teshiktosh g‘or–makoni, Amir Temur g‘ori, Toshkent vohasidan  Obiraxmat, Xo‘jakent, Bo‘zsuv, Ko‘lbuloq g‘or–makonlari,  Farg‘ona vodiysidan Jarqo‘ton, Bo‘ribuloq, Tomchisuv manzilgohlari, Zarafshon voxasidan  Omonqo‘ton, Go‘rdara, Qo‘tirbuloq, Zirabuloq, Takalisoy g‘or makonlari, shuningdek  Uchtut–Vaush–Ijond va Qopchig‘oy ustaxonalaridir.

Teshiktosh  g‘or–makoni o‘rta  paleolit  davrini  o‘rganishda  muhim  o‘rin  egallaydi.  Bir  tomondan,  neandertal  odam  topilgan  bo‘lsa,  ikkinchi  tomondan murdaga  qizil  oxra  sepib,  tog‘  echkisi  shoxlari  bilan  o‘rab qabrga ko‘mishlari  ajdodlarimizda  e’tiqod  paydo  bo‘lganligini  ko‘rsatdi.  Uchinchidan  nemis  fashistlarining  oliy  irq  g‘oyasini  chippakka  chiqardi.  Germaniyada  XX  asrning  30  yillarida  hokimiyatni  egallagan  A.Gitler  va  uning  tarafdorlari   er  yuzidagi  barcha  xalqlar  Neandertal  odamlaridan  tarqalgan-u,  faqat  nemis  millati  toza  qonli  oliy  irqqa  mansub deb  hisoblab,  ajdodlarini  ariylar  bilan  bog‘laganlar.  Ariylarning  kelib  chiqish  joylarini  O‘rta  Osiyo  deb  hisoblaganlar, chunki O‘rta Osiyodan neandertal tipidagi odam xali topilmagan edi.  1938  yilda  esa  Teshiktosh  odamining O‘zbekiston xududidan topilishi bu  g‘ayri  ilmiy  g‘oyani  rad  qildi.

Teshiktosh  g‘or  makoni  nafaqat  O‘zbekiston,  balki  butun  O‘rta  Osiyoda  muste  davrining  eng  nodir  namunasi  hisoblanadi.  U  Surxondaryo  viloyati,  Boysun  tumanidagi  Boysun  tog‘ining  janubiy  yon  bag‘ridagi  Turgandaryoning  Zavtalashgan  darasida,  dengiz sathidan  1500  m   balandlikda   joylashgan.  G‘or  shimoliy-sharqqa  qaragan  bo‘lib,  kengligi  old  qismida  20  m,  chuqurligi  21  m,  balandligi  9  m. bo‘lgan. G‘or 1938–1939 yillarda A.P.Okladnikov tomonidan tekshirilgan va tadqiqotlari natijasini 1939–1949 yillarda nashr qildirgan.

Olib borilgan tadqiqotlar natijasida g‘orda  5  ta  madaniy  qatlam  aniqlangan.  Ulardan  toshdan  yasalgan  mehnat  qurollaridan  339  tasi,  2520  ta  singan,  uchrindi  tosh  qurollar,  101  ta  turli  shakldagi  nukleuslar  topilgan.  Shu  jumladan,     o‘tkir  uchli  paykonlar,  tosh  pichoqlar,  paraqalar,  sixcha,  qirg‘ich,  kurakcha,  chopper,  chopqi   va  hakozolar. Teshiktoshdan topilgan mehnat qurollarning aksariyati qirquvchi va tarashlovchi vazifalarni bajargan. Bu erdan yana faqat neandertal odamiga xos rapidasimon nukleuslardan (o‘zaklar) bir necha nusxa topilgan. Ularning diametri 10–15smni tashkil etgan. Bu kabi o‘zaklardan neandertallar tosh bolg‘alar yordamida uchburchaksimon uchrindilar uchirib olganlar. Uchrindilar o‘tkir uchli bo‘lganligi sababli ulardan terilarga ishlov berish, yog‘ochlarni kesish, randalash kabi ishlarda foydalanganlar. Bunday mehnat qurollar eng ko‘p Teshiktoshdan topilgan. Teshiktosh g‘orining eng qimmatli topilmasi yuqorida qayd qilib o‘tilgandek, neandertal odamning suyak qoldiqlarining topilishidir. U eng pastki madaniy qatlamdan topilgan. Bular  kalla  suyagi,  elka  va yo‘g‘on o‘ng  son  suyagining  parchalari,    ikkala  kichik  boldir  suyagi  hamda  umurtqa  pog‘onasining  ba’zi  qismlaridir.  Bu  voqea  o‘z  vaqtida  antropologlarda  juda  katta  qiziqish  uyg‘otdi. Antropologlar xulosasiga ko‘ra, neandertalning bosh suyagining hajmi 1490 sm kub bo‘lgan.  Neandertal  bola  suyagining  o‘rganilishi  1970  yilgacha  davom  etdi.  Taniqli  antropolog  olim  akademik  V.A.Alekseev  antropologiyaning  keyingi  davr  yutuqlariga  tayanib,  Teshiktosh  odamini  qayta o‘rgandi  va  uning  10  yashar  bola  emas,  balki  ayol  kishi  ekanligini,  Evropa  va  old  Osiyo  guruhiga  kirishini  ko‘rsatdi.

G‘ordan  gulxan  izlari,  uning  atrofida  tog‘  echkisi,  bug‘u,  yovvoyi  ot,  ayiq,  sirtlon (giena),  leopard,  bars,  quyon,  kemiruvchilar  va  parrandalarning  suyak  qoldiqlari  topilgan.

Teshiktoshliklar  ovchilik  bilan  birga  termachilik  bilan  shug‘ullanishgan.

Teshiktosh materiallari muste davri madaniyatining rivojlanishini aniqlash imkoniyatini berdi. G‘or–makon rivojlangan muste davriga oid bo‘lib (Levallua–muste) uning so‘nggi paleolit davriga o‘tish evolyusiyasini kuzatish mumkin.

Amur  Temur  g‘ori  Boysun tog‘i mintaqasidan muste davriga oid  makon  sanaladi. U Teshiktoshdan  uncha  uzoqda  bo‘lmagan  erda  joylashgan. Yodgorlik 1939 yilda A.P.Okladnikov tomonidan  o‘rganilgan. U  erdan  3  ta  madaniy   qatlam  topilgan.  1–2–  madaniy qatlamlar  so‘ngi  tosh  davriga  oid bo‘lib, faqat 3–madaniy  qatlamdan  topilgan  tosh  qurollar Teshiktoshning  yuqori  qatlamidan  topilgan  muste  davri  qurollariga  o‘xshaydi.  U  erdan  gulxan  qoldig‘i,  pista  ko‘mir,  qo‘pol  ishlangan  qirg‘ich,  gardishsimon  nukleus,  siniq  uchrindi  va  boshqa  buyumlar  topilgan.  Shuningdek,  yovvoyi ot,  bars,  ayiq,  sirtlon, quyon,  kemiruvchi  va  qushlarning  suyaklari  topilgan.  G‘orda  yashagan  kishilar  ovchilik  va  termachilik  bilan  shug‘ullanganlar. A.P.Okladnikov fikricha, bu makon mavsumiy xarakterda bo‘lgan va tosh qurollarini ishlab chiqarish ham Teshiktoshga nisbatan ancha farq qilib, ular birmuncha  takomillashgan.

Obirahmat  g‘or  makoni Toshkent  shahridan  100  km  shimoli-sharqda,  G‘ariy  TyanShanning  Chotqol  tizmasidagi  Paltov  soyining  yuqori  sohilida  joylashgan.  G‘or  yoysimon  shaklda  bo‘lib,  eni  20  metrdan  ortiqroq,  janubga  qaragan,  sathi  keng,  quruq  va  yorug‘.  G‘or–makon 1966–1972 yillarda R.X.Sulaymonov tomonidan o‘rganilgan. U mustening rivojlangan va so‘nggi bosqichlariga oid.

Unda  10  m  qalinlikdagi  21  ta  madaniy  qatlam  aniqlangan.  Ulardan  30  mingdan  ortiq  ohaktoshli  chaqmoqtoshdan  yasalgan  turli  mehnat  qurollari– nukleuslar,  paraqalar,  o‘tkir  uchli  sixchalar,  qirg‘ichlar,  pichoqlar  va  kurrakchalar topilgan.  Ular  o‘ziga  xos  prizma  shaklidagi  yorma  texnika,  qisman  levallua  tipidagi  texnika  asosida  ishlangan.  G‘ordan  hayvon  suyagidan  ishlangan  bigizlar  ham  topilgan.  Shuningdek,  gulxan  izlari,  kul,  ko‘mir,  bug‘u,  tog‘  echkisi,  to‘ng‘iz,  jayron,  g‘or  sheri,  arxar  va  boshqa  hayvonlarning  suyaklari  ham  topilgan.  Bu  erda  odamlar  120-40  ming  yil  muqaddam  istiqomat  qilganligi  aniqlangan.  Ular  ovchilik  va  termachilik  bilan  shug‘ullanganlar.  Keyingi  yillarda  Obirahmatni  arxaik  jihatdan  o‘rganish  ishi  qayta  tiklandi.  Uning  yuqori  qatlamlari  tosh  qurollari  ichida  yuqori  paleolit  davri  materiallari  mavjudligi  aniqlandi. Arxeologlar Obirahmat  yodgorligining  yuqori  qatlamlarini  46-50  ming  yilliklar  bog‘lab  uni  ilk  yuqori  paleolit  yodgorliklari  sirasiga  kiritmoqdalar.  Demak, ibtdoiy odamlar g‘orda uzoq davr iste’qomat qilishgan.

Xo‘jakent  manzilgohi Toshkent voxasidagi   muste  davriga oid g‘or turidagi  yodgorliklaridan  biri  bo‘lib,  Toshkent  shahridan  80  km  shimoliy-sharqda  Xo‘jakent  qishlog‘i  yaqinida  joylashgan.  Xo‘jakent  g‘ori  Chirchiq  daryosining  chap  sohilidagi  qoyatoshlar  bag‘rida  bo‘lib,  dengiz  sathidan  1200-1700  m  balandlikdadir. G‘or shimoli-g‘arbga qaragan, balandligi 2,5 m, kengligi 6 m, chuqurligi 4m. Makonni 1958–1959 yillarda A.P.Okladnikov va X.Nasriddinovlar tadqiqot ishlarini olib borganlar.  Uning madaniy qatlami g‘orning ayrim joylaridagina saqlanib qolgan. Tadqiqot jarayonida makondan 524 ta tosh qurollar topilgan. Shulardan paraqalar 88 ta, nukleuslar 49 ta, qolganlari tosh uchirmalari va siniqlaridir. Topilgan qurollar levallua–muste madaniyatiga xos bo‘lib,   Obirahmat va Teshiktosh makonlaridagi mehnat qurollariga o‘xshashdir.

Ko‘lbuloq  makoni. Angren  shahridan  10-12  km  g‘arbda  joylashgan  Oblik  qishlog‘idan  5  km  shimoliy-g‘arbda,  Oxangaron  daryosining  o‘ng  irmoqlaridan  biri-Qizil  olma  soyining  o‘rta  oqimidagi  qirlikda  joylashgan.

Ko‘lbuloq  manzilgohi  ko‘p  qatlamli  bo‘lib,   ilk,  o‘rta  va  so‘nggi  paleolit  davriga  oid  qatlamlari  aniqlangan  (49  qatlam).  Uning  4-8  qatlamlarigina  muste  davriga  oiddir.  Bu  davr  uchun  5  ta  madaniy  qatlam  bo‘lishi,  odamlarning  uzoq  vaqt  davomida  yashaganligini  ko‘rsatadi.  Undan  8300  dan  ortiq  tosh  qurollari  va  buyumlari  topilgan.  Ular  orasida  xar  xil  shakldagi  nukleuslar,  siniq  uchrindilar,  qirg‘ichlar,  qo‘l cho‘qmorlari  va  boshqalar. Ko‘lbuloqdan  topilgan    mehnat  qurollari  son  va  sifat  jihatdan  Toshkent  vohasining  boshqa  joylaridan  topilgan  manzilgohlaridan  farq  qiladi.  Ba’zilarigina,  ayniqsa,  tishli  qirg‘ichlar  Bo‘zsuvdagi  muste  davri  qurollariga  o‘xshash.

Ko‘lbuloq  madaniy  qatlamlaridan  tog‘  echkisi,  ayiq,  arxar  va  boshqa  hayvonlarning  suyak  parchalari,  kul  va  gulxan  qoldiqlari  topilgan.

Toshkent voxasidan Zog‘ariq, Bo‘zsuv, Ko‘hisim mazilgohlari va Qorqamish topilmalari jami 30 dan ortiq makon qayd qilingan. Bu ayniqsa Toshkent shahrining 2000 yilligi munosabati bilan keng arxeologik qidiriv ishlari bajarildi. Bu erlarda arxeologik tadqiqot ishlari hozirda xam davom etmoqda.

Muste davri yodgorliklari Farg‘ona vodiysida xam keng tarqalgan. Ularni tadqiq qilishda

A.P.Okladnikov,           P.T.Konoplya,           M.R.Qosimov,           O‘.I.Islomov,           V.A.Ranov,

Yu.A.Zadneprovskiylarning xizmatlari kattadir.

1954 yilda P.T.Konoplya Sharqiy Farg‘onada birinchi marta paleolit qurollarini topdi. Shu yili A.P.Okladnikov G‘arbiy Farg‘onada tadqiqot ishlarini olib borib Qayroqqum manzilgohlarini aniqladi va tadqiqot ishlarini 1961 yillragacha davom qildirdi. Olim Qayroqqum dalasining 31 punktidan tosh qurollarini topdi. Ayniqsa, Buloqchap va Sho‘rko‘l punktlari  topilmalari diqqatga sazovordir. Bu joylardan ko‘plab tosh o‘zaklar, sixchalar, tosh siniqlari topildi.  Topilmalar shuni ko‘rsatdiki, neandertal odamlar Sirdaryoning qadimgi irmoqlar bo‘ylab, bir necha joylarda o‘z manzilgohlarini qurganlar va ovchilik, terimchilik bilan shug‘ullanganlar.

 Jarqo‘ton makoni   Farg‘onaning sharqiy rayonida topilgan. U Shahristonsoy daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan. Manzilgoh 1961– 1963 yillarda V.A.Ranov tomonidan o‘rganilgan. Yodgorlikdan 670 ta tosh buyum yig‘ib olingan. Shulardan 25 tasi nukleuslar, 25 tasi qurollar bo‘lgan. Qurollar ichida tosh sixcha, nayza tig‘lari, pichoqsimon tosh qurollar mavjud.

Nukleuslarga ishlov berish va qurol yashash uslubi Xo‘jakent makonidagiga o‘xshaydi. Tosh qurollar yashash madaniyati levallua–muste davri an’anasiga oiddir.

Farg‘ona vodiysidan M.R.Qosimov, P.T.Konoplya  muste davriga oid   bir necha manzilgohlar topganlar. Ularning ko‘pchiligining madaniy qatlamlari saqlanib qolmagan, chunki ular adir va soylar bo‘ylaridagi ovchilarning mavsumiy karorgohlari bo‘lgan. U erlardan topilgan tosh buyumlar  levallua–muste davriga oid bo‘lgan.

O‘zbekiston xududida o‘rta paleolit davrini o‘rganishda Zarafshon vohasi alohida o‘rinni egallaydi, chunki bu xudud arxeologlar tomonidan  bir necha makonlar topib, keng o‘rganilgan. Bu xududda Samarqand Davlat universitetining arxeologlari, O‘zFA Arxeologiya instituti xodimlari tadqiqot ishlarini olib borganlar.

Omonqo‘ton  g‘or  makoni-Samarqand  viloyati Urgut rayonining  Omonqo‘ton  qishlog‘i  yaqinida,  Samarqanddan  43-44  km  janubda joylashgan. G‘or dengiz sathidan 1400 m balandlikda joylashgan. Uning koridorsimon uzunligi 29m, balandligi 2,6m. Makon 1947 yilda D.N.Lev raxbarligidagi SamDU ekspeditsiyasi tomonidan topildi va 1957 yillargacha tadqiqot ishlari olib borildi.  Tadqiqotlar jarayonida qalinligi 25smdan 1,5 mgacha bo‘lgan madaniy qatlam aniqlanib, undan 220 ta tosh buyumlar topildi. Ularning asosiy qismi chaqmoqtoshdan yasalgan. 30 ga yaqin tirli xildagi nukleuslar bo‘lib, ular orasida gardishsimon va prizma shaklidagi  nukleuslar xam bor. Paraqalar levallua–muste texnika madaniyatini eslatadi. kertish texnikasi asosida toshning ikkala tomoninga ham ishlov berish natijasida qurol tig‘lari arrasimon va to‘lqinsimon bo‘lib chiqqan. Bu erda bargsimon paraqalar xam bor.  Bunday qurol namunalari Ko‘tirbuloq va Zirabuloq makonlaridan xam topilgan.

Omonqo‘ton g‘oridan xayvonlarning suyak qoldiqlari ham topilgan. Arxeolog D.N.Levning tadqiqoticha, makon ilk va rivojlangan muste davriga oiddir.

Takalisoy g‘ori   – Omonqo‘ton g‘origa yaqin joylashgan muste davri yodgorligidir. Uni 1952 yilda D.N.Lev tadqiq qilgan. Bu erdan chaqmoqtosh siniqlari, uchurchaksimon uzun paraqa,  kertish usulida ishlangan pichoqsimon qurol, gulxan izlari va hayvon suyaklari topilgan. Toshning ishlanish texnikasi asosida uni D.N.Lev mustening so‘nggi bosqichiga oid deb ko‘rsatadi, chunki bu erdan topilgan paraqalar va otsheplar gardishsimon va prizmaga o‘xshash nukleuslardan ajratib olingan. Bu makonda neandertal odamlar vaqtincha yashaganlar.

Takalisoy makonidan topilgan ashyolar Qo‘tirbuloq makonidan topilgan ashyolarga o‘xshash bo‘lib, bu neandertal odamlarning Zarafshon voxasida muste davri boshidan to oxirgi bosqichigacha uzluksiz yashaganlaridan darak beradi.

Qo‘tirbuloq va Zirabuloq makonlari Zarafshon daryosining o‘rta oqimida joylashgan bulib, ularni o‘rganish  katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan. Qo‘tirbuloq  makoni– ochiq joydagi qarorgoh xisoblanadi.  Uning topilishi neandertal odamning  g‘orlardan chiqib, o‘ziga sun’iy boshpana qura olishi va dasht mintaqalarida yashashga o‘tganligini ko‘rsatdi. Makon   Samarqand  shaxridan 100 km g‘arbda,  Qattaqo‘rg‘on  tumanidagi  Charxin  qishlog‘i  yaqinidagi  Zirabuloq  tog‘ining  shimoliy  yon  bag‘ridagi  Qo‘tirbuloq  deb  nomlangan  buloq  atrofidan  topilgan. Uni dastlab Yu.F.Buryakov rahbarligidagi O‘rta Zarafshon ekspeditsiyasi tomonidan 1971 yilda ro‘yxatga olingan. Keyinchalik uni N.Toshkentboev o‘rgangan. Bu erdan 5 madaniy qatlam topilgan. Ulardan 10mingdan ko‘proq tosh buyumlar topilgan. Bu topilmalar asosan chashma yonidan topilgan. Shuningdek, tosh qurollari va chiqindilar yonida gulxan izlari xam topilgan. Bu tosh qurol yasashda ibtidoiy odamlarning olovdan foydalanganligini ko‘rsatadi. Shuningdek bu erdan turli ov qurollari  palaxmon toshi va nayzalar  xam topilgan.

Qo‘tirbuloq makonidan  topilgan qurollarning ishlanish texnikasi Obiraxmat va Teshiktosh madaniyatiga o‘xshaydi. Shuni inobatga olib, olimlar uni xam rivojlangan muste davriga oid deb hisoblaydilar. Lekin bu makonda qurol yasashda kertish texnikasida qurollarning o‘tkirlanishi bir tekisda emasligi bilan boshqa madaniyatlardan farq qiladi.

Arxeologlar  Zirabuloq tog‘ tizmasining shimoliy etaklaridan va Zarafshon daryosining o‘ng qirg‘oqlaridan ibtidoyi kishilarning bir necha qarorgohlarini ham ruyxatga oldilar. Bularning madaniyati ham Qo‘tirbuloq madaniyatiga o‘xshash bo‘lib, ularning ko‘pchiligida madaniy qatlam yaxshi saqlanmagan. Ular orasida Zirabuloq makoni alohida o‘rinni egallaydi.

Zirabuloq  makoni-Qo‘tirbuloqdan  1  km  sharqda  joylashgan. U ham 1971 yilda ro‘yxatga olinib, tadqiqot ishlari 1978 yillargacha arxeolog M.Jo‘raqulov tomonidan olib borildi. Bu erdan Qo‘tirbuloq makonidan topilgan tosh buyumlarga o‘xshash buyumlar topildi. Bundan arxeologlar bir–biriga yaqin qo‘shni bo‘lgan ibtidoyi odamlar yashagan degan xulosaga keldilar. Lekin bu erdan sunggi muste davriga oid tosh qurollari xam topilgan.

Go‘rdara  g‘or  makoni– Samarqand  viloyati  Urgut  rayoni  Zarafshon tog‘ tizmasining shimoliy yon bag‘rida Go‘rdara  soyi yaqinida topilgan. Uni 1966 yilda A.Asqarov raxbarligidagi arxeologik otryad ro‘yxatga olgan va keyinchalik N.Toshkentboev tomonidan tadqiq qilingan. Bu erdan gardish shaklidagi tosh siniqlari va qirg‘ich topilgan. Uning tosh buyumlari Qo‘tirbuloq makonining yuqori qatlamidan chiqqan tosh buyumlari o‘xshaydi. Lekin bu erda hali tadqiqot ishlari oxiriga etkazilmagan.

Ibtidoyi odamlar  hayotida tosh mehnat qurollari muxim o‘rinni egallagan. Shu sababli mexnat quroli uchun yaroqli tosh xom ashyolarini topish ular uchun juda muxim bo‘lgan. Ilk paleolit davrida odamlar qayroq toshlardan foydalanishgan bo‘lsa, uning so‘nggi bosqichlarga kelib chaqmoqtoshning afzalliklarini bilib olishgan. Chaqmoqtosh tabiatda keng tarqalgani bilan birga unga ishlov berish  va o‘tkir qirra xosil qilish oson bo‘lgan. Ibtidoyi odamlar o‘rta paleolit davriga kelganda chaqmoqtosh konlarini topib, u erlarda tosh ustaxonalarini tashkil qilganlar. Shuningdek ibtidoyi odamlar ochiq xavoda yotgan chaqmoqtoshdan ko‘ra, uzoq yillar davomida nam tortgan chaqmoqtoshga ishlov berish osonligini xam payqab, chaqmoqtosh konlarini toshgan intilganlar.  Bunday ustaxonalar nafaqat O‘zbekiston xududida, balki Kavkaz, Belorussiya, Boshqirdston, Volga bo‘ylari, Ukraina va Sibirdan xam topilgan. Bunday tosh ustaxonalarini tadqiq qilish olimlarga o‘sha davr moddiy buyumlarini tadqiq qilishningina emas, balki tosh konlar qabilalar urtasida madaniy va iqtisodiy aloqa vositasi sifatida xam katta o‘rin egallaganini aniqlash imkonini berdi. Ibtidoiy odamlar tosh hom–ashyosini o‘zaro iqtisodiy ayirboshlashda va qurol yasash tajribalarini almashinishda foydalanganlar.

Bu o‘rinda muste davriga oid Qopchig‘oy, Qoratov, Ohangaron ustaxonalari qiziqarlidir. Ularni 1951 – 1965 yillarda Arxeologiya institutining Ya.G‘.G‘ulomov raxbarligidagi arxeologik otryadi tomonidan o‘rganilgan.

Qopchig‘ay   ustaxonasi- Farg‘ona shaxridan 40 km janubda, Oloy  tog‘ining  shimoliy  yonbag‘ridagi  Dangi  darasining  ichkari  qismidagi Qopchig‘oy degan joydan topilgan. U ochiq joydagi chaqmoqtosh koni xisoblanadi. U erdan topilgan tosh qurollar va chiqindilarga asoslanib tadqiqotlar uni muste davridan boshlab odamlar o‘zlashtirganligini ta’kidlaydilar. Bu ustaxonada A.P.Okladnikov, M.R.Qosimov xam tadqiqot ishlarini olib borishgan.

Paleolit davri oid tosh ustaxonalari Navoiy  viloyati  Navoiy  tumanida   Uchtut, Ijond  va  Vaush  degan  joylaridan  topilgan.

Uchtut yodgorligi   Uchtut qishlog‘i yaqinida joylashgan. Yodgorlik 1958 yili arxeolog X.Muhammedov tomonidan topilgan.Keyingi yillarda uni T.Mirsoatov keng ko‘lamda o‘rgandi. Bu yodgorlik tosh davrining turli davrlariga oid bo‘lib, asosan neolit davri topilmalari yig‘ib olingan.

Neolit davri bu erda shaxta usubida tosh qazib olganlar.

Tosh ustaxonalari Zarafshonning qadimgi irmoqlari, Oxargaron daryosi bo‘ylarida ham mavjudligi qayd qilingan.  Ular arxeolog T.Mirsoatov tomonidan o‘rganilgan.

Chaqmoqtosh konlari va ustaxonalarini keng tadqiq qilish ibtidoiy madaniyati tarixni o‘rganshda muxim manba sanaladi.

Yuqori  paleolit  davriga  oid  yodgorliklar  kam  topilganinga  qaramasdan, ulardagi madaniy qatlamlarning yaxshi saqlanishi yuqori paleolit davri taraqqiyotining  o‘ziga  xos  tomonlari  ochishga imkon berdi. Hozirgi  kunda  O‘rta Osiyoda  yuqori  paleolit  davriga  oid  30  ortiq  yodgorlik  topib  o‘rganilgan bo‘lsa, shulardan 10 tasi O‘zbekistondan topilgan. Ulardan  Zarafshon voxasida topilgan  Samarqand,  Siyobcha, Xo‘jamazgomanonomanonil makonlari yaxshi o‘rganilgan.  Ko‘lbuloq    Bo‘zsuv , Takalisoy,  Tuyabo‘g‘iz  makonlaridan ham yuqori paleolit davri izlari topilgan.

Samarqand makoni ––  Yuqori  paleolit  davrining  eng  noyob  yodgorligi  xisoblanadi. U 1939  yilda  geolog  N.G.Xarlamov  tomonidan  Samarqand  shahridagi  qadimgi  Siyobcha  soyi  yoqasidan  topildi.  Unda  I.D. Lev  va  I.Jo‘raqulovlar 1969 yildan  1972 yilga qadar  tadqiqot  ishlarini  olib  bordilar. 2002 yilda SamDU arxeologiya kafedrasi ilmiy xodimlari tomonidan tadqiqot ishlari yana davom qildirildi.   Bu  makon  arxeologlar  orasida  Komsomol  ko‘li  makoni  nomi  bilan  mashhurdir. Uning  madaniy  qatlamidan  7,5  mingga  yaqin  tosh  qurollar  topilgan.  Ularning  aksariyati  chaqmoqtosh,  kalsedon,  diorit,  amfibolit,  rogovik  kabi  tosh  jinslaridan  yasalgan.  Bunda  tog‘  jinslari  makondan  7-8  km   shimolda  joylashgan  Cho‘pon  ota  qoyalarida  uchraydi,  ehtimol  odamlarning  tosh  qurollar  yasashda  ulardan  foydalanishgan.  Makondan  xilma  xil  qurollar  topilgan;  qirg‘ichlar,  keskichlar,  sixlar,  pichoqchalar,  gardishsimon  nukleuslar,  uchrindilar,  ushatgichlar,  boltalar,  yupqa  paraqalar  va  boshqalar.  Bular  orasida  hayvon  terilarini  ishlash  uchun  mo‘ljallangan  qirg‘ichlar,  teshgichlar,  suyakdan  yasalgan  mehnat  qurollari  diqqatga  sazovordir.  Tosh  boltalar  va  yo‘ng‘ichlar  makon  uchun  o‘ziga  xos  ravishda  ishlangan. 2002 yilda G.F.Korobkova  makondan topilgan tosh qurollarini yangi metodika asosida qayta o‘rgandi va uning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqladi. Jumladan, o‘zaklardan ajratib olingan tosh paraqalardan turli qurollar sifatida foydalanilgan.   Tosh qurollarga dag‘al kertish usuli bilang ishlov berilgan. Shuningdek, tosh qurollar ko‘pincha tosh parchalari va uchrindilardan yasalgan. Tosh qurollarning so‘nggi paleolit davri qurollariga nisbatan qo‘polroq ishlanishi uning  so‘nggi paleolitning ilk bosqichiga oidligini ko‘rsatadi. Tosh  va  suyakdan  sanchqi  yasaganlar.  Bu  odamlarning  baliqchilik  bilan  shug‘ullanganliklarini  ko‘rsatadi.  Makonning  madaniy  qatlamlaridan  gulxan  qoldig‘i,  kul,  hayvon  suyaklari  va  o‘simlik  qoldiqlari  topilgan.  Ot,  tuya,  bug‘u,  qulon  kabi  hayvonlarning  suyaklari  topilgan.  U  erda  chayla  izlari  ham  topilgan.  U soy  bo‘yida  bo‘lib,  maydoni  100  kv m,  to‘g‘ri  burchak  shaklida  qurilgan.  Uning  o‘rnida  gulxan  qoldig‘i,  tosh  qurollar  tayyorlaydigan,  chayla  ustunlari  qoldiqlari  topilgan. Samarqand  makonini  olimlar  tadqiq  qilib,  uning  30-35  ming  yilliklarga   oidligini  aniqladilar. U erdan Kromonon  qiyofasidagi  odamlarning  suyak  qoldiqlari  topildi.  3 m  20 sm  chuqurlikda  odamning  pastki  jag‘  suyagi  va  9  ta  tish,  qo‘l  suyagining  qoldiqlari  topildi.  Antropologlar  uning  25  yoshli  ayolga  tegishli  ekanligini  aniqladilar.  Shuningdek, 35  yoshli  ayolga  tegishli  10  ta  tish,  pastki  jag‘  suyagi  va  yosh  bolaning  oziq  tishi,  pastki  jag‘  suyagi  ham  topilgan.

Samarqand  makonidan  ibtidoiy  odam  tomonidan  5  ta  maxsus  belgi  chizilgan  hayvon  qovurg‘asi  qoldig‘i,  maxsus  teshikli  dengiz  chig‘anog‘i  topilgan.  Dengiz  chig‘anog‘i  zebziynat  bo‘lib,  Hind  okeani,  Qizil  dengiz  va  Fors  qo‘ltig‘i  hududlarida  uchraydi.  Chig‘anoqning  topilishi  O‘rta  Osiyo  qabilalari  bilan  Hind  okeani  sohillaridagi  qabilalar  o‘rtasida  aloqa  bo‘lganligi  va  bu  chig‘anoqlar  Samarqand  hududiga  mahsulot  ayirboshlash  natijasida  kelib  qolganligini  ko‘rsatadi.  Makondan  20  ga  yaqin  tuxumsimon  danakcha  topilgan,  ularning  har  birida  kichkina  teshikchalar  bo‘lgan.  Mutaxassislarning  fikricha,  mazkur  danaklar  ayollar  taqinchog‘i  bo‘lgan.  Shuningdek,  bir  xil  kattalikdagi  dumaloq  2  ta  yupqa  oq  qayroq  tosh  topilgan.  U  soch  va  bo‘yinga  osadigan  qayroq  tosh  bo‘lishi  mumkin.  Qadimgi  odamning  tafakkuri  bilan  bog‘liq  bo‘lgan  o‘rtasi  ishqalangan,  atrofi  ingichka  chiziqlar  bilan  chizilgan  dumaloq  qayroq  tosh  ham  topilgan.  Umuman  Samarqand  makoni  yuqori  paleolitga  oid  qimmatbaho  ma’lumotlar  beradi.

Siyobcha qarorgohi – Samarqand shaxrining markaziy qismidan oqib o‘tadigan Siyobcha daryosining Chashmasiyob suvi quyilishi joyida joylashgan. Qarorgoh 1969 yilda U.Olimov tomonidan topilgan. Tadqiqot ishlarini esa, N.X.Toshkentboev olib borgan. Qazilmalarning ayrimlarida madaniy qatlam yaxshi saqlanmagan. Topilmalar orasida tosh o‘zaklar, qirg‘ichlar, teshuvchi qurollar, paraqalardan ishlangan qurollar asosiy o‘rinni egallaydi. Topilmalar Samarqand  makoninga nisbatan qadimiyroqdir.

Xo‘jamazgil  qarorgohi-Samarqand shaxridan 35 km g‘arbiy–sharq tomonda Turkiston tog‘ tizmasining g‘arbiy etaklarida joylashgan Xo‘jamazgil degan joydan topilgan.  Yodgorlikni 1969 yilda arxeolog N.X.Toshkentboev tadqiq qilgan. Tadqiqot davomida makondan 200 dan ortiq tosh buyumlar yig‘ib olingan. Topilmalar ichida gardishsimon tosh o‘zaklar, paraqadan yasalgan pichoqsimon qurollar, qirg‘ichlar, randalar,  tosh siniqlari topilgan. U erda qizil kesak (oxra) qoldiqlari va gulxan izlari xam topilgan. Qarorgohning moddiy qoldiqlari Samarqand makoni qoldiqlariga o‘xshaydi.  Ikkala makonda xam qurollarni ishlash uslubida muste davri uslubi saqlanib qolgan.

Ko‘lbuloq makoni – Tosh davriga oid ko‘p qatlamli yodgorlik bo‘lib, uning 1,2,3 qatlamlaridan yuqori paleolit davriga oid gulxan, ko‘mir qoldiqlari, tosh buyumlardan – nukleuslar, qirg‘ichlar, sixchalar, tosh pichoqlar, tosh siniqlari va hayvon suyaklari topildi. Bu erdan eng ko‘p miqdorda nukleuslar topilgan, chunki ibtidoyi odamlar nukleuslarni ajratib olishining yangi texnikasini kashf etganlar. Ilgaridagidek, paraqalarni tosh bolg‘a bilan emas, balki to shpona bilan ajratib olganlar. Bu bilan ular xoxlagan shakldagi paraqani toshdan ajratib olish imkoniyatiga ega bo‘lganlar. Qo‘lbuloqdan topilgan tosh qurollar o‘zining ishlanishi jixatidan Samarqand, Bo‘zsuv va Tuyabo‘g‘iz makonlaridan topilgan sunggi tosh davri qurollariga o‘xshaydi.  Tadqiqotchi M.R.Qosimovning ta’qidlashicha, Toshkent voxasida hali Ko‘lbuloqqa ilmiy ahamiyati jihatidan teng keladigan yodgorlik topilgani yo‘q.

Toshkent voxasidan so‘nggi paleolit davriga oid   Bo‘zsuv 1,  Bo‘zsuv  11,  Bo‘zsuv  VI,

Tuyabo‘g‘iz II, III, IV,  V,  VI  makonlari xam topib o‘rganilgan. Ulardan topilgan tosh buyumlar Ko‘lbuloqdan topilgan tosh buyumlariga o‘xshaydi. bular asosida  arxeologlar Toshkent voxasida ibtidoiy odamlar paleolit davrining barcha bosqichlarida isteqomat qilib, bir–biri bilan yaqin aloqada bo‘lganlar va bir xil madaniyat yaratganlar degan xulosani berishgan.

Mavzular.

manba